Mavzu; Islomda Tariqat va Zamonaviy Tariqatchilik REJA;
I.Kirish 1.Mavzuni dolzarbligi
2.Adabiyotlar tahlili
II.Asosiy qism 1.Tariqat nima?
2.O’rta osiyo tariqatlari.
3.Zamonaviy tariqatchilik va uning ijtimoiy ta’siri.
III.Xulosa
Mavzuni dolzarbligi; Tasavvuf va tariqatning asl g‘oyalari aks etgan asarlarni tadqiq etish va yuzaga chiqarish islomshunoslar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Zero, hozirda tasavvuf va tariqat ta’limotining noxolis talqini yurtdoshlarimiz orasida «tariqatchilik» illatining yoyilishiga dastak bo‘lmoqda. O‘zbekiston hududidagi zamonaviy tariqatlar garchi ma’naviy qadriyat, an’ana va marosimlar hamda milliy madaniyatga sodiqlikni namoyish etsa-da, avvalgi qiyofasidan birmuncha farqlanadi. Ayniqsa, uzoq xorijdan «eksport» qilinayotgan va aholi o‘rtasida tarqatilayotgan noan’anaviy tasavvuf va tariqat ta’limotlari jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Bundan tashqari qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘istonda erkin faoliyat olib borayotgan tariqatchilar ham O‘zbekistondagi «pir» va «murid»larga ta’sir etmay qolmaydi. Binobarin, qo‘shni davlatlardagi tariqat peshvolari o‘zlarining maxsus saytlari orqali olib borayotgan targ‘ibot faoliyatlari soha mutaxassislarida muayyan tashvish uyg‘otmoqda.
Global dunyoda o‘z izdoshlari sonini jahon miqyosida muttasil ravishda o‘stirib borayotgan tasavvuf va tariqat muayyan ko‘rinishda transformatsiyaga uchrab bormoqda. Transmilliy uyushmalarga aylanib borayotgan tariqatlarning globallashuv sharoitida o‘z a’zolari sonini ko‘paytirishda qo‘llayotgan uslub va vositalaridan O‘zbekistondagi an’anaviy va noan’anaviy tariqatlarning aksariyati birqadar yiroq. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bugungi «kunda Movarounnahr zaminida vujudga kelgan tariqatlar dunyo miqyosida faoliyat ko‘rsatib, globallashuv “sharoitida G‘arb va Sharqdagi musulmon jamoalarining diniy, madaniy va siyosiy hayotida tobora katta o‘rin egallab bormoqda. Shu jihatdan ham yurtimiz tasavvufi tarixi va bugungi kunini qiyoslab o‘rganish, unda kechayotgan jarayonlarni yaqindan kuzatib borish va ilmiy asoslangan xulosalar berish muhim hisoblanadi. Zero, XX asrning 90-yillaridan boshlab Markaziy Osiyodagi tasavvufning qayta tiklanish jarayonlari va hozirgi holati borasida olib borilgan ayrim yuzaki g‘arb tadqiqotlari xorijda noxolis qarashlarni shakllantirgan. Binobarin, xorijda Movarounnahr tasavvufiga qiziqish hamon yuqori.
Bugungi kunda tasavvuf ta’limotlari sharq musulmon mamlakatlarida mutaassib kuchlarga qarshi turishda muhim omil sifatida e’tiborga olinmoqda. Turli salafiy, jihodchi va boshqa noan’anaviy oqim va firqalar g‘oyalariga ma’naviy immunitet hosil qilishda aynan Movarounnahr diyoridan chiqib, jahonga tarqalgan tasavvuf ta’limotlarining o‘rni beqiyos bo‘lmoqda.