Mingtepa bu:
► arxeologiya yodgorligi; ► jahon sivilizatsiya beshiklaridan biri; ► eramizdan avvalgi V – IV va eramizning IV asrlarida hukm surgan boy va zich axolisiga ega bo’lgan, 70 dan ortiq shaharlarni o’z ichiga olgan Dovon (Parkana) davlatining poytaxti Ershi shahrining vayronasi; ► vodiydagi o’zida shaharsozlik madaniyatini yaxshi saqlab qolgan eng mahobatli yodgorlik; ► Buyuk Ipak Yo’lidagi katta ahamiyatga ega bo’lgan shahar; ► katta saltanatlarning xujumlarini mardonavor qaytara olgan qal’ali shahar (masalan, eramizdan avvalgi 104 va 101 yillardagi urushlar); ► “samoviy otlar” – tulpor, duldul, qorabayirlarning vatani; ► qadimda uzum, musallas, beda kabi maxsulotlarni eksport qilgan yurt; ► yodgorligi ichki (41,2 gektar) va tashqi (300 gektardan ortiq) qal’alar bilan o’ralgan shahar; ► O’zbekiston davlatining tarixini boyitadigan ob’ekt; ► Dovon davlati tarixiga oydinlik kiritadigan yodgorlik; ► O’zbekiston tarixida katta iz qoldirgan Mug’uva, Yetimxon, Dukchi Eshon, Samar Bonu, Mulla Jalol, Vosiliy kabi ulug’ insonlar yurti; ► jahon turizmining qaynoq nuqtasiga aylanadigan ob’ekt; ► yodgorligi bazasida muzey – shahar barpo etish mumkin, kerak, muhim. Agar biz muzey – shahar yarata olsak, birinchidan, kelajak avlodga yodgorlikni bus – butun saqlab qolamiz, ikkinchidan, muzeyni ochiq osmon ostida qurib, turizmni rivojlantiramiz va chekka hududda iqtisodiy samaraga erishamiz, uchinchidan, tadqiqot ishlari olib brishga, axoliga bilim berishga imkon yaratamiz, to’rtinchidan, ko’plab yangi ish o’rinlarini barpo etamiz… ► o’z mahobati, qadimiyligi va arxeologik osori atiqalarining ko’pligi, o’nlab yillar tadqiq etilishiga loyiqligi bilan O’zbekistonning jahondagi obro’sini oshirishga qodir yodgorlik…
XIX asrda boshqa xududlarga nisbatan bir muncha taraqqiy etgan, o’nlab ta’lim muassasalariga – o’g’il bolalar va qizlar uchun aloxida maktablarga, o’nlab olimu fuzalolarga, jafokash, matonatli xalqiga ega bo’lgan millat sha’nini himoya qilish uchun, yurt ozodligi yo’lida bosqinchilarga qarshi bosh ko’targan (1878 -yildagi Yetimxon va 1898-yildagi Andijon qo’zg’olonlari) Mingtepani nom nishoni bilan yo’q qilishga harakat qilindi. Mingtepani yer bilan yakson qilish to’g’risida buyruq berildi. Uning markazi uch kun to’plardan o’qqa tutildi, qishloqlar vayron qilindi. Mahalliy xalqni ma’naviy jazolash uchun Dukchi Eshon masjidi buzib yuborildi. Yer bilan tep-tekis qilingan qishloq o’rnini boshqa yutlardan ko’chirib keltirilgan 450 xonadonga MARHAMAT (tuman va shaharning xozirgi nomi shu so’zdan olingan) qilindi va “Russkoe selo” deb 1975-yilga qadar atab kelindi. Bu nom 1926-yilda yangi tashkil etilgan tuman nomiga va 1975-yildan tuman markazi nomiga ham ko’chib o’tdi. Tarixiy adolatsizlikka barxam berish, o’zlikni anglash yo’lida xalqimizning iftixori bo’lgan Mingtepaning nomini tiklash Vatanni jonidan ortiq ko’ruvchi o’zbek ziyolilarining orzusiga aylangan.
Mingtepa shahar xarobasining salohiyati va bugungacha saqlanib qolgan xolatiga e’tibor qaratsak, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar Akademiyasi instituti bilan 2012-yildan beri olib borayotgan arxeologik qazishma ishlari natijasi bo’yicha olimlarning xulosasiga ko’ra undagi tepaliklar 64 ta bo’lib xozirgi kunda ellik ikkitasi saqlanib qolgan.
Qal’aning ichki qismidagi markaziy tepalikning madaniy qatlami 10 m.dan ortiq. Eng quyi qatlami miloddan avval IV asrga oid. Bu yerda shahar arki bo’lgan tepalik saqlanib qolgan. Mingtepa mudofaa devorining har 38-40 m. masofasida kuzatuv minorasi o’rnatilib, uning uzunligi 18 m. eni 9 m, balandligi 5-6 m.ga yetadi. Topilmalar: toshyo’lak, ishlab chiqarish korxonasi, har xil o’lchamdagi xumlar, tosh, sopol, suyak qoldiqlari, hatto bir tomonida jangchi va ot, ikkinchi tomoniga ot yoki kiyikka o’xshash hayvon surati tushirilgan sopol parchasi topildi. Shaharning janubiy va g’arbiy darvozalarining o’rni va ularga tutash ko’chalarning o’rinlari aniqlandi. Shuningdek, shaharning mudofaa tizimi o’rganilib, ulardagi minoralar qurilishi bosqichlari haqida ilmiy asoslarga ega bo’lindi. Bu qadimiy mudofaa devorlari yaxshi pishirib tayyorlangan g’isht va paxsalardan tiklangan bo’lib ming yillar o’tsa ham o’zining sifatini va mahobatini saqlab qolganligi bilan kishini hayratga soladi.
Shaharning tuzilishi, mahobati, bu yerda qadimiy hunarmandchilikni yuksak darajada rivojlanganligidan darak beradi. Hunarmandchilikning toshtaroshlik, kulolchilik, to’qimachilik, temirchilik kabi sohalari ancha rivojlanganligi bu yerdan chiqqan moddiy ashyolardan bilish mumkin. Sopollar qo’lda, yopma usulda va kulolchilik charhida tayyorlangan. Sopol idishlar yuksak did bilan nafis etib tayyorlangan bo’lib, ba’zilariga tirnab gul solingan. Topilmalarga tushirilgan rasmlar yuksak mahorat bilan ishlangan. “Bunday kompozitsiyali rasm vodiy kulolchiligida birinchi marta topildi”, deydi O’zbekiston-Xitoy xalqaro ekspeditsiya rahbari, tarix fanlari doktori, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti prfessori B.X.Matboboev.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Xitoy yozma manbalarida yoritilgan bu mahobatli qal’a ajdodlarimizni bir necha bor tashqi saltanatlar xujumidan himoya qilib qolganligini, xozirda u qadimgi shaharsozlik madaniyatini o’zida yaxshi saqlaganligini hisobga olib va yuqoridagi ilmiy izlanishlar, arxeologik topilmalar va xulosalardan kelib chiqib aytish mumkinki, Mingtepa shahar xarobasi Vatanimiz tarixida muhim o’rin egallovchi tarixiy yodgorlik hisoblanib, yurtimizning qadim o’tmishi, xatto ta’bir joiz bo’lsa ta’kidlash o’rinliki, insoniyatning ko’xna tarixidan so’zlovchi qadimiy yodgorlik ekanligi ma’lum bo’ldi.
Mingtepa yodgorligini saqlash – bu bizning buyuk ajdodlarimiz ruxi oldidagi burchimizdir! Bu kelajak avlodga ushbu qadimiy mahobatli inshoatni bus-butun yetkazish burchidir!! Bu haqiqiy INSON ekanligimizni bildirib turuvchi burchdir!!!
E’tiboringiz uchun raxmat
Do'stlaringiz bilan baham: |