O‘lchash turlari. O‘lchash natijasini hosil qilish usuliga ko‘ra bevosita, bilvosita va birgalikda o‘lchash turlari mavjud. Bevosita o‘lchash turida o‘lchanayotgan kattalikning qiymati bevosita tajriba natijasida topiladi. Masalan, tokni ampermetr, quvvatni vattmetr, haroratni termometr yordamida o‘lchash. Тaqqoslash asboblari yordamida noma’lum kattalik qiymatini o‘lchash ham bevosita o‘lchash turiga kiradi. Bilvosita o‘lchashda o‘lchanayotgan kattalikning qiymati u bilan ma’lum bir bog‘lanishda bo‘lgan boshqa bir kattaliklarni bevosita o‘lchash natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Bu o‘lchash turida o‘lchanayotgan kattalikning qiymati quyidagi formula yordamida topiladi:
Y F ( x1, x2, ... xn )
bu yerda: Y – o‘lchanayotgan kattalikning qiymati, x1, x2, ..., xn – asboblar yordamida bevosita o‘lchangan kattaliklar qiymatlari.
O‘zgarmas tok zanjirining quvvati P ni ampermetr va voltmetr yordamida o‘lchangan tok I va kuchlanish U qiymatlariga ko‘ra P = U I formula yordamida topish yoki o‘tkazgichning solishtirma elektr qarshiligini uning asboblar yordamida o‘lchangan qarshiligi, uzunligi va ko‘ndalang kesimi yuzasi asosida aniqlash bilvosita o‘lchash turiga misol bo‘la oladi.
O‘lchash usullari: o‘lchash usullari ikki guruhga bo‘linadi: bevosita baholash usuli va taqqoslash usuli.
Bevosita baholash usulining mohiyati shundan iboratki, o‘lchanayotgan kattalikning qiymati bitta yoki bir nechta asbobning ko‘rsatishi bo‘yicha bevosita aniqlanadi. Bunda ishlatilayotgan asbobning shkalasi o‘lchanayotgan kattalik yoki unga bog‘liq bo‘lgan boshqa bir kattalik o‘lchov birligi bo‘yicha darajalangan bo‘ladi. Bu usulga zanjirdagi tokni ampermetr, kuchlanishni voltmetr bilan o‘lchash misol bo‘la oladi.
Тaqqoslash usulida o‘lchanayotgan kattalik qiymati avvaldan ma’lum bo‘lgan o‘lchov bilan taqqoslanadi. Bu usulning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, o‘lchash jarayonida o‘lchov bevosita ishtirok etadi.
Тaqqoslash usuli nol, differensial, qarama-qarshi qo‘yish, almashlash va mos tushish usullariga bo‘linadi.
Nol usuli o‘lchanayotgan kattalikni o‘lchov bilan bir vaqtda yoki davriy ravishda taqqoslovchi usul bo‘lib, unga ko‘ra muvozanat ko‘rsatkichi (nol- indikator)ga ta’sir etuvchi natijaviy taqqoslanish samarasi nolgacha kamaytiriladi. Bu usulga elektr qarshiligining to‘la muvozanatlanishiga asoslangan ko‘prik sxemasi bilan o‘lchash misol bo‘lishi mumkin. Ko‘prik sxemasidagi o‘lchovning aniqligi juda yuqori va nol-indikatorning sezgirligi katta bo‘lganligi sababli o‘lchash aniqligi yuqori bo‘ladi.
Differensial usulda asbob o‘lchanayotgan kattalik bilan o‘lchov qiymatlari farqini ko‘rsatadi. Bu usulning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, o‘lchash jarayoni mobaynida o‘lchanayotgan kattalikning qiymati o‘lchov qiymati bilan qisman muvozanatlashadi. Qarshilikni muvozanatlashmagan ko‘prik sxemasi yordamida o‘lchash differensial usulga misol bo‘la oladi. Bu usulning aniqligi
o‘lchanayotgan kattalik va o‘lchovning bir-biridan qancha farq qilishiga bog‘liq. Ushbu farq qancha kam bo‘lsa, usulning aniqligi shuncha yuqori bo‘ladi.
Qarama-qarshi qo‘yish usulida o‘lchanayotgan kattalik va o‘lchov qiymatlari bir vaqtda taqqoslash qurilmasiga ta’sir etadi. Agar aniqligi yuqori bo‘lgan ko‘p qiymatli o‘lchov va soddaroq tuzilishga ega bo‘lgan taqqoslash qurilmasi bo‘lsa, bu usul qulay hisoblanadi.
Almashlash usulida o‘lchanayotgan kattalik va o‘lchov qiymatlari ketma-ket bitta asbob bilan o‘lchanadi. Ikkita o‘lchash natijasi hamda o‘lchanayotgan kattalikning izlanayotgan qiymati topiladi. Qarshilikning qiymatini rostlanuvchi o‘lchov (qarshiliklar magazini) va o‘zgarmas tok ko‘prigi yordamida o‘lchash bu usulga misol bo‘lishi mumkin. Bunda avval qiymati o‘lchanayotgan qarshilik ko‘prik yelkasiga ulanib, muvozanat holatiga keltiriladi. Keyin qarshilik o‘rniga rostlanuvchi o‘lchov ulanadi va uning qiymatini rostlab, ko‘prik yana muvozanatga keltiriladi. Rostlanuvchi o‘lchov qiymati noma’lum qarshilikning qiymatiga teng bo‘ladi.
Mos tushish usuliga ko‘ra o‘lchanayotgan kattalik va o‘lchov qiymatlari-ning farqi asbob shkalasidagi yoki davriy signalidagi belgiga mos kelishi asosida o‘lchanadi. Bu usul noelektrik kattaliklarni o‘lchashda keng qo‘llaniladi. Bunga uzunlikni noniusli shtangensirkul, jism aylanish chasto-tasini stroboskop yordamida o‘lchash misol bo‘la oladi.
O‘lchanayotgan kattalikning o‘lchash jarayonida o‘zgarishi xarakteriga ko‘ra
statik va dinamik o‘lchashlarga ajratiladi.
Statik o‘lchashlarga qiymati o‘lchash jarayoni mobaynida o‘zgarmaydigan kattaliklarni o‘lchashlar kiradi. Bunga o‘zgarmas kattaliklarni o‘lchashdan tashqari, davriy o‘zgaruvchan kattaliklarning turg‘un rejimidagi o‘lchashlar ham kiradi. Masalan, o‘zgaruvchan kattalikning amplituda, effektiv va boshqa qiymatlarini turg‘un rejimida o‘lchash.
Dinamik o‘lchashlarga qiymatlari o‘lchash jarayonida o‘zgarib turadigan kattaliklarni o‘lchashlar kiradi. Masalan, vaqt bo‘yicha o‘zgaradigan kattalikning oniy qiymatini o‘lchash dinamik o‘lchashga kiradi.
FOYDALANILGAN ADABIOTLAR:
METROLOGIA ASOSLARI
https://azkurs.org/2-mavzu-ozgarmas-tok-chiziqli-elektr-zanjirlari.html
https://foydali-fayllar.uz/ozgarmas-tok-murakkab-zanjirlarini-hisoblash-referat/
Do'stlaringiz bilan baham: |