Mazkur to`rt imomlarga taqlid qilishga kelsak. Kimning haqni dalildan olishga imkoni bo`lsa,
unga dalildan olish vojib bo`ladi. Kimning imkoni bo`lmasa o`z nazdidagi eng ishonchli ahli ilmga
taqlid qiladi. Far’lardagi bundoq xiloflar ixtilof qiluvchilarni bir-birlarining ortlaridan namoz
o`qishni man qilmasligi kerak. Aksincha, ba’zilari ba’zilarining ortidan namoz o`qimoqlari vojibdir.
Sahobalar, roziyallohu anhum, far’iy masalalarda ixtilof qilsalar ham bir-birlarining ortlarida namoz
o`qir edilar. Tobe’inlar va ularga yaxshilik ila ergashganlar ham shundoq qilganlar.
Tavfiq Allohdandir. Nabiyyimiz Muhammadga va U zotning Oliyu ashoblariga Allohning salovotu
salomlari bo`lsin.
Ilmiy
bahslar
va
fatvo
bo`yicha
doimiy
qo`mita:
Abdulaziz Ibn Abdulloh Ibn Boz - Rais.
Abdurrazzoq Afifiy - Rais noibi.
Abdulloh Ibn G`idayyan - A’zo.
Abdulloh Ibn Qa’ud - A’zo.
(Fatvolar «Majallatu al-Buhus al-Islomiya»ning 51 sonidan so`zma-so`z tarjima qilindi.)
Shu yerda ikki og`iz izoh berishga to`g`ri keladi. Ikkinchi fatvodagi, «Kimning haqni dalildan
olishga imkoni bo`lsa», degan ibora kim ijtihod qilish darajasiga etgan bo`lsa, deganidir. Hamma
ulamolarning ittifoq qilishlaricha, hozirda ijtihod darajasiga etgan shaxs yo`q. Endi hamma narsa
ravshan bo`lgan bo`lsa, ajab emas. Ushbu hujjatlar bilan tanishib chiqilganidan so`ng o`z-o`zidan
bir necha haqli savol paydo bo`ladi. Xo`sh, hozirda mazhabni inkor qilayotganlar kimga
ergashyaptilar o`zi? Nima asosda faoliyat olib bormoqdalar o`zi? Mazhab boshi imomlarga nisbatan
beodoblik qilishga nima haqlari bor? Agar ular o`zlari da’vo qilayotganlaridek, shayx Ibn Boz va u
kishiga hamfikr shaxslarga taqlid qilayotgan bo`lsalar, nima uchun ularning yuqorida zikri o`tgan
fatvolariga amal qilishmaydi?
Aslida fiqhiy mazhablar haqida ixtiloflarga atalgan asarda bunchalik ko`p gapirish niyat yo`q
edi. Fiqh ilmi va fuqaholar haqida «Islom musaffoligi yo`lida» nomli kitobchamizda va boshqa
maqola va ma’ruzalarimizda, xususan, «Hadis va Hayot» nomli kitobimizda qisman aytib
o`tganmiz. Alloh nasib etsa, kelajakda bu muhim mavzuda batafsil so`z yuritish imkoni ham bo`lib
qolar degan umiddamiz. Ammo hozirgi ixtiloflarga sabab bo`layotgan bosh omillardan biri aynan
shu masala bo`lgani uchun bir oz bo`lsa ham to`xtalib o`tishni ma’qul topdik.
Ammo yaxshi niyat bilan qilingan bu ish zamon o`tishi bilan suiiste’mol qilindi. Mazhablarga
hurmat-ehtirom o`rniga noo`rin mutaassiblik qilingan hollar ham bo`ldi. Natijada turli fiqhiy
mazhablar atbo’lari orasida har xil ixtiloflar, kelishmovchiliklar va noqulay holatlar vujudga keldi.
Juda oz bo`lsa ham sodir bo`lgan bu noqulay holat hozirgacha mazhab muxoliflari tomonidan,
mazhab oraga tafriqa soluvchi eng
bosh omil, degan ma’noda ishlatilib kelmoqda.
Ammo fiqhiy mazhablarga noo`rin taassub qilishlikning zarari bu bilan tamom bo`lib
qolmaydi. Salafi solih ulamolarimizning ijtihodning kelajagi haqidagi ko`rsatmalariga ham noo`rin
mutaassiblik qilindi. Ularning bu nozik masala mustabid hukmdorlar va ularga yoqish uchun har
narsaga tayyor chalamullalarga o`yinchoq bo`lib qolmasligi yo`lida qabul qilgan ijmo’lari o`z
o`rnida ishlatilmadi. Ma’lum usuliy qoidalar va muhim ijtihodlar daxlsizligi haqidagi ko`rsatmalar
jamiki fiqh kitoblaridagi hamma so`zlar daxlsizdir, degan ma’noda talqin qilindi. Natijada asrlar
osha fiqh masalalari o`rta asrdan oldingi holida muzlab qotib qoldi. Zamon, makon va omillar
o`zgarishi bilan musulmon ummati hayotida ham sodir bo`ladigan turli yangi masalalarni hal qilishi
lozim bo`lgan ulkan omil harakatsiz qoldi. Borib-borib fiqh kitoblarimizni yillab diniy tahsil olgan
kishilar ham osonlikcha tushuna olmaydigan holga etildi. Kishilar malomatdan qo`rqib fiqhiy
kitoblarimizdagi zamon o`tishi bilan eskirib, istilohdan chiqib ketan so`zlar o`rniga boshqa murodif
so`zni almashtirishga ham jur’at qila olmas edilar.
85
Hozirga kelib barcha islomiy ilmlarda zamon ruhi esib turibdi. Tafsir, Hadis, Siyrat, Ulumul
Qur’on, Ulumul Hadis va boshqa bir qancha Islomiy ilmlar bo`-yicha ko`plab yangi asarlar bitildi
va bitilmoqda. Mazkur asarlarda o`quvchi o`zining barcha zamonaviy savollariga javob topadi. Bu
asarlar kishilarni jalb qilishning hamma uslublarini hisobga olib bitilgandir. Ammo fiqh haqida bu
gaplarni ayta olmaymiz. Bir-ikkita juz’iy va o`ta sodda urinishlarni hisobga olmaganda deyarli hech
narsa qilingani yo`q. Ulkan Islomiy ilm bo`lmish fiqh ilmidagi asrlardan buyon davom etib
kelayotgan bu turg`unlik oqibatida kishilarda fiqhdan chetlash yuzaga keldi. O`zining zamonaviy
muammosi haqida javob izlab fiqhga murojaat qilgan odam unda bir necha asrlik gapni ko`rganidan
keyin shundoq bo`lishi ham tabiiy bir hol. Nahotki o`tgan mujtahidlarimiz rahmatullohi
alayhimlarni ko`z qorachig`imizdek e’zozlagan, ularni bosh ustiga qo`ygan holimizda, ularning
ijtihodlariga til tegizmay turib, ba’zi masalalarimizni hal qila olmasak. Hech bo`lmasa, eski
kitoblarimizni zamonaviy istilohlarga o`girib, xalq ommasiga tushunarliroq tilda taqdim qilsak
bo`ladi-ku!
Kamina xodimingiz bundan bir necha yillar avval bir maqolamda ushbu ma’noga bir oz ishora
qilib o`tgan edim. O`shanda ba’zi ahli ilmlar buni mujtahidlar maqomiga jur’at emasmikin, deya
mulohaza ham qilgan edilar. Men ularga bundoq xayoldan umuman yiroq ekanimni bayon qilib
bergan edim. Endi esa ko`pchilik ulamolar bilan bo`lgan suhbat va bahslarda ushbu fikr hamda
mulohazalarni qo`llash holati ko`payib bormoqda. Ba’zi kishilar fiqhga yangicha yondashmoq
zarurligi haqida kitob ham yozdilar. Kelajakda fiqh ilmida ham avvalgi paytlar kabi jozibadorlik
paydo bo`lsa ajab emas, degan umiddamiz.
Demak, diniy masalalardagi ixtiloflarning kelib chiqishiga sabab bo`lgan omillar faqat bir
tomonlama emas ekan. Fiqhni mahkam ushlashlik chegaradan chiqib, mutaassiblikka o`tib ketishi
ham bu ishda qo`l keldi, desak xato bo`lmasa kerak. Hozirda ayni shu narsa odamlarni, ayniqsa
yosh avlodni fiqh ilmidan uzoqda qolishlariga sabab bo`layotgani ham ehtimoldan xoli emas. Bir
narsani bilmagan odam unga yaqin bo`lishi qiyin. Fiqhdan uzoqda qolgan kishilar uni tanqid qilishi
ham shundan kelib chiqayotgan bo`lsa ajab emas. Musulmonlar hayotidagi barcha muammolarni
o`z vaqtida shariat yuzasidan hal qilib, hukmini aytib berishi lozim bo`lgan buyuk ilm – fiqh ilmi
bugungi kunimizda hayotdan orqada qolib turgani afsuslanarli bir holdir. Xuddi ana shu holat
hozirda fiqhni ba’zi hukmdorlar va chalamullalar o`ziga xos xizmat qildirishiga ham sabab
bo`lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: