Mavzu: Gulxaniy. “Zarbulmasal” asari.
R E J A:
Gulxaniyning hayot yoli.
Shoir ijodi.
"Zarbulmasal" haqida.
Gulxaniy XVIII asrning oxirlari - XIX asrning birinchi yarmidagi o'ziga xos namoyandalardan bo'lib, u o'z ijodiy faoliyatida hajv va masal janrini yangi bosqichga ko'tara olgan, ham nazmda, ham nasrda go'zal badiiyat namunalarini yaratgan benazir shoir va masalnavisdir.
Gulxaniyning hayot yoli. Shoirning asl ismi Muhammad Sharif bo'lib, Gulxaniy adabiy taxallusidir. Gulxaniy XVIII asrning 70-yillarida tug'ilgan. Yoshligidan moddiy qiyinchilikda yashadi. Bo'lajak shoir tirikchilik tashvishida Qo'qonda Olimxon saltanati davrida xonning askarlari safiga qo'shiladi, ya'ni sipohiylikka yollanadi. Muhammad Sharif navkarlikda sidqidildan xizmat qiladi, janglarda faol qatnashadi. Shunday bo'lsada, xon tomonidan taqdirlanmaydi, hamisha qashshoqlikda kun kechiradi. Shoirning hayot tarzi haqida ma'lumot beruvchi manbalardan biri "Bideh" ("Ber menga") radifli 9 baytli she'ridir. Shoir bu she'rida muruvvat istab, saxovat tilab xonga murojaat qilar ekan, armonlarga to'la hayotining real manzarasini chizib beradi. Mazkur she'rda shoirning sipohiylik davridagi kayfiyatlari, og'ir turmush sharoiti yaqqol seziladi:
Hazratim ochlikdan o'ldim, yegani non ber menga,
Kofir o'lg'ayman адаr desamki, bohmon ber menga.
Hasbi hol tarzidagi mazkur g'azaldan ham ma'lum bo'ladiki, Gulxaniy nihoyatda nochor qolgan. G'azal matlaida xonga yolvorib yegani non so'ragan shoir-navkarning qalb alamlari keyingi baytlarda ochila boradi. Yalinish ohanggidagi so'rov keyingi misralarda shiddatli talablarga aylanadi. Shoir inson uchun zarur bo'lgan mosh, bug'doy, guruch berib, non bilan qornini to'yg'azishini, egniga biror yopiq berishligini qat'iy so'rab, boshqa hech narsa - qimmatbaho "aqiqu la'lu marjon" yoki "bahmon" so'ramasligini ta'kidlaydi, hatto "desam kofir o'lg'ayman" deya qasam ham ichadi. G'azal davomida shoir hukmdorning navkarlarga nisbatan muruvvatsiz ekanligini yuziga soladi. G'azalning maqta' qismida shoirning "er yigitlar qatoridan kamsitmaslik" haqidagi istagi beriladiki, bu ma'lum muddat xon Gulxaniy dunyoqarashidagi o'ziga yoqmagan jihatlari uchun uni quyi darajadagi sipohga aylantirib, shunga mos oz maosh to'lab, uni mana shunday qiyin ahvolga solib qo'ygan bo'lishi mumkin degan xulosaga kelishimizga asos bo'ladi. Mazkur g'azal Gulxaniyning navkarlik vaqtidagi ayanchli ahvolini ko'rsatuvchi avtobiografik tarzdagi she'r bo'lib qolmay, balki hukmdorga qarata yurtning posbonlariga nisbatan e'tiborliroq bo'lishligi uchun chaqiriq ham edi. Bir so'z bilan aytganda, Gulxaniyning sipohiylik yillari hayotining eng og'ir onlari edi. Lekin shunga qaramay, shoirning ilm olishi va ijod qilishi uchun qizg'in yillar bo'ldi. Olimxon vafotidan so'ng taxtga chiqqan Umarxon o'z hokimiyatini mustahkamlash va yangilash maqsadida atrofiga qalam ahllarini yig'adi. Shular qatorida Gulxaniy ham saroyga taklif qilinadi, Gulxaniy ham boshqalar kabi shoh Umarxondan ko'p yaxshiliklar kutadi, hatto buning orzusida xonga atab, uni madh qiluvchi she'rlar yozadi, ammo xonlikning qora tusdagi siyosati o'z hukmida qoladi, bundan xafsalasi pir bo'lgan shoirning saroy ahliga bo'lgan munosabati o'zgaradi. Shohni ta'riflovchi emas, unga e'tiroz bildiruvchi she'rlar yoza boshlaydi. Gulxaniy hayotining oxirgi davri haqida turlicha ma'lumotlar bor. Ba'zi manbalarda Umarxon vafotidan keyin Gulxaniy o'z vataniga qaytib ketganligi taxmin qilinsa, boshqa manbalarda uning Muhammad Alixon tomonidan aldab o'ldirilganligi haqida aytiladi. Biroq tarixiy manba sanalmish Dilshod Barnoning "Tarixi muhojiron" asarida Gulxaniyni Muhammad Alixon hukmronlik davridan avvalroq yashab o'tganligi va ellik besh yoshlar atrofida vafot etganligi haqida yoziladi. Ushbu faktik manbaga asoslanib, mutaxassislar shoirning vafot yilini Amir Umarxon hukmronligi davrida (1820 - 1822yillar oralig'ida) deb taxmin qiladilar.
Shoir ijodi. Gulxaniy - iste'dodli shoir. U o'zbek va fors-tojik tilida bemalol ijod qila olgan zullisonayn hamdir. Shoir "Gulxaniy" va "Ju’rat" taxallusi bilan she'rlar yozgan. Ayrim adabiy manbalarda shoir hammomda go'laxlik, ya'ni o't yoquvchilik qilgan, shuning uchun o'ziga "Gulxaniy" deb taxallus olgan deyiladi. Zamondoshi Fazliy esa Muhammad Sharifning o'ziga "Gulxaniy" taxallusini olish sababini shoirning devonavorligi, olovtabiatligidan kelib chiqqan deb hisoblaydi:
Xusho Gulxaniy shoiri purfanast,
Chi gulxanki, zebotar az gulshan ast
Zi devonaxo'yiyu otashfani
Taxallus nihoda ba xud Gulxaniy, —
ya'ni "Gulxaniy gulxandek shu'la tarqatuvchi san'atkor shoir. Gulxan nima bo'libdi, u gulxandan ham go'zalroq. U devona fe'lligi va otash tabiatligidan o'ziga "Gulxaniy" deb taxallus qo'ydi". Shoirning "Jur'at" taxallusini olganligi, uning jur'atli , jasur va qat'iyatli bo'lganidan nishona beradi. Gulxaniy adabiy merosini ikki turdagi asarlar - forsiy va turkiy tildagi she'rlari va " Zarbulmasal" asari tashkil qiladi. Turkiy tildagi she'rlari "Gulxaniy", forsiy tildagi she'rlari esa "Jur'at" taxallusi bilan yozilgan. Shoirni she'r va qasidalardan iborat devoni bo'lganligi haqida xabar bor, lekin u hali hanuz topilgan emas. Uning 12 ta g'azal va bir qasidasi Fazliy tazkirasi orqali bizgacha yetib kelgan. Shunga qaramasdan, bu sanoqli she'rlar shoirning badiiy mahorati haqida to'la tasavvur bera oladi. Gulxaniyning bizga ma'lum she'rlarini o'zi ham uning g'azalchilikdagi mahoratini va o'ziga xos uslubini belgilay oladi, ya'ni shoirning xos tomonlaridan biri she'rlari sodda, misralar samimiy va tushunarli, kezi kelganda xalqona:
Va'dalar qilib erding: "Shod etay seni g'amdin",
Ushbu g'amdajon berdim, qani ahdu paymonlar?!
San nechuk paridursen, topmadim so'rog'ingni,
Kezmisham quyun yanglig' vodiyu biyobonlar.
Gulxaniyni qon tortdi - azmi ko'yi yor etti,
Qatl etarga mijgonlar chekti tig'i uryonlar.
Shoirning mahorati shunda ko'rinadiki, shoir lirik qahramonining zabun holi, ma'shuqaning o'jarligi, vafosizligi, oshiqqa bergan azoblarini tasvirlovchi ishqiy manzumalarining tubida ham katta ijtimoiy mazmun, ijtimoiy voqelikka munosabat hukm suradi. Gulxaniyning mayjud she'rlari shoir ijodining badiiy mahoratini bemalol belgilay oladi. Chunonchi, shoirning "Biri" radifli g'azalida shoir o'zining poetik imkoniyatini, ijodiy salohiyatini namoyon etadi. Shoir o'zining otashin ishqini sevgilari dunyoga doston bo'lgan Farhod, Majnun kabilarning tuyg'ulariga mengzaydi, hatto o'zidagi ishq o'tini ularnikidan ko'ra haroratliroq deb ham baholaydi.
Gulxaniyning purma'no baytlarida xalq hikmatini eslatuvchi satrlar ham bor.
O'z makonin tilar hargiz qafasdin qochsa qush,
Eyki, istarsiz ko'ngulni, zulfi ham torin ko'rung.
Mumtoz adabiyotimizda "irsoli rnasal" degan san'at bor. Bu she'riyat va nasrda ifodala-nayotgan biron fikrni isbotlash uchun xalq maqolini keltirish san'ati sanaladi. She'riyatda maqol har doim ham aynan qo'llanmaydi, ko'p hollarda maqollar ma'nosi she'r mazmuniga singdiriladi. Shuningdek, yuqoridagi biz keltirgan baytda ham xuddi shunday hol mayjud, baytning birinchi misrasida xalq orasida keng qo'llaniladigan "O'z uying o'lan to'shaging" maqoli she'rning mazmuniga singdirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |