Sinegorlar sud jarayonida boshqa birovning manfaatini ko‘zlab nutq so‘zlovchi kishilardir. Sinegorlar ritorika san’ati va huquqshunoslikdan maxsus ta’lim olgan kishilar bo‘lgan. Ular olgan ishlarini ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqib, uni yurisprudensiya qoidalari asosida yozib, ritorika mahoratlarini ishga solib, sud jarayonida g‘olib chiqishga harakat qilganlar. Bu ularning tayyorlagan nutq matnlari va ijro mahorati bilan bog‘liq bo‘lgan.
Logograflar esa nutq matnlarini tuzib yoki yozib beruvchi iqtidorli kishilar bo‘lgan. Ular qonunshunos mutaxassis, ta’sirchan, mantiqiy, izchil va ishontiruvchi nutqlarning yozuvchisi, o‘rni kelganda notiq sifatida o‘z himoyalaridagi kishilarni keng omma oldida, demokratik sud oldida oqlab chiquvchi bilimdon shaxslardir. Logograflar kishining yoshi, mavqei va boshqa jihatlariga qarab nutq matnlarini yozganlar va himoyalanuvchiga mana shu matnlarni mahorat bilan ijro etishi uchun repetitsiya ham qildirganlar.
SHunday qilib, ritorika san’atining rivojlanishiga, xususan, sud notiqligi taraqqiyotiga sinegorlar va logograflar ulkan hissa qo‘shganlar. Ritorika turlaridan yana biri epideyktik, ya’ni tantanali ritorikadir. Epideyktik nutq ko‘rinishi ritorika san’atiga bo‘lgan katta qiziqishning mahsuli bo‘lib, faqatgina suxanpardozlik maqsadini ko‘zda tutardi. Bu nutqdan ko‘zlangan maqsad, o‘z ritorika mahoratini namoyish etish, ritorika san’atining barcha imkoniyatlarini ishga solib, tinglovchilarga estetik zavq bag‘ishlashdan iborat edi. Epideyktik ritorikada balandparvoz so‘zlar ishlatilar, shu bois ham bunday nutq matnini tayyorlash anchagina izlanishni talab qilardi. Natijada logograflar o‘zlaridan oldingi notiqlarning merosiga va xalq og‘zaki ijodiga murojaat eta boshladilar. SHu tufayli chiroyli so‘zlash san’ati asta-sekin shakllanib, badiiy adabiyotning rivojida muhim ahamiyat kasb etdi, ya’ni tragediya, komediya va roman janrlarining tug‘ilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Eng muhimi, ritorika san’atining rivoji adabiy tilning shakllanishiga, shuningdek, ritorika san’ati nazariyasi bo‘lmish “Ritorika” ilmining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Rimdagi barcha shoirlar va notiqlar shu maktabdan, ya’ni ritorika maktabidan ta’lim olganlar.
Notiqlar tomonidan yaratilgan nutq matnlari nasriy va poetik ijod namunasi sanalgan. Tantanali nutq matnlari shu qadar go‘zal, silliq, badiiy va lingvistik bezaklarga boy holda tuzilganki, ularni o‘qib chiqishning o‘zi ham katta zavq-shavq beradi. Iste’dodli notiq talqinida esa bu nutqlar ajoyib artistona ijrochilikka aylanib ketgan va tinglovchilarga katta estetik zavq bag‘ishlagan. SHu nuqtai nazardan YUnon notiqligining epideyktik ko‘rinishi o‘z ijtimoiy mavqeiga ko‘ra badiiy-estetik ijod xarakteriga ega bo‘lgan. Umuman, yozma adabiyotning paydo bo‘lishida, nafis adabiyotning go‘zal lirik shakllarining yuzaga kelishida epideyktik ritorikaning ta’siri juda katta bo‘lgan.
Markaziy Osiyoda Arastu nomi bilan mashhur bo‘lgan Aristotel eramizdan avvalgi 384 yilda Stagirda (Makedoniya yarim oroli) shifokor oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Nikomax Aleksandr Makedonskiyning nabirasi podsho Aminti II saroyida shifokorlik qilgan.
Aristotel 17 yoshida Afinaga keladi va bu erda o‘z zamonasining mashhur olimlaridan bo‘lgan Platonga shogird tushadi. Platonning vafotidan so‘ng Aristotel 347 yili Afinadan Troad tomon o‘tib, Assosga boradi. CHunki bu erda ustozining tarafdorlari ko‘p edi. Unga, ayniqsa, zo‘ravon, zolim Germiy homiylik qiladi. Aristotel Germiy vafotidan so‘ng Lesbos yarim orolidagi Mitilen shahriga ko‘chib o‘tadi va u erda 342 yilgacha yashaydi. 342 yili Makedoniya podshosi Filipp o‘zining Aleksandr nomli 13 yoshli o‘g‘lining tarbiyasi uchun Aristotelni Mitilendan chaqirib oladi. Bu erda u falsafa maktabini ochadi va katta kutubxona tashkil qiladi.
Aristotel ritorika san’atini egallashni 5 qismga bo‘lib o‘rgatadi:
1. Materialni kashf etish (har tomonlama tayyorlash). Bunda Aristotel auditoriyaga mos matn tayyorlash lozimligini nazarda tutadi. Demak, har qanday notiq qanday auditoriyaga kirayotganligini his etishi va shunga ko‘ra matn materialini kashf etishi kerakligini qayd etadi.
2. Materialni joylashtirish shakli (rejasi). Bunda Aristotel auditoriyaga mos matnni ta’sirchan, jozibali so‘zlar orqali fikr ketma-ketligini tuzib chiqishni tafsiya etadi. Fikr ketma-ketligi notiqning so‘z mahorati va o‘z nutqi orqali ifoda etish san’ati bilan bog‘liq hodisadir.
3. Materialni eslab qolish (o‘zlashtirish). Notiq so‘zga chechan, so‘z ustasi bo‘lolmasa, u qanday materialni kashf etmasin, uning ketma-ketligini mos holda tayyorlamasin, eslash qobiliyati yaxshi bo‘lmasa, auditoriyaga etkazib berolmaydi. Bunday holatda notiqdan kuchli xotira talab etiladi.
4. Materialni so‘z yordamida to‘g‘ri aks ettirish. Notiq so‘z yordamida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Demak, u so‘z sehrini, ma’nosini, ko‘chma ma’noga egaligini, ta’sirchanligini his eta olishi va o‘z o‘rnida qo‘llay bilishi zarurdir.
5. Materialni to‘g‘ri talaffuz etish. Agar notiq so‘z ustida tinimsiz izlanish olib bormasa, uning fikr ifodalash jarayonida so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etish qobiliyati rivojlanmaydi. Izlanish va ijod har bir so‘zni to‘g‘ri talaffuz etish imkoniyatini keltirib chiqaradi.
Aristotelning falsafiy fikrlari hozirgi kunda ham o‘z qiymatini saqlab kelmoqda. G‘arbu sharq notiqlari bu fikrlar asosida o‘zlarining ritorika mahoratlarini oshirib kelmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |