Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy mexanizmlar. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor islohotlari izchil amalga oshirilishi, “Oila yili”, “Sog'lom avlodyili”, “Onalar va bolalar yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili”, “Barkamol avlod yili” singari ko‘lamli davlat ijtimoiydasturlari amalga oshirilishi tufayli O‘zbekistonda bolalarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilish hamda ularning har tomonlama kamol topishini ta’minlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan1.
Bugungi kunda O‘zbekistonda bola huquqlarini himoya qilishning keng institutsional mexanizmi shakllangan. Ushbu mexanizmni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, shuningdek, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar, ijroiya hokimiyatiga qarashli boshqa davlat tuzilmalari, shuningdek, hokimiyatlar, sud, prokuratura organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti kabi davlat organlari, shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat tashkilotlari tashkil etadi.
Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha maxsus komissiyalar. Jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya qonunchiligida, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya normalariga muvofiq keluvchi voyaga yetmaganlarga oid odil sudlovni amalga oshirishning batafsil qoidalari o‘z aksini topgan. Bolalarni nazoratsiz qoldirish, qarovsizlikni bartaraf etish maqsadida, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 2000-yildan buyon voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentabrdagi 360-sonli “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish haqida”gi qarori ushbu komissiyalarning ma’suliyatini yanada mustahkamladi va ijtimoiy og‘ir ahvoldagi oilalar bilan profilaktika ishlarini olib borishni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tuman va shahar hokimiyatlari huzurida 246 dan ortiq bunday maxsus komissiyalar tashkil etilgan. Ushbu komissiyalar xalq ta’limi, o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, prokuratura, ichki ishlar, mehnat organlari, ayollar Qo‘mitasi, kasaba uyushmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mudofaaga ko‘mak jamiyatlari, mehnat jamoalari, madaniy-ma’rifiy va boshqa muassasalarning vakillaridan tashkil etiladi.
Komissiyalarning asosiy vazifalari quyidagilardir:
voyaga yetmaganlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va tiklash, voyaga yetmaganlarning qarovsiz qolishi, ular tomonidan huquqbuzarlik va jamoatga noloyiq bo‘lgan harakatlarning sodir etilishiga olib keluvchi sabablarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
voyaga yetmaganlarning qarovsiz qolishi va huquqbuzarligi bo‘yicha profilaktika, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha davlat organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari faoliyatlarini muvofiqlashtirish;
voyaga yetmaganlarning qarovsiz qolishi va huquqbuzarliklarini profilaktika qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash va boshqa masalalar.
Komissiyalar o‘z vazifalarini amalga oshirishida quyida keltirilgan keng huquqlarga egadir:
komissiya ishi uchun davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
komissiya majlislarida bolalar va o‘smirlarning tarbiyasi va yashash sharoitlariga tegishli masalalar bo‘yicha organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining xabarlarini eshitish;
voyaga yetmaganlar, ota-onalar bilan shaxsan qabul o‘tkazish, ularning shikoyatlari va arizalarini ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy ishlari bilan tanishib chiqish va boshqa shu kabilar.
Komissiyalar o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan qarorlarni qabul qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |