6–MAVZU. IQTISODIY ISLOHOTLAR, XUSUSIY MULKCHILIKNING SHAKLLANISHI. O‘ZBEKISTONDA BOZOR MUNOSABATLARINING RIVOJLANISHI.
Reja:
Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘sish.
O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligining o‘rni. Agrar islohotlar.
O‘zbekiston xalq xo‘jaligining yangi istiqbollari.
Darsning o‘quv maqsadi: Talabalarga bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari haqida ma’lumot berish, O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlantirilishi, iqtisodiy o‘sish, mamlakat hayotida qishloq xo‘jaligining o‘rni hamda agrar islohotlar to‘g‘risida atroflicha tushuntirish berish.
Tayanch iboralar: ma’muriy-boshqaruv tizimi, “O‘zbek modeli”, rekonstruksiya va modernizatsiya, bozor iqtisodiyoti, ko‘p ukladli iqtisodiyot, xususiy mulkchilik, agrar islohotlar.
Bozor iqtisodiga o‘tishning asosiy tamoyillari. O‘zbekistonning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish yo‘lini tanlashi.
Butun dunyodagi rivojlangan davlatlar iqtisodining asosini bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Bozor iqtisodiyoti tovar-pul munosabatlariga asoslangan va ularga xos iqtisodiy qonunlar asosida ishlaydigan iqtisoddir. Bozor iqtisodiyoti qadim zamonlardan boshlab ming yillar davomida shakllanib, takomillashib kelmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotda bozor munosabatlari ikki xil shaklda namoyon bo‘ldi. Birinchisi, tartibsiz, stixiyali faoliyat yurituvchi bozor iqtisodiyoti. Bunda ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar tarqoq, o‘zibo‘larchilik asosida, maqsadi va harakati oldindan kelishilmagan holda faoliyat yuritadilar. Ikkinchisi, davlat, iqtisodiy qonunlar va iqtisodiy vositalar bilan tartibga solinadigan, boshqariladigan bozor iqtisodiyoti. Uning quyidagi xususiyatlari mavjud:
tovar ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy erkin bo‘ladilar;
kishilar mulk egasi bo‘ladi, o‘zi ishlab chiqargan mahsulot egasi bo‘lib, uni o‘zi xohlaganicha sotishi va sotmay turishi mumkin;
tovar oldi-sotdisi sotuvchi bilan xaridorning erkin va ixtiyoriy munosabatiga asoslanadi;
tovar ishlab chiqaruvchilar bozorda erkin raqobatda bo‘ladilar;
bozorda ishlab chiqaruvchi emas, iste’molchi o‘z shartini qo‘yadi, chunki pul uning qo‘lida bo‘ladi;
bozorda nimaga talab oshsa, shu narsani ishlab chiqarish foydali bo‘ladi;
jamiyat a’zolari o‘z daromadiga ko‘ra tabaqalanadi.
Jahon tarixi tajribasi guvohlik beradiki, insoniyat birdaniga tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyotini yaratolmagan, necha ming yillar davomida stixiyali bozor iqtisodiyoti sharoitida yashab, vaqt-vaqti bilan iqtisodiy larzalarni, chuqur iqtisodiy inqirozlarni boshidan kechirgan. XX asrda jahon sivilizatsiyasi insoniyat manfaatlari yo‘lida yanada jadal taraqqiy etdi. Bu jarayon iqtisodiy tafakkurga ijobiy ta’sir etib, tartibga solinuvchi bozor iqtisodiyoti g‘oyasini keltirib chiqardi. Unga amal qilgan davlatlarda iqtisodiyot jadal o‘sa boshladi, aholi turmushi, farovonligi yaxshilanib bordi. Shu tariqa dunyoda tartibga solinadigan bozor munosabatlari iqtisodiyotning y etakchi shakliga aylanib bordi.
Sobiq Ittifoq hukmronligi davrida esa hokimiyat tepasida turgan kommunistlar mulkni yoppasiga davlat ixtiyoriga olish, resurslarni markazlashtirilgan tarzda ma’muriy-buyruqbozlik, rejalashtirish asosida boshqarish va taqsimlash yo‘li bilan ijtimoiy adolatni qaror toptirish va xalq farovonligini oshirishga urinib ko‘rdi. 70 yil davom etgan bu sinov o‘zini oqlamadi, ijtimoiy adolat ham qaror topmadi, xalq uchun farovon turmush ham yaratilmadi. Aksincha, millionlab odamlar qancha-qancha balo-qazolarga uchradi, bunday g‘ayritabiiy yo‘lga qarshi chiqqanlarning umri xazon bo‘ldi. Oxir-oqibatda ma’muriy buyruqbozlik asosida boshqariladigan o‘ta siyosiylashgan, mafkuralashgan iqtisodiyot tanazzulga uchradi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yangilanish, tub o‘zgarishlarni o‘rganishga kirishar ekanmiz, avvalo, mustabid sovet tuzumidan bizga qanday iqtisodiyot meros bo‘lib qolganini tushunib, chuqur anglab yetishimiz lozim. O‘zbekiston qaramlik davrida o‘z tabiiy boyliklariga, yer-suv, o‘rmon va boshqa resurslariga o‘zi egalik qila olmasdi, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilay olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar markazga, uning manfaatlariga bo‘ysundirilgan edi. O‘zbekiston rahbariyati, xalqi o‘z hududida qancha mahsulot ishlab chiqarilayotganini, ular qayerda realizatsiya qilinayotganini va qancha daromad keltirayotganidan bexabar edi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston moliya-kredit, bank siyosati yuritishda qaram edi, o‘zining milliy valyutasiga, valuta jamg‘armasiga ega emasdi. Sobiq Ittifoqdan mo‘rt, zaif xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan, ya’ni arzon xomashyo va strategik mineral resurslar tayyorlanadigan iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Respublika iqtisodiyotida boy mineral xomashyo resurslaridan ayovsiz, nazoratsiz foydalanish hukmronlik qilardi. Umri tugagan sovet tuzumidan iqtisodiy boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usuli, „Qayta qurish“ davrida batamom barbod bo‘lgan iqtisodiyot, izdan chiqqan moliyaviy narx-navo tizimi, baqiriq-chaqiriq, o‘g‘rilik, buzuqlik avj olgan ijtimoiy-iqtisodiy muhit meros bo‘lib qolgan edi. Respublika korxonalari sobiq Ittifoq bo‘yicha boshqa korxonalar bilan bog‘langan bo‘lib, endi ular o‘rtasidagi aloqalar uzilib, xo‘jalik yuritish murakkablashib qolgan edi. Mavjud korxonalar chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar va butlovchi qismlarga butunlay qaram edi. O‘zbekiston yoqilg‘i va oziq-ovqat masalasida markazga qaram edi. Ekin ekiladigan yerlarning paxta maydonlariga aylantirilishi, paxta yakka hokimligining o‘rnatilishi natijasida O‘zbekiston un, go‘sht, sut mahsulotlari va boshqa eng muhim oziq-ovqat mollari, xalq iste’moli tovarlari, tayyor mahsulotlarni chetdan keltirishga mahkum etilgan edi. Paxta, oltin, rangli metallar, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallar tashib ketilar, ularni sotishdan keladigan daromad O‘zbekiston xazinasiga tushmas edi. O‘ziga qarashli bo‘lgan mablag‘ni markaz-dan dotatsiya sifatida so‘rab, yolvorib olishga majbur edi. Aholi turmush darajasi bo‘yicha nochorlik, sobiq Ittifoq miqyosida eng oxirgi o‘rinlardan biri meros bo‘lib qoldi.
Ittifoqdan mustaqil bo‘lgan Rossiya, Ukraina va Belorusiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan ikki qismi qo‘l uchida tirikchilik qilardi. Eski mustabid tuzumdan o‘tkir ijtimoiy, ekologik muammolar meros bo‘lib qolgan edi. Aholi yerning nihoyat darajada sho‘rlanishi, havoning va suv zaxiralarining ifloslanganligi, radioaktiv ifloslanish, Orol dengizining qurib borishi oqibatida juda katta ekologik xavfga duch kelib qolgan edi. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Orolning qurib qolgan tubidan yiliga bo‘ron tufayli 1575 million tonna chang-to‘zon ko‘tarilib, uzunligi 400 km va eni 40 km maydonni ifloslantirardi, aholini turli-tuman kasalliklarga mubtalo qilardi. „Bugun o‘sha davr to‘g‘risidagi haqiqatni xolisona aytadigan bo‘lsak, u zamondagi hayotimizni jahon tarixi va amaliyoti bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, shuni ochiq aytish kerakki, u paytda O‘zbekiston bir yoqlama iqtisodiyotga - markazga butunlay qaram, izdan chiqqan iqtisodiyotga ega bo‘lgan yarimmustamlaka mamlakat qatoriga aylangan edi“. (Islom Karimov. “O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda”. – Toshkent:O‘zbekiston, 1999, 6- bet.)
Do'stlaringiz bilan baham: |