V. Tegishli kredit nazoratini ta’minlash. Tamoyil. Bank kredit tavakkalchiligini boshqarish jarayonlarini baholashning mustaqil tizimini tashkil etishi va tahlil ma’lumotlarini Bank Kengashi yoki oliy rahbariyatga to’g’ridan - to’g’ri taqdim etishi kerak.
Tamoyil. Bank kreditlarni berish jarayonlarini boshqarishni ta’minlashi va kreditlar standartlar va me’yorlar doirasida berilayotganligiga ishonch hosil qilishi kerak.
Tamoyil. Bankda kredit tavakkalchiligini boshqarishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish tizimini bo’lishi lozim.
Kredit portfelini auditdan o’tkazish tartibi. Bank kredit siyosatiga muvofiq, barcha kreditlarning auditi va tahlili kreditlash jarayonida qatnashmaydigan xodimlar, ichki audit va kredit boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Xodimlar kreditlash jarayonlari ushbu siyosat asosida mijozlarning moliyaviy holati tahlili, ta’minot turlariga qo’yiladigan talablarga muvofiq amalga oshirilayotganligi, amaldagi qonunchilikga to’g’ri kelishini tekshirishadi. Tekshiruv natijalarida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha tavsiyalar beriladi. Audit va tahlil o’tkazish davrida quyidagi elementlarga asosiy ahamiyatni qaratish kerak:
berilgan kreditlar muayyan me’yorlar asosida va vakolatli bo’linmalar tomonidan tasdiqlanganligi;
mijozlar to’g’risida yetarli ma’lumotlarning mavjudligi;
ta’minot vositalari ushbu siyosat talablariga javob berishi;
kreditlarning to’liq amal qilish davrida garov ta’minotini ushlab qolish va mol- mulkning sotilishini ta’qiqlash masalalarining yuridik jihatdan to’g’ri rasmiylashtirilganligi;
kredit xatari belgilangan tartibda baholanganligi;
har bir kredit bo’yicha kredit shartnomasi va muddatli majburiyatnomalarning rasmiylashtirilganligi;
foiz stavkasi bankning foiz siyosati talablariga muvofiq o’rnatilganligi;
ehtimoliy yo’qotishlarga qarshi zahiralar Markaziy bankning 242-sonli yuriqnomasiga muvofiq tashkil etilganligi;
bank tomonidan kreditlarning to’planishi va tavakkalchilik darajasi bo’yicha belgilangan me’yorlarga amal qilinayotganligi;
kreditlarning amaldagi kredit siyosati va belgilangan tartibda tasdiqlanganligi.
Shuningdek, mijozlarning kreditga layoqatliligini aniqlash, jumladan mijozning tavsifi, moliyaviy imkoniyatlari, kapitali, mol-mulki, umumiy iqtisodiy sharoitlar hamda mijozlar bilan o’rnatiladigan munosabatlar, asosiy qarz va foiz to’lovlarini qaytarish shartlariga e’tiborni qaratish kerak. Tahlil natijasida kreditni qaytmaslik xatari aniqlanganda shubhali ssudalar uchun rezervlar tashkil etish tavsiya etiladi.