4.1-rasm. Hosilaviy vositalar turlari
Forvard shartnoma – bu ikki tomon o‘rtasidagi bitim bo‘lib, unga ko‘ra tomonlardan biri bazaviy aktivni kelajakda belgilangan vaqtda belgilangan ijro narxi bo‘yicha sotish, ikkinchi tomon esa – shu aktivni xarid qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Forvard shartnomalar birjadan tashqarida tuziladi va ular tuzilgan paytda kontragentlar biron-bir xarajat qilishi shart emas.
Fyuchers shartnoma – xuddi forvard shartnomaga o‘xshab ketadigan bitim. Fyuchersning o‘ziga xos xususiyati shundaki, bu vosita standartlashtirilgan hisoblanadi va faqat birja savdosining ob’ekti sifatida ishtirok etadi.
Opsion shartnoma – ikki tomon o‘rtasidagi bitim bo‘lib, sotuvchining javob harakatlarida xaridorga bazaviy aktivni kelajakda belgilangan ijro narxi bo‘yicha xarid qilish (agar bu xaridga opsion bo‘lsa) yoki sotish (agar bu sotishga opsion bo‘lsa) huquqini beradi.
Svop – ikki tomon o‘rtasida tuziladigan, kelishib olingan shartlarga muvofiq kelajakda belgilangan to‘lovlar va (yoki) bazaviy aktivlar (shartli summalar) almashinish haqidagi bitimdir.
Ekzotik hosilaviy vositalar qatorida standart vositalardan farq
qiladigan shartlarda yoki bir nechta vosita xususiyatlarini birlashtiradigan
forvard, opsion va svoplarni ko‘rsatish mumkin.
Ularning asosida yotadigan bazis aktivlarga qarab hosilaviy vositalar quyidagi turlarga taqsimlanadi:
– tovar hosilaviy vositalar (neft, neft mahsulotlari, elektr
energiyasi, metall, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – don, shakar, qahva va h.k.ga derivativlar);
– valyuta hosilaviy vositalar (valyuta boyliklariga derivativlar);
– fond hosilaviy vositalari (aksiyalar, obligatsiyalar, fond indekslari, o‘zgarish indekslariga derivativlar);
– foizli hosilaviy vositalar (qarz majburiyatlari bo‘yicha foiz stavkalariga derivativlar);
– kredit hosilaviy vositalar (ular bo‘yicha to‘lovlar belgilangan kredit hodisalar ro‘y berishiga bog‘liq bo‘lgan derivativlar);
– nostandart bazis aktivli boshqa hosilaviy vositalar (jumladan,ob-havo derivativlari, saylov natijalariga asoslangan derivativlar va h.k.).
Hosilaviy vositalar muomalada bo‘ladigan bozorlarga qarab, quyidagilar ajratib ko‘rsatiladi:
– birja vositalari (ular qatoriga fyucherslarning barcha turlari va birjada muomalada bo‘lgan standartlashtirilgan opsionlar kiradi);
– birjadan tashqari vositalar (forvardlar, birjadan tashqari opsionlar, svoplar, ekzotik hosilaviy vositalarning aksariyati).
Ijro etish usuliga qarab quyidagilar ajratib ko‘rsatiladi:
– yetkazib berish vositalari (shartnomani ijro etish vaqtida bazis aktivni jismoniy yetkazib berish ko‘zda tutiladi);
– hisob-kitob vositalari (bitim tomonlaridan biri boshqa bir tomonga narx tafovutini qoplaydigan pul miqdori to‘lashini ko‘zda tutadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |