– MAVZU: INVESTITSIYA LOYIHALARINING MOLIYAVIY VA IQTISODIY SAMARADORLIGINI BAHOLASH
REJA:
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholashning mohiyati va ahamiyati
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash usullari
Investitsiya loyihalarini baholashning oddiy va diskont usullari
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholashning mohiyati va ahamiyati
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash juda muhim jarayon hisoblanib, u o‘z ichiga texnik-iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va baholashni qamrab oladi. Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash orqali mablag‘larni samarali joylashtirish yo‘llarining eng optimalini tanlash mumkin. Har qanday investitsiya loyihasini baholashning mazmuni bugungi harajatlarni loyihadan olinadigan daromadlar oqlaydimi? degan savolga javob topishdan iboratdir. Biroq, bu savol shunchalik oddiy bo‘lishiga qaramasdan, agar diqqat bilan ko‘rib chiqilsa, uning ko‘plab qirralari ochiladiki, ba’zan unga bir xil ma’nodagi javobni topish juda mushkul.
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash usuli – bu turli ob’ektlarga uzoq muddatga kapital mablag‘larni qo‘yishning maqsadga muvofiqligini aniqlash usuli bo‘lib, bunda qo‘yilgan mablag‘lar kelajakda foyda keltirishi va o‘zini to‘liq qoplashi ko‘zda tutiladi. Har qanday investitsiya loyihasi, garchi u ko‘pgina ijobiy tavsiflarga ega bo‘lsada, unga qo‘yilgan mablag‘lar, ya’ni qilingan investitsiya harajatlari loyiha mahsuloti (ish, xizmat) sotishdan kelgan daromadlar bilan qoplanmasa, ko‘rilgan foyda darajasi ko‘zda tutilgan darajada bo‘lmasa, u amalga oshirilmay qoladi. Investitsiya loyihalarini tahlil qilish va baholashdan asosiy maqsad, aynan ko‘zda tutilgan natijalarga erishishni realligini baholashdir. Iqtisodiyoti rivojlangan malakatlarda turli loyihalarga qo‘yilgan mablag‘larning foydaliligini (samaradorligini) taqqoslashga asoslangan baholash usullaridan keng foydalanadilar. Bunda investitsiya loyihalaridan ko‘riladigan samara mablag‘larni
bankka foiz hisobida qo‘yishdan yoki qimmatbaxo qog‘ozlar sotib olishdan keladigan daromad (foyda) bilan taqqoslanadi.
Investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda loyihadan ko‘riladigan daromadning ko‘pligiga, mehnat resurslarining kam sarflanishiga, loyihaning amalga oshirish muddatining qisqaligiga, loyiha bo‘yicha ishlab chiqariladigan mahsulotning sifatiga, bozorda tutgan o‘rniga, shuningdek, harajatlarning to‘g‘ri olib borilishiga ko‘proq e’tibor beriladi. Shu bilan birga, baholashda pul oqimini to‘g‘ri ishlatilishi va nazorat qilinishi ham katta ahamiyatga ega. Bunda kapital harajatlarni yerni ijaraga olish, u yerda bino va inshootlar qurish, mashina va jixozlar yaratish yoki sotib olish, mutaxassislar tayyorlash kabi ishlarga sarflanishi, joriy harajatlar esa, xom ashyo va materiallar sotib olish, suv, energiya, mehnat va boshqa resurslarga sarflanishi e’tiborga olinadi hamda daromadlar asosiy faoliyatdan keladigan daromadlar, ishlab chiqarish harajatlarini pasaytirish, royalti, davlatning obligatsiyalari orqali keladigan daromadlarga e’tibor qaratiladi. Investitsiya loyihalarini turli usullar bilan baholash mumkin, lekin barcha usullarda eng asosiy e’tibor loyihalarning daromadlilik darajasi hamda ko‘riladigan foydaning xajmini aniqlashga qaratiladi. Investitsiya loyihalari samaradorligini baholashda aniq natijalarga erishish, ya’ni loyihalashtirishni yakunlash, bozorga chiqish va undao‘z o‘rnini mustaxkamlash, belgilangan foydaga erishish, qilingan investitsiya harajatlarini qoplash kabi natijalarga erishish uchun belgilangan muddat ham ayniksa muhimdir. Shuningdek, baholashda ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlarining samaradorligi ham hisobga olinadi. Buning muhimligi shundan iboratki, tadqiqot va ilmiy izlanish ishlarining qisqa bo‘lishi bir tomondan mablag‘larning kam sarflanishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan nisbatan kam muddatda loyiha amalga oshirilib, bozorga ertaroq yangi mahsulot olib chiqiladi va hech bo‘lmaganda, qisqa muddat ichida korxona ushbu mahsuloti bilan bozorda monopol mavqega ega bo‘lishi mumkin.
Shuni alohida qayd etish kerakki, har bir loyiha mamlakatda mavjud bo‘lgan siyosiy va ijtimoiy sharoitlarni va ularning o‘zgarishini hisobga olgan holda baholanishi lozim. Hozirgi paytda investitsiya loyihalarini tuzish va amalga oshirish uzluksiz jarayon bo‘lganligi sababli uni tasvirlashda kompyuter texnikasidan keng
foydalanilmoqda. Bunda loyihaning texnik-iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlari hamda tashqi iqtisodiy muhitni belgilovchi omillar hisobga olinib, loyihaning matematik modeli tuziladi va shu model asosida loyihaning harajatlar va daromadlar oqimi aniqlanadi, samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblanadi, ishlab chiqarish natijalarining yillik balansi tuziladi hamda tashqi va ichki omillar ta’siri tahlil qilinadi. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda yirik ishlab chiqarish va moliya korporatsiyalari ana shunday modellardan foydalanadilar. Shuningdek, bunday modellardan investitsiya loyihalarini o‘rganuvchi va samaradorligini aniqlovchi turli maslahatchi firmalar ham foydalanadilar.
O‘zbekiston Respublikasida Harakatlar strategiyasi asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida qo‘lga kiritilayotgan yuksak natijalar, eng avvalo, yangidan-yangi zamonaviy tarmoq va ishlab chiqarish quvvatlarining yo‘lga qo‘yilishi, buning ta’sirida mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining sezilarli darajada ortib borayotgani, yaratilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmat turlarining ko‘payib, sifatining tubdan yaxshilanib borishiga eng muhim va asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Birgina misol, 2008 yilda boshlangan, bugungi kunga qadar salbiy ta’sir va oqibatlari saqlanib qolayotgan, keyingi yillarda rivojlangan mamlakatlardao‘zining yangi “xuruji”ni namoyon etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi nafaqat ayrim mamlakatlar, balki dunyoning deyarli barcha qit’alarida iqtisodiy siyosatning zaif jihatlarini, ayniqsa, bank-moliya tizimining “mo‘rt” bo‘g‘inlarini oshkor etib qo‘ydi. Ana shunday murakkab bir sharoitda mamlakatimiz iqtisodiyoti, bizning ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyot modelimiz yana bir bor hayot sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zini to‘la oqladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
Shuning bilan birga 2019-2021 yillarda respublikamizda investitsiya siyosatini takomillashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi real sektorga, yani ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishga va texnikg‘texnologik qayta
qurollantirishga yo‘naltirildi. Xorijiy investitsiyalarni keng miqyosda jalb etish natijasida mamlakatimizning eksport salohiyati sezilarli darajada oshdi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari faoliyatining samaradorligi ortdi.
Shu bilan birga investitsiyalarni jalb etish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham talaygina. Xususan, jalb etilgan investitsiyalar hajmi iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmayapti, shuningdek, xorijiy investitsiyalar katta qismining bir nechta mintaqalarda to‘planib qolganligi respublikamiz mintaqalarida mavjud tabiiy- iqtisodiy salohiyatdan to‘liq foydalanish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi ularning iqtisodiy yuksalishida faol investitsiya siyosati markaziy o‘rinni egallashini tasdiqlaydi. Shu bois O‘zbekistonning ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanish maqsadlari uning investitsiya siyosatida to‘liq aks ettirilishini taqozo etmoqda. Faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda zamonaviy, yuksak texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishni tashkil etishni tezlashtirish borasida O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini o‘zida mujassam etgan Harakatlar strategiyasining eng muhim jihatlaridan biri sifatida faol investitsiya siyosati olib borilishi uchun yo‘l ochib berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |