Mavzu-7. Ekspluatasiya jarayonida buyumlarni (transport vositasini) ishonchlilikka sinash, u to`g`risidagi axborotni yig`ish va ishlov berish
Reja:
7.1 Ishonchlilikka sinashning maqsadi.
7.2 Ishonchlilikka sinashning turlari.
7.3 Ishonchlilikka sinashning ob’ekti.
7.4 Ishonchlilikka sinashda baholanadigan xarakteristikalar.
7.5 Тajribaviy va seriyaviy (ommaviy) namunalarni sinash.
7.6 Тugallangan va jadallashtirilgan kesma sinashlar.
7.7 Ishonchlilikga sinash rejalari.
7.8 Axborot yig`ish va ishlov berishning maqsadi va vazifalari.
7.9 Kuzatuvlar dasturining mazmuniga qo`yiladigan umumiy talablar.
7.10 Axborot yig`ish usullariga, ishlov berish va tahlil etishga qo`yiladigan asosiy talablar.
7.11 Qayd qilinadigan axborot tarkibi va hujjatlar shakliga qo`yiladigan umumiy talablar.
Tayanch iboralar:ishonchlilikka sinash; ishonchlilikka sinash obyekti; jadallashtirilgan kesma sinashlar; mashinalar tizimi; namunalar; nazorat sinashlari; parametrik usul; poligon sinashlar; sinash rejalari; stend sharoitidagi sinashlar; tadqiqot sinashlari; tugallangan sinashlar; ekpluatatsion sinashlar; axborot yig‘ish; axborotga ishlov berish; axborot yig‘ish usullari; axborot uzatish davriyligining dastlabki ma’lumotlari; tayanch korxonalar; kuzatilayotgan buyumlarning ro‘yxati; ishonchlilikning me’yorlanadigan ko‘rsatkichlari ro‘yxati; ishonchlilik to‘g‘risidagi ekspluatatsion axborotni qayd etish dastlabki shakllari; ishonchlilik tahlili natijalarini qayd etish shakllari; risoladagi tartibot; ekspluatatsiya sharoitlari; ekspluatatsion axborotni to‘plagich shakllari.
7.1 Ishonchlilikka sinashning maqsadi Ishonchlilikka sinashning maqsadi – buyumning ishonchlilik darajasini aniqlash va uning son qiymatlarini baholash. Buyumning ishonchlilik darajasini bilish ko‘p masalalarni hal qilishga, ya’ni belgilangan ishonchlilik xarakteristikalarini tasdiqlash, ularni oshirish tadbirlarini ishlab chiqish, unga texnik xizmat ko‘rsatishning oqilona tizimini qo‘llash, buyum samaradorligi va keyingi ekspluatatsiyasining maqsadga muvofiqligi, zaif tomonlarini aniqlash, hisob-kitob, bashorat (prognoz)larni va uning yaratilish texnologik jarayonlari sifatini tekshirishga imkon beradi.
Sinov natijalari yordamida quyidagi xarakteristikalardan birini olish mumkin:
1. Buyumning buzilishgacha bo‘lgan xizmat muddati (yurilgan yo‘li)ning taqsimlanish qonuni. Bu xarakteristika to‘liq hisoblanib, asosiy ishonchlilik ko‘rsatkichlarini, jumladan, berilgan vaqt davomida buzilmasdan ishlash ehtimolligini aniqlash imkonini beradi. Lekin bu ish katta statistik material va xarajatlar talab qiladi. Taqsimlanish qonunini faqat sodda buyumlar uchun kam sarf-xarajatlar bilan olish mumkin.
2. Buyumning buzilishsiz ishlash ehtimolligi berilgan vaqt uchun aniqlanadi, lekin buzilmaslik xarakteristikasi buyumning ko‘proq ishlash davri uchun noma’lum bo‘lishi mumkin. Bunday chegaralangan ma’lumot bo‘yicha ham buyumning ishonchlilik darajasi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin.
3. Sinovlarning murakkabligi va uzoq cho‘zilishi buyumning vaqt bo‘yicha chiqish parametrlari o‘zgarishiga baho berish imkoniyatidan mahrum qiladi. U holda har bir parametr bo‘yicha “ishonchlilik zaxirasi” ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi. Bashorat usullarini qo‘llagan holda sinashlarning bu natijalaridan buyumning ishonchlilik darajasini aniqlashda foydalaniladi.
4. Masalaning murakkabligi tufayli ko‘p hollarda buyumning ishonchlilik darajasini absolut miqdorlarda aniqlash mumkin bo‘lmay qoladi, bu holda uni faqat o‘ziga o‘xshagan buyumning ko‘rsatkichi bilan nisbiy taqqoslashga to‘g‘ri keladi. Natijada sinashlar, buzilmasdan ishlashlik yoki chidamlilik necha marta o‘sdi, degan savolga javob berib, chidamlilikning haqiqiy darajasi to‘g‘risidagi masala hal bo‘lmaydi. Yuqori ishonchli buyumlar uchun sinashlarning usul va hajmlarini aniqlashda faqat vaqt omili asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.