3-rasm. Talab har xil holatlarda qo‘llaniladigan marketing turlari Konversion marketing - salbiy talabni bosib o‘tishga yordam beradi, ya’ni yo‘q joyda talabni vujudga keltiradi, bunga ishontirish va tovar to‘g‘risidagi yolg‘on ma’lumotlarni inkor etish orqali erishiladi. Masalan, urushdan keyingi yillarda sotuvda, sanoatda ishlab chiqilgan mayonez paydo bo‘ldi. Xaridorlar buni tezda qabul qilmadilar. Faqatgina reklama vositasi bilangina mahsulotga talab vujudga keltirildi va taklif muvozanatlashtirildi.
Rag‘batlantiruvchi marketing - talabni uyg‘otadi, tovarlar xaridorni qiziqtirmasa va bugungi kunda o‘z qiymatini yo‘qotgan bo‘lsa, tovarlar noto‘g‘ri joylashtirilgan bo‘lsa va boshqa bir necha hollarda talab mavjud bo‘lmasligi mumkin. Bunday sharoitda rag‘batlantiruvchi marketingning maqsadi iste’molchi bilan tovar o‘rtasida foydali o‘zaro aloqa o‘rnatishdan, imkoniyatlarni yaratishdan va talabni yaratishdan iboratdir.
Potensial talab mavjud, uni real talabga aylantirish kerak. Bu sharoitda rivojlanuvchi marketing turidan foydalaniladi. Potensial talabni real talabga aylantirish uchun birinchi navbatda yangi tovarlar yaratish ustida ishlash kerak, ya’ni talabni yangi sifat darajasida qondirishga erishish kerak. Rivojlanuvchi marketing - yashirin talabni qamrab oluvchi va uni real talabga aylantiruvchidir.
Talabning pasayishi turli davrlarda har qanday tovar duch keladigan hodisa. Bu holatda Remarketingdan foydalaniladi. Remarketingning maqsadi talabni tiklash zarurligini bildiradi, ya’ni tushib borayotgan talabni jonlantirishdir.
Talab o‘zgarib turadi, talabni stabillash kerak. Bu holatda sinxromarketing turidan foydalaniladi. Sinxromarketing - tebranib turuvchi talabni nisbatan barqarorlashtirishga va uni tartibga solishga yordam beradi. Bunday talab mavsumiy va boshqa tebranishlar bilan xarakterlanadi. Buning natijasida tovar taklifi talabga to‘g‘ri kelmaydi. SHuning uchun sinxromarketingning strategiyasi talab va taklif me’yorini tekislashdan iborat.
Talab firmaning imkoniyatlariga aniq javob beradi, talabning bir tekisda bo‘lishiga erishish kerak. Bu sharoitda qo‘llab-quvvatlovchi marketing turidan foydalaniladi. Qo‘llab-quvvatlovchi marketing - tovarlar va xizmatlar assortimentini to‘ldirish, yangilash va narxlarni pasaytirish orqali mavjud bo‘lgan talab va ehtiyoj darajasini saqlab qolishga imkon beradi.
Talab haddan tashqari yuqori, talabni pasaytirishga erishish lozim. Bu holatda demarketing turidan foydalaniladi. Demarketingning maqsadi narxni ko‘tarish, servisni qisqartirish yo‘li bilan talabni vaqtinchalik yoki surunkasiga pasaytirishdan iborat.
Nosog‘lom talab sog‘liq uchun zararli bo‘lgan tovarlarga nisbatan paydo bo‘ladi. Bunda qarama qarshi harakatlanuvchi marketing noratsional ehtiyojlarni qondiruvchi talab va xizmatlarga bo‘lgan talabni kamaytirish yoki butunlay yo‘q qilishga xizmat qiladi. Bunga antireklama vositasida erishiladi.
Marketingning tarkibiy tuzilishi haqida fikr yuritilganda, uning tarkibida mikromarketing, mikromarketing turlari mavjudligini alohida ta’kidlash zarur.
Bu tushunchalarni fanga birinchi marta F.Kotler 1972 yilda kiritgan va ularni xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bilan bir qatorda foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan madaniyat, ijtimoiy, siyosiy va shunga o‘xshash tashkilotlarga nisbatan ham qo‘lladi.
Mikromarketing - korxonaning ishlab chiqarishni shakllantirish, tovarlar va xizmatlarning tayyorlovchidan iste’molchi yoki foydalanuvchiga borish oqimini boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatdir. Uning asosiy vazifasi talabni qondirish va ayni paytda korxona oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishdir. Boshqacha aytganda, bu ijtimoiy iqtisodiy jarayon bo‘lib, mahsulot yoki xizmatlarga bo‘lajak talab tarkibini o‘rganish, shuningdek bu talabni, taklifni shakllantirish iste’molchiga axborot berish yo‘llari bilan qondirish maqsadini ko‘zlaydi.
Shunday qilib, mikromarketing korxona darajasidagi bozor faoliyatidan iboratdir.
Makromarketing faoliyati korxona darajasidan chetga chiqadi va turli birlashmalar, konsepsiyalar, uyushmalar va umuman tarmoq darajasida amalga oshiriladi.
Yanada kengroq ma’noda, makromarketing tushunchasi mamlakatning jami xo‘jaligi miqyosida mahsulotlarni yaratish va uning pirovard iste’molchisi tomon ko‘chish harakati hayotiy jarayonda qatnashadigan faoliyati va muassasalarni birlashtiradigan tizimdir. Bu tizim barcha ishlab chiqarish savdo, transport, reklama axborot va boshqa marketing vazifalarini bajaradigan korxona va xizmatlarni qamrab oladi.
Makromarketingning vazifasi-butun mamlakat bo‘yicha moddiy boyliklar va xizmatlar oqimini boshqarishni tartibga solishdan iborat.
Turli darajadagi boshqarish vositalari va usullari o‘zaro farq qilinadi. Korxona darajasida asosan marketing-miks vositalaridan foydalaniladi. Undan yuqoriroq darajalarda investitsiya siyosati narxlarni boshqarish, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari va shunga o‘xshash faoliyat ko‘rsatadi.
Marketingni qo‘llash sohalari va ob’ektlariga muvofiq quyidagi holatlarga ko‘ra guruhlash mumkin:
➢ ichki marketing;
➢ tovarlar bo‘yicha marketing;
➢ eksport marketingi;
➢ import marketingi;
➢ ilmiy texnik marketing;
➢ to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ (investitsiya) kiritish marketingi;
➢ xalqaro marketing;
➢ notijorat faoliyati sohasidagi marketing;
➢ ijtimoiy g‘oyalar marketingi;
Ichki marketing qoidaga ko‘ra, bir tomon doirasida tovar va xizmatlarni sotish masalalari bilan bog‘liq. Amalda barcha korxonalar avval ichki bozorga keladi, yuqori natijalarga erishgandan keyin esa, ya’ni raqobatbardosh mahsulotlarini yaratgandan keyin tashqi bozorga chiqadi.
Tovarlar va xizmatlar marketingi (tovarlar bo‘yicha marketing) samarali sotishni tadqiq qilish va tovarlar va xizmatlar turlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatining foydaliligini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Masalan, xorijda sanoat tovarlari marketingi, iste’mol tovarlari va xizmatlar marketingi ishlab chiqilgan.
Eksport marketingi yangi xorijiy sotish bozorlarini tadqiq qilish, firma mahsulotlarini sotish uchun xorijiy sotish xizmatlarini tashkil qilishni ko‘zda tutadi.
Import marketingi yuqori samarali xaridorlarni ta’minlash uchun bozor tadqiqotlarining alohida shakllarini ko‘zda tutadi.
Ilmiy-texnik marketing xaridning ilmiy-texnik faoliyat natijalari: patentlar va litsenziyalarni sotish va xarid qilish qismidagi marketing tadqiqotlari, fan-texnika taraqqiyoti yo‘nalishlarini o‘rganish, tegishli tomonlar patent huquqlari masalalari va boshqalar bilan bog‘liq.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri marketing kiritish marketingi o‘z ichiga xorijiy faoliyatni tadqiq qilish, yangi korxona ishining imkoniyatlari (biznes-reja turlari), uning sotish faoliyatini chuqur va har taraflama tahlil qilishni, hamda kompaniya manfaatlari va korxona qurilgan mamlakat qonunini hisobga olgan holda tashqi bozorda sotish tadqiqotlarini o‘z ichiga oladi.
Xalqaro marketing, tashqi iqtisodiyot, tashqi savdo marketingi deb ham ataydilar, mahsulotni xorijda qurilgan milliy korxonalarda sotishni ko‘zda tutadi. U ishlab chiqarish, sotish vazifalarining juda kattaligi bilan farqlanadi, asosan ko‘p sonli mamlakatlar hududlarini qamrab oluvchi transmilliy kompaniyalarga javob beradi.
Notijorat faoliyati sohasidagi marketing asosan, alohida tashkilot yoki alohida shaxsga nisbatan jamoaning ijobiy fikrini yaratish masalalari bilan bog‘liq.
Ijtimoiy marketingni qo‘llashning eng muhim sohasi rivojlanadigan mamlakatlarda oilani rejalashtirish, kariyalar va kasallarga e’tiborni jalb qilish, ayrim ijtimoiy zaruriyatlarga xayriya qilishga tayyorlikni rivojlantirishdan iborat.
Bundan tashqari bugungi kunda marketingning ayrim turlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Partizancha marketing bu – hamma joyda qabul qilingan tovarni ilgari surish va reklama kommunikatsiyalari vositalari va usullari doirasidan chetga chiqadigan marketing tadbirlaridir. Uning asosiy farqi – reklamaga ko‘p pul sarflash o‘rniga tovarlar yoki xizmatlarni ilgari surishning ayrim juda oddiy usullari bilan birga ijodiy fikrlash imkoniyatlaridan foydalanish hisoblanadi.