Davosi. Ko'kyo'talga davo qilish uchun kun tartibini to'g'ri tashkil etish zarur. Bemor yetarli
darajada uxlashi, ovqati yoshiga mos, vitaminli, tez hazm bo'ladigan bo'lishi kerak. Kasallikning yengil formalarida bemorni uy sharoitida davolash mumkin. Go'daklik davridagi va og'ir turda o'tadigan ko'kyo'talni kasalxonada davolanishi shart. Toza havodan tez-tez bashramand bo'lishi katta ahamiyatga ega.
Ko'kyo'talga davo qilish uchun ayniqsa biror asorat rivojlangan paytda antibiotiklar tavsiya
etiladi. Ko'kyo'talda ampisillin eritromisindan foydalaniladi. Serologik davolashga bemorlarga 3-6 ml miqdorda ko'kyo'talga qarshi immunoglobulin yuboriladi. Bemorga neyroleptik preparatlar (aminazin, propazin) beriladi. Og'ir hollarda qortikosterioid gormonlardan foydalaniladi.
Profilaktikasi. Bemorlarni iloji boricha tezroq sog'lom bolalardan alohidalab qo’yish zarur. Hozirgi davrda kasallikni oldini olishni asosiy uslubi faol emlashdir. Bu jarayon AKDS vaksinasi orqali amalga oshiriladi.
EPIDEMIK PAROTIT
Epidemik parotit (tepki) o'tkir yuqumli kasallik bo'lib, so'lak bezlari, asosan quloq oldi bezlari hamda asab tizimining zararlanishi bilan kechadi. Kasallik maktabgacha tarbiya va maktab yoshdagi bolalarda uchraydi. Epidemik parotit ko'pincha qish oylarida uchraydi.
Etiologiyasi. Epidemik parotitning qo'zg'atuvchisi paramiksoviruslar guruhiga kiruvchi filtrlanuvchi virusdir. Bu virus tashqi muhit sharoitlari va ultra binafsha nurlarga o'ta ta'sirchan bo'lib, dezinfeksiyalovchi moddalar ta'sirida tezda halok bo'ladi.
Epidemiologiyasi. Kasallik manbai bemor odam hisoblanadi. Bu virus asosan havo-tomchi yo'li bilan yuqadi, ayrim hollarda idish-tavoqlar, o'yinchoqlar orqali yuqishi mumkin. Kasallikni boshidan kechirgandan keyin barqaror tabiiy immunitet qoladi.
Klinik manzarasi. Kasallikning yashirin davri 11-23 kungacha davom etadi. Odatda kasallik o'tkir boshlanib tana haroratining 36-39 ºº C gacha ko'tarilishi quloq oldi bezlarining bir tomonlama yoki ikki tomonlama kattalashuvi bilan davom etadi. Bezlarning kattalashuvi ostki jag’ suyagining choki bilan so'rg’ichsimon suyak o'rtasidagi chuqurlikni to'ldirib, quloq sirg'asining oldingi pastki va orqa tomonlarigacha yoyilib ketadi. Shishning ustki va atrofida terining rangi o'zgarmaydi, uning chegarasi noaniq bo'lib, o'rta qismi qattiq elastik qonsistensiyada bo'lgani holda atroflari qo'lga yumshoq tegadi. Kattalashgan bezlar bosib ko'rilganda og'riq seziladi. Quloq oldi bezlari naychalarining og'iz bo'shlig'idagi chiqish joylari qizaradi va biroz shishadi. Kasallikning 2-3 kuniga borib, ko'pincha sog'lom tomondagi quloq oldi bezi kattalashgandan so'ng, bemorning yuz tizimi o'ziga xos shaklga kiradi. Kasallikning 8-10 kuniga borib, batamom yo'qolib boradi. Epidemik parotitda quloq oldi bezlari yiringlamaydi. Taxminan 50 % hollarda pastki jag' osti bezlari va gohida til
osti so'lak bezlari ham prosessga qo'shilib ketadi. Epidemik parotitning yengil turi 6-7 kun, o'rtacha og'irlikdagi turi 9-10 kun, og'ir turida kasallik belgilari 2-3 hafta mobaynida saqlanib qoladi. Epidemik parotit patologik prosessga nerv tizimi va har xil bez organlarning qo'shilib ketishi bilan birga davom etib borishi mumkin. Bu organlarning zararlanishini asorat deb emas, balki xastalikning asosiy ko'rinishi deb hisoblash to'g'riroq bo'ladi.
Me'da osti bezlarining zararlanishi (pankreatit), parotit alomatlari keskin
ifodalanmagan holatda o'tadi va qorinda qattiq og’riqlar paydo bo'lishi bilan xarakterlanadi. Bu og’riqlar qorinning gir aylanasi bo'ylab seziladi. Bemorning ko'ngli aynib qusadi, ishtaxasi yo’qoladi, ichi ketadi, qoni va siydigida amilaza miqdori ko'payadi.
Oldin quloq oldi bezlari kattalashmasdan turib, birlamchi orxit boshlanib qolishi ham mumkin. Bu kasallik tana haroratining ko'tarilishi odamning lohas bo'lishi eti uvishib qaltirashi moyaklar (orasi) sohasida qattiq og'riq turib, chov sohasiga va belga tarqalishi bilan ta'riflanadi. Moyak shishib, kattalashadi, bezillab turadi, odam yura olmaydi. Kasallik belgilari 2-3 kun zo'rayib boradi, dardning 3-5 kunidan boshlab asta-sekin yo’qolib boradi. Parotitda aksari serozli (virusli) meningit qayd qilinadi.
Epidemik parotitni aniqlab olish tipik hollarda qiyinchilik tug’dirmaydi.
Kasallikning yengil formalarida, parotit meningiti yoki orxiti bo'lganda kasallik tashxisi ancha qiyinlashadi. Yaxshi yig'ilgan anamnez va epidemiologik ma'lumotlar kasallikni aniqlab olishga yordam beradi. Bundan tashqari kasallikka serologik tekshirish usullari yordamida tashxis qo'yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |