MAVZU: .Avtomatik o‘lchash ko‘priklari. O‘zgarmas tok kompensatorlari
REJA :
.Avtomatik o‘lchash ko‘priklari.
O‘zgarmas tok kompensatorlari
ELEKTR O’LCHASHLAR
Sanoat, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyoviy texnologiya va boshqa sohalardagi ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida texnologik, agrokimyoviy va biologik nazorat bilan birga turli o‘lchash ishlari ham olib boriladi. Shuning uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifati boshqarishda qo‘llanilayotgan nazorat va o‘lchash vositalariga bevosita bog‘liq. Har bir yetuk mutaxassis o‘z ish joyida texnologik jarayon parametrlarini, ularning o‘lchash usullarini, o‘lchash asboblari va qurilmalarining texnik xarakteristikalarini bilishi kerak. Bakalavriatni tugatgan har bir kishi o‘lchash asboblari bilan ishlashda o‘lchash sxemalari va asboblarini ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan bilim va malakaga ega bo‘lishi, elektr, magnit, noelektrik kattaliklarni bilishi, ularni o‘lchashi, nazorat qilishi, o‘lchash asboblarini to‘g‘ri tanlay olishi, xatoliklarning sababini aniqlashi lozim.
Transport, Issiqlik texnikasi, elektroenergetika, qishloq va suv xo‘jaligi, geologiya va geofizika, tibbiyot, biologiya, atrof-muhit ekologiyasi sohalarida yuzaga keladigan muammolarni yechishda turli parametrlarni o‘lchash va axborot olish sezilarli darajada murakkablashib bormoqda. Bu holat yangi o‘lchash usullari va vositalarini yaratishni va birlamchi o‘lchash o‘zgartkichlari – datchiklarga, umuman olganda, o‘lchash texnikasiga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Shuning uchun o‘lchash asboblarining texnik imkoniyatlarini hisoblash, texnika vositalari yordamida kengaytirish va turli sharoitlarga moslashtirish hozirgi o‘lchash texnikasining dolzarb masalasi bo‘lib qolmoqda.
«Elektr o‘lchashlar» fani talabalarga elektromagnit hodisasi va jarayonlarini, elektr, magnit kattaliklar va parametrlarini hamda texnologik jarayonlarni boshqarishda yuzaga keladigan muammolarni hal etishga imkon beradi.
Metrologiya va elektr o‘lchashlardan olingan bilim va ko‘nikmalar kasb-hunar kollejlarining elektrotexnik yo‘nalishdagi talabalariga «Sanoat korxonalarining elektr jihozlari va qurilmalari», «Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish»,
«Elektrotexnologiya» va boshqa fanlarni o‘zlashtirishlarida yordam beradi. «Elektr o‘lchashlar» sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi hamda boshqa sohalar yo‘nalishida bakalavr va mutaxassislar tayyorlashda o‘qitilishi lozim bo‘lgan fandir. Davlat ta’lim standartlari, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablaridan kelib chiqqan holda, bu fan kollej talabalarida metrologiya va elektr o‘lchashlar bo‘yicha zarur va yetarli bo‘lgan bilim hamda ko‘nikmalarni shakllantiradi.
O‘quv qo‘llanmaning maqsadi elektrotexnika, elektroenergetika, radiotexnika va avtomatika cohalariga oid ta’lim yo‘nalishida elektrik bakalavrlarni tayyorlashga ko‘maklashishdir. Talabalar fanni o‘qish jarayonida elektr o‘lchovlar, o‘lchash asboblarining tuzilishi, ularning ishlatilishi va ta’mirlashning asosiy
masalalarini o‘rganadilar. Asboblarning texnik xarakteristikalari va xususiyatlari, ularning qiyoslash usullari hamda qoidalari bilan tanishadilar.
«Elektr o‘lchashlar» fanini o‘rganish natijasida talabalar olgan bilimlari hamda tajribalarini ishlab chiqarishda qo‘llashlari lozim bo‘ladi.
Har bir talaba bilimlarini respublikamiz oldida turgan o‘ta muhim masalalarni yechishga, jahon andozalariga mos keluvchi texnologik jarayonlarni samarali boshqarish hamda mahsulotlarni ishlab chiqarishga safarbar etishi kerak.
Elektr o‘lchashlarning fan va texnikadagi ahamiyati
Moddiy dunyoni bilish usullaridan biri – o‘lchashdir. «Har qanday fan o‘lchashdan boshlanadi», – degan edi buyuk rus olimi D.I.Mendeleyev. Bizga ma’lum bo‘lgan tabiiy fanlardagi barcha qonunlar zamirida o‘lchash yotadi.
Elektrik va noelektrik kattaliklarni elektrik usul bilan o‘lchashlar katta ahamiyatga ega. Elektr o‘lchash usullari boshqa o‘lchash turlaridan soddaligi, ishonchliligi, aniqligi, sezgirligi, qayta o‘zgartirish va uzoq masofaga uzatish imkoni bilan ajralib turadi.
Elektr o‘lchashlar yer qatlamining namligi, sho‘rlanishi, zichligini aniqlashda, shuningdek, yer osti ruda konlarini samolyotdan turib magnit usullar bilan razvedka qilishda qo‘llaniladi. Hattoki sayyoralar va yulduzlar sirtidagi harorat ham fotoelementlar yordamida elektrik usul bilan aniqlanadi.
Murakkab ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish ko‘p jihatdan elektr o‘lchashlarga tayanadi, chunki ular o‘lchash qurilmasi bilan bevosita ishlab chiqarish obyektlariga avtomatik ravishda ta’sir etish, o‘lchangan kattaliklar ustida hisoblash operatsiyalarini avtomatik bajarish imkonini beradi.
Ishlab chiqarishning barcha sohalarida mexanizatsiyalashtirish, elektrlashtirish va avtomatlashtirishni yuqori darajaga ko‘tarish uchun hozirgi zamon talablariga javob beradigan sodda, puxta, mukammal, arzon, yuqorianiqlik va sezgirlikka ega, har qanday sharoitda o‘z ish qobiliyatini saqlab turadigan o‘lchov asboblarini loyihalashtirish, ishlab chiqarish va ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish zarur. Shu bilan birga, ishlab chiqarishni jadallashtirish, mahsulotlarni ko‘paytirish va sifatini oshirish uchun davlat tizimiga tegishli metrologik birlik va metrologik ta’minot tizimini qonun talablari darajasida ishlab chiqish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |