Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, huquqshunoslarimizning, pedagoglar va matbuot xodimlarining, kino, teatr san’ati ustalari va nashriyot xodimlarining hamda jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir-yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo’ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko’pgina yo’nalishlari bo’yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, ona tilimiz rivojiga oid yangi qoidalar va qarorlar inobatga olingan holda til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko’pgina munozarali masalalar o’zining nazariy asosiga qo’yildi.
Til birliklarining adabiy shaklda me’yorlashuvida badiiy adabiyotning o’rni ham alohida. Badiiy ijod jarayonida shoir va yozuvchilar o’z fikr va hissiyotlarini boshqa ijodkorlardan farq qiladigan, favqulodda original ifodalarda berishga intiladilar. Bu yo’lda ular yangi so’z va iboralar yaratadilar. Yaratilgan birliklar o’sha matnning o’zida qolib ketaverishi, ommalashmasligi, adabiy tildan o’rin olmasligi, bir so’z bilan aytganda, tilda me’yorlashmasligi mumkin. Ularning me’yorlashishini sharoit, vaqt va ommaning qabul qilishi kabi omillar belgilaydi.
Ammo bir narsa ravshanki, bu birliklar o’zi qo’llangan matnda badiiyat uchun, obrazli tasvir va ifoda uchun xizmat qiladi. Shunday ekan ularni bir uslub doirasida me’yoriy deb hisoblashga asosimiz bo’ladi. Adabiy asarlardan namunalar keltiramiz: Shovillaydi tun bo’yi shamol. Qaldirg’ochlar uchun l a r z a k o r (A.Oripov. Shovilladi tun.), Lekin faqirga eng ulug’ tuyulgan fazilatlari - Hazrat Mirning i s t ye ‘ d o d sh u n o s l i k l a r i - yu, z a k o v a t p a r v a r l i k l a r i edi (P.Qodirov. Yulduzli tunlar), Ammo samo o’g’li ya sh i n v o r, Tashlanmasdan ohuga yovqur, Changalidan ketgandi mador, Ko’zlarida so’ngan edi nur (O. Matjon. Aks-sado) kabi.
Tildagi birliklar va hodisalarning reallashuvi, mustahkamlanuvi hamda me’yorlashuvida yozuvning xizmati katta ekanligi shubhasiz. O’zbek davlatchiligining shakllanishi hamda xalqimizning dunyo fani va madaniyatida, binobarin, til va nutq madaniyatida tutgan o’rni, egallagan mavqyei haqida so’z yuritganda bu xalqning necha ming yillar davomida foydalanib kelgan oromiy, yunon, karoshta, sug’d, xorazm, kushon, eftalit, pahlaviy, suriya, hind, urxun (runik), uyg’ur, arab, lotin, rus (kirillisa) yozuvlarini va yana lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tayotganligimizni eslash kifoya. Shunday ekan, o’zbek adabiy tilining shakllanishi, o’zbek xalqi asrlar davomida foydalanib kelgan yozuv madaniyatining takomili hamdir.
Til tadqiqotchilarining tasdiqlashicha, davlatchilik darajasida, ya’ni rasmiy muomalada tildan foydalanish uning me’yorlashuvini, binobarin, adabiy tilning shakllanuvini tezlashtirgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, qayerda davlatchilik taraqqiy etgan, mustahkamlangan va bu davlatning boshqa davlatlar bilan munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan va rivojlangan bo’lsa, shu yerda tilning me’yorlashuvi va madaniylashuvi ham tezroq amalga oshgan.
Darhaqiqat, davlat olib borgan ijtimoiy siyosatning til rivoji va me’yorlashuviga ta’siri sezilarli bo’lishi mumkin. Buni sobiq Ittifoq hududida yashovchi xalqlar tillariga bo’lgan munosabatdan ham anglasak bo’ladi. «Rus tili – ikkinchi ona tilimiz» degan sun’iy shior bir asrga yaqin vaqt mobaynida asta-sekinlik bilan tilimizga rus yoki u orqali boshqa tillardan so’z qabul qilish va ularning me’yorlashib borishini ta’minladi. Biz hyech ikkilanmasdan, xuddi shunday bo’lishi kerakdek, absolyut, avangard, avantyura, avariya, avtobiografiya, avtonom, avtor, agitator, agressiv, agressor, aktiv, aktual, alfavit, alyans, amnistiya, anonim, arbitr, aristokrat, aristokratiya, arsenal, arxaik, ataka, attestat, auditoriya, aforizm singari so’zlarni qo’llayverdik va shunday qo’llashga ko’nikdik. Ularning tilimizda muqobillari yo’qmikan deb o’ylab ko’rmadik. To’g’risi, bunga imkon ham, umumiy oqimdan chetga chiqishning iloji ham yo’q edi. Loqaydligimiz esa bunga ko’maklashdi.
Rus tilining tazyiqi kuchayib borgan sari, asta-sekinlik bilan, o’zimiz sezmagan holda o’z so’zlarimiz va ifoda usullarimizdan voz kecha boshladik. O’nta sigir, o’nta qo’y deyish mumkin bo’lgani holda o’n bosh qo’y, o’n bosh sigir, o’n bosh qoramol deb ishlata boshladik. Bu ruscha matnlardagi «desyat golov oves», «desyat golov korova» degan birikmalarning aynan tarjimasi edi. Shu darajaga borib yetdikki, tilimizdagi oddiy sovliq, qora mol, uloq so’zlarini unuta boshladik. Ularni rus tilidan kalkalab, ona qo’y (ovsematok), ona tovuq, ona cho’chqa, ona quyon, ona biya, yirik shoxli qoramol (krupnыy rogatыy skot), mayda shoxli mol (melkiy rogatыy skot) tarzida ishlatishdan tortinmadik. Achinarlisi shu bo’ldiki, oddiy o’zbek chorvadorlarimizning, cho’ponu molboqarlarimizning o’zlari ham gazeta yoki radiodan muxbir kelib suhbatlashganda shunday deb gapiradigan bo’ldilar.
O’zbek tiliga chetdan kirib kelgan birliklarning me’yorlashish sabablarini shu tarzda anglaydigan bo’lsak, uning lug’at tarkibidagi grekcha- yunoncha, mo’g’ulcha, ayniqsa, arabcha so’zlarining paydo bo’lish omillarini ham to’g’ri tushunamiz. Xayriyatki, mustaqilligimizni qo’lga kiritib, biz bu kamchiliklardan qutuldik. Hyech bo’lmaganda, asta-sekinlik bilan qutulib borayapmiz. Buni yuqorida tanqid qilganimiz chorvachilik sohasida atamalar ishlatishdagi o’zgarishlarda ham kuzatamiz. Masalan, Samarqand qishloq xo’jalik institutining 70 yilligiga bag’ishlab nashr etilgan «Qishloq xo’jalik korxonalari rahbarlari va fermerlar uchun amaliy qo’llanma va tavsiyalar» (Samarqand, 1999) kitobining «Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi» bo’limida yuqorida keltirilgan atamalar o’rnida qoramol, sigir, buzoq, tana, g’unajin, buqa, qo’y, qo’chqor, sovliq, qo’zi, echki, uloq so’zlari qo’llanganini kuzatamiz7.
Do'stlaringiz bilan baham: |