2. Yuzaki yiringli keratit mustaqil kasallik sifatida kon’yunktivitdan o’tganda, infeksiya tushganda, itlar o’latida hosil bo’ladi.
Klinik belgilar. Asosiy belgilar yuzaki kataral keratitlarga xos: kon’yunktival tomirlarning giperemiyasi, shox pardaning yuzaki vaskulyarizatsiyasi, yorug’likdan qo’rqish, yiringli – shilimshiq ekssudat oqishi. Faqat xiralashish sarg’ish tusda bo’ladi.
Oqibati. Ehtiyotkor. Yallig’langan joyda chandiq qolib, ko’rish qobiliyati qisman yoki to’liq buzilishi mumkin.
Davolash. Turli shaklda mikroblarga qarshi vositalar qo’llanadi, kasallik boshida novokainli va kortikosteroidli terapiya, oxirida esa to’qimali terapiya va kaliy yoditi malhami qo’llanadi.
3. Rikketsiozli kon’yunktivo – keratit keng tarqalgan kasallik. Rikketsiyalar – ko’zning shox pardasi va kon’yunktiva epiteliyi hujayralarining yadro va sitoplazmasida yashaydigan parazitlar. Ular sharsimon, tuxumsimon yoki gantelsimon (sport anjomi) shaklida bo’ladi. Surtmalarda ular Romanovskiy – Gimza bo’yicha bo’yaladi. Kasallikka asosan bir yoshgacha bo’lgan qoramollar chalinadi. Qo’y, echki va cho’chqalar ham kasallanishi mumkin. Kasallik ko’p hollarda enzootiya va epizootiya shaklida kechadi. Kasallik ko’pincha yozda, chang va ultrabinafsha nurlari ko’p bo’lganda rivojlanadi. Ammo u yilning barcha fasllarida ham kuzatiladi.
Kasal hayvonlar ko’zining shox pardasi va kon’yunktivasida rikketsiyalar 83 kungacha yashaydi. Kasallik havo va boshqa yo’llar orqali tarqaladi.
Klinik belgilar. M.V. Plaxotin bo’yicha kasallikning 6 bosqichi mavjud:
1 – bosqichda seroz – kataral kon’yunktivit rivojlanib, u 6–12 kun davom etadi.
2 – bosqichda shox parda xiralashadi, yuzasida erroziyalar paydo bo’ladi, 2–14 kun davom etadi.
3 – bosqich hujayrali infiltratsiya bilan harakterlanib, shox pardaning yuzasi oqish tusga kiradi. Jarayon 7–14 kun davom etadi.
4 – bosqich shox pardada abssess rivojlanishi va chuqur yiringli keratit belgilari namoyon bo’lishi bilan harakterlanadi.
5 – bosqich 33 kun davom etib, shox pardada yarachalar paydo bo’ladi.
6 – bosqich chandiqlanish va yallig’lanish alomatlarining pasayishi bilan harakterlanadi.
Kasallik dastlabki uch bosqichda aseptik, keyinchalik esa yiringli kechadi.
Rikketsiozli telyazioz, A gipovitaminozi va infeksion rinotraxeitdan farqlash lozim.
Davolash. Bu kasallikning dastlabki 5 bosqichlarida simobli dori vositalarini qo’llash tavsiya etilmaydi, chunki ular shox parda nekrozini chaqirishi mumkin. Penitsillin ham kor qilmaydi.
Samarali dori vositalaridan sulfanilamidlar (sulfazol, streptotsid, natriy sulfatsili), bitsillin–1, bitsillin–2 va bitsillin–3 hisoblanadi. Tetratsiklin qatoriga kiruvchi antibiotiklar chaqiruvchiga salbiy ta’sir o’tkazadi. Bitsillin bilan penitsillin aralashmasi, polivinil spirtda tetratsiklin eritmasi, baliq moyida eritromitsin, oletetrin, dibiomitsin va sintomitsin emulsiyasi va 15 % li propolisni qo’llash yaxshi natija beradi. Dori vositasining ta’sirini uzaytirish maqsadida M.V. Plaxotin taklif qilgan maxsus ko’z plyonkalari qo’llaniladi.
Retrobulbar novokain qamalini sulfatsil natriyli malham (30 % li) yoki 10 % li sintomitsin emulsiyasi bilan birgalikda qo’llaganda kasallikning kechish muddati qisqaradi.
3–, 4–, 5– va 6 – bosqichlarda 0,2; 0,4 va 0,6 Vt/sm2 kuchlanishga ega ultratovushli terapiyani qo’llash kasallikni 2–2,5 marotaba qisqartiradi.
Oldini olish choralari. Kasallik yoppasiga ta’sir qilishi uning faslligi, kasallanadigan hayvonlar yoshi, infeksiya transmission va bevosita kontaktli yo’l bilan yuqishi, ultrabinafsha nurlar ta’siri hisobga olinadi. Hayvonlar harakatlanishi chegaralanadi. Yangi keltirilganlari karantinga qo’yiladi. Profilaktik maqsadda har kuni shartli – sog’lom hayvonlarning kon’yunktival xaltasiga sintomitsin emulsiyasi yoki sulfatsil natriyli malham kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |