l.Transformatsiyalash (aylantirish) usuli.
Distributiv tahlil usuli doirasida shakllangan bo'lib, oddiy sintaktik qurilmalardan murakkabroqlarini, bir turdagi sintaktik qurilmadan boshqa turdagisini ma'lum qoidalar asosida hosil qilish yo'l va vositalarini tadqiq va tahlil etishga mo'ljallangan.
Bu tahlil usulida markaziy (asosiy, ilk sodda) birlik (odatda aniqlik mayli, umumiy zamon, umumiy shaxs va son shakl va ma'nolaridagi gap yoki, masalan, aniq nisbatli qurilma v.h.) tanlanib, shu qurilmadan boshqa ma'noli va vazifali qurilmalarni hosil qilish chizmalari (chunonchi, ko'chirma gapli qurilmalardan o'zlashtirma gapli qurilma hosil qilish chizmasi) aniq belgilanadi, kodlashtirib, modellashtiriladi.
Bunday model (qurilma chizmalar) samarasi avtomatik (mashina, kompyuter) vositasida ma'lum bu dastur asosida bir qurilmadan ikkikinchisini to'g'ri hosil qila olish bilan belgilanadi.
Bu tahlil usuli mashina tarjimasida, matnlarni avtomatik tahlil jarayonlarida keng qo'llaniladi, ko'p holda injener (kompyuter) lingvistikasi va matematik lingvistika bilan qorishib ketadi.
Bu tahlil usuli bilan fanimizda qisman Sobirjon Muhammedov (injener lingvistikasi yo'nalishida) va Sattor Mahmatqulov shug'ullanishgan.
2. Komponent tahlil usuli.
Mohiyatan kimyo fanida moddalarni ularni tashkil etuvchi kimiyoviy unsurlarga ajratish bilan o’xshash bo'lib, tilshunoslikda asosan, deskriptiv va funksional lingvistika ichida shakllangan tahlil usulidir. Bu usul ma'noli 1isoniy birliklar (morfema va leksemalar)ning ma'nolarini tarkibiy qismlarga (semalarga) ajratib, bu birliklar ma'lum lisoniy paradigmalarda qaysi tarkibiy qismi (semasi) bilan kirishi va qaysi semasi bilan farqlanishining tahlil va tavsifini beradi. Ma'lum paradigmani tuzuvchi, birlashtiruvchi semalar integral (birlashtiruvchi, umumiy), paradigmalarda har bir birlikni ajratuvchi semalar esa differensial (farqlovchi) sema deyiladi. Chunonchi, ota - ona, bobo - buvi, o'gil - qiz, kuyov - kelin semalari qarindoshlikni atovchi ma'noli bo'lagi (semasi) asosida birlashib, erkak, ayol jinsiga mansublik semasi bilan farqlanadi.
Bir lisoniy birlik turli semalari asosida turli-tuman paradigmalardan o'rin egallashi sababli (chunonchi, ona-xola, ona-buvi, ona-qiz, ona-opa v.h.) bu lisoniy birlikning turli paradigmalardagi differensial semalari uning umumiy lisoniy ma'nosida birlashtiriladi (komponent sintez) va kontekstual tahlil usuli vositasida har bir semaning kuchayish va zaiflashish o’rinlari (relevant va irelevant pozitsiya va holatlari), minimal, qulay va noqulay kontekstlari (voqelanish sharoitlari) aniqlanadi.
Bu usul idrokiy-dialektik-idealistik metodologiyaga tayanadi. O'zbek tilshunosligida bu tahlil usuli bilan G'anijon Zikrillayev, Sharifa Mandarova, Malika Narziyeva, Salohiddin G'iyosov, Halima Hojiyeva, Nigora Nishonova, (Gulnoz Ne'matova, Feruz Safarov kabilar shug'llanishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |