Mavzu. Arxitektura estetikasi.
Режа :
1. Tabiatning estetik jihatlari.
2.Texnikaning inson estetik manfaatlari va faoliyati bilan bog‘liqligi.
3. Zamonaviy shaharsozlik estetikasi
4. Xalq amaliy san’ati va dizayn.
Tayanch so‘z va iboralar: san’at estetikasi, ijodkorlik ,iste’dod,texnikaviy taraqqiyot, dizaynchi-injener ,tasviriy sanat – rang, dizayn, konstruktor — injener , shaxarsozlik, landshaft, me’morchilikda – mutanosiblik, tarbiya, estetik tarbiya, estetik tarbiya vositalari, estetik tarbiya omillari, estetik bilim ,mahalla , san’at, tabiat tarbiyasi, oila tarbiyasi, sport estetikasi, estetik madaniyat, mehnat, inson kamoloti, did, fahm, farosat, “ommaviy madaniyat”.
Tabiatning estetik jihatlari. Tabiatdagi eng oddiy narsa va hodisalar mazmuni va shakli uyg‘unligi bilan go‘zaldir. Go‘zallik bu voqelik (tabiat, jamiyat, san’at) hodisasi bo‘lib, aniq hissiy ta’sir o‘tkazish orqali insonda jismoniy va ma’naviy kuchlar oqimining ko‘payishiga, shodlik, zavqlanish, to‘la ma’naviy qoniqish holati vujudga kelishiga imkon yaratadi. Go‘zallik doimo foydalidir, lekin bu foydalilik jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘ladi.
Tabiatdagi go‘zallik ijtimoiy hayot go‘zalligidan, foydali amaliy faoliyatidagi go‘zallik badiiy ijoddagi go‘zallikdan farq qiladi. Lekin go‘zallik qanchalik o‘zining rango-rangligi bilan ajralib turmasin, ularning barchasi qandaydir umumiy tub belgilarga ega bo‘lib, mana shu umumiy tub belgilar tufayli ularning barchasini maxsus ilmiy-falsafiy istiloh-go‘zallik tushunchasi orqali talqin etish imkoniyati mavjud.
Biz tabiatni nutqlarimizda, she’rlarimizda, maqolalarimizda “Ona-tabiat” deb ataymiz. Darhaqiqat, tobimiz qochsa, shifokorlar bizga bahavo, shaffof suvli tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohlarga borishni, kimsasiz daryo bo‘ylaridagi butazorlar orasida chodir qurib, bir muddat tashvishlardan forig‘ yashashni tavsiya etadilar. Shahar shovqinlaridan, mehnatdan, axborotlar siquvidan charchaganimizda, jamoa bilan yoki oilaviy tarzda shanba yo yakshanba kuni tabiat qo‘yniga chiqib dam olamiz. Toliqsak, doim “onamiz” qo‘yniga intilamiz, ona-tabiat bizni davolaydi, go‘zalligi bilan hayratlantiradi, ruhlantiradi. Lekin bir-ikki kundan so‘ng yana hammasini unutamiz, tag‘in tabiatga bir xizmatkordek qaraymiz. Nega shunday? Chunki biz uni tushunmaymiz, uni bilmaymiz. Shu sababli biror bir odamning yaxshi yoki yomonligiga asl sabablar nimaligini, uning mohiyatini bilmaganimiz, tushunmaganimiz uchun “falonchining tabiati o‘zi shunaqa”, yoki muayyan hayvon yoxud o‘simlikning sir-sanoatidan bexabarligimiz tufayli uni “tabiatan o‘zi shunday” deyish bilan muammoga nuqta qo‘yamiz. Zero tabiat olamiy kubromi (katta olammi), olami sug‘romi (kichik olammi), ya’ni odammi, u – sirli, uni lozim darajada tushunmaymiz va bilmaymiz. Har qancha ekologiyaga e’tibor qilmaylik, uni fan sifatida zo‘r berib o‘qitmaylik, baribir tabiatni tushunishimiz qiyin, zotan ekologiya tabiatni asrashni, qutqarishni, boyitishni targ‘ib qiladi. Biroq ularning hammasiga faqat estetika yordamida, uning ekologiya bilan hamkorligida erishish mumkin. Chunki estetika insonga tabiatni sevishni, uning go‘zalligiga beg‘araz munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi. Ha, tabiat go‘zallik va ulug‘vorlik manbai, lekin faqat inson uchungina shunday emas. Masalan, bulbul tunda, odamlar uxlaganda sayraydi, namozshomgul va ba’zi boshqa gullar faqat qorong‘u tushayotgan paytdan boshlab ochiladi. Demak, hayvonlarni, o‘tloqlarni, daraxtlarni, daryolarni, tog‘larni faqat “biz uchun” deb emas, “biz uchun ham” deb tushunishimiz lozim.
Keyingi bir asr mobaynida inson tafakkurining qudrati, fan-texnika taraqqiyoti jahonning deyarli barcha sivilizatsiyalashgan mamlakatlarida landshaftning (yer yuzi manzarasining) o‘zgarishiga, buzilishiga olib keldi. Masalan, birgina suv omborlarini olib ko‘raylik. Hozirgi paytda minglab kvadrat kilometr takrorlanmas landshaft suv ostida qolib ketdi. Vaholanki, landshaft hayvonlar, qushlar, o‘simliklar, suv, tuproq kabi qit’aviy xazinalarining uyg‘unligidir. Biz esa tabiatga bo‘lgan xudbinlarcha munosabatimiz, unga qornimizni to‘ydiradigan, hayotimizni farovon qiladigan vosita deb qarashimiz tufayli ana shu uyg‘unlikni muntazam ravishda buzib kelmoqdamiz.
Tabiatning estetik xususiyatlari insonni tabiatni sevishga, uning go‘zalligiga beg‘araz munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi, ya’ni tabiatni faqat odamlar uchun yaratilgan deb emas, uni jamiyatdan tashqaridagi umumolamiy mustaqil qadriyat sifatida idrok etishni taqozo qiladi. Ayniqsa, tabiat estetikasining zamonaviy ko‘rinishi bo‘lgan landshaft dizayni masalalariga zamonaviy yondashuv, atrof-muhitni go‘zallashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Shu bois mamlakatimizda landshaft dizaynini yanada rivojlantirish, aholi punktlari va qishloqlararo hududlarning arxitekturaviy-badiiy qiyofasini yaxshilash, landshaft dizayni mutaxassislarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 13 avgustda “O‘zbekiston Respublikasida landshaft dizaynini rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi. Qaror asosida ishlab chiqilgan dasturda Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Nukus shahri va viloyat markazlari bo‘lgan shaharlar obodonlashtirish boshqarmalarining landshaft dizayni guruhlarini, loyihalash tashkilotlarini malakali kadrlar, mutaxassislar bilan ta’minlash, zarur texnika, asbob-uskunalar va materiallar sotib olish uchun mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan. Ayniqsa landshaft, me’moriy dizayn bevosita inson turmush tarzining farovonlashuvi va sog‘lom turmush tarzining vujudga kelishida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Buyuk Kant tabiatni axloqiylik bilan bog‘laydi: “Kimniki bevosita tabiat go‘zalligi qiziqtirsa, bu uning fikrlash tarzida, yo‘q deganda, axloqiylikka, ezgulikka qobiliyat mavjudligidan dalolat beradi”, – deydi u.1 Ammo Xegelning, tabiatda ideal yo‘q, shu sababli u ikkinchi darajali go‘zallik turi, degan fikri estetikada hukmronlik qilib keldi, ayniqsa, bu fikr tabiatni “bo‘ysundirishni” targ‘ib qilgan markschilikning tegirmoniga suv quydi. Natijada uzoq yillar mobaynida tabiat estetikasiga e’tibor qaratilmadi. Biz me’moriy obidalarni asrash, tiklash haqida qayg‘urdik, ularni estetik qadriyatlar deb e’lon qildik, lekin landshaft estetikasini chetga chiqarib qo‘ydik.
Do'stlaringiz bilan baham: |