3 – rasm. Qalpoqchali zamburug`ning tuzilishi.
Jinsiy ko’payishi. Jinsiy ko’payishi ikki xil usulda amalga oshadi:
Oogamiya
Konyugatsiya
Yuqori darajada murakkab tuzilgan zamburug’larning jinsiy ko’payishi biroz soddalashgan bo’ladi. Ularda fiziologik jihatdan har xil bo’lgan ikkita (hujayra) sporalar qo’shilib ko’payadi. Bu sporalarni bipolyar sporalar, ya’ni ikki qutbli sporalar deyiladi. Bittasi ,, - “ , ikkinchisi ,, + “ qutbli bo’ladi.
Jinsiy ko’payish tuban zamburug’larda suvo’tlarga o’xshash, yuksak zamburug’lar esa maxsus jinsiy organlarning qo’shilishi, bir hujayra mahsulotining ikkinchisiga ko’chib o’tishi va yadrolarning juft – juft bo’lib qo’shilishi kabi ko’rinishlarda amalga oshadi. Zamburug’lar hamma joyda keng tarqalgan. Aksariyat zamburug’larning tabiatda umri qisqa. Ularning mitseliysi bir necha sutkada rivojlanib, spora hosil qilgach, o’sishdan to’xtab, nobud bo’ladi.
4 – rasm. Zamburug`lar mitsellisining mikroskop ostidagi ko`rinishi.
Tanasining tuzilishi va ko’payish xususiyatlariga qarab, zamburug’lar tipi quyidagi 6 ta sinfga bo’linadi;
1.Arximitsetlar yoki xitridiomitsetlar sinfi – Archimycetes yoki chytridiomycetes.
2. Oomitsetlar sinfi – Oomycetes.
3. Zigomitsetlar (bular tuban zamburug’lar) sinfi – Zygomycetes.
4. Xaltachali zamburug’lar yoki askomitsetlar sinfi – Ascomycetes.
5. Bazidiyali zamburug’lar yoki bazidiyamitsetlar sinfi (bular yuksak zamburug’lar) – Basidiomycetes.
6. Takomillashmagan zamburug’lar sinfi – Fungi imperfecti.
Arximitsetlar (xitridiomitsetlar), oomitsetlar va zigomitsetlar sinflari tuban zamburug’lar, askomitsetlar (xaltachali zamburug’lar), bazidiyamitsetlar sinflari esa yuksak zamburug’lar deb yuritiladi. Takomillashmagan zamburug’lar mitseliysining tuzilishi yuksak zamburug’larga yaqin tursa ham u xaltacha yoki bazidiya hosil qilmaydi. Shuning uchun bu sinf vakillarini takomillashmagan zamburug’lar deb yuritiladi.
1. Arximitsetlar yoki xitridiomitsetlar sinfi. Bu sinfga kiruvchi zamburug’larning tanasi yalang’och yoki uncha yaxshi rivojlanmagan mitseliy va rizomitseliydan iborat. Bir xivchinli zoosporalar yordamida jinssiz izogamiya, geterogamiya va oogamiya yo’li bilan jinsiy ko’payadi.
Bizning sharoitimizda bu sinfning ko’p uchraydigan vakili, yosh karam ko’chatlarining ildiz bo’g’zini zararlaydigan, uning qorayishiga, keyinchalik esa qurib qolishiga sabab bo’ladigan karam olpidiumi (Olpidium brassica) zamburug’idir. Bunday kasllikni karamning ,,qora oyoq” kasalligi deb ham yuritiladi. O’simlikning zararlangan joyida yadroli, yalang’och hujayralardan iborat bo’lgan parazit tanalar hosil bo’ladi. Keyinchalik bu tanalar po’st bilan o’ralib, zoosporangiylarga aylanadi. Zoosporangiylar o’sib, tashqariga chiqib turadigan uzun bo’yincha hosil qiladi va shu bo’yinchalardan ko’plab bir xivchinli zoosporalar tashqariga chiqadi. Qulay sharoitga tushgan zoosporalar yangi karam ko’chatlariga tushib, ularni zararlashni yana davom ettiradi.
Jinsiy ko’payishdan hosil bo’lgan zigota dastlab ikki yadroli, keyinchalik ular bir-biri bilan qo’shilib, haqiqiy diploid yadroni hosil qiladi. Izogametalar o’zaro qo’shilib, zigota hosil bo’lganda ularning xivchinlari saqlanib qoladi. Shu xivchinlar yordamida harakatlanadigan zigota yangi karam ko’chatlarining hujayralariga kirib, ularni zararlaydi va sistalarga aylanadi.
Karamning bu kasalligiga qarshi kurash uchun ko’chatlarni zich qoldirmaslik, havo almashinishini yaxshilash va ortiqcha namlikka yo’l qo’ymaslik choralari ko’riladi.
2. Oomitsetlar sinfining mitseliysi shoxlangan alohida hujayralarga bo’lingan vakili – fitoftora (Phytopthora infestans) ko’pincha kartoshka, pomidor kabi sabzavot va poliz ekinlarining vegetativ organlari hamda hujayra oraliqlarida parazit holda hayot kechiradi. Fitoftora zamburug’i kartoshka, pomidor va poliz ekinlari bargida qo’ng’ir dog’lar hosil qiladi.
Kartoshka pishib yetilishi oldidan, uning barglarida qo’ng’ir dog’lar paydo bo’ladi. Ular bargning hamma qismiga tarqalib o’simlikni nobud qiladi.
Fitoftora sporalar hosil qilib ko’payadi. Sporangiylar mitseliyning maxsus shoxchalarida paydo bo’lib, bu shoxchalar kartoshka bargining og’izchalaridan tashqariga chiqib turadi. Ularda oson ajralib ketadigan bittadan ovalsimon sporangiy yetishadi. U namlik ta’sirida unib, 8-16 ta gacha ikki xivchinli zoosporalar keyinchalik barg epidermasidagi og’izchalar orqali uning to’qimasiga kiradigan gifalarni hosil qiladi. Agar sporangiy suvsiz muhit ta’sirida bo’lsa, u zoospora hosil qilmasdan, bevosita o’sib, gifalarga aylanadi. Bu hoda sporangiy quruqlikka moslashgan zamburug’larga xos bo’lgan jinssiz ko’payishga o’tadi va sporangiy yoki konidiya paydo qiladi.
Fitoftora mitseliysi, asosan barg plastinkasining g’ovak bulutsimon to’qimasi oralig’ida joylashib, hujayra sitoplazmasi va shirasini so’rib oladigan gaustoriylarni hosil qiladi. Bunda shuningdek, mitseliydan yirik, sharsimon, qishlaydigan sporalar ham paydo bo’ladi. Ular o’simlik qoldiqlari yoki tuproqda qishlaydi. Fitoftora mitseliysi kartoshka tugunaklarida ham qishlaydi. Bunda zamburug’lar ta’sirida kartoshka tugunagida jigarrang dog’lar hosil bo’ladi, hosilning ko’p qismi chiriydi. Bu kasallikka qarshi kurash, asosan zararlangan o’simliklarni terib olish, ularni kuydirish va zararlangan mevalarni ajratish bilan olib boriladi.
3. Zigomitsetlar kenja sinfiga 500 ga yaqin tur kiradi. Uning eng ko’p tarqalgan, saprofit holda yashovchi vakillaridan biri oq po’panak (Mucor mucedo) zamburug’idir. Oq po’panak mitseliysi asosan substrat ichida, qisman uning yuzasida joylashib, ularda sporangiybandlari ko’tarilib turadi. Bandlarning uchlari qavarib, shar shaklidagi sporangiylarni hosil qiladi. Ularning asosida to’siq yuzaga keladi va u sporangiy ichiga botib, kichkina ko’rinishdagi ustuncha hosil qiladi. Sporangiy ichidagi ko’p yadroli sitoplazma alohida-alohida bir qancha sporalarga aylanadi. Sporangiy po’sti yorilishi bilan sporalar tashqariga chiqadi va shamol ta’sirida tarqalib, qulay sharoitda yangi mitseliyga aylanadi. Namiqib qolgan nonda, go’ngda va boshqa organik substratlarda oq tuksimon g’ubor shaklda paydo bo’ladi.
Substratdagi oziq moddalar kamayganda ular jinsiy (zigogamiya) ko’payishga o’tadi. Bu jarayon natijasida har xil tupdan chiqqan gifalar uchlari bilan bir-biriga qarab o’sadi. Uchlari shishib tutashgan joyida ularni ikkiga ajratuvchi to’siqlar paydo bo’ladi. Keyinchalik bu to’siq eriydi, moddalar esa qo’shilib zigospora hosil qiladi. Zigospora o’simtali qalin, qoramtir po’st bilan o’raladi. Ma’lum vaqt tinim davrini kechirgandan so’ng o’sib, shoxlanmagan qisqa sporangiybandi uchida yosh sporangiyga aylanadi. Bu embrion sporangiy deb ataladi.
4. Xaltachali zamburug’lar sinfi. Bu sinf vakillari maxsus xaltachalar ichida spora hosil qilishi bilan harakterlanadi. Mitseliysi bir yoki ko'p yadro’li hujayralardan tashkil topgan. Sporalari asosan xaltachalarda yetiladi. Eng soda vakillarida xaltacha to’g’ridan-to’g’ri zigotadan hosil bo’ladi. Mitseliyning ikkita hujayrasi bir-biri bilan qo’shilib hosil bo’lgan zigota xaltachaga aylanadi. Shuning uchun ham bu sinfga kiruvchi zamburug’lar xaltachali zamburug’lar deb ataladi. Bu sinfga tuzilishi va yashovchanligi xilma-xil bo’lgan 250.000 dan ortiq tur kiradi. Xaltacha ichida ko’pincha sakkiztadan spora xaltacha, ya’ni askospora yetishadi. Xaltachalar hosil bo’lishi oldidan jinsiy jarayon bo’lib o’tadi. Bu zamburug’larning ko’p vakillarida xaltachalar mevatanalarida yetiladi. Mevatanachalari quyidagicha bo’ladi:
1. Kleystokarpiylar – yopiq mevatanachalar. Xaltachalar mevatanasining ichida turadi. Xaltachasporalar yetilgan meva po’stining yemirilishi yoki yorilishi natijasida tashqariga chiqadi.
2. Peritetsiylar – chala ochiq mevatana. Ular ko’zasimon bo’lib, uni bir qadar ochiq bo’ladi. Xaltachalar mevatanasining tagida to’p bo’lib vertikal joylashadi, yetilishi bilan sporalar teshikcha orqali birin-ketin tashqariga otilib chiqadi va atrofga tarqaladi.
3. Apotetsiylar – ochiq mevatana. Ko’pincha tarelkasimon yoki piyolasimon bo’lib, xaltachalar betida keng qatlam hosil qiladi va erkin joylashib osonlik bilan tarqala oladi.
Xaltachali zamburug’larning ko’pgina vakillarida mevatana va xaltachalari paydo bo’lishi oldidan bir necha juft jinsiy organlar (to’da-to’da bo’lib) hosil bo’ladi. Bu jinsiy organlarning hosil bo’lishi mevatanasining boshlanishidir.
Xaltachali zamburug’larning urg’ochi jinsiy organi arxikarp, erkak jinsiy organi esa anteridiy deb ataladi. Arxikarp ikki hujayradan iborat bo’lib, ularning ostki sharsimon shakldagisi askogen, ustki silindirsimoni esa trixigina deb ataladi.
Anteridiy bitta silindirik hujayradan iborat. Bu erkak va urg’ochi jinsiy organlarning hujayralari ko’p yadroli bo’lib, ichidagi moddasi endomitsetlarnikiga o’xshash, ayrim gametalarga differensiallashmagan emas. Bularning atalish jarayoni quyidagicha: anteridiy trixoginaning uchi bilan qo’shilib, ichidagi moddasini unga qo’yadi. Trixoginaning tagidagi teshikchadan anteridiy yadrolari askogenga o’tib, uning yadrosi bilan juftlashib, o’zaro qo’shilmay turadi, faqat ularning sitoplazmalarigina birlashadi xolos. Bundan qo’sh yadro yoki dikarion deb ataladigan shoxlangan o’simtachalar hosil bo’ladi. U yerda ularning juftlashgan yadrolari bir vaqtda baravar va teng bo’lina boshlaydi. Chunki dikariondagi yadrolarning biri erkak, ikkinchisi urg’ochi bo’lishi lozim. Keyin dikarionlar askogen iplariga o’tib shoxchalarning o’zida taraqqiy etadi. Askogen ichidagi yadrolar qo’shiladi, so’ngra diploid yadro izchillik bilan uch marta (birinchisi reduksion) bo’linadi. Natijada sakkizta gaploid yadro hosil bo’ladi. Ular rivojlanib sakkizta xaltachali sporaga aylanadi.
Demak, otalangan bitta askogendan askogen iplar orqali bir qancha xaltachali sporalar vujudga keladi.
Shu bilan birga, jinsiy organlarni hosil qilgan mitseliy gifalari xaltachalar atrofida o’ralib, jinsiy organlarga va undan hosil bo’lgan askogen iplariga mevatanasining namatsimon to’qimasini hosil qiladi.
Xaltachali zamburug’larning ko’pchilik turlarida jinsiy organlarning qo’shilishi reduksiyalangan. Ba’zan erkak jinsiy organi bo’lmaydi yoki urg’ochi jinsiy organi o’smay qoladi. Keyingi o’sish esa oogamiya (askogen yadrolar yaqinlashib qo’sh yadroga aylanadi) yordamida bo’lib, askogen iplari yetilgach, uchida xaltachalar hosil bo’ladi.
Xaltachasi bevosita mitseliyda hosil bo’ladigan zamburug’larga achituvchi zamburug’lar misol bo’la oladi. Dastlabki xaltachalilar (Protoascales) tartibining vakili xamirturush yoki achitqi zamburug’idir (Saccharomyces cerevisiae). Ko’pincha uning haqiqiy mitseliysi bo’lmay, tanasi alohida-alohida hujayralarga ajraladigan, kurtaklanib shoxlangan zanjir hosil qiluvchi hujayralardan iborat.
Kurtaklanish paytida, hujayrada o’simta yoki kurtakcha hosil bo’ladi. Bu o’simta asta-sekin kattalashib o’saveradi va ona hujayradan ajralib ketadi. Xuddi shunday yo’l bilan ikkinchi, uchinchi va hokazo kurtaklar paydo bo’laveradi. Natijada yumaloq yoki ovalsimon hujayralardan tashkil topgan va osongina uzilib ketadigan zanjir hosil bo’ladi. Kurtaklanish paytida ba’zi hujayralar bir-biriga qarama-qarshi tomondan o’simtalar chiqaradi va ular o’sib birlashadi. Ayni vaqtda ularning yadrolari ham qo’shiladi, yadro uch marta bo’lingach, hujayrada sakkizta askospora vujudga keladi. Achitqi zamburug’lari ko’pincha shakarli muxitda saprofit hayot kechiradi va uni bijg’ishga olib keladi. Bunda, asosan, spirt hosil bo’ladi. Bu jarayon qandning etil spirti bilan karbonat angidridga parchalanishidan iborat.
C6H12O6 – 2C2H5OH + 2CO2 +25 kkal
Hosil bo’lgan karbonat angidrid xamirni ko’pchitadi, non esa g’ovak bo’ladi.
Achitqi zamburug’larning bir qancha turlari sanoat tarmoqlarida keng qo’llaniladi. Bu zamburug’lar ichida eng muhimlari pivo achitqisi (Saccharomyces cerevisiae) va vino achitqisi (Saccharomyces ellipsoids) dir.
5. Bazidiyali zamburug’lar sinfi. Ularning mitseliysi ko’p hujayrali, yaxshi rivojlangan, sporalari maxsus bazidiyalarda yetiladi. Ularda ona hujayra – bazidiya vujudga keladi. Bazidiyaning sirtida bazidiya sporalar ekzogen usul bilan hosil bo’ladi.
Mitseliyning ikki hujayrasi o’zaro qo’shilgandan keyin, yadro ikki marta bo’linib, bazidiyali to’rtta o’simta hosil bo’ladi. Bu o’simtalarning uchi sharsimon qavarib, ularga bittadan yadro o’tadi va bazidiya spora deb ataladigan to’rtta spora vujudga keladi. Bazidiya sporalar hamisha bir hujayrali, ko’pincha bir yadroli, yumaloq yoki ipsimon cho’zilgan bo’ladi. Bazidiyada sporalar ikkita, sakkizta va bittadan bo’lishi mumkin.
Bazidiyali zamburug’larning ko’pchiligida bazidiya hujayra, ya’ni spora hosil qiluvchi ona hujayra qismlariga bo’linmay butun holicha qoladi. Bular xolobazidiya deb ataladi. Ba’zi xollarda bazidiyaning diploid yadrosi bo’linishi bilan bazidiya ham eniga yoki bo’yiga qarab to’rtta hujayraga ajraladi. Bular fragmabazidiya deyiladi. Bazidiyalarning ana shunday ikki xil hosil bo’lishiga qarab bazidiomitsetlar sinfi xolobazidiyamitsetlar va fragmobazidiyamitsetlar kenja sinfiga bo’linadi.
Xolobazidiyamitsetlar kenja sinfi (Holobasidiomycetidae) ga bazidiyalari bir hujayrali, xilma-xil ko’rinishga ega bo’lgan, mevatanalarda yetishadigan zamburug’lar kiradi. Fragmobazidiyamitsetlar bazidiyasi ko’p hujayrali, ko’pincha to’rt qismga bo’linishi bilan harakterlanadi. Umuman bazidiyali zamburug’larga 25.000 dan ziyodroq turlar kiradi. Bular orasida foydali, qishloq xo’jaligiga katta ziyon yetkazadigan parazit va zaharli turlari ham bor.
Tabiatda ko’p uchraydigan xolobazidiyamitsetlar kenja sinfi vakili chin po’kak (Fomes fomentarius) dir. Bu zamburug’ daraxtlarning tanasida charimdek yoki yog’ochdek qattiq, ko’pincha shaklan taqaga o’xshash mevatanalar hosil qiladi.Mevatanalardagi gimeniy qatlamida bazidiyalar hosil qiladi. Mevatananing yuza qismini gimenofor deb yuritiladi. Bazidiyasporalar bazidiyalardan otilib, naychalar bo’shlig’iga tushadi, u joydan pastga, tashqariga chiqadi va shamol ta’sirida atrofga tarqaladi. Mevatanasi ko’p yillik va bir yillik bo’lishi mumkin. Kelgusi bahorda eski naychalar ustida yangi qatlam hosil bo’ladi. Mevatanasining qismidagi shu qatlamlar soniga qarab, uning yoshini aniqlash mumkin. Tabiatda o’n yillik va undan ham ko’proq mevatanalar uchraydi. Mevatanalarning yuza qismi tukli va xilma-xil rangda ko’rinadi. Bu zamburug’ bizning sharoitimizda tok, tut, chinor, terak, olma, olcha, nok tanalarida qattiq tuyoq shaklida mevatana hosil qiladi.
6. Takomillashmagan zamburug’lar sinfi (Fungi imperfecti) ga mitseliysi yuksak darajali, ko’p hujayralardan tashkil topgan, biroq xaltacha va bazidiyalar hosil qilmay, konidiyalar yordamida hamda bevosita mitseliy bilan ko’payadigan zamburug’lar kiradi. Ular tabiatda juda keng tarqalgan bo’lib, tuproq va o’simlik qoldiqlarida saprofit, yuksak o’simliklarda parazit holda yashaydi. Zamburug’larning foydali turlari ham mavjud. Bunga moddalar almashinuvida faol qatnashuvchi tuproq saprofitlari, nematodlarni tutishga qobiliyatli yirtqich zamburug’lar, o’zidan har xil fermentlar, antibiotiklar, toksinlar chiqaruvchi zamburug’lar misol bo’ladi. Bu sinf quyidagi uchta asosiy tartibga bo’linadi.
1. Gifomitsetlar (Hypomycetales) tartibi vakillarining konidiyabandlari vegetativ mitseliyda bittadan joylashadi yoki ular qo’shilib ensiz bog’lam hosil qiladi.
2. Melankoniumlar (Melanconiales) tartibi vakillari konidiobandlari chuvalgan gifalarning ustida zich qatlam hosil qiladi.
3. Sferopsidlar (Sphaerosidales) tartibi vakillari konidiobandlari ko’pincha uchi ingichka teshikli, ichi bo’sh, dumaloq yoki tuxumsimon tanacha – piknidiya rivojlanadi.
Gifomitsetlar tartibi orasida madaniy o’simliklarga katta zarar yetkazadigan turlari juda ko’p.
Zamburug’lar organik moddalarni chiritishda ishtirok etadi. Simbioz hayot kechiradi (mikoriza). Qo’ziqorin va qalpoqchali zamburug’lar oziq – ovqat sifatida foydalaniladi. Achituvchi zamburug’lar spirtli ichimliklar tayyorlashda, novvoychilikda, ulardan olingan fermentlar, yengil sanoat va oziq – ovqat sanoatida ishlatiladi, hamda achituvchi zamburug’lardan polivitaminlar tayyorlanadi. Salbiy tomoni, oziq – ovqatlarni buzadi, yog’ochlarni chiritadi. Kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Mutaxasislarning bergan ma’lumotiga ko’ra yog’ochni chirituvchi zamburug’lar uning 30% ini mutlaqo yaroqsiz holga keltirishi mumkin ekan.
Mitseliysi ko’p yil yashaydigan zamburug’lar ham bor. Jumladan, patogen va parazit zamburug’lar mitseliysi bir necha yillab yashaydi. Shuningdek, sklerotsiylari va turli tuman sporalari bilan uzoq vaqtgacha saqlanadigan zamburug’lar ham bo’ladi. Ko’p sporalar quruq holatda hayotchanligini o’n yillab saqlashi mumkin. Muhim fiziologik xususiyatlari; zamburug’larning rivojlanishi uchun kislorod zarur bo’lib, aerob organizm hisoblanadi. Lekin ayrim zamburug’lar, masalan, achitqi zamburug’lariga ozgina kislorod ham yetarli. Ko’p zamburug’lar turli xil (spirtli, limonli) achitish xususiyatiga ega. Zamburug’lar 20-250 C da yaxshi o’sadi, ba’zilari 2-40 C da ham o’saveradi. Zamburug’larning o’sishi uchun yorug’lik zarur emas, lekin quyosh nuri ularning o’sishi va spora hosil qilishiga salbiy ta’sir etadi.
Turlari. Respublikamizda asosan iste’molbop turlardan shampinon, ko’k oyoq (sinyaya nojka), veshenka, qo’ziqorin (smorchok), qo’ziquyruq (bely grib), qo’zidumba kabi turlar, zaharli turlardan esa lepiota turkumining aksariyat vakillari, Agaricus, xonthodefmus, Agaricus gennadii va boshqalar keng tarqalgan.
Zaharli turlari. Qizil mog’or, oq po’panak, satanin zamburug’i kabilar zaharli hisoblanadi. Agar qo’ziqorin rangi yashilsimon, ko’kimtir yoki qoramtir bo’lsa, yoqimsiz hid taratib, qo’lingizga yopishsa, bilingki, bu mahsulot iste’molga yaroqli emas! Qolaversa, qo'ziqorinlarni me’yorda iste’mol qilish lozim.
Tabiat va inson hayotidagi ahamiyati. Zamburug’larning tabiatda ahamiyati katta. Ularning saprofit vakillari bakteriyalar bilan birga, organik moddalarni anorganik moddalarga aylantirishda muhim rol o’ynaydi. Tuproqdagi organik qoldiqlarning mineral moddalarga aylanishi tuproq unumdorligining oshishi, bakteriyalar bilan zamburug’lar faoliyatiga bog’liq.
Zamburug’lar, yuksak o’simlik ildizi bilan birga simbioz xolda yashab mikoriza hosil qiladi. Mikoriza o’simliklarda mineral elementlar va azot bilan oziqlanish sharoitini yaxshilaydi.
Qo’ziqorin va qalpoqchali zamburug’lar oziq-ovqat sifatida keng iste’mol qilinadi. Tarkibida ko’p miqdorda oqsil bo’lganligi uchun ular juda to’yimli ovqat hisoblanadi.
Achituvchi zamburug’lar har xil spirtli ichimliklar tayyorlash va non yopishda ishlatiladi.
Tuproqda yashaydigan zamburug’lar o’simlik qoldiqlari (jumladan, qiyin parchalanadigan sellyuloza va lignin) ni yemiradi va minerallashtiradi. Yog’ochlarni, asosan, po’kak qismini zamburug’lar yemiradi. Ko’pchilik zamburug’lar o’simliklarda turli kasalliklarni qo’zg’atadi. Odamlardagi qator kasalliklar: kal, qirma temiretki va boshqalarni zamburug’lar qo’zg’atadi. Foydali zamburug’lar ham ko’p. Penicullium va Aspergillus turkumiga mansub zamburug’lardan vitaminlar, antibiotiklar, limon kislota va steroid preparatlar olishda foydalaniladi. Achitqi zamburug’lari vino, non, pivo tayyorlashda ishlatiladi. Zamburug’lardan ko’nchilikda, to’qimachilikda va sanoatning boshqa tarmoqlarida qo’llaniladigan turli xil fermentlar olinadi. Dunyoning ko’pgina mamlakatlarida zamburug’lar ovqatga ishlatiladi. Iste’mol qilinadigan zamburug’larning turi yuzdan ortiq. Bulardan ko’plari qimmatli bo’lib, tarkibida oqsil moddalari, vitaminlar va fermentlar bor. Zamburug’lar, asosan, konservalab (quritib, tuzlab, ziralab) iste’mol qilinadi.
Zamburug’lar o’simlik, hayvon va odamlarda kasallik qo’zg’atish xususiyatiga ega, oziq ovqat mahsulotlarini buzadi. G’o’zada vilt va chirish kasalliklarini paydo qiladi. Ba’zi zamburug’lar hasharotlar sonini hamda kasallik tug’diruvchi (patogen) zamburug’lar rivojini susaytirishda ijobiy ahamiyatga ega. Vertitsillyoz so’lishni qo’zg’atuvchi zamburug’ kushandasi (antagonist) ga Trichoderma lignoram, Aspergilius, Penicillim va boshqalar kiradi.
Zamburug’lar tuproqda bakteriyalar, aktinomitsetlar va mikroorganizmlar bilan birgalikda organik moddalarni parchalab, sanitarlik vazifasini bajaradi va tabiatda moddalar aylanishida ishtirok etadi. Shu bilan birga tproqda o’simlik kasalliklarini qo’zg’atuvchi zamburug’lar to’planib ham qoladi. Monokultura natijasida o’simliklarning ma’lum turlarigagina ixtisoslashgan zamburug’lar yig’iladi. Aspergilius, Penicillium, Mucor, Trichothecium, Rhizopus va boshqa turkumga mansub ba’zi tur zamburug’lar urug’larning mog’orlashiga sabab bo’lib, ularning unuvchanligini pasaytiradi. Ko’pgina mog’or zamburug’lar homashyoni saqlash davrida paxta tolasi sifatini buzadi. Ba’zi turlari iste’mol qilinadi (jumladan, qo’ziqorin). Zamburug’larning fermentativ, antibiotik, toksik va parazitlik xususiyatlaridan veterinariyada hamda o’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda, shuningdek, yengil sanoatda, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida foydalaniladi.
Bir giramm tuproqda yuz mingtacha va bundan ham ortiq zamburug’ sporalari bo’ladi. Ravshanki, ular shu qadar ko’p bo’lgani ustiga tez o’sib unar ekan, tuproqda moddalar almashinishida kata rol o’ynaydi. Zamburug’lar tuproqda bakteriyalar bilan birga organik moddalarni parchalab, minerallar holiga keltiradi. Bu tuproqning unumdor bo’lishida muhim faktor hisoblanadi. Tuproqda bo’ladigan shu mikroskopik zamburug’lar, asosan, mog’orlar, aspergillar va nomukammal zamburug’lar jumlasiga kiradi.
Yuqumli kasalliklarga sabab bo’ladigan zamburug’larning ichida eng asosiylari quyidagilardir: g’alla o’simliklari uchun qorakuya va zang zamburug’lari, kartoshka uchun – kartoshka zamburug’i, tok uchun – mildyu sababchisi (Plasmopara viticola), olma uchun – olmani chirituvchi zamburug’ (Sclerotinia fructigena), saqlanadigan sabzavotlar uchun – Sclerotinia libertiana va boshqalar. O’simliklarning kasallanishi tufayli jahon xo’jaligiga har yili yetadigan umumiy ziyon bir necha milliard dollarga boradi.
2.1.Zamburug’larning foydali jihatlari.
O’zbekistonda zamburug’larning 200 ga yaqin botanik turlari aniqlangan bo’lib, shulardan 20-25 tasigina iste’molga yaroqli hisoblanadi. Qo’ziqorinlar bir-biriga o’xshash bo’lgani sabab, ularni farqlash qiyin.
Qo’ziqorinlar oqsilga boy mahsulot bo’lib, hatto bu modda uning tarkibida go’shtga nisbatan bir necha barobar ko’proq. To’yimliligi va ozuqaviyligiga ko’ra RR va D vitaminlarining ulkan zaxirasi, foydali mikroelementlar, ruh, temir, molibden, kumush, mis va kobalt bilan to’yingan. Shu sababdan birgina oq qo’ziqorin go’sht, kartoshka va boshqa sabzavotlar o’rnini bemalol bosa oladi.
Zamburug’larning sifati. Qo’ziqorin xarid qilayotganda avvalo, uning tashqi ko’rinishiga qarash kerak: yuzasi silliq va barra ko’rinishidagilarning sifati yaxshi bo’ladi. Yumshoq va so’lib borayotganlari esa aksincha. Qo’ziqorin qalpoqchasi bandiga yaxshi birikkan bo’lishi kerak. Yana sifati buzilmagan zamburug’ yoqimsiz hid taratmaydi.
Odatda, sotuvga chiqarilgan qo’ziqorinlar bir necha sutka saqlanishga mljallangan bo’lib, muddati o’tgach iste’molga yaroqsiz hisoblanadi. Xarid qilingan qo’ziqorinlarni usti yopiq idish yoki sellofan xaltaga joylab, imkon qadar muzlatkichda saqlash lozim.
Har qanday turdagi qo’ziqorinni qaynab turgan suvga solib, 15-20 daqiqa pishirib olgan ma’qul. Shundan so’nggina taom yoki yegulik tayyorlashda foydalansa bo’ladi. Qaynatish jarayonida pishganini bilish uchun bir donasini ikkiga ajratib, ta’tib ko’rish lozim. Shuni unutmaslik kerakki pishirilgan qo’ziqorinlar bir kundan ortiq saqlanmaydi.
Qo’ziqorin turiga ko’ra kartoshka, karam, piyoz, sabzi kabi sabzavotlar bilan yaxshi muomalaga kirishadi. Tovuq go’shti bilan qovurib, smetana qo’shilsa, ta’mi yanada xushxo’r bo’ladi. Shivit, ko’kpiyoz va kashnich qo’ziqorinning ,,do’st” lari. Sarimsoqpiyozni esa qo’ziqorinli taomlarga kamroq ishlatganimiz ma’qul.
Tibbiyotda zamburug’lar bilan davolashning butun bir yo’nalishi bo’lib, u fungoterapiya deyiladi. Bunda qo’ziqorinning turiga ko’ra ma’lum bir kasalliklarni davolashda qo’llash mumkin. Masalan, dojdevik qo’ziqorini yaralarga malham bo’ladi, lisichka turi gijjalarni tushirishda foydali, opyatyada esa yurak ishemik kasalliklari hamda diabetni davolovchi moddalar mavjud. Davo uchun qo’ziqorindan foydalanishda, albatta, shifokor maslahati zarur.
Respublika Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxasislari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko’ra, qo’ziqorindan zaharlanish mart, aprel va may oylarida ko’proq kuzatilar ekan. Katta magistral yo’l yoqalarida, zaharli kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchi korxonalar atrofida hamda ariq bo’ylarida o’suvchi qo’ziqorinlar atmosfera havosi, suv va tuproq tarkibidagi zaharli moddalarni o’ziga singdirishi natijasida xavfli qo’ziqoringa aylanishi mumkin.
Ko’p foydalaniladigan zamburug’lar. Bugungi kunga kelib, bozorlarda va supermarketlarning sabzavotlar sotiladigan qismida asosan ikki xil qo’ziqorinni yil bo’yi topish mumkin. Qolaversa, ular kalsiy, kaliy va temir kabi vitaminlarga to’yingani bilan ham foydali.
Meditsinada zamburug’lardan antibiotiklar olinadi. Zamburug’lardan olingan fermentlar yengil va oziq-ovqat sanoatining ko’plab tarmoqlarida foydalaniladi.
Zamburug’lar xilma-xil vitaminlarga boy. Achituvchi zamburug’lardan polivitaminlar tayyorlanadi. Biroq zamburug’larning salbiy tomonlari ham bor. Masalan, ayrim zamburug’lar oziq-ovqat maxsulotlarini tez buzadi, yog’ochlarni chiritadi, odam, hayvon va o’simliklarda har xil kasalliklar keltirib chiqaradi.
Oq zamburug’ (Agaricus). Mevatanasi tuproq ostida dastlab sharsimon bo’lib o’savergan sari oyoqcha bilan qalpoqchani o’rab turgan parda yorilib, keyinchalik mevatana oyoqchada xalqasimon qoldiq ko’rinishidagina saqlanib qoladi. Voyaga yetgan qalpoqchaning diametri 3-5 dan 20-25 sm gacha yetadi. Qalpoqchasi seret, ba’zan qattiq yuzasi silliq, tukchali, tangachali ko’rinishda, ko’pincha oqish, qisman qo’ng’ir rangda bo’ladi. Oyoqchaning yuqori qismidan qalpoqchaning chetiga qarab ketgan plastinkalar radial joylashgan. Ularning har ikkala tomonida bazidiya va bazidiyasporalar yetishib, tik tushgandan so’ng shamol yordamida tarqaladi. Bu davrda plastinkalar to’q jigarrangda, qalpoqcha ham shu rangda bo’ladi. Bu zamburug’ organik chirindiga boy, tuproqlarda, chorva mollari boqiladigan dasht yaylovlarda ko’pincha bahor faslida uchraydi.
Zamburug’larning qishloq xo’jaligidagi ahamiyati. Zamburug’larning ba’zi birlari masalan: qo’ziqorinlar oqsil va azotli moddalarga boy bo’ladi. Shuning uchun odamlar tomonidan ular iste’mol qilinadi. Shampinon, Smorchok, Djodevik, Oq qo’ziqorin va boshqalar. Zamburug’lar qishloq xo’jaligida ham katta ahamiyatga ega. O’simliklar ildizida mikorizalar bo’ladi. Grekcha: miks - ,,ildiz”, ridza - ,,zamburug’ “ degani. Zamburug’lar ildizning tashqi tomonida joylashgan bo’lsa, ektotrof, ildizning ichki organlarida joylashgan bo’lsa, endotrof mikoriza deyiladi. Mikorizalarning ahamiyatini 1881-yilda rus olimi Kamenskiy aniqlagan. Mikorizalar o’simliklar ildizini vitaminlar bilan, masalan, V1 bilan ta’minlab turadi. V1 vitamin o’simlik ildizining o’sishiga yordam beradi. Mikorizalar erimaydigan moddalarni eriydigan holga keltiradi. Ularning ba’zi birlari havodagi erkin azotni yutish xususiyatiga ega hisoblanadi. Shu bilan o’simlikni azot bilan ta’minlab, yerni azot bilan boyitadi.
Zamburug’larning sanoatdagi ahamiyati. Masalan: achitqi zamburug’i (Sacsharomycetes ellipsoids) glukozani etil spirtiga aylantiradi. Zamburug’larning meditsinada ham ahamiyati kattadir. Masalan: shoxkuya (qoramug’) Claviceps purpurea – sporinya. Bu zamburug’ parazit holatda g’alladoshlar oilasiga mansub o’simliklarda uchraydi. Xaltachali zamburug’ga kiradi. Tarkibida ergotin gruppasiga kiradigan bir qancha alkaloidlar bor. Bu zamburug’dan tayyorlangan ekstrat ginekologiya praktikasida qon to’xtatishda ishlatiladi. Shoxkuya alkaloid mushaklarni qisqartirish xususiyatiga ega. 1942-yili rus olimi Yermolyeva Penicillium xaltachali zamburug’idan penitsillin oldi. 1938-yili rus olimi Krasilnikov xali yaxshi aniqlanmagan zamburug’lardan Actinomycetes dan stretomitsin oldi. Zamburug’lardan bo’yoq moddasi olinadi. Masalan: pukok zamburug’idan. Zamburug’ning ahamiyati bilan birga ularning zarari ham bor. Parazit zamburug’lar qishloq xo’jaligida juda katta zarar keltiradi. Masalan: Bazidiyali zamburug’lar sinfiga kiruvchi qorakuya zamburug’i Ustilago hamda zang zamburug’i Puccinia 1932-yili qishloq xo’jaligida 300.000.000 so’mlik zarar yetkazgan. Bu zamburug’lardan qutulish yo’li qorakuya va zang zamburug’lariga chidamli o’simlik navlarini yaratish, ekin ekiladigan dalalarni begona o’tlardan tozalash, urug’ni dorilab ekish va hokazo.
Oziq-ovqat ahamiyatiga ega bo’lgan zamburug’lar. Ko’pchilik qo’ziqorin zamburug’lari foydali va ozuqaviy bo’lib, ba’zida ular “o’rmon” yoki “o’simlik goshti” deb nomlanadi. Qo’ziqorinlar oqsilga boy. Qo’ziqorin tarkibida minerallar: kaliy, fosfor, oltingugurt, magniy, natriy, kalsiy, xlor va A (karotin) vitaminlari, B guruh vitaminlari, vitamin C, ko’p miqdorda D vitamini va PP vitaminlari mavjud. Qo’ziqorinlarda oqsillar, yog’lar va uglevodlarning parchalanishini tezlashtiruvchi fermentlar mavjud bo’lib, oziq-ovqatning yaxshiroq hazm bo’lishiga yordam beradi.
Hypomyces lactifluorum. Zararlangan qo'ziqorinning sporalari rivojlanishdan to'xtaydi va spora hosil qilmaydi. Shimoliy Amerikada, Kanadaning shimolida va Meksikada tarqalgan. Bu qo’ziqorin, qaynatilgan omarga o'xshaydi, dengiz mahsulotlarining ta'mini va hidini eslatadi.
Oq qo’ziqorin. Bu qo’ziqorinlar juda mazali, yangi qo'ziqorinlarning rangi oq bo’ladi. Eski qo’ziqorinlar sariq rangga kirib qolgan bo’ladi.
Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yeyiladigan qo'ziqorin ta'mi jihatidan eng yaxshi qo'ziqorinlardan biri hisoblanadi. Odamlar orasida u "qo'ziqorin shohi" deb ataladi. Qo'ziqorinlarni quritganda qorong'u joyda qurutish kerak. Shunda undan badbo’y hid kelib qolmaydi. Qo'ziqorin kukunlari (quritilgan) holda ishlatiladi. Italiyada yog ', ziravorlar, limon sharbati va parmesan pishlog'i bilan aralashtirilgan holda salatlarga ishlatiladi. Tarkibi jihatdan oq qo'ziqorin boshqa qo'ziqorinlardan deyarli farq qilmaydi. Ba'zi turlari esa o’zining tarkibida kaliy va fosforni ko’proq miqdorda to’playdi. Qo'ziqorinning oziqaviy qiymati shundaki ta'mga qo'shimcha ravishda oshqozon shirasining sekretsiyasini rag'batlantirish qobiliyatiga ega. Har xil qo'ziqorinlarning (oq boletus, dubovik, chanterelle) kabilarning xususiyatlarini o'rganish orqali bu oq qo'ziqorinlar (go'shtdan ham yaxshiroq) oshqozonning eng yaxshi stimulyatori ekanligi aniqlandi.
XX asrning boshida qo'ziqorin oqsillari ovqat hazm qilish uchun juda qiyin bo'lganligi tadqiqotlarda ko'rsatilgan edi. Chunki u oshqozon fermenti bilan ta’sirlashmaydigan xitinli devorlarga ega edi.
+
Mikoriza bu - o'simliklar ildizi bilan zamburug’ mitseliysining kombinatsiyasi hisoblanadi. Zamburug’larning gifalari va o'simliklarning ildizlari bir-biri bilan chambarchas bog'langan holda ishlaydi.
Mikorizaning ta'sirini yaxshiroq tushunish uchun uning turlarini yaxshi bilish kerak. Mikorizaning uchta turi mavjud: ektotrofik, endotrofik va ektoendotrofik. Uning birinchi turida zamburug’ mitseliysi bilan o’simlik ildizlarining tashqi yoki sirt yuzasi zich qoplangan bo’ladi. Ektotrofik mikoriza asosan o’rmonlardagi qayin, eman va ninabargli daraxtlarda uchraydi. Ikkinchi turida esa zamburug’ mitseliysi ildizning ichki to'qimalariga kirib borishi bilan ajralib turadi. Endotrofik mikoriza ko’pincha o’t o’simliklarda uchraydi. Ammo uning simbioz hayot kechirishdagi roli haqida ma’lumotlar yetarli emas. Uchinchi turida aralash holatda uchraydi.Bunday hamkorlik deyarli barcha o'simliklar uchun xos bo’lib, o'tlarda, daraxtlarda, butalarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |