Katexolamin gormonlar birinchidan ko’ndalang-targ’il va silliq mushaklarning tonusi va qisqarishiga tasir qiladi, ikinchidan, yog’lar va uglevodlar almashinuvida ishtirok qiladi. Adrenalin qonda glyukoza miqdorini ko’payishi tezlashtiradi. Bu jigarda glikogen parchalanishini tezlashishining natijasidir. Noradrenalin qondagi glyukoza miqdoriga kam tasir qiladi. Adrenalin eng kuchli kontrinsulyar (yani insulinga qarshi) gormon bo’lib, qondagi glyukoza miqdorini boshqarishda muhim ahamiyatiga ega. Adrenalin va noradrenalin yog’ to’qimasida yog’ning parchalanishini tezlashtirib, qonda erkin yog’ kislotalar miqdorini oshiradi. YOg’ kislotalar energiya manbai sifatida sarflanadi. Adrenalin tasirida katta yoshli odamning asosiy modda almashinuvi 1,3 marta atrofida, chaqaloqlarda esa 4 martaga yaqin tezlashadi. Bunday termogen samara noradrenalinda ham kuzatiladi.
Katexolaminlar yurak-tomir tizimiga kuchli tasir qiladi. Noradrenalin bosh miya tomirlaridan tashqari hamma tomirlarning silliq mushak tolalarini qo’zg’atib, toraytiradi.
Adrenalin bazi qon tomirlarni, masalan, teri qon tomirlarini toraytirib, boshqa qon tomirlarni (skelet mushaklar tomirlarini) kengaytiradi.
Adrenalin va noradrenalin organizmdan ajratib olingan yurakka musbat xronotrop va inotrop tasir ko’rsatadi. Ammo butun organizmda bu katexolaminlarning yurakka ko’rsatadigan tasirida farq bor. Organizmga kiritilgan noradrenalin yurak qisqarishini tezlashtirmaydi, aksincha bradikardiya paydo qiladi. Bu adashgan asabning reflektor qo’zg’alishining natijasi bo’lsa kerak, chunki atropin yuborilganda noradrenalin bradikardiyaga olib kelmaydi. qonda noradrenalinning ko’payishi sistolik va diastolik arterial qon bosimini oshiradi. Adrenalin tasirida faqat sistolik bosim oshib, diastolik bosim o’zgarmaydi yoki aksincha, pasayadi.
Adrenalin va noradrenalin nafas olishni chuqurlashtirib, bronxlarni kengaytiradi. Odatda, bular ovqat xazm qilish tizimi azolarining silliq mushaklarini bo’shashtiradi, ammo boshqa azolardagi silliq mushaklarga (taloq qobig’i, teri tuklarini ko’taruvchi mushaklar, qorachiqni kengaytiruvchi mushaklarga) ko’zgatuvchan tasir qiladi.
Adrenalin MVT faoliyatini rag’batlantiradi, uning tasirida odamning diqqat-etibori, aqliy qobiliyati yaxshilanadi. Tinch xolatda buyrak usti bezidan adrenalin va noradrenalin ajralishi uncha ko’p emas, faqat SAT qo’zg’alganda ularning qondagi miqdori ko’payadi. Buni stress xolatlarda yaqqol ko’rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |