Sonda mosligi
1.Fe’l –kesim I va II shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda mos bo’ladi. Biz yordam berdik.
1.Kesim III shaxsda ega bilan hamma vaqt sonda moslashavermaydi:
2. Kimsani bildirgan III shaxsdagi ega bilan fe’l- kesim sonda mos bo’ladi: Dehqonlar ishni boshlab yubordilar.
3. Ko’plikdagi kimsani emas, narsa- buyumni bildirsa , fe’l-kesim, odatda , ega bilan sonda moslashmay, birlikda ishlatiladi: Kitoblar olindi.
4. Ot-kesim ko’plikdagi ega bilan ko’pincha moslashmaydi: Uyda akam, opam va singlim bor edi.
5. Gapda eganing aniqlovchisi miqdor son bilan ifodalansa, kesim va ega birlik shaklida bo’ladi: Uchta qiz keldi.
Esda saqlang: Ega kesim bilan grammatik va mazmun jihatidan bog’langanligi uchun doimo kesimning shakliga mos shaklda turadi. Eganing kesim shakliga mos (shaxs-son) shaklda kelishiga moslashuv deyiladi.
Masalan, yuqorida keltirilgan talabaman kesimi birinchi shaxs birlikda turganligi uchun uning egasi ham birinchi shaxs birlikdagi olmosh bo’ladi. Kesim bilan ega ba’zan son shakli bo’yicha moslashmasligi mumkin. Xususan, ega narsa, hayvonlarni bildiruvchi so’zlar bilan ifodalanganda : Masalan, qushlar sayraydilar emas, qushlar sayraydi, lekin shaxsda doimo moslik bo’lishi shart.
Juda muhim. Kesim ot kesim bo’lib, uning kesimlik shaklini ko’rsatuvchi bog’lamalar qo’llanilmasa, u vaqtida kesim ohang yordamida shakllanadi.
Quyidagi holatlarda ega bilan kesim orasiga tire qo’yiladi:
1.Gapning kesimi bosh-kelishikdagi ot bilan ifodalanib, bog’lama yoki kesimlik qo’shimchasi bo’lmasa, egadan keyin tire qo’yiladi: Toshkent – go’zal shahar.
2.Gapning egasi yoki kesimi yoxud ularning har ikkalasi harakat nomi bilan ifodalansa va bog’lama bo’lmasa, egadan so’ng tire qo’yiladi: Kulish – umrni uzaytirish vositasi.
3. Gapning egasi yoki kesimi birikmalar bilan ifodlanib, tenglik, o’xshatish, kabi ma’nolarni bildirsa va bog’lama bo’lmasa egadan so’ng tire qo’yiladi: Yaxshi qiz – yoqadagi qunduz.
4.Ega yoki kesim ko’rsatish olmoshi yoxud miqdor son bilan ifodalanib, alohida ajratib ko’rsatilsa, bog’lama yoki kesimlik qo’shimchasi bo’lmasa, egadan so’ng tire qo’yiladi: Ana shu – mening uyim. Uch karra uch – to’qqiz.
5.Ega bilan kesim bu, u, mana bu so’zlari bilan ajratilgan holatlarda tire shu so’zlardan oldin qo’yiladi: Istiqlol – bu xalqning azaliy orzusi .
II. Quyidagi holatlarda ega bilan kesim orasida bog’lama bo’lmasa ham tire qo’yilmaydi:
1.Ega kishilik olmoshi bilan ifodalangan bo’lsa , tire qo’yilmaydi: U tajribali iqtisodchi.
2. Kesim kelishik qo’shimchasini olgan bo’lsa: Butun umidim sendan.
3. Ega bilan kesim o’rtasida ham yordamchi so’zi bo’lsa : Men ham kichik paxtakor.
4. Kesim sifat, son (sanoq sondan tashqari) , ravish bilan ifodalansa: Shahrimiz go’zal. Kitoblar soni beshta. Mening orzularim ko’p.
Diqqat! Ba’zan ta’kidlash ma’nosini kuchaytirish uchun kesimlik qo’shimchasi bo’lishiga qaramay, egadan keyin tire qo’yilishi mumkin: Adabiyot – hayotning in’ikosidir.
Ot kesimning kesimlik shakllari maxsus ifodalanmay, ohang yordamida shakllanganda, shu tugallangan ohangni ifodalash uchun ega bilan kesim o’rtasiga yozuvda tire qo’yiladi. Quyidagi hollarda ot kesim va ega orasida tire qo’yiladi:
1.Ot kesim bosh kelishikdagi ot bilan ifodalanib, kesimlik qo’shimchalarisiz yoki bog’lamasiz qo’llanganda: Tinchlik – farovon hayot manbai. Mening aytadigan gapim - shu. Uch karra uch – to’qqiz.
2. Gapning egasi yoki kesimi harakat nomi yoki sanoq son bilan ifodalanib, kesim tarkibida kesimlik qo’shimchasi yoki bog’lama bo’lmaganda: O’qish – ulg’ayish. Har narsaga qiziqish – biz uchun eski odat. Maqsadim – o’qimoq. Ikki karra ikki – to’rt.
3. Ega ko’rsatish olmoshi bilan ifodalanganda: Bu – siz uchunkatta sinovdir.
4. Ega bilan kesim bu, u , mana bu so’zlari bilan ajralganda ham , ega va kesim orasida tire ishlatiladi, tire bu so’zlardan oldin ishlatiladi: Tinchlik – bu sevinchdir, hayotda lazzat, Tinchlik – bu totuvlik, har ishda orom.
5.Eganing ma’nosi ta’kidlab ko’rsatilganda: Men – mana shu minglarning biriman. Urush – quyon ovi emas. Sen - bizni ozod etuvchisan.
6.Gapning egasi yoki kesimi birikmalar bilan ifodalanib, tenglik, o’xshatish kabi kabi ma’nolarni bildirsa va bog’lama bo’lmasa, egadan keyin tire qo’yiladi: Yaxshi qiz – yoqadagi qunduz.
Ega bilan kesim orasida quyidagi o’rinlarda tire qo’yilmaydi:
1.Agar ega va kesim orasida ham yordamchisi bo’lsa: Olma ham meva. Bular ham-a’lochi.
2.Kesim shaxs qo’shimchasini olsa yoki yuklama bilan birikib kelsa: Bu kishi muallimimiz. Bu ishni bajaruvchi sensan. Yuragi qalam-u, qog’ozi – keng yer.(H.Po’lat) A’lochilaringiz Salimjonmi?
3.Kesim sifat, son (sanoq sondan tashqari), olmosh ravish bilan ifodalansa: Yurtimiz obod. Ona tilidan yuqori baho olgan talabalarning soni yigirma beshta. Nega yurishingiz sekin?
4.Kesim kelishik qo’shimchasini olgan bo’lsa: Butun umidimiz sendan.
5.Ega kishilik olmoshi bilan ifodalangan bo’lsa, bog’lama bo’lmasa ham , tire qo’yilmaydi: U tajribali yurist.
Do'stlaringiz bilan baham: |