Hayot faoliyati xavfsizligi fanining maqsadi, vazifasi
Mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, sog‘ligi va ish qobiliyatini saqlashini ta’minlaydigan, qonunchilik hujjatlari va ularga mos ijtimoiy–iqtisodiy, texnikaviy, gigienik va tashkiliy tadbirlar tizimi mehnat muhofazasi deyiladi.
Mehnat muhofazasi fani har bir mutaxassislik uchun, bu sohaga tegishli aniq xavfsizlik texnikasi savollari, ishlab chiqarish sanitariyasi, yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakat xavfsizligi, jrohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam, aniq belgilangan mashina va jihozlar, transport vositalari, texnologik jarayonlar, ish turlari, bino va inshootlarning talab darajasida bo‘lish masalalarini ko‘rib chiqadi.
Bizning Davlatimizda xavfsizlik va sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratish umumdavlat masalalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Bu borada korxona va tashkilotlar ma’muriyati bilan kasaba uyushmalari qo‘mitalari kelishgan holda turli xil shartnomalarni ko‘plab amalga oshirayotganligini alohida ta’kidlash mumkin.
Xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida, ishlab chiqarish texnikasi va texnologiyalarning yuqori sur’at bilan rivojlanishi og‘ir, qo‘l mehnatlarining kamayishiga olib kelmoqda. Bu o‘z navbatida korxona-tashkilotlarda ishlab chiqarish sanitariyasini, xavfsizlik texnikasini, elektr va yong‘in xavfsizliklarini ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta egallashni taqozo etadi. Qolaversa, hozirgi kundagi asosiy masala -xavfsiz mashina, texnologiya, transport vositalarini yaratishdir.
Kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, korxona va tashkilotlarda mehnat muhofazasini to‘g‘ri tashkil qilinishi ish unumi hamda mahsulot sifatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
1993 yil 6 may O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisining 12-chaqiriq 12-sessiyasida «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida» gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 5 ta bo‘lim va 30 ta moddadan iborat bo‘lib, ushbu qonunning 10-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida Davlat va korxonalarning mehnatni muhofaza qilish» xizmatlarida ishlash uchun Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari va o‘quvchilari turli xildagi xo‘jalik tarmoqlarining xususiyatlarini hisobga olgan holda «Mehnatni muhofaza qilish» kursini o‘tishlarini tashkil etishlari shart» deb quyilgan. SHunga aosan sog‘lom va xavfsiz mehnatni ta’minlash umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan tadbir hisoblanadi.
Bizning mamlakatimizda mehnat muhofazasi sohasida ilmiy tekshirish va izlanish institutlarida bir necha ishlar olib borilmokda. Ayniqsa, hozirgi kunda respublikamizda bir ishchiga to‘g‘ri keluvchi kasallik, jarohatlar tufayli qoldirilgan ish kunini bir kunga qisqartirilishiga erishilishi natijasida yiliga bir necha yuz milion so‘m mablag‘ xazinamizga tushishi mumkinligi sababli har qanday korxonalarda xavfsiz, sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha ham ilmiy, ham amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ishchi-xizmatchilarning salomatligini saqlash, yaxshilash va muhofaza qilishda mehnat muhofazasining o‘rni beqiyos kattadir. Mehnat muhofazasini to‘g‘ri tashkil qilishda mamlakatimizning «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ga rioya qilish qat’iy talab etiladi. Mehnat muhofazasini to‘g‘ri tashkil etilganligini ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va miqdori ortganligidan, ishchilarning kasb kasalligiga kam yoki umuman yo‘liqmasligidan, korxonada tan jarohati yoki baxtsiz hodisalarning yuzaga kelmasligidan bilib olish mumkin.
Xavflar, ularning tasnifi. Faoliyat xavfsizligini ta’minlash tamoyillari, uslublari. Faoliyat xavfsizligi psixologiyasi. Inson faoliyatining psixologik asoslari. Xavfli omillar va ularning zararli omillardan farqi
Ishlab chiqarish korxonalarida ishchilar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishning boshlanishi korxonada yuzaga kelgan zararli va xavfli omillarni bilish va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini belgilashdan boshlanadi.
Xavf - bu ayrim omillarning insonga biror jarohat yoki noxushlik keltirishi mumkin bo‘lgan ta’siridir.
Insonning tavsifiga (harakteriga) mavjud omillarning mos kelmasligi natijasida xavf yuzaga keladi. «Inson-muhit» tizimining gomogen (bir tur) holda bo‘lmasligi - xavfning ob’ektiv asosi bo‘lib hisoblanadi. Xavfli va zararli omillarning moddiy tashuvchilari, mehnat jarayonlariga keltiruvchi ob’ektlar hisoblanadi va bularga: mehnat predmetlari; mehnat vositalari - mashina, dastgoh, instrumentlar, qurollar, bino, er, yo‘l, kanallar, energiya va boshqalar; mehnat mahsulotlari; texnologiya, operatsiya, harakat; tabiiy-iqlimiy muhit - chaqmoq, suv toshqini, atmosfera muhiti o‘zgarishlari, ya’ni tabiiy favqulodda vaziyatlar, quyosh aktivligi, atmosferaning fizik parametrlari va boshqalar kiradi.
Mehnat sharoitlarini tahlil qilishda va xavf sezilgan holatda mehnat jarayonlarini har taraflama qaytadan ko‘rib chiqish talab qilinadi. Bu xavfli va zararli omillarni aniqlashga imkon beradi.
Xavfli omil - aniq mehnat sharoitida insonning jarohatlanishiga yoki to‘satdan, birdaniga salomatligi yomonlashuviga olib keluvchi ta’sir hisoblanadi. Bu bilan shuni aytish mumkinki, zararli omillarning uzoq davom etgan ta’siri ostida ishchining salomatligi pasayib, biror turdagi kasb kasaliga yo‘liqishi uning xavfli omildan farqlab turishini aytish mumkin. Umuman olganda xavfli va zararli omillar o‘rtasida qat’iy farq yo‘q.
Mehnat xavfsizligining standartlar tizimi bo‘yicha xavfli va zararli omillar bir-biridan farq qilinadi, lekin ularni alohida guruhlarga bo‘linmaydi. Har ikkala omillar o‘zining ta’sir doirasi kattaligiga qarab, xavfli yoki zararli omil deb yuritiladi. Ta’sir etgandan so‘ng bir smena ish vaqtida o‘zining zararli ta’sirini ko‘rsatib, ishchining me’yoriy faoliyatini buzib, salomatligini yo‘qolishiga olib keluvchi omillar zaharli omillar, agar uzoq ta’sir etib, sekin-asta ish faoliyatiga va salomatligiga ta’sir etuvchi omillar bo‘lsa, zararli omillar deb yuritiladi. Masalan: Turli zaharli va toksik jihatdan kuchli ta’sir etuvchi moddalar zaharli omillar, shovqin, titrash, chang, kuchsiz ta’sir etuvchi moddalar zararli omillarga misol bo‘la oladi.
Xavfli va zararli omillarning aniqlangan belgilariga quyidagilar kiradi: inson organizmiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi; inson organlarining me’yorida harakatlanishi qiyinlashadi; ishlab chiqarish elementlarining me’yoriy holatda bo‘lmasligi kuzatiladi. Xavfli omillar ta’siri natijasida avariya, portlash, yong‘in, jarohatlanish yuzaga kelishi mumkin. Aynan ana shularga binoan xavfli omillar oldindan o‘rganiladi va ularga qarshi chora-tadbirlar belgilanadi.
Xavfsizlikni ta’minlash tamoyillarining asosida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etish, ular oldini olish yoki zaruriy hollarda himoya vositalari bilan ta’minlash choralari turadi. Buning usullari – yo‘riqnoma o‘tkazish, o‘qitish, amaliy tadbirlar o‘tkazish kabilar bo‘lib hisoblanadi. Bular rahbarga yoki ishchiga, shular bilan birga mehnