3 - rasm Soliqlarnirejalashtirishjarayoniishtirokchilari Soliqlarni rejalashtirish jarayonida turli xil modellardan ham foydalaniladi. Bunday modellardan biri imitatsion modellardir. Imitatsion modellarning mohiyati soliq toʻlovchilarning soliqqa tortish tartiblaridan afzalini tanlagan holda faoliyat yuritishlarida namoyon boʻladi. Xususan, faoliyat sohasi va belgilangan mezonlarga javob berganda korxonaning umumbelgilangan tartibda barcha soliqlarni toʻlashdan soddalashtirilgan tartibda soliq toʻlashga oʻtishlarida aniq hisob-kitoblarga asoslanishi yoki soddalashtirilgan tartibda soliq toʻlashga oʻtish uchun faoliyatni qayta tashkil etish boʻyicha ishlab chiqilgan modelni anglatadi.
Faraz qilaylik, korxona soliqlar boʻyicha xarajatlar yuqori boʻlganligi uchun oʻz biznes faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda boʻlinish orqali qayta tashkil etgan. Boshqaruv shakli boʻyicha tarkibiy boʻlinmalarni mustaqil yuridik shaxs sifatida ajratish hisobiga xarajatlarni pasaytirish mumkin. Ya’ni bunda soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimini qoʻllash hisobiga korxona rentabelligi oshishiga erishish mumkin.
Kompaniya boʻlinish jarayonida oʻzining tarkibini kichik korxonalar sifatida tashkil etish orqali va soliqqa tortish jarayonida soddalashtirilgan tartibda soliqqa tortish tizimiga oʻtishi uchun, avvalambor, faoliyat sohasi va soddalashtirilgan tartibda soliqqa tortish rejimiga oʻtish mezoni boʻyicha talablarga javob berishi lozim.Mamlakatimizda soddalashtirilgan tartibda soliqqa tortish tizimi ayrim faoliyat sohalariga, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 350- moddasiga asosan aksiz soligʻi toʻlanadigan mahsulot ishlab chiqaruvchi va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni qazib olishni
amalga oshiruvchi mikrofirmalar va kichik korxonalarga, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchisi boʻlgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga tatbiq etilmaydi.
Yagona soliq toʻloviga oʻtish mumkin boʻlgan mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga xodimlarining soni boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan mezonga mos keladigan yuridik shaxslar kiradi.
Bunda:
xodimlarning oʻrtacha yillik sonini aniqlashda oʻrindoshlik, pudrat shartnomalari va boshqa fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarning, shuningdek, unitar (sho’ba) korxonalarda, vakolatxonalar va filiallarda ishlayotganlarning soni ham hisobga olinadi;
yuridik shaxslarni mikrofirmalar va kichik korxonalar toifasiga kiritishda yuridik shaxsning asosiy faoliyat (ixtisosligi) turiga toʻgʻri keladigan xodimlar sonining mezoni qabul qilinadi.
Ayni vaqtda, amaliyotda koʻplab tadbirkorlik sub’ektlarida qonunchilikda belgilangan xodimlar soni boʻyicha chegara doirasida faoliyat yuritishni ta’minlash bir muncha murakkab jarayon boʻlib hisoblanadi. Natijada bunday kompaniyalar oʻz biznes faoliyatini boʻlishga majbur boʻladilar. Shunda har bir boʻlinma maxsus soliq rejimi mezonlari boʻyicha soddalashtirilgan soliqqa tortish rejimiga oʻtish uchun oʻrnatilgan mezonlarga muvofiq ravishda faoliyat yuritishi ta’minlanadi.
Koʻpchilik holatlarda bunday boʻlinish va soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimiga oʻtish iqtisodiy jihatdan korxona uchun foydali. Lekin, korxona rahbariyatini amaldagi tashkiliy tuzilmani boʻlishning real yoʻllari, soddalashtirilgan soliqqa tortish rejimining salbiy oqibatlari kabi muammolar bezovta qiladi. Shuning uchun qaror qabul qilish jarayonida quyidagilarni hisobga olish zarur:
kompaniya biznes strukturasining yuridik jihatdan asosli ekanligini, ya’ni faoliyat sohasining va ishchi xodimlar sonining soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimiga oʻtish uchun qonunchilikda oʻrnatilgan me’yorlarga mos kelishi aniqlanadi;
firma ichidagi va firmalar oʻrtasidagi aloqalarning huquqiy yoʻnalishlarini oʻrnatish. Bunda tashkil etilayotgan kichik korxonalar oʻrtasida oʻzaro aloqalar sxemalarini yaratish biznes jarayonini boshqarishni va soliqlarni pasaytirishning qonuniy yoʻllarini joriy etishdagi muammolarni bir vaqtning oʻzida hal qilish uchun qabul qilinishi zarur;
soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimini qoʻllashdagi risklarni, shu jumladan, qonunchilikdagi shartli noaniqliklar boʻyicha risklarni baholash.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda biznes faoliyatini boʻlish va soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimiga oʻtishni boshlash uchun keltirib oʻtilgan muammolarni huquqiy jihatdan oʻrganish talab qilinadi hamda bu jarayon soliq risklarini pasaytirish maqsadida chuqurroq koʻrib chiqish uchun yetarli hisoblanadi.Aytaylik, birinchi navbatda, koʻrsatilgan barcha savollar taxminan hal qilingan. Bunda korxonani qayta tashkil etish natijasida iqtisodiy samara boʻyicha savollar paydo boʻladi. Bunda erishilgan natija butun faoliyat boʻyicha soliq yukining qaydarajada pasayganligida namoyon boʻladi. Shuning uchun korxona toʻlaydigan soliq summalari hamda yangi tarkibiy boʻlinmalar toʻlaydigan soliq summalari taqqoslanadi.
Bunda soliqlarning umumiy pasayish darajasi (birinchi navbatda yagona ijtimoiy toʻlov va foyda soligʻi) baholanishi kerak. Shuningdek, iqtisodiy tahlil jarayonida quyidagilarga ham e’tibor qaratish kerak:
sof tushum boʻyicha soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimiga oʻtish varianti va daromaddan xarajatlarni chegirish orqali soliq toʻlash tizimini solishtirish;
soliq toʻlovchi soliq davri davomida toʻlanadigan pensiya fondiga majburiy sugʻurta badallarini ham hisoblash;
iqtisodiy sub’ekt rentabelligi tahlilini oʻtkazish;
hisob-kitoblarda soliqlarni kamaytirishning boshqa imkoniyatlarini koʻrib chiqish (masalan, jismoniy shaxslar daromadiga soliqni kamaytirishning dividend sxemasini qabul qilish hisobiga).
Soliqlarni rejalashtirish jarayonida korxonaning oʻz biznes maqsadidan kelib chiqqan holda tashkiliy strukturasini belgilash soliqqa tortish tartibini belgilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman amal qilayotgan strukturani qayta tashkil etish yoki boʻlish jarayonida imitatsion modeldan foydalanish quyidagi maqsadlarlarda tashkil etiladi:
soliqqa tortish koʻrsatkichlari va parametrlarini oʻzgartirish;
kompaniyaning turli tarkibiy tuzilmalardagi rentabellikni oshirish;
yangi tashkil etilayotgan tarkibiy boʻlinmalar oʻrtasidagi faoliyatning tashkiliy sxemalari yaratish natijasida narx orqali ham soliqlarni kamaytirish.