Shafqat.
Shafqat istilohi xozirgacha axloqshunoslikka doir asosiy o’quv adabiyotlarda va
ilmiy tadqiqotlarda asosiy mezoniy tushuncha sifatida taqdim etilmaydi. Vaholanki shafqatning
ildizi inson shaxsiga bo’lgan muhabbatga borib taqaladi, u ham muhabbat kabi qamrovli hissiyot.
Agar muhabbat mehrga asoslansa, shafqat muruvvat bilan bog’liq. Lekin u ayni paytda
muruvvatdan jiddiy farq qiladi. Muruvvat bir insonning ko’p xollarda o’ziga aloqasi yo’q boshqa
bir insonga achinish hissi orqali yordamga qo’l cho’zishi bo’lsa, shafqat kishining o’ziga aloqador
odamga, aybdor, gunohkor, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jazolanishga loyiq kimsaga kechirimlilik
orqali insonparvarlik ko’rsatishdir.
SHafqat hissi shafqatga muhtoj kishi o’rniga xayolan o’zini qo’yib fikr yuritish orqali vujudga
keladigan, o’zga bir inson iztiroblarini yengillatishga qaratilgan axloqiy hodisa. Masalan:
ro’zg’orinni zo’rg’a tebrayotgan qo’shningizning kasbiy xizmat yuzasidan ham, biror bir jamiyatga
a’zoligi jihatidan ham, biznesdagi hamkorlik masalasida ham sizga aloqasi yo’q, shuningdek, u
sizga do’st yoki dushman sifatida ham aloqador emas. Siz unga ehson qilib, og’ir sharoitdan chiqib
olishiga iqtisodiy yordam berdingiz, bu – muruvvat. Boshqa bir holatda, deylik jang maydonida
sizga butunlay begona, buning ustiga safdoshingizga o’ldirgan dushman askarini mag’lub qildingiz.
Endi oldingizda ikki yo’l bor: xohlasangiz, uni o’ldirishingiz, o’ch olib g’azabingizni bosishingiz,
xohlasangiz, g’azabingizni bosib, u dushman, lekin men kabi odam, uni ham menga o’xshab bu
maydonga jang qilish uchun yuborganlar, uni o’ldirganim bilan biror ulkan o’zgarish ro’y
bermaydi, deb asir olgansiz, hayotini saqlab qolgansiz, bu – shafqat. G’azab insondagi hayvoniy
xislat bo’lsa, shafqat insoniylik belgilaridan biridir.
Demak, muruvvat agar sizning oldingizda burchli bo’lmagan kimsaga ko’rsatgan yordamingiz
bo’lsa, shafqat esa oldingizda javobgar, jazoga loyiq odamni, uning insoniy huquqini va tabiatini
hisobga olib, kechirishdir.
Yana bir muhim mezoniy tushuncha –
burch.
Burch, mohiyatan, jamiyat, davlat va shaxslarga
nisbatan muayyan individdagi munosabat, ular oldidagi majburiyat. U, yuqorida aytganimizdek,
vijdon, e’tiqod, mas’uliyat kabi tushunchalar bilan mustahkam bog’liq. Umuman, hayotda
insonning har bir xatti–harakati zamirida burch tushunchasi – burchga sadoqat yoki xiyonat yotadi.
Burchning insonlik burchi, musulmonlik burchi, nasroniylik burchi, fuqarolik burchi, otalik
burchi, onalik burchi, farzandlik burchi singari keng qamrovli, barcha davrlar uchun umumiy
bo’lgan tushunchalari ham, jurnalistlik burchi, shifokorlik burchi, olimlik burchi kabi kasbiy odob
doirasidagi tushunchalari ham mavjud.
Burch tushunchasining o’ziga xos jihatlaridan yana biri – uning vaqt va jamiyatda
muayyanlashish xususiyati. CHunonchi, bir tuzum yo jamiyatda ijobiy hisoblangan burch talablari
ikkinchi bir tuzum yoki jamiyat uchun salbiy ma’no kasb etishi mumkin. Sobiq sho’rolar
fuqarosining o’sha davr–dagi mavjud tuzum oldidagi burchi hozirgi kunda o’ta salbiy hodisa
sifatida baholanishi bunga yorqin misol bo’la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |