Tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishi



Download 61.5 Kb.
Sana28.06.2017
Hajmi61.5 Kb.

Aim.uz

Tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishi
Ma’lumki, leksema shakl va mazmun tomoniga ega bo‘lgan til birligi hisoblanadi. Uning shakliy barqarorligi va qaysidir lisoniy qolip mahsuli ekanligi shakliy tomoni bo‘lsa, semema uning ichki tomoni (mazmun)ini tashkil etadi. Tilshunoslikda sememaning tarkibiy qismlari (sememani hosil qiluvchi ma’no bo‘laklari) sema deb yuritiladi. Semema semalari nutqda turli sathlar hamkorligida namoyon bo‘ladi.

Tilshunos B.R.Mengliyevning “Lisoniy tizim yaxlitligi va unda sathlararo munosabatlar” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida leksik birliklarning nutqiy voqealanishida, asosan, morfologik, sintaktik va uslubiy omillar hamkorlik qilishi aytib o‘tilgan1. Olim o‘z ishida ushbu hamkorlikdagi sathlarning hissasini uchburchak burchaklarining mazkur figuradagi hissasiga qiyoslaydi. Bunda burchaklar o‘zaro teng bo‘lishi ham mumkin, yoki burchaklardan birining kengayishi qolgan burchaklarning torayishiga olib keladi. Shuningdek, leksik birliklarning nutqda voqelanishida ham morfologik, sintaktik va uslubiy omillardan birining kuchayishi boshqalarining susayishiga sabab bo‘ladi.

Leksemalarning OLM (oraliq lug‘aviy ma’no)larini farqlashda, ayniqsa, morfologiya va sintaksisning hamkorligi yanada muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Ayrim leksemalar OLMlarining farqlanishi ko‘proq sintaktik, joylashuv omiliga bog‘liq bo‘lib, bunda morfologik omilning hissasi kamayadi. Shakliy (morfologik) omil kuchayganda joylashuv omili keyingi mavqeda bo‘lib, faqat leksemani nutqda ifodalash vazifasi bilan cheklanadi.

Keltirilgan fikrlarga asoslangan holda, o‘z ishimizda tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishini sathlar kesimida tahlil qilishga harakat qilamiz.

Tarz ma’noli leksemalarning nutqda monosemantik, polisemantik, sinonimik, omonimik, graduonimik munosabatlari voqelanadi, lekin ularda sathlar hamkorligi teng mavqeda emas. Quyida polisemantik va omonimik munosabatlarning nutqda voqelanishini alohida-alohida ko‘rib o‘tamiz.

Polisemantik tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishi. To‘plangan ma’lumotlarga tayanib aytish mumkinki, tarz mikromaydoniga kiruvchi asta, baravar, bejo, bemalol, beozor, bot, dadil, jadal, jiddiy, jim, ma’noli, ma’yus, ojizona, sayoz, sekin, tez, to‘g‘ri, uzil-kesil, xoli, chiroyli, sharros, erkin, yuzma-yuz, o‘zicha leksemalari polisemantikdir. Quyida ulardan ayrimlarining sememalarini farqlashda sathlar roli masalasi tahlil qilinadi.

Asta so‘zi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da asta so‘zining quyidagi ma’nolari farqlangan:

ASTA rvsh. 1 Past tezlik bilan; sekin. Shoqosim o‘rnidan turdi, etagining changini qoqib.. o‘z chaylasi tomon asta jo‘nadi. Oybek, Tanlangan asarlar.

2 Past darajadagi tovush bilan; sekin. Mirzakarimboy yana o‘shshayib tikildi, ammo maslahatgo‘ylik bilan asta gapirdi. Oybek, Tanlangan asarlar.

3 Sezilar-sezilmas darajada, shunday xatti-harakat bilan, sekin. Ahmad dik etib turib, yelkamga asta urib qo‘ydi. S. Siyoyev, Yorug‘lik. (O‘TIL, 1-jild, 110-bet).

Bu ma’nolarning har biri asta so‘zining turli semantik guruhga mansub ekanligini ko‘rsatadi. Aytilganidek, asta so‘zi birinchi leksikogrfik ma’nosi (past tezlik bilan; sekin) bilan harakatning bajarilish tezligi (tezlik darajasi)ni ifodalovchi birliklar guruhidan joy oladi. Ayni shu ma’nosi orqali u “oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, oz (qisqa) vaqt ichida; darrov” ma’nosiga ega bo‘lgan tez so‘zi bilan antonimlik hosil qilish imkoniga ega bo‘ladi. Asta so‘zining boshqa ma’nolari bu xususiyatga ega emas. Ikkinchi ma’nosi bilan “tovushning past darajasi”, uchinchi ma’nosi bilan harakatning “kuchsiz, sezilar-sezilmas darajada bajarilishi” ma’no guruhlariga tegishli bo‘ladi. Ularning nutqiy reallashuvi va farqlanishi dastlab ana shu mazmuniy guruhlarga mansub so‘zlar bilan birikuvchanlik hosil qilishida namoyon bo‘ladi: a) yurmoq, haydamoq, aylanmoq; b) gapirmoq, aytmoq, taqillatmoq; d) kirmoq, qimirlamoq, urmoq kabi. Bundan ko‘rinadiki, manoviy guruhlarning uchalasi ham fe’llarga tobe unsur sifatida bog‘lanish asosida voqelanadi. Demak, bunda sintaktik omil (erkin bog‘lanish) ustuvorlik qiladi. Morfologik omil (lug‘aviy va sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar)ga deyarli ehtiyoj qolmaydi.



O‘ZICHA rvsh. 1 Mavjud holatini saqlab, qanday bo‘lsa shundayligicha, o‘zgarmasdan yoki o‘zgartirmasdan; aslicha. Loyiha o‘zicha qoldi. Matnni o‘zicha qoldirmoq.

2 O‘z aqli doirasida, o‘z tushunchasiga muvofiq. Qumriniso bu qarashga o‘zicha ma’no berib, qizarganday bo‘ldi. A.Qahhor, Xotinlar.

3 Birov bilan kelishmasdan, o‘z xohishi bilan; mustaqil ravishda. Bundan yigirma kunlar burun usta Olimning ustakor bilan nima uchundir urishganligi va shundan so‘ng o‘z uyiga do‘kon qurib, o‘zicha ishlay boshlaganligi anglashilar edi. A.Qodiriy, O‘tgan kunlar.

4 O‘zidan-o‘zi; o‘z holicha. U shunda allanechuk shavqlanib, o‘zicha kulumsirar edi.

5 Shunchaki o‘zi. Ha, barakalla! Undan keyin, xotining o‘zicha kelganmikin? Yo‘q!.. A.Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari.

6 O‘ziga xos, alohida. Yaxshi qiz bilan «suhbat» qilishning ham o‘zicha bir gashti bo‘ladi. Oybek, Tanlangan asarlar. (O‘TIL, 5-jild, 137-138-betlar).

Ushbu leksemaning dastlabki sememasi “oldingi holicha, qanday bo‘lsa shundayligicha, o‘zgarmasdan yoki o‘zgartirmasdan, aslicha” ma’nosini yuzaga chiqarib, qolmoq/qoldirmoq, ishlatmoq, foydalanmoq kabi fe’llar bilan bog‘lanadi.

Ikkinchi leksikografik ma’nosi (“o‘z aqli doirasida, o‘z tushunchasi, fikrlash darajasiga muvofiq”) bilan ko‘proq aqliy faoliyat fe’llari bilan birikishga ehtiyoj sezadi: o‘zicha o‘ylamoq, o‘zicha tushunmoq, o‘zicha baholamoq. Shuningdek, bu mazmuniy guruhga birikuvchi fe’llar, asosan, aniq, o‘zlik va ottirma nisbatda bo‘ladi. Bu esa ushbu leksemaning nutqiy ifodasida sintaktik omil bilan birga morfologik omil ham kam miqdorda bo‘lsa-da, o‘z hissasini qo‘shishini anglatadi. E’tiborlisi shundaki, nutqda birinchi mazmuniy guruhga nisbatan obyektiv, ikkinchisiga nisbatan esa subyektiv munosabat anglashiladi.

Leksemaning ikkinchi va uchinchi ma’nolari orasida qat’iy chegara mavjud emas. Chunki ikkalasi uchun ham “alohidalik, boshqalardan ayrichalik, shaxsiy nuqtayi nazar” tushunchalari mushtarak hisoblanadi. Buni quyidagi birikuv misolida kuzatish mumkin:

a) o‘zicha o‘rgatmoq – o‘z aqliga yarasha, o‘z tushunchasiga muvofiq o‘rgatmoq;

b) o‘zicha o‘rgatmoq – birov bilan kelishmasdan, o‘z xohishiga ko‘ra, mustaqil ravishda o‘rgatmoq.

Ko‘rinadiki, o‘rgatmoq fe’li bu leksemaning ikki ma’noviy qirrasini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda. Farqli tomoni uchinchi ma’nosi bilan ko‘proq jismoniy faoliyat fe’llari bilan birikuv hosil qiladi: o‘zicha ishlamoq, o‘zicha yugurmoq, o‘zicha kesmoq kabi.

To‘rtinchi ma’no orttirma nisbatdagi fe’llarning birikuviga yo‘l bermaydi. Chunki beixtiyor, o‘zidan-o‘zi sodir bo‘ladigan harakat-holatlarda tashqi (boshqa) kuchning ta’siri ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bu ma’noviy guruh, asosan, holat fe’llari (kulmoq, hayratlanmoq kabi) bilan aloqada bo‘ladi.

Keyingi (beshinchi) ma’no “shunchaki, biror maqsadni ko‘zlamagan holda” mazmuni bilan boshqalaridan ajralib turadi, qaramoq, o‘tirmoq, kelmoq kabi fe’llar bilan birga qo‘llanadi.

Oltinchi leksikografik ma’nosi bilan o‘zgacha, boshqacha, alohida kabi so‘zlar bilan sinonimik qatorni tashkil qiladi va bunda tarz ma’nosi emas, belgi-xususiyat ma’nosi ustun ekanligi ko‘zga tashlanadi. Chunki, ushbu mazmundagi o‘zgacha so‘zi nutqda otga bog‘liq holda reallashadi. Tarz ma’nosi esa, oldingi bobda aytilganidek, ko‘proq fe’l orqali ochiladi. Demak, tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishida ustuvor sanalgan sintaktik omil nafaqat mazmuniy guruhlarni bir-biridan farqlash, balki tarz va belgi-xususiyat ma’nolarini oydinlashtirish vazifasini ham o‘taydi.

O‘TILda sifat va ravishlardagi belgi-xususiyat va tarz semalari bir so‘zning turli ma’nolari sifatida talqin qilinadi. Aniqrog‘i, sifat ko‘proq belgi-xususiyatni, shuningdek, tarz ma’nosini ham ifodalasa, (bu haqda birinchi bobda ham aytib o‘tilgan edi) ravishlarda esa belgi-xususiyatga nisbatan tarz ma’nosi ustun bo‘ladi. Bu holatlar nutqiy jarayonda sintaktik omil orqali yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

O‘TILda tez leksemasining quyidagi leksikografik ma’nolari farqlangan:



TEZ [f. o‘tkir, keskir; o‘yuvchi, achchiq; sanchiluvchan; ziyrak, sezgir; ildam, jadal; chaqqon] 1 Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, oz (qisqa) vaqt ichida; darrov, tezda. Majlis tez tugadi. Bola o‘qish-yozishni tez o‘rgandi.

2 Darhol, shu topda, shu on, zudlik bilan. Boy tez fahmladi-da: – Shundaymi, jiyan, – deb kuldi. Oybek, Tanlangan asarlar.

3 Meyordagiga nisbatan oldinroq, ilgariroq. Sidiqjonning onasi Xadicha xola umrini xorlik-zorlik tortib o‘tkazgan hamma kishilarday tez qarigan. A.Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari.

4 Katta sur’at bilan, shaxdam, jadal. Tez ishlamoq, Tez yurmoq. Tez o‘qimoq. U, Dilbarga yetib olish uchunmi yoki qattiq hayajonga tushganidanmi – tez qadam tashlay boshladi. “Guldasta”.

5 sft. Darrov achchig‘lanib, qizishib ketadigan, serjahl, jizzaki. Juda tezsiz-da, Axmadjon, berdisini eshitmay bo‘g‘asiz-a! S.Karomatov, Hijron.

6 s.t. Juda tez ishlaydigan, tezkor. Juda tez usta. (O‘TIL, 4-jild, 51-bet).

Bu leksemaning dastlabki to‘rt semasi tarz ma’nosini ifodalash xususiyatiga ega. Ularning har bir ma’nosi o‘z mazmuniy guruhiga mantiqiy bog‘liq bo‘lgan fe’llar orqali ochib berilgan.

Dastlabki ma’nosi (qisqa vaqt ichida) tugamoq, o‘rganmoq fe’llari orqali, keyingi ma’nosi (darhol, so‘zlanib turgan paytda) fahmlamoq fe’li orqali, uchinchi ma’nosi (me’yordagiga nisbatan oldinroq) qarimoq fe’li orqali va to‘rtinchi ma’nosi (katta sur’at bilan, shaxdam, jadal) ishlamoq, yurmoq, o‘qimoq, qadam tashlamoq fe’llari orqali muayyanlashgan.

Beshinchi ma’no oldingilaridan insonlarning xarakter-xususiyatlarini bildirishiga ko‘ra ajralib turadi, shuning uchun bu ma’no sifat turkumi sifatida talqin qilingan. Bunda tarz ma’nosi ko‘zga tashlanmaydi.

Oltinchi ma’noviy guruh insonlarning xususiyatini aniqlab kelishiga ko‘ra beshinchi ma’noviy guruhga o‘xshaydi.

Ko‘rinadiki, tez leksemasi, asosan, tarzni ifodalashga ixtisoslashgan, shuningdek, shaxslarning xarakter-xususiyatini ifodalovchi mazmuni bilan sifat mavqeyida bo‘ladi. Ojizona, jadal leksemalarining izohida ham ayni holat kuzatiladi.



Sayoz leksemasida tarz semasi quyi pog‘onani egallaydi:

SAYOZ 1 sft. Uncha chuqur bo‘lmagan, chuqur emas (daryo, ko‘l, ariq va sh. k. haqida). Hali yomg‘irlar boshlanmagani uchun, anhor suvi tiniq, lekin toshlari ko‘rinib turgan sayoz chekkalari shishaday rangsiz-u, chuqur joylari ko‘kimtir-yashil. P.Qodirov, Uch ildiz.

2 rvsh. Yuzalab, chuqurlashmasdan. Sayoz oqqan daryo shag‘illaydi, deganlaricha bor ekan. S.Karomatov, Hijron.

3 ko‘chma. Mazmunan siyqa, yuzaki, g‘o‘r. Xomxatala asarlarga, g‘oyaviy-badiiy sayoz buyurtmalarga chek qo‘yish vaqti allaqachon keldi. Gazetadan.

Bunda birinchi ma’no “yer sathi chuqurliklarining yuza qismi”ni atab kelib, ot bilan birikuv hosil qiladi. Uchinchi ma’no birinchi ma’noning metaforik hosilasi hisoblanadi va ko‘proq “mazmunan yetuk bo‘lmagan” asarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Ikkinchi ma’no fe’l bilan birikib, tarz (yerning haydalish holati) mazmunini yuzaga chiqargan. Shuning uchun bu ma’noviy guruhga ravish turkumi sifatida qaralgan.

Yuqoridagi izoh va misollardan anglashiladiki, ravish va sifatlarda belgi-xususiyat va tarz ma’nolari qorishiq holatda bo‘ladi. Bu turkumlarga xos tarz va belgi-xususiyat ma’nolarini ayrim so‘zlar misolida quyidagicha ko‘rinishda darajalash mumkin:

Tarz ma’nosining kuchayishi


Aniq

Erkin

Bemalol

Baland

Ahil

Tez

Beozor

Noqulay

To‘xtovsiz


Belgi-xususiyat ma’nosining kuchayishi

Polisemantik tarz ma’noli leksemalarning leksikografik talqini shuni ko‘rsatadiki, ularning nutqiy voqelanishini taminlovchi asosiy vosita sintaktik omil bo‘lib, morfologik omil juda kuchsiz darajada, ya’ni deyarli ahamiyatga ega emas.

Omonimik munosabatli tarz ma’noli leksemalarning nutqiy voqelanishi. Tarz ma’noli leksemalarda omonimik munosabat kam uchraydi. Quyidagi adash, bosim, joy, joysiz, tuzuk, tik leksemalari omonimik xususiyatga egaligi bilan xarakterlanadi.

ADASH I 1 Ismi boshqa biror kimsa bilan bir xil bo‘lgan odam, ismdosh. Biz ikkimiz adashmiz.

2 Shunday kishilarning bir-biriga murojaatida qo‘llanadi. – Yasha, adash! – xursand bo‘lib ketdi Qudrat. H.Nazir, So‘nmas chaqmoqlar.

ADASH II 1 Adashgan, bir poyi alish (almash). Kalishim adash bo‘lib qoldi.

2 rvsh. Yanglish, noo‘rin. Bu yerga adash kelib qolibman. Xat bu yerga adash tushib qolibdi. Gazetadan.

Bunda adash I leksemasining ismi bir xil bo‘lgan odamlarga nisbatan qo‘llanilishi bois ko‘plik qo‘shimchasi (-lar) bilan erkin birika oladi, keyingi adash II leksemasi esa tarz ma’nosiga ega bo‘lganligi uchun bu qo‘shimcha bilan bog‘lana olmaydi, faqat o‘z semantikasiga mos fe’llar bilan birikib, o‘z ma’nosini modifikatsiya qiladi. Adash kelmoq, adash ochmoq, adash so‘ramoq kabi. “Ismdosh” ma’nosidagi adash leksemasi ham fe’l bilan bog‘lana oladi: Adash (kim?) keldi. Bu holda nisbat qo‘shimchalari ularni farqlovchi vosita vazifasini bajarishi mumkin. Xususan, majhul va birgalik nisbatidagi fe’llar, asosan, adash II leksemasi bilan birikadi. Buni quyidagicha ko‘rinishda ifodalash mumkin:



Adash (I, II) bordi.

Adash (II) borildi/borishdi.

Demak ushbu omonim leksemaning nutqiy ifodasida morfologik omil yetakchi bo‘lib, sintaktik omil unga hamrohlik qiladi.



BOSIM I fiz. Biror jism yuza birligiga tik yo‘nalishda ta’sir qiladigan boshqa kuchni ifodalovchi fizik kattalik. Qon bosimi. Atmosfera bosimi. Bir million atmosfera bosimida temir hajmi, taqriban, 30 foizga kamayadi. “Fan va turmush”.

BOSIM II rvsh. Tin olmay, to‘xtamay, surunkasiga. Jamila qizi bilan olti kun bosim o‘tirib tikkan tagdo‘zi do‘ppilarini sotgani ketdi. M. Ismoiliy, Farg‘ona t.o.

BOSIM III shv. folk. Ustun, baland; afzal. Bosim kelmoq. Bizlardan [parilardan] odamning suluvi bosim keladi. “Balogardon”.

BOSIM IV esk. ayn. urg‘u. Kitobni esa, ruscha tez va bosimlarini joyiga qo‘yib o‘qiy bilgani uchun, Saidiy o‘qishi kerak edi. A.Qahhor, Sarob.

Dastlabki bosim I leksemasi fizik, biologik tushuncha hisoblanganligi sababli ko‘tarilmoq, tushmoq, kamaymoq, ortmoq, bermoq kabi fe’llar bilan birikadi, sanalmaydigan narsa nomi bo‘lganligi uchun ko‘plik qo‘shimchasini qabul qilmaydi.

Keyingisi (II) esa “betinim, surunkasiga” mazmuni orqali tarzni ifodalaydi va ishlamoq, o‘qimoq, uxlamoq fe’llari bilan bog‘lana oladi, shuningdek, daraja ko‘rsatkichiga ham ega. Ushbu leksemaning nutqiy namoyon bo‘lishida morfologik hamda sintaktik omillarning o‘zaro hamkorligi ko‘zga tashlanadi.

Uchinchi leksema sifat turkumiga yaqin turadi, shning uchun -roq (daraja) qo‘shimchasini erkin qabul qiladi. Lekin shevaga xos ekanligi bilan xarakterlidir.

Eski qatlamga oid bosim IV leksemasi ot turkumiga mansubligi va sanalish xususiyatiga ega ekanligi tufayli ko‘plik qo‘shimchasi (-lar) bilan birga qo‘llana oladi. Shunga ko‘ra bu leksemaning nutqiy ifodasida morfologik omilning alohida ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etish mumkin.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, ko‘p ma’noli tarz leksemalarini farqlash va nutqqa olib chiqishda sintaktik omil ustuvor ahamiyatga ega bo‘lsa, ko‘pgina leksemalarni ajratish hamda omonimiklikni bartaraf etishda morfologik omil ham sintaktik omil bilan teng mavqeda bo‘ladi.




1 Mengliyev B. Lisoniy sistema yaxlitligi va unda sathlararo munosabatlar: Filol. fan. dokt. dis. – T., 2002.

Aim.uz


Каталог: attachments -> article
article -> Axloqning kеlib chiqishi, unda ixtiyor erkinligining ahamiyati va axloq tuzilmasi
article -> Podsho Rossiyasi tomonidan O‘rta Osiyoning bosib olinishi sabablari va bosqichlari
article -> Siyosiy mafkuralarning asosiy ko'rinishlari
article -> Mehnat sohasida ijtimoiy kafolatlar tizimi. Reja: Ijtimoiy himoya qilish tushunchasi va uning asosiy yo’nalishlari
article -> Siyosiy madaniyat va siyosiy mafkuralar Reja
article -> O’zbek Adabiyoti tarixi: Eng qadimgi adabiy yodgorliklar
article -> Ma’naviyatning tarkibiy qismlari, ularning o’zaro munosabatlari va rivojlanish xususiyatlari. Ma’naviyat, iqtisodiyot va ularning o’zaro bog’liqligi
article -> Davlatning tuzilishi
article -> Reja: Geografik o‘rni va chegeralari
article -> Yer resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish Reja: Tuproq, uning tabiat va odam hayotidagi ahamiyati. Dunyo yer resurslari va ulardan foydalanish


Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa