14-Mavzu: Islom qadriyatlari
Reja
1.Islomda inson huquqlari himoyasi, ijtimoiy tenglik, adolat, tolerantlik g’oyalari.
2. Islomda nikoh va oila munosabatlar talqini, ayolning maqomi.
3.Islomda axloqiy qadriyatlar.
4.Islom madaniyati tarixi. Islomda fan va ta’lim, sa’nat, arxitektura.
5.Islomning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o’rni.
Tayanch so’z va tushunchalar: Islom dini tarixi, ijtimoiy tenglik, nikoh, oila, adolat, tolerantlik, axloqiy qadriyatlar, ayol maqomi.
Islom dinining vujudga kelishi va jahon dini sifatida juda ko‘p halqlar, millatlar, elatlar hayoti va turmush tarziga kirib kelishi tarixiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Islomning Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan o‘zbeklar hayotiga asosan hanafiylik shariat mazhabi yo‘nalishidagi ta’limotining keng tarqalishi, kishilar ongi va shuuriga ta’siri natijasida milliy va diniy qadriyatlarning uyg‘unlashuvi hamda milliy g‘oyani takomillashishiga yo‘l ochdi.Islom nafaqat diniy ta’limot, balki dunyoqarash sifatida keng tarqala borishi bilan, uning nazariy, falsafiy, huquqiy tamoyillarini ishlab chiqishga e’tibor kuchaya boshladi. Natijada ΙX-X asrlarga kelib Qur’onga asoslangan maxsus islom ilmlari. YA’ni diniy ilmlar shakllana boshladi. Masalan, Qur’ondan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan hadislar, ya’ni Muhammad payg‘ambarning nasihatlari, so‘zlari, rivoyatlarni to‘plashga qaratilgan maxsus yo‘nalish-hadisshunoslik rivojlandi. Bu jarayonda qadimiy an’analarga boy bo‘lgan Markaziy Osiyoda etishib chiqqan allomalar Imom Buxoriy, at-Termiziy, YAssaviy, Naqshband va boshqalar katta xissa qo‘shganlar.Islom falsafasi, xususan islomiy qadriyatlarni targ‘ib va tashviq qilish natijasida kishilarda imonli insonlar jamoasi shakllanib insof, diyonat, vijdon,xalol-poklik, insonparvarlik, kambag‘alparvarlik, hayri-ehsonli bo‘lish kabi axloqiy fazilatlar mustahkamlanib bordi. Zero, islom ilohiyoti nuqtai nazaridan imon va e’tiqod (ixlos) bir “o‘lchov tarozusi”ni, bundan inson o‘z xatti-harakatlarini o‘zi qabul qilgan dunyoqarash negizida baholaydi, ya’ni Alloh yo‘lidan tashqariga chiqmaslik uning tafakkur va turmush tarziga aylanadi.
Islom dini g‘oyalari va qadriyatlari, unga e’tiqod qiluvchi halqlar milliy ongning rivojlanishida bir turtki bo‘lib asta-sekin ma’naviy ruhiy jihatdan jipslasha borib, yagona maslakdoshlar jamiyati vujudga kela boshladi. Zero, bu qadriyatlar va ruhiy bilimlar mohiyatini ezgulik va poklikka da’vat etuvchi g‘oyalar tashkil etgan. Zardushtiylik dinining ezgulik yovuzlik ustidan pirovardida tantana qilish to‘g‘risidagi g‘oya bilan tarbiyalanib kelgan xalqlar uchun islomdagi insonparvarlik va ma’rifatpvarvarlik g‘oyalari bir-birini to‘ldirgandi.
Diniy qadriyatlar, marosim va an’analarning shakllanishi uzoq tarixiy davrlarga borib taqaladi. Ibtidoiy din shakllaridan boshlangan bu jarayon milliy va jahon dinlari shakllanib, keng yoyila boshlagan paytlarda ancha rivojlangan. Hozirgi diniy qadriyatlarning mavjudligi diniy ta’limotlarga asoslansa-da uning rivojlanishi jamiyat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-axloqiy taraqqiyot bilan mustahkamlangan. Ular xalqimizning turmush tarzi va jamiyat hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.Milliy ma’naviyatimizning qadimiy ildizlari, shu jumladan islomiy qadriyatlari, noyob va betakror namunalarini tadqiq etish, ularni bugungi kun talablari bilan bog‘liq holda boyitib targ‘ib etishning yangi bunyod etilayotgan fuqarolik jamiyati uchun ahamiyati kattadir. Istiqlol yillarida buyuk bobokalonlarimizning ma’naviy merosini tadqiq etish, asarlarini nashr qilish, yubileylarini nishonlash mamlakatimizda odat tusiga kirib, millatimizning har tomonlama uyg‘onib, kamol topishiga keng imkoniyat yaratmoqda. Xususan islom falsafasi asarlarini, diniy ulamo va allomalarning merosini nashr qilish, o‘rganish, targ‘ib etish xalqimizni islomiy qadriyatlardan baxramand qilishga katta yo‘l ochdi.
VIII-XII asrlar butun musulmon jamiyatida fan va madaniyat, ilm va tafakkur rivojlangan bir davr bo‘ldi. Bu davrda diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar ham o‘z rivojiga ega bo‘ldi. Islom dini - Arabiston yarim oroli dorasidan chiqib, taraqqiy etgan jahon diniga aylandi. Islomning din sifatida Shakllanib, rivojlanishi aynan Shu davrlarga to‘g‘ri keladi. Albatta, bunga turli mintaqalardagi jarayonlar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Xususan, Movarounnahrning islom madaniyati va fanning algebra, astronomiya, falsafa, tarix, hadis, kalom va boshqa sohalariga ko‘rsatgan ta’siri juda kattadir. Ayniqsa fiqh ilmi sohasida Movarounnahrning tutgan o‘rni beqiyosdir. Umuman olganda islom huquqShunosligi (fiqh) o‘ziga xos rivojlanish tarixiga ega.iqh - g‘arbda Islamic Law, Muslim Law, Muhammadan Jurisprudence, Le Droit Musulman, Islamische Gesetz kabi nomlar bilan Yuritiladi. Dunyoda amaldagi huquq normalaridan farqli o‘laroq, fiqh o‘z ichiga ibodat masalalarini ham qamrab oladi. Buni Tavrot kitobining ibodat masalalarini jamlab olgan Talmudga qiyoslash mumkin. Fiqh - qadimdan mavjud huquqiy normalarni ibodat va muomala masalalari bilan muShtarak holda ma’lum tartibga solingan huquqiy tizimdir.Lug‘atda:«al-fiqh» kalimasi -« anglamoq, tuShunmoq» kabi ma’nolarni beradi.Istilohda: «al-fiqh» - «Islom huquqi» deb Yuritiladi.
Fiqh zamonaviy fanlar asosida hozirgacha chuqur o‘rganilmagan bo‘lib, mutaxassis olimlar oldiga katta muammolarni qo‘yib kelmoqda.Fiqh - odatda «furu’ al-fiqh» (so‘zma-so‘z: «fiqh tarmoqlari») Shariatni konkret sohalarga tadbiq qilishdan va «usul al-fiqh» (so‘zma-so‘z: «fiqh asoslari») Shariat xukm oladigan manbalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi. Tarixiy tadrijga ko‘ra «al-fiqh» - usul al-fiqhdan avval paydo bo‘lgan. Fiqh ilmining tadrijiy rivojini mutaxassis olimlar tomonidan bir necha davrlarga taqsim etilgan.
Insonning chin ma’nodagi insonligi- uning imoni, diyonati, mehr-oqibati, pokligi va halolligi, kamtarligi va boshqalar bilan o’lchanadi. Bu umumiy tarzda insoniylik tushunchasi bilan ifodalanadi. Insoniylik esa faqat imonli insonlardagina bo’ladi.Bu o’rinda hamma kishilar uchun umumiy tarzda tegishli bo’lgan masalalar ustida baholi qudrat fikr yuritamiz.Har birimiz imon tushunchasining mohiyatini to’g’ri anglab, tushunib olsak, imonni izohlovchisi bo’lgan diyonat, vijdonlilik, insof, mehr-oqibat, sahovat, adolatlilik, poklik va halollik, kamtarlik va boshqa ma’naviylik fazilatlarining ham mohiyatini bilib olamiz. Faqat imonli kishilargina poklik va halollik, diyonat, ezgulik, mehr-oqibat, sahovat, muruvvat yo’lida bo’ladilar. Shuning uchun imon tushunchasini, uning mohiyatini keng qamrovli asosda bayon qilishni maqsadga muvofiq deb bildik. Imon arabcha so’z bo’lib, lug’aviy ma’nosi ishonch demakdir. U inson ruhiy olamining botiniy tomonini tashkil etadi.Imon shaxsning o’z e’tiqodiga tayangan holda boshqalarning niyati, qilmish-qidirmishiga, o’zining ishlariga, hatolariga munosabat bildirishdir. Imon hayotda to’g’ri yo’l topishning mezoni hisoblanadi. Imonli kishilar Allohdan qo’rqish, bandadan uyalish nima ekanligini chuqur idrok etganlar. Allohni bir, Payg’ambarimizni (sallallohu alayhi vasallam) uning elchisi deb bilish-imonning bosh belgisi hisoblanadi. Imonli bo’lgan kishilar butun hayotlarida, ishlarida, faoliyatlarida, uyda, ko’chada birovga, o’z oilasiga munosabatlarida hamisha to’g’ri va halol yo’l tutishga intiladilar. Muomala va munosabatlarida g’araz bo’lmaydi., ta’madan va xaromdan hazar qiladilar. Har ishlarida faqat bu dunyoni emas, oxiratni ham o’ylab ish tutadilar. Barcha amallari va hatti-harakatlarini shunga bo’ysundirishga harakat qiladilar.
