1218 yilda Movarounnahrga kelgan Chingizxon elchilari Alouddin tomonidan qabul qilindi. Ikki o’rtada savdo shartnomasi tuzildi. Biroq Chingizxonning savdogarlar karvoni O’trorga kelganda shu erning noibi Inolxon ularni qatl etib, mol-dunyolarini tortib oladi. Aslini olganda, qatl etilganlar savdogarlar niqobidagi josuslar ekani ayon bo’lsa ham, aniq isbotlar yo’qligi sabab, bu o’ta jiddiy siyosiy xatoga aylandi. Bu mudhish voqea oqibatda necha-necha minglab musulmonlarning halok bo’lishiga olib keldi... G’azablangan Chingizxon Inolxonni berishni talab qilib, Muhammad huzuriga ibn Kafraj Bug’ra ismli mashhur kishi boshchiligidagi elchilarini yuboradi. Biroq Xorazmshoh Alouddin Muhammad o’g’li Jaloliddin Manguberdining so’ziga kirmay, Inolxonni Chingizxonga bermaydi. Bu ham etmaganiday, ibn Kafraj Bug’ra va uning yo’ldoshlarini qatl qilib yuboradi. Bug’raning o’ldirilishidan nihoyatda tushkunlikka tushgan Chingizxon uch kechayu uch kunduz tanho o’zi ibodat qilib, Xudoga qarata iltijo qilgan ekan: “Ey Parvardigor, ey tozik va turklarning yaratguvchisi, bu janjalni boshlagan men emasman, qasos olishga quvvat ber!” Mo’g’ullar bosqini arafasida Xorazmshoh harbiy kengash chaqiradi. Unda atoqli davlat arbobi Shahobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xivaqiy Alouddinga barcha lashkarlar bilan (600 minglik!) Chingizxonga qarshi chiqish kerak, degan taklifni o’rtaga tashlaydi. (Chingizxonning qo’shinlari soni Xorazmshohnikidan 3-4 barobar kam edi!) Manguberdi ham foydali maslahat beradi. Uning fikri bo’yicha, dushmanni Movarounnahrga kiritib, so’ng mahalliy erni dushmanga nisbatan yaxshi bilganlikdan foydalanib, uni yakson etish ko’zda tutilardi. Biroq Alouddin Muhammad bu takliflarni rad etib, barcha qo’shinini shahar va qal’alarga bo’lib, parchaladi. (Ba’zi tarixchilar bu oxiri yaxshi o’ylanmay qilingan ishga Alouddin Muhammadning Chingizxonni mensimagani sabab bo’lgan, deyishsa, boshqa tarixchilar bu paytda Xorazmshohning o’z atrofidagi a’yonlariga ishonchi susaygani vaj bo’ldi, deb yozishadi.) Oqibatda, Chingizxonda raqib kuchlarini bittama-bitta, osongina qirib tashlash imkoni tug’ildi va u buni uddaladi ham. - ...Birinchi zarbani Chingizxon 1219 yilda O’trorga berdi. Buning muhim sababi bor edi: Chingizxonnning o’z hisob-kitobi bo’lgan Inolxon bu shaharning noibi edi. O’tror besh oy qamal qilinib, Inolxonning odami Hojib Qoracha xoinligi sabab, ishg’ol qilinadi. Inolxonni Chingizxon huzuriga olib kelishadi. So’ng esa, Inolxonning ko’zlari va quloqlariga kumush erittirib, quyishadi...
Do'stlaringiz bilan baham: |