Xolid ibn Mi’doddan, roziyallohu anhu:
“Umar ibn Xattob, roziyallohu anhu, Said ibn Omir ibn Huzaym al-Jumahiyni Humaysga voliy etib tayinladilar. Bir kuni Humaysga kelganlarida xalqdan:
— Voliyingiz qanday? — deb so‘radilar.
— Undan mamnun emasmiz, — deyishdi.
— Nega?
— To‘rt sababi bor. Birinchidan, quyosh ko‘tarilmay ishga kelmaydi, ikkinchidan, oyda bir kun hech tashqariga chiqmaydi, uchinchidan, ba’zan u shunday xafahol bo‘lib qoladiki, xuddi telbaga o‘xshab ko‘rinadi va hech ish qilolmaydi, to‘rtinchidan, kechqurunlari hech kimni qabul qilmaydi.
— Bular katta nuqsonlardir, — dedi Umar va Saidga xabar yubordi.
Xalifa Saidga ishonchi tufayli xabar jo‘natayotganida: «Allohim, u haqdagi fikrimni o‘zgartirmagin”, deb duo qildi.
Said kelganida Hazrati Umar Humays xalqiga:
— Voliy ustidan shikoyatingizni yana bir bor ayting, — dedi.
— Quyosh ko‘tarilmay ishga kelmaydi, — deyishdi.
— Vallohi, ey mo‘minlar amiri. Men aslida hech kimga aytmoqchi emasdim. Uyimda xizmatkor bo‘lmagani uchun erta turib, non pishirib olgach, tahoratimni yangilab, keyin ishga chiqaman, — dedi Said.
— Yana qanday shikoyatingiz bor? — so‘radi Hazrati Umar.
— Kechqurun bo‘lishi bilan hech kimning ishiga qaramaydi.
— Bunga nima deysan, Said?
— Aslida bu haqda ham gapirmoqchi emasdim. Men kunduzni odamlarga, kechani esa Allohga ajratganman.
— Yana bir shikoyatingiz bormidi? — so‘radi xalifa.
— Oyda bir marta hech tashqariga chiqmaydi, — deyishdi.
— Xo‘sh, bunga nima sabab?
— Hali aytganimdek, xizmatkor tutmaganim uchun kirlarimni o‘zim yuvaman va qurishini poylayman. Sababi, menda qo‘shimcha boshqa ust-bosh yo‘q. Shuning uchun o‘sha kuni shomga yaqin chiqa olaman.
— Yana qanday shikoyatingiz bor? — so‘radi Umar, roziyallohu anhu.
— Orada bir telbaga aylanadi-qoladi va biror ish qilolmaydi.
Said buni shunday izohladi:
— Hubayb al-Ansoriy Makkada o‘ldirilganida men o‘sha yerda edim. Mushriklar uni ushlab, bir necha joyidan go‘sht parchalarini kesib olishganidan so‘ng, bir daraxtga osib mixladilar va undan: «Hozir sening o‘rningda Muhammad bo‘lishini xohlarmiding?” deb so‘rashdi. U esa: «Vallohi, hozir men ul zotning oyoqlariga bir tikan kirishini ham istamayman” dedi va “Yo Muhammad” deya baqira-baqira jon berdi.
Men o‘sha payt buyuk Allohning borligiga imon keltirmagan bir mushrik bo‘lganim uchun unga hech qanday yordam berolmagan edim. Hatto unga achinmadim va vijdonim ham qiynalmadi. Shuni eslasam, Alloh taolo meni kechirarmikan, deb o‘ylab hushimdan ketib qolaman.
Ittifoqo, Hazrati Umar, roziyallohu anhu:
— Allohga shukrlar bo‘lsinkim, mening ojiz farosatim noto‘g‘ri bo‘lib chiqmadi, — dedi va Saidga ming dinor berilishini buyurib:
— Buni ehtiyojlaring uchun sarfla, — dedi.
Saidning ayoli buni eshitib nihoyatda xursand bo‘ldi va eriga:
— Bizni sizning xizmatingizga muhtoj bo‘lmoqdan xalos etgan Allohga hamd bo‘lsin, — dedi.
Said ayoliga qarab:
— Bu pullarni o‘z ehtiyojlarimizga ishlatmay, sen uchun yanada foydaliroq bo‘lgan bir ish qilsam nima deysan? Ularni bizdan ham muhtojlarga tarqatsak, biz uchun yanada foydalidir, — dedi. Ayoli ham:
— Mayli, — degach, xonadon ahlidan eng ishonchli deb bilgan bir kishini chaqirdi.
Pul solingan xaltachaning og'zini bog‘lagach, unga:
— Ol, shu pullarni, falon mahallada falonchi ayol beva, falon bola yetim, falon joyda bir faqir bor, falon mahallada bir bemor yotibdi, falon joyda musibatga uchragan bir odam bor, o‘shalarga tarqat, — dedi.
Haligi odam pulni aytilgan odamlarga tarqatib chiqdi. Qaytganida qo‘lida bir dinor qolgan edi.
Ayoli Saidga:
— Xudo xayringizni bersin. Pullarni tarqatdingiz, yaxshi. Lekin hech bo‘lmasa, bizga bir xizmatkor olsangiz bo‘lar edi. Shuncha pulda bizning hech bir ulushimiz yo‘qmidi? — dedi.
Said shunday dedi:
— Xonim, shunday bir kun keladiki, sen bu pulga bugungidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lasan...
|