IX. OGOHLANTIRUVChI IShORALAR
9.1. Burilishni ko‘rsatuvchi yorug‘lik yoki qo‘l bilan berilayotgan ishoralar, tovushli ishoralar; fara chirog‘ini uchib-yoqilishi, kunduz kuni yaqinni yorituvchi fara chirog‘ini yoqilishi, majburiy to‘xtashni anglatuvchi chiroqlar — ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi.
9.2. Haydovchi harakatlanishni boshlash, qayta tizilish, qayrilish, burilish, to‘xtash oldidan burilishni bildiruvchi yorug‘lik ko‘rsatkichlari bilan, ular nosoz yoki umuman bo‘lmagan taqdirda qo‘l ishorasi orqali ogohlantirishi shart.
9.3. Chap qo‘lni yonga yoki o‘ng qo‘lni tirsakdan yuqoriga qarata bukish chapga burilish ma’nosini bildiradi.
O‘ng qo‘lni yonga yoki chap qo‘lni tirsakdan yuqoriga qarata bukish o‘ngga burilishni bildiradi.
O‘ng yoki chap qo‘lni yuqori ko‘tarish — to‘xtash dyemakdir.
9.4. Burilish ko‘rsatkichi yoki qo‘l bilan berilayotgan ishora manyovr bajarilishidan oldin berilishi va manyovr tugallanishi bilan to‘xtatilishi (qo‘l bilan berilayotgan ishora esa, manyovr boshlanishidan oldin tugatilishi mumkin) lozim. Bunday ishoralar boshqa harakat qatnashchilarini chalg‘itmasligi kerak.
Haydovchi orqada kelayotgan, quvib o‘tishni boshlagan haydovchiga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilgachgina chapga burilish yoki qayrilish ishorasini berishi kerak.
Ogohlantiruvchi ishoralar uni berayotgan haydovchiga imtiyoz bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish mas’uliyatidan ozod qilmaydi.
9.5. Aholi yashaydigan joylarda tovush moslamalaridan faqat yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadidagina foydalanish mumkin. Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan o‘rnatilgan tovush moslamasini boshqa xil tovush chiqaruvchi moslamalar bilan almashtirish taqiqlanadi.
9.6. Quvib o‘tilayotgan transport vositasi haydovchisining e’tiborini jalb qilish uchun fara (chiroq)larni o‘chirib yoqish, aholi yashamaydigan joylarda esa tovush moslamasidan ham foydalanish mumkin.
9.7 Boshqa haydovchilarning ko‘zini qamashtirishi mumkin bo‘lgan hollarda faralarning uzoqni yorituvchi (orqa tomonni ko‘rsatuvchi ko‘zgu orqali ham) chiroqlaridan ogohlantiruvchi ishora sifatida foydalanish taqiqlanadi.
9.8 Kunduzi harakatlanayotgan transport vositasining yaqinni yorituvchi chiroqlari quyidagi hollarda yoqilishi kerak:
— saflanib harakatlanganda;
— transport oqimi yo‘nalishiga qarshi 5.9 belgisi bilan belgilangan bo‘lakda harakatlanayotganda;
— avtobus yoki maxsus jihozlangan yuk avtomobillarida bolalar guruhi tashilayotganda;
— yirik hajmli (tashqi o‘lchamlari) va og‘ir vaznli yuklar tashilayotganda;
— mexanik transport vositasi shatakka olinganda.
Sun’iy tarzda yoritilgan yer osti yo‘llari (tonnellar)da harakatlanayotgan transport vositasining gabarit chiroqlari yoki faralarning yaqinni yorituvchi chiroqlari yoqilgan bo‘lishi kerak.
9.9. Shatakka olingan transport vositasining gabarit chiroqlari har qanday sharoitda yoqilgan bo‘lishi shart. Agar ular texnik nosoz bo‘lsa, shatakka olingan transport vositasining orqasiga majburiy to‘xtash (keyingi matnlarda “Falokat” deb beriladi) belgisi o‘rnatilishi kerak.
9.10. To‘xtash taqiqlangan joylarda majburiy to‘xtalganda, yo‘lning yoritilmagan qismida yoki yetarli ko‘rinmaslik sharoitida to‘xtalganda, to‘xtab turilganda, gabarit yoki to‘xtab turish chiroqlari buzuq bo‘lsa, majburiy to‘xtash yoritgichlari yoqilishi kerak.
9.11. Majburiy to‘xtash yoritgichi bo‘lmasa yoki nosoz bo‘lsa, shuningdek biror yo‘nalishda yo‘lning 100 metrdan kamroq qismi ko‘rinadigan joylarda majburiy to‘xtagan mexanik transport vositasining (kajavasiz mototsikldan boshqa) haydovchisi aholi yashaydigan joylarda transport vositasining orqa qismiga 1520 metr, aholi yashamaydigan joylarda esa 30-40 metr yetmasdan harakat yo‘nalishiga qarab, “Falokat” belgisini yoki fonar, fonus, yalt-yalt etuvchi qizil belgi o‘rnatishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |