3. Iroda haqida tushuncha.
Iroda – bu kishining oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishida qiyinchiliklarni engib o‘tishga qaratilgan faoliyati va xulq-atvorini ongli ravishda tashkil qilishi va o‘z-o‘zini boshqarishi demakdir. Iroda – bu shaxs faolligining alohida shakli, uning xulq-atvorini tashkil etishning inson tomonidan qo‘yilgan maqsad bilan belgilanadigan alohida turidir. Iroda tabiat qonunlarini egallab oladigan va shu tariqa uni o‘z ehtiyojlariga ko‘ra o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ladigan kishining mehnat faoliyatida paydo bo‘ladi. Iroda o‘zaro bog‘liq ikkita vazifaning undovchi va tormozlash (to‘xtatuvchi) vazifalarning bajarilishini ta’minlaydi va ularda o‘zini namoyon qiladi.
Borliqni aks ettirish, faoliyatni muayyan yo‘nalishda tashkil qilish, muammolar echimini egallash yuzasidan ma’lum bir qarorga kelish, uni amalga oshirish jarayonida qiyinchiliklarni engish harakatlar yordami bilan ro‘yobga chiqadi. Turli ehtiyojlar (shaxsiy, jamoaviy, tabiiy, madaniy, moddiy, ma’naviy) tufayli vujudga keladigan, maqsadga yo‘nalganlik xususiyatini kasb etadigan shaxsning faolligi o‘zining tuzilishi, shakli rang- barang bo‘lgan harakatlar, xatti –harakatlar va sa’i –harakatlar yordami bilan tabiat, jamiyat tarkiblarini maqsadga muvofiq kelmaganligi sababli qayta quradi, takomillashtiradi, ezgu niyatga xizmat qildirishga bo‘ysundiriladi. Ehtiyoj, motiv, qiziqish, anglashilmagan, anglashilgan mayllar negizidan kelib chiqadigan barcha ko‘rinishdagi harakatlar o‘zlarining yuzaga kelishiga binoan ixtiyorsiz va ixtiyoriy turkumlarga ajratiladi.
Odatda psixologiyada ixtiyorsiz harakatlar anglanilgan yoki etarli darajada anglanmagan istak, xohish, tilak, mayl, ustanovka va shu kabilarning ichki turtki ta’sirida paydo bo‘lishi natijasida ro‘yobga chiqariladi. Mazkur istak va uning boshqa shakllari impulsiv (lotincha impulsus ixtiyorsiz qo‘zg‘olish ma’nosini anglatadi) xususiyatiga ega bo‘lib, inson tomonidan anglanilmaganligi uchun ma’lum ob’ektga qaratish yuzasidan rejalashtirilmagan, hatto ko‘zda tutilmagan bo‘ladi. Insonning favquloddagi vaziyatda yuzaga keladigan sarosimalik affekti, dahshat, hayajonlanish, ajablanish, shubhalanish va shunga o‘xshash boshqa mohiyatli, har xil shakldagi xatti-harakatlari ixtiyorsiz turkumdagilarga yorqin misoldir. Undagi atamalar ma’nosi, aks etish imkoniyati bundan oldingi hissiyot to‘g‘risidagi ma’lumotlarda keng ko‘lamda bayon qilingan.
Boshqa kategoriyada taalluqli harakatlar ixtiyoriy harakatlar deb nomlanib, ular maqsad ko‘zlash, maqsadni anglashni va uni amalga oshirishni ta’minlovchi operatsiyalar, usullar va vositalarni shaxs o‘z miyasida tasavvur qilishni, samaradorligini taxminan baholashni taqozo etadi. O‘zining mohiyati bilan tafovutlanib turuvchi ixtiyoriy harakatlarning alohida guruhini irodaviy harakatlar deb ataluvchi turkum tashkil qiladi. Psixologik ma’lumotlarga asoslangan holda ularga quyidagicha ta’rif berish mumkin: «Maqsadga erishish yo‘lida uchraydigan qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish jarayonida zo‘r berish bilan uyg‘unlashgan, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan ongli harakatlar irodaviy harakatlar deyiladi».
Shaxsning irodaviy faoliyati o‘z oldiga qo‘ygan anglangan maqsadlarni bajarishdan, amalga oshirishdan iborat sodda shakldagi harakatlarning majmuasidan iborat emas. Zo‘r berishni taqozo etmaydigan ish harakati (masalan, shkafdan choynak olish, sochiqni qoziqqa ilish va hokazolar) bilan irodaviy faoliyat tarkiblari o‘rtasida keskin tafovut mavjud. Irodaviy faoliyat o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, uning mohiyati shundan iboratki, bunda shaxs o‘z oldiga qo‘ygan va unga muhim ahamiyat kasb etuvchi maqsadlariga o‘zi uchun kamroq qiymatga molik xatti-harakat motivlarini bo‘ysundiradi. Ustivor (etakchi) motivlar qo‘shimcha ko‘makchi motivlarni muayyan yo‘nalishga safarbar qilib, umumiy maqsadga xizmat qildiradi.
Irodaviy faoliyat mohiyati shunda ko‘zga tashlanadiki, bunda shaxs o‘zini o‘zi boshqaradi, o‘zini qo‘lga oladi, o‘zining xususiy ixtiyorsiz impulsiv tomonlarini nazorat etadi, hatto zarurat tug‘ilsa, u holda ularni tamoman yo‘qotadi ham. Iroda paydo bo‘lishining bosh omili-inson tomonidan faoliyatning turli tarkiblarining irodaviy harakatlarni tizimli tarzda tatbiq etilishi bunday ish-harakatlarda ong bilan mujassamlashuvchi shaxsning faolligidir. Irodaviy faoliyat shaxs tomonidan keng qo‘lamda anglanilgan va ruhiy jarayonlarni amalga oshirish xususiyati bo‘yicha irodaviy zo‘r berishni talab qiladigan aqliy amallarni taqozo etadi. Bunday aqliy amallar favquloddagi vaziyatni baholash, kelgusida amalga oshirishga mo‘ljallangan harakatlar uchun vositalar va operatsiyalar tanlash, maqsad ko‘zlash va unga erishishning usullarini saralash, ularni tatbiq etish uchun muayyan qaror qabul qilish kabilar bo‘lib hisoblanadi. Ushbu amallarning barchasi irodaviy faoliyatning operatsional tomoni deb baholanadi.
Insoniyatning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotining yirik namoyandalari ijodiy faoliyatiga taalluqli ma’lumotlar, qarorga kelish namunalari ularning ijtimoiy-psixologik qiyofalarini aks ettirish imkoniyatiga egadir. Masalan, buyuk sarkarda Amir Temur Ko‘ragoniyning «Kuch adolatdadir» degan hikmati, Alisher Navoiyning «Zanjirband sher-engaman der» hitobi, CHo‘lponning «Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir» chaqirig‘i javobgarlikni yuksak his etgan holda xalqining xohish irodasini ifoda qilib, qat’iy irodaviy xatti-harakatlarini amalga oshirganlar, shu bilan birga ular o‘zlarining ma’naviy, qadriy, ruhiy qiyofalarini chuqur va ko‘pyoqlama ochib berishga musharraf bo‘lganlar. Ijtimoiy tarixiy sahifalarimizda, yaqin o‘tmishimizda va istiqlol davrida ko‘plab vatandoshlarimiz irodaviy xatti-harakatlarining namunaviy ko‘rinishlarini namoyish qilganlar, bular rasmiy manbalarda va badiiy adabiyotlarda keng ko‘lamda yoritilgan.
Yuqoridagi mulohazalardan tashqari, irodaviy faoliyatning o‘ziga xos psixologik xususiyatlari ham mavjuddir va ular muayyan tavsiflarga asoslanib talqin qilinadi. Irodaviy faoliyatni yoki alohida iroda aktini (latincha actus harakat degan ma’noni anglatadi amalga oshirishishning xususiyatlaridan biri-bu bajarilayotgan harakatlarning erkin ekanligini shaxs tomonidan anglash (bunday qilsa ham bo‘ladi yoki unday qilsa ham) iboratligidir. Ushbu jarayonda shaxs hech bir narsani uddasidan chiqmaydigan yoki vaziyatga to‘la-to‘kis tobelik qiladigan, qolaversa yuzaga kelgan sharoit talablariga so‘zsiz, zaruriy bo‘ysunadigan kechinmalar hukm surmaydi. Shuning uchun shaxs tomonidan qarorga kelishning erkinligi, mustaqilligi bilan uyg‘unlashgan kechinmalar hukm surishi mumkin, xolos. Mazkur qarorga kelishdagi erkinlik hissi insonning o‘z niyatlari bilan harakatlari ro‘yobga chiqishiga nisbatan mas’uliyat yoki javobgarlik tuyg‘usining kechishi bilan izchillik kasb etadi.
Irodaviy faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan tashkil topgandir; 1) irodaviy harakatlarni shaxs hamisha ularning sub’ekti sifatida amalga oshiradi; 2) irodaviy akt, harakat shaxs to‘la-to‘kis mas’ullikni zimmasiga olgan ish, amal sifatida ichdan (ichki dunyosida) kechiriladi; 3) irodaviy faoliyat tufayli inson ko‘p jihatdan o‘zini o‘zi shaxs sifatida anglaydi; 4) irodaviy faoliyat sababli shaxs o‘z hayot yo‘li va taqdirini o‘zi belgilashini tushunib etadi va hokazo. Shu bilan birga irodaning faollashtiruvchi va jilovlab turuvchi (tormoz qiluvchi) funksiyalari birgalikda (hamkorlikda) hukm sursagina, faqat shundagina shaxsning o‘z maqsadiga erishish yo‘lidagi to‘siqlarni engishni kafolatlashi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |