Bozorning zarurligi.
Bozor iqtisodiy kategoriya sifatida takror ishlab chiqarishning ayirboshlash bosqichiga xosdir. Bozor tovar ayirboshlashning kelib chiqishi va rivojlanishi bilan bog`liq bo`lib, u ibtidoiy jamoa tuzumining oxirlarida kelib chiqqan va dastlab tovar almashuv, tovar ayirboshlash joyi yoki maydoni, degan mazmunni anglatgan.
Dastlab, bozor ikki yoki bir necha qabilalarning a`zolari bir-birlari bilan tovar almashuv joyi sifatida namoyon bo`lgan bo`lsa, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning kelib chiqishi bilan alohida maydonlar ajratilib bozor joyi, deb e`lon qilingan. Shu maydonda (joyda) kishilar oldi-sotdi qilishgan. Lekin hali u davrlarda tovar ayirboshlash T-T ko`rinishida, ya`ni bir tovarga boshqa tovarni ayirboshlash shaklida yuz bergan. Lekin, tovar ayirboshlash rivojlanib, uning ziddiyatlari kuchayib borishi pulning kelib chiqishi natijasida sotish va sotib olish tovar-pul-tovar ko`rinishida bo`la boshlagan, endi tovarni sotish (T-P) va sotib olish (P-T) zamon va makon jihatdan bir bo`lmasligi mumkin. Chunki sotuvchi o`z tovarini bir joyda sotib, puliga boshqa vaqtda, boshqa joyda kerakli tovarni sotib olishi mumkin bo`lgan. Pul paydo bo`lishi bilan bozor tushunchasining mazmuni o`zgarib, yangi ma`no kasb etadi, ya`ni u tovar-pul muomlasining yangi shakli sifatida namoyon bo`la boshlaydi.
Bozor ishlab chiqaruvchi bilan iste`molchilarning ko`p qirrali murakkab aloqalarini, ularning o`zaro bir-biriga bo`lgan ta`sirini bog`laydigan bo`gin, jamiyat taraqqiyotida mahsulot almashuvini ta`minlaydigan jarayon sifatida shakllandi. Bozor tovarlarni ishlab chiqarish va ayriboshlash, pulning vujudga kelishi, ularning rivojlanishi natijasida kelib chiqqan tarixiy tushuncha bo`lib, hozirgi davrda keng tarqalgan ob`ektiv iqtisodiy jarayondir. Bozor ishlab chiqaruvchilar va iste`molchilar, sotuvchilar va haridorlar o`rtasida pul orqali ayriboshlash (oldi-sotdi) jarayonida bo`ladigan iqtisodiy munosabatlar yig`indisidir. Bozorda hech qanday boylik yaratilmaydi, ishlab chiqarilmaydi. Bozorning asosiy vazifasi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan tovar va hizmatlarni, iqtisodiy resurslarni iste`molchilarga etkazib berishdan iboratdir. Bozor ishlab chiqarish bilan iste`molni bir-niriga bog`laydi, bunda bozor vositachi bo`lib hizmat qiladi. Bozor ayirboshlash kategoriyasi bo`lib, ishlab chiqarishning uzluksiz takrorlanib turishiga yordam beradi.
Iqtisodiyotning nimani, qancha va kim uchun ishlab chiqarish zarur, degan azaliy muammosi bozorda aniqlanadi. Ishlab chiqarishda yaratilgan turli-tuman mahsulotlar va ko`rsatiladigan xizmatlar iste`molchilarga to `g`ridan to `g`ri emas, balki bozor orqali yetib boradi. Bozor ishlab chiqarishni iste`mol bilan bog`laydi, chunki hech bir narsa tekinga berilmaydi, uni bozorda pulga sotib olish talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |