Proektiv metodlar. Proektiv metodlar test usullarining bir ko‘rinishi bo‘lib, ularda
tekshiriluvchi uchun aniq ko‘rinishga ega bo‘lmagan noaniq narsalar tavsiya etiladi va ularni
sharhlash topshirig‘i beriladi. Masalan, tekshiriluvchiga turlicha talqin qilish mumkin bo‘lgan
rasmlar, tugallanmagan hikoyalar, biror aniq ko‘rinishi mavjud bo‘lmagan buyumlar berilishi va
ularni tekshiriluvchi o‘zining hissiy kechinmalari, qiziqishlari, dunyoqarashi nuqtai nazaridan
baholashi kutiladi.
Proektiv metodlar qatoriga Rorshaxning “Siyoh dog‘lari” testini kiritish mumkin (1921). Bu –
2 tomonlama simmetrik shaklda berilgan 10 xil siyoh dog‘laridan iborat bo‘lib, har 1 dog‘ har xil
bo‘yoqli fonda ko‘rsatiladi. Tekshiriluvchidan har 1 “dog‘” nimaning shaklini eslatishi so‘raladi.
Bunda: 2 ta dog‘ qizil rangli shtrixlar, 5 ta dog‘ kul rang – qora, 3 ta dog‘ – yorqin bo‘lmagan
ranglarda beriladi.
Sinaluvchi tasvirlagan obrazlar va assotsiatsiyalarga qarab uning shaxsi xususiyatlari
to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Rorshax testining Yosh psixologiyasida qo‘llaniladigan varanti E.T. Sokolova tomonidan
modifikatsiya qilingan test. Bu test oilaviy muloqatni diagnostika qilishda foydalaniladi. Bu
maqsadda eksperimentga qo‘shimcha metodik usul kiritilgan. Bir necha kartochkalar bo‘yicha
eksperiment qatnashchilari kelishishlari kerak. Birgalikdagi (kelishuv asosida) javoblarning sifati
va miqdoriga qarab tadqiqotchi kichik guruh (yoki oila)ning jipsligi va mosligi haqida
ma’lumotni qo‘lga kiritadilar.
Shuningdek, psixologik tadqiqotlarda ko‘pincha rasmli assotsiatsiyalar metodi qo‘llaniladi.
Ushbu metod birinchi bo‘lib 1945 yilda S.Rozensveyg tomonidan taklif qilingan. Bunda
tekshiriluvchiga turmushda tez-tez uchrab turadigan ziddiyatli vaziyatlar aks ettirilgan rasmlar
tavsiya qilinadi. Bu rasmlarda bir tomonda turgan personajlar nimalarnidir gapirayotgan holda
gavdalantiriladi, unga qarama-qarshi tomondagi shaxslar esa hali javob qaytarib ulgurmagan.
Tekshiriluvchidan tez, qisqa muddat ichida bo‘sh kataklarga qaytarilishi kutilayotgan javobni
yozish so‘raladi. Berilgan javoblarga qarab shaxs yo‘nalishi, uning ziddiyatlarga munosabati,
agressiya hissining xususiyatlari, bu hisning kimlarga qaratilganligi va shunga o‘xshash muhim
faktlar to‘planadi.
Rozensveyg testi subekt agressiyasi yo‘nalishining 3 ta turini aniqlash imkonini beradi :
1. Agressiya insonning o‘ziga qaratilgan.
2. Agressiya atrofga qaratilgan.
3. Subekt vaziyatni hal qilishdan qochadi yoki uni bezaydi.
Pedagogik amaliyotda ko‘pincha I. Щvansara tomonidan ishlab chiqilgan, o‘smirlik va
o‘spirinlik davri uchun mo‘ljallangan test variantidan foydalaniladi.
Proektiv metodikalardan yana biri tugallanmagan jumlalar metodi. Ushbu metod
yordamida guruhiy va shaxsiy ustanovkalar tekshiriluvchining atrofidagilarga (o‘rtoqlari,
o‘quvchi, ota-onasi) munosabati xususiyatlari, Shuningdek, o‘ziga va kelajakka bo‘lgan
munosabatlari ham o‘rganiladi. SHu maqsadda tekshiriluvchiga bir qancha tugallanmagan
jumlalar taklif qilinadi, ko‘p o‘ylamasdan gapni mantiqan oxiriga etkazish talab qilinadi.
Masalan,
- mening har safar kayfiyatim buziladi, agar...
- men uchun eng muhim muammo, bu - ...
- do‘st – bu ...
- mening otam ba’zida ...
- men shunga intilamanki ...
Proektiv metodikalar turli-tuman. Ular bir-biridan tubdan farq qiladi. Biroq shuni
nazarda tutish lozimki, proektiv metodikani tavsiflash muayyan psixologik bilimlarni maxsus
nazariy tayyorgarlikni va metodikani qo‘llash bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishni talab
qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |