10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi:
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishini ta’minlaydi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
o‘z vakolatlari doirasida maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi hamda ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatiga uslubiy jihatdan rahbarlikni amalga oshiradi;
maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi, umumlashtiradi va ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etadi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar, badiiy adabiyotlar, rivojlantiradigan o‘yinlar va o‘yinchoqlar bilan ta’minlanishini, shuningdek ularning moddiy-texnika bazasi jihozlanishini hamda mustahkamlanishini tashkil etadi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining malakasiga doir talablarni belgilaydi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi statistika ma’lumotlarining hisobi yuritilishini hamda tahlil qilinishini ta’minlaydi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;
bolaning qonuniy vakillariga uslubiy, maslahat yordami va boshqa yordam ko‘rsatadi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimiga investitsiyalar hamda grantlarni jalb etish choralarini ko‘radi, chet el investitsiyalari ishtirokidagi amaldagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi;
oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini boshlaganligi yoki tugatganligi haqida xabarnomalarni qabul qiladi, ularning reyestrini yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.