Ma’naviy-ahloqiy fazilat sifatida esa imon faqat odamzotgagina xos ruhiy hodisa jumlasiga kiradi. Inson, odamzotdan tashqari hech bir mahluqotda imonning o’rni-tagi ham yo’q. Binobarin, odamzod jamiki boshqa jonzotlardan biron bir narsaga ishonib, uni muqaddas deb bilishi, ya’ni imon keltirishi bilan ajralib turadi. Imon kishi ma’naviyatining, ahloqining o’q ildizi, poydevori, negizidir. Imondan mahrum kimsaning aqli nechog’li o’tkir, irodasi naqadar cho’ng bo’lmasin va shular tufayli o’zligidan qanchalik mag’rurlanmasin, u chinakam insonlar qatoriga hech qachon kiritilmagan, kiritilmaydi ham. Zero, imonsiz odam na Allohdan qo’rqadi va na bandalaridan uyaladi. U o’z nafsining itoatkor quli bo’lib, har qanday razolat va pastkashliklardan qaytmaydi. Alloh hammamizni shundan asrasin. Buning uchun imon yo’lini tutishimiz lozim.Imonning mohiyati azaldan olam va odamzotning kelib chiqishi, odamning olamdagi o’rni qanday, inson umrining ma’nosi nimada, zoti bashar nimaga da’vat etilgan, u nimalarga qodiru, nimalarga noqodir singari muammolar tashkil etib keladi.Qur’oni karimda imonli odamlarning belgilari quyidagicha tavsiflanadi. Ular mo’min, royish, yuvosh, itoatkor, quruq so’zlik (mahmadonalik)dan qochuvchi, poklikka intiluvchi, shartnomalariga rioya etuvchi, itoatga amal qiluvchilardir.
Hadislarda Vatanni sevish, hayoli bo’lish, kamsuxanlik ham imonlilikning ko’rinishi sifatida tasvirlangan. Vatanni sevish milliy, ijtimoiy-siyosiy hodisadir.
Diniy imon bilan birga inson tajribasi, bilimi tufayli yuzaga kelgan dunyoviy imon ham bor. Dunyoviy imon mazmunini olam va odam haqidagi so’nggi ikki yarim ming yil mobaynida kashf etilgan ilmiy-falsafiy bilimlar, mehnat ahlining to’plagan hayot tajribasi, ijtimoiy xotirasi, turli-tuman udumlar, urf-odatlar, rasm-rusumlar, an’analar va ular zamiridagi bilimlar tashkil etadi. Dunyoviy imonning o’zagi odamiylikdan iborat bo’lib, uning tarkibiga kiradigan unsurlar, qirralar, jihatlar g’oyat turli-tumandir. Odamiylik deganda xalqimiz uzoq tarixi davomida turli sinovlardan o’tib sayqal topib kelayotgan va faqatgina ijobiy fazilatlar tarzida e’zozlanadigan ma’naviy-ahloqiy qadriyatlarni tushunsak bo’ladi. Odamiylik g’oyasi xalqimizning butun turmush tarziga, urf-odatlari hamda an’analariga, uning mislsiz boy og’zaki va yozma ijodiga, mumtoz adabiyotimiz va san’atimizga singib ketgan bo’lib, hozircha chuqur o’rganilib umumlashtirilgani yo’q.Dunyoviy imon odamlarni to’g’ri yo’ldan borishga qaratilgan ma’naviy qadriyatlar tizimidir. Imonli bo’lishning mohiyatini hayo, andisha, shirin so’zlilik, halollik va adolatlilik, or-nomuslilik, vijdonlilik, vafodorlik, mehnatsevarlik, sahovatlilik, mehr-muhabbatlilik, hayr-ehsonlilik kabi ahloqiy qadriyatlardan iborat ekanini ko’ramiz. Demak, imon komil insonnnig yetuk ma’naviy fazilatlari majmuidir.Imonsizlik esa vijdonsizlik, e’tiqodsizlik, tuban yo’llarga yurish, ahloq, odob, insonparvarlik qoida va talablariga rioya qilmaslikdir.
“Otang bolasi bo’lma, odam bolasi bo’l”, “O’zingga ravo ko’rmaganni boshqaga ham ravo ko’rma”, “Yomon o’z g’amida, yaxshi – el g’amida” singari hikmatlarda ajdodlarimiz ardoqlagan insoniylik qadriyatlarining bir zarrasigina aks etgan, xolos.Diniy va dunyoviy imonning mohiyatida tafovut bo’lsa ham, ularning mazmuni va shakliy tuzilishi bir xil. Chunonchi, diniy imonda hamma narsani yaratguvchi zot Allohga, dunyoviy imonda esa odamiylikka, chin insoniylikka urg’u beriladi. Ularning har ikkovi ham aslida kishini chinakam, bosh harflar bilan yoziluvchi INSON bo’lib tarbiya topishiga qaratilgan.Imonli odam boshqalarning diliga ozor bermaydi, balki odamlar qalbiga nur, ziyo ulashadi, ularni faqat yaxshi, ezgu amallarga o’rgatadi.
Imon kishilik hayotida shu qadar hal etuvchi mavqega egaki, usiz chin ma’nodagi inson ham, ahloq ham, demakki jamiyat ham bo’lmaydi.Imonli bo’lishga intilish qiyin hamda mashaqqatlidir. Imonli odam barcha qiyinchilik va mahrumliklarga ongli ravishda bardosh bergan holda halol-poklik, insof-diyonatlilik, saxiylik, ezgulikni ulug’lash va yovuzlikka qarshi kurash, vatanparvarlik, xalqparvarlik kabi fazilatlarni o’zida gavdalantirishga harakat qiladi va shunga erishadi. U ma’naviy boylik va go’zallikni moddiy to’kin-sochinlikka aslo qurbon qilmaydi. Odamlar uchun yashash, ularning dilini o’rinsiz og’ritmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik imonli insonning hayot dasturidir.
Yuqorida aytganimizdek, dunyoviy imonda ko’proq inson ahloqidagi odamiylikka urg’u beriladi. Kundalik hayotda imon so’zi keng qo’llaniladi. Bunda dunyoviy imon ma’nosi ko’zda tutiladi. Chunonchi xalqimizda ayrim kishilarning o’ta ahloqsizlik hatti-harakatiga nisbatan “imonsiz” degan haqoratomuz ibora ishlatiladi. Bu haqorat zamirida Allohga ishonch-e’tiqodi yo’q, xudodan, dindan qaytgan, xudosiz ma’nolaridan tashqari vijdonsiz, vijdonfurush, yaramas, razil, diyonatsiz kabi dunyoviy imon mazmuni ham aks etgan. Bu shunday og’ir diniy va dunyoviy haqoratki, o’tmishda shu haqoratga asossiz duchor bo’lgan oriyatli kishilir haqorat etuvchi kimsa ustidan qoziga shikoyat qilishgacha borgan. Imoni yo’q kishilar esa mahalla-ko’yda, yaqin kishilari orasida la’natlangan hisoblangan, unday kishilar bilan muomala qilinmagan, oxir-oqibatda oriyati dosh berolmasa ko’chib ketishgacha borilgan.Demak, imon inson hayoti va faoliyatiga asos bo’ladigan diniy va dunyoviy ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar tizimidir.
Imonni faqatgina tarixiy qadriyatgina emas, balki hozirgi kunimizda ham inson kamolotiga bevosita daxldor bo’lgan ma’naviyat deb qarashimiz lozim.O’zbeksiton mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo’shayotgan fuqarolarning imoni mustaqillik ishiga fidoyilik, millatparvarlik, vatanparvarlik, baynalminalchilik, porloq kelajakka ishonch, davlatimiz ramzlariga sadoqat, milliy g’urur va iftixor tuyg’ularini o’zida tarbiyalash, ishbilarmonlik, tadbirkorlik singari yangi ahloqiy qadriyatlarni o’zida namoyon etishidan iborat.
Demak, insoniylikning muhim shartlari – diyonatlilik, mehr-shafqatlilik, poklik va halollilikni imon tushunchasi o’z ichiga oladi. Chunki, faqat imon sohibi bo’lgan insondagina diyonat, mehr-shafqat, poklik va halollik bo’ladi. Imonsiz kishilardan uni kutish mumkin emas. Ana shu va boshqa fazilatlar bo’lmagani uchun ham ba’zi odamlarga nisbatan imonsiz so’zini ishlatamiz.Endi shaxs ma’naviy fazilati imonlilikning ba’zi tushunchalarini izohlashga o’tamiz. Ularning mazmuni, mohiyati v amaliy ahamiyatini chuqur anglab olmoqlik va o’zimizning kundalik hatti-harakatimizda amal qilmoqlik bizni har damda yuksak insoniylikka, komillikka tomon eltadi, demakki imonimiz mustahkamlana boradi. Imonning boshi – taqvo. Taqvo – har noto’g’ri ishga qo’l urishda – Allohdan qo’rqish, yomon ishlardan saqlanish. Allohdan qo’rquvchi banda oilada, jamiyatda halol yashaydi, haromga qo’l urmaydi, oxiratda javob berishini o’ylab, birovning haqiga xiyonat qilmaydi, to’g’ri bo’ladi, poraxo’rlik qilmaydi, qasamxo’r bo’lmaydi, birovni aldamaydi, yolg’on gapirmaydi, kishilarga, vatanga hiyonat qilmaydi va boshqalar. Ilohi hammamizga ham taqvodor bo’lish nasib etsin. Bu o’zimizga bog’liq. Sharm-hayo ham imonlilik belgisi sanaladi. Sharm – har bir odamning nojo’ya, yomon hatti-harakatlardan o’zini tiya olish, uyalish hissi. Hadisi shariflarda aytilishicha, odam eng avvalo, o’zidan uyalishi kerak. Nojo’ya, yomon qilmishi, hatti-harakati uchun o’zidan uyalgan odam o’zgaga ham nojo’ya hatti-harakatni ravo ko’rmaydi. O’zidan uyalmagan odamda sharm bo’lmaydi. Demak, sharm odam o’z nojo’ya hatti-harakati uchun o’z vijdoni, diyonati oldida javob berish hissi, desak bo’ladi.
Hayo – bu o’zbekcha uyat demakdir. Hayosiz, behayo deyilganida, uyatsiz ish qilganda hijolat chekmaydigan, odob-ahloqsiz kishi tushuniladi. Hayo erkak kishiga nisbatan ayollarda tabiatan ko’proq bo’ladi. Erkak kishi bemalol aytadigan ba’zi so’zlarni, hatti-harakatlarni ayollar turli andisha va uyalish tufayli ayta olmaydilar, hayo ularga yo’l bermaydi. Hayoli bo’lish, bu faqat uyatli so’zni aytmaslikda emas. U bundan ham ko’ra kengroq ma’no va mazmunga ega. Sharm-hayoli bo’lish insonni hayvon singari tubanlashib ketishdan saqlaydi. O’z nojo’ya hatti-harakatidan uyalish hissi faqat odamlargagina xos xususiyat. Farzandlarimizni sharm-hayoli qilib tarbiyalash oiladan boshlanadi. U milliy tarbiyamizning muhim jihatini tashkil etadi.Imonli bo’lishning belgilaridan biri or-nomus hisoblanadi. Or qilish odamning o’ziga nomunosib yoki ep ko’rmagan ishdan, narsadan hijolat tortish, uyalish, uyat va nomus qilish tuyg’usidir. Or yana biror narsadan hazar qilishni ham bildiradi.Oriyat - or-nomusdan tashqari izzat va nafs, qadr tuyg’usidir. Odatda oriyatli odamlar o’zlari va oilalarining, tug’ishganlarining izzat-nafsi, qadr-qimmatini, hurmatini yuksak tutib, boshqalar tomonidan toptalishi, haqorat qilinishi va hurmatsizlanishiga loqaydlarcha qarab turmaydi, turolmaydi.Nomus – bu iffat, bokiralik ma’nolaridan tashqari kishining o’z mavqeini saqlash, ulug’lash va ardoqlash, hijolat tortish tuyg’usini, oila va ajdodlar sha’niga dog’ tushirmaslik ma’nosini ifodalaydi. Ko’pincha, biror kishini, uning oila a’zolarini, ajdodlarini nohaq haqoratlasalaru, u kishi bunga beparvo, loqaydlarcha tursa, undaylarga qarata senda or-nomus, oriyat bormi o’zi, deb hitob qilinadi.Bizning ota-bobolarimiz, xalqimiz qadimdan or-nomusli, oriyatli bo’lib kelgan, shuning uchun ular o’z yurtini, uning tuprog’ini, onalari va farzandlarini boshqa bosqinchilar tomonidan toptalishini o’zlari uchun or deb bilganlar. Ko’rinadiki, or-nomus, oriyat mohiyatida vatanparvarlik, xalqparvarlik tuyg’ulari yashiringandir.Bunday ezgu maqsadlarga esa inson faqat yuksak ma’naviyat, uzluksiz ma’naviy tarbiya orqaligina erishishi mumkin. Vijdon – insonning o’z faoliyatini, qilgan ishlari va belgilagan maqsadlarini ichki ruhiy tahlil eta olish imkoniyatidir. Imon – inson qalbidagi vijdon tarozisidir. Vijdon asosida har bir kishi o’z qilmishlarigagina emas, balki boshqalarning faoliyatiga, jamiyatdagi voqea-hodisalarga, ijtimoiy vaziyatga baho beradi.Diyonat va vijdon bir-biriga yaqin tushuncha. Diyonat va vijdon kishining kundalik faoliyati, qilmishi, fe’l-atvori uchun avvalo o’zi oldida, qolaversa, oila, jamiyat va vatan oldida ma’naviy mas’uliyat his etishidir. Vijdonli, diyonatli kishi nohaq, adolatsiz ishlardan g’azabga keladi, ularga qarshilik bildiradi; o’z faoliyatining yaxshi tomonlaridan qanoatlanib xursand bo’lsa, yomon tomonlaridan norozi bo’lib, ruhan eziladi, vijdon azobiga uchraydi. O’zini bilgan odamga vijdon azobidan og’irroq jazo yo’q. Shuning uchun xalqimizda vijdon azobi go’r azobi degan maqol ishlatib kelinadi.
Vijdon azobi – kishi o’zi yo’l qo’ygan xatolarni, jamiyatda bo’layotgan nohaqliklar, adolatsizliklarni bilib, ko’rib, ruhiy qiynalish holatida bo’lishidir. Vijdon azobi jamiyatdagi yoki shaxs faoliyatidagi adolatsizliklarni ruhan qabul qilmaslik, ularga nisbatan ichki nafratni, salbiy munosabatni ifodalashdir. Vijdon azobi – shaxsning og’ir ichki ruhiy kechinmalaridir.
Mehr-shafqatlilik ham imon mezonlaridan biridir. Yuqoridagi kabi mehr-shafqat ham xalqimizga xos xususiyat sanaladi. Mehr-shafqat odatda etim-esir, qarovsiz qolgan qariyalar, g’ariblarga, nogironlarga nisbatan moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatish tuyg’usi, desak bo’ladi. Bizning Mustaqil Respublikamiz rahbariyati ota-bobolarimiz udumini davom ettirib, bozor munosabatlariga o’tish sharoitida ota-onasiz, qarovsiz qolgan bolalar va yolg’iz qariyalar, shuningdek nogironlarga nisbatan yuksak mehr-shafqatlilik namunasini ko’rsatayotir.
Bu dunyoda halol va pok yashashni o’zi uchun hayotiy e’tiqod, oliy maqsad deb biladigan odamlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Aynan ana shunday insonlar va ularning ezgu ishlari tufayli bu yorug’ olamda ma’naviyat hamisha barqaror bo’lib kelmoqda.Halollik va poklik hayotda o’z nonini halol mehnati bilan topadigan, xolis va ezgu ishlar bilan el-yurtga foyda etkazadigan, tiriklik mazmunini teran anglab, nafaqat bugungi hayot lazzatlari, balki oxirat haqida, uning obod bo’lishi haqida o’ylab yashaydigan insonlarga xos hayotiy ma’naviy-ahloqiy qarashdir.
Shu bilan birga jamiyatda bunday ma’naviy-ahloqiy qarashlarga mutlaqo qarama-qarshi bo’lgan, poklik va halollik izmidan yurmaydigan kishilar ham uchrab turadi. Bunday kimsalar hayotning ma’no-mazmuni haqida bosh qotirmasdan, bunday savollar bilan o’zini qiynamasdan, faqat nafs qayg’usi va o’tkinchi hoyu-havasga, huzur-halovatga berilib, engil-elpi umr kechiradilar, o’zining ota-ona va farzand, el-yurt oldidagi burchiga umuman befarq bo’lib yashaydilar. Ko’rinadiki, bu dunyoda kimdir Rahmon izmida, ya’ni halollik va poklik yo’lida yursa, kimdir Shayton izmida, ya’ni Rahmon izmidan adashib nopok yo’ldan yuradi.Bag’rikeng, halol, pok, vijdonli, mehr-oqibatli, el-yurtning g’amu tashvishi bilan yashaydigan kishilarni xalqimiz, aksincha, boshiga ko’taradi va bunday odamlar jamiyat tomonidan qadr-qimmat, hurmat-e’tibor topadi.
Yuqorida Islom, uning muqaddas ilohiy kitobi Qur’oni Karim, hadislar va shariat haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirdik. Endi umuman islom dinida, xususan Qur’oni Karim, hadislar va shariatda axloq-odob, ma’rifat haqidagi qarashlarning ba’zi jihatlari to’g’risida fikr yuritamiz.Qur’oni Karim, hadislar va shariat ko’rsatmalari inson ma’naviy-ma’rifiy kamolotining asosi bo’lgan axloq-odob tarbiyasining barcha qirralarini o’z ichiga olgan. Sirasini aytganda, hadislar ma’naviy-axloqiy tarbiyaga oid bo’lgan fikrlarning mukammmal to’plamidir. Qur’oni Karim, hadislarni, shariat ko’rsatmalarini o’rganar ekanmiz, ularda axloqiy kamolot, halollik va poklik, iymon va vijdon bilan bog’liq bo’lgan birorta ham muhim masala e’tibordan chetda qolmaganini ko’ramiz. Ayniqsa islom harom va halol masalasiga musulmonlar e’tiborini qaratadi. Shariatda Olloh tomonidan qilinishiga ruxsat etilgan amallar, ishlar halol deyiladi. Harom esa aksincha, qilinishiga ruxsat etilmagan ishlar va amallardir. Odatda, xalqimiz halol va haromni eyiladigan va ichiladigan narsalarga ishlatib kelgan. Shariatda ijozat etilgan hamma narsalar, eyiladigan oziq-ovqatlar, qilinadigan ishlar halol deb hisoblangan. Ijozat etilmagan narsalar, ishlar va amallar esa haromdir. Olloh harom etilgan ishlarni qiluvchilarga bu dunyoda yoki qiyomat kunida jazosini albatta berishi aytilgan.Halol qilingan narsalar va ishlar ko’pchilikka ma’lum, u haqda ko’p eshitganmiz. Harom qilingan ishlarni eslatib o’tish va eslatib turish joizdir. Bulardan ayrimlarga quyidagilar: sog’ bo’la turib ishsiz yurish, zinokorlik, ota-onaga oq bo’lish, savdo-sotiqda g’irromlik qilish, birovning xaqqiga, omonatiga xiyonat qilish, qasamxo’rlik, sudxo’rlik, o’g’irlik, qaroqchilik, mayxurlik, g’iybat, tuhmat, bo’hton, josuslik, qotillik, poraxo’rlik va boshqalar kiradi. Xullas, harom inson va jamiyatga zarar keltiradigan ish va amallardan iborat.
Islomda ota-onaga mehr-muhabbat, g’amxo’rlik, farzand tarbiyasi va oilaga sadoqat masalalariga alohida e’tibor berilgan. Kishilarni yaxshilik qilish, savob ishlarga qo’l urish, insofli-diyonatli, vijdonli bo’lish, mehr-shafqatlilik, to’g’rilik, rostguylik, sofdil bo’lish, birodarga yordam berish, kamtarlikka chaqirish g’oyalari ilgari surilgan.
Islomda ilm-fanni egallash, ma’rifatli bo’lish juda katta savobli ish ekani qayta-qayta ta’kidlanadi. Beshikdan to qabrgacha ilm izlash lozimligini qayd qilinishining o’zi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Hadislardagi «Sadaqaning afzali mo’min kishi ilm o’rganib, so’ng boshqa mo’minlarga ham o’rgatishdir», «Ilm ibodatdan afzaldir» kabi fikrlar ham tahlilga muhtoj emas.Qur’oni karimda «Ilm» so’zi asosida «Alima» - bilmoq fe’l negiziga tayangan kalimalar 750 marotaba uchrashi ilmiy tadqiqotlarda qayd etilgan. Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga ilk nozil bo’lgan oyat ham «Iqra...» «O’qi» so’zidan boshlanadi. Ushbu oyat shunday: «O’qi! Sening o’ta karamli Parvardigoring qalam vositasi bilan ta’lim berdi. Insonga u bilmagan narsalarni o’rgatadi» deb nozil qilingan. Ko’rinadiki, islom e’tiqodi avval boshdanoq insonni o’qib-o’rganishga, ilm vositasi bilan dunyoni anglab etishiga targ’ib etadi.Islom ma’naviyatida insonning er yuzida xalifa qilib belgilanishi uning yana bir muhim jihati hisoblanadi. Qur’oni karimning juda ko’p oyatlarida insonning aziz va mukarram qilib yaratilgani, unga er va osmondagi barcha narsalar bo’ysundirib qo’yilganligi alohida uqtirib o’tiladi.
Inson Ollohning xalifasi sifatida bilim egasi, yorug’ dunyoning barcha bilimlariga uning idroki etadi. Faqat kibrga berilib ketmasa, o’zini hammadan ortiq qo’ya boshlamasa bas. Parvardigor bizni inson qilib yaratgan ekan, aql-xush, ilmu-amal bergan ekan, demak, biz inson sifatida tafakkur qilib, dunyoviy ilmlarni - dunyoni o’rganib, dunyo orqali Ollohning zotini, ilmlarini kashf etib yashashimiz kerak. Din - ruhiyatimiz tarbiyachisi, ilm-dunyoni va oxiratni bilish quroli, inson unisini ham, bunisini ham egallamog’i kerak. Bizning bobolarimizning yo’li ana shunday bo’lgan. Bir misol keltiramiz. Rivoyat qilishlaricha, Abu Ali Ibn Sino bilan mashhur shayx Abusaid Abulxayr uchrashibdilar. Ular bir kecha bir-birlariga hech narsa demay «suhbatlashib» chiqibdilar. Ertalab Shayxning shogirdlari undan Ibn Sino haqida nima deysiz, deb so’raganlarida, Abusaid Abulxayr: «Men nimaiki vajd (intuitsiya) bilan bilgan bo’lsam, u aql bilan bilib olgan», debdi. Ibn Sino esa o’z shogirdlariga: «Men nimaiki aql bilan bilgan bo’lsam, u ko’ngnil bilan idrok etadi», deb aytgan ekan. Ko’rinadiki, Ibn Sino dunyoviy ilmlar olimi, Abusaid Abulxayr esa - tasavvuf shayxi, ilohiyot olimi. Ammo ular bir-birini tushungan va har ikki ilm ham kerakligini anglaganlar.
Yoki olaylik, Mirzo Ulug’bek bilan Xo’ja Ahror Valiyni. Ular zamondosh, bir shaharda yashaganlar. Ulug’bek - munajjim va shoh, uning shogirdlari aniq fanlar vakillari. Xo’ja Ahror esa mo’’tabar din arbobi, ruhoniy zot. Ammo ular bir-birlariga xalaqit bergan emaslar, aksincha, biri ilmiy ma’rifatni, ikkinchisi bo’lsa ruhoniy ma’rifatni rivojlantirib, bir-biriga ko’mak berganlar.Al-Xorazmiy, Al-Farg’oniy, Al-Beruniy, Al-Buxoriy, G’azzoliy, Hamadoniy, G’ijduvoniy va boshqa ulug’ zotlarning hayot tarzi, ilm uchun fidoyiligi, e’tiqod-iymonining pokligi bilan bizlarga ibratdir. Bularning hammasi ko’rsatadiki, dindorlik ham ma’rifatni, yuksak ma’naviyatni talab qiladi. Kishi qancha chuqur ilm egasi bo’lsa, olam va odam mohiyatini anglasa, uning Ollohni anglashi, iymoni ham shuncha mustahkam bo’ladi.Gap hoh diniy, hoh dunyoviy ma’rifatni to’g’ri va chuqur anglashda, har ikkovini ham egallamay nodon, johil bo’lib qolmaslikdadir.Har ikki ilmni egallagan kishi ikki dunyosini obod qiladi. Islom bu faqat aqida emas, avvalo, ma’rifat, ilmdir. Islom tarixiga nazar tashlasak, Muhammad payg’ambarimizgacha bo’lgan davr arablarda «johiliya» davri deb ataladi. «Johiliya» nodonlik davri degani. Islom ana shu nodonlik davri o’rniga keng ma’noda ma’rifat, madaniyat vujudga keltirdi, ilm-fan, falsafa, adabiyot va san’atni rivojlantirdi, o’ziga xos ma’naviyat va ma’rifatni yaratdi. Bizning ulug’ bobolarimiz islom ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shib, kalom ilmi, fiqh, tasavvuf ta’limotini rivojlantirdilar.
Yaqin o’tmishning yomon asoratlaridan biri shuki, sobiq sho’ro tuzumida dunyoviy ilm va diniy-falsafiy ta’limot bir-biriga qarama-qarshi qo’yildi. Ular bir-birini inkor etadigan hodisalar tarzida talqin etildi. Diniy tafakkur dunyoviy ilm rivojiga monelik ko’rsatadigan chirkin bid’at sifatida qoralandi. Biz bugun bunday qarashlarning tubdan zararli va tarixan asossiz ekanligini ochiq aytishimiz mumkin. Dunyoviy va diniy ilm yuqorida ko’rsatganimizdek, o’tmish asrlarda doimo hamkor va hamnafas bo’lib kelganligini tarixning o’zi tasdiqlaydi. Mustaqillik tufayli farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to’plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o’gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish imkoniga ega bo’ldik. Qur’oni Karim va payg’ambarimiz hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga qaratilganligidir. Ulardagi ota-onaga, ilmga munosabat, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o’zaro mehr, mehmondo’stlik, etimparvarlik, vag’o va sadoqat, halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqumlilik, samimiyat, rostgo’ylik va boshqa chin insoniylik xislatlarining birinchi o’ringa qo’yilishi barcha insoniyat uchun bebaho umuminsoniy ma’naviy boylik tizimini tashkil etadi.Jismoniy va ma’naviy poklikka intilish islom ahloqining, Rasululloh hadislarining yana bir muhim mavzu yo’nalishidir. Tahorat, g’usl masalalari tashqi ozodalik talablari bo’lsa, haromdan, yolg’on so’z, g’iybat, tuhmat, zinokorlik, o’zga haqiga xiyonat, nohaqlik va zulmga yo’l qo’ymaslik, ulardan qat’iy saqlanish ichki, ma’naviy poklikka oid talablardir. Bularning hammasi qur’oni Karim hamda Rasululloh xadislarida va ularga asoslangan shariatda juda qat’iy qilib qo’yilgan.
Xullas, islom barcha mo’minlarni to’g’ri yo’lga chorlovchi, insonparvar din ekanligini anglab etishimiz zarur. Shundagina dindan ma’naviy va ma’rifiy tarbiyada g’oydalanish zaruratiga to’g’ri yondoshamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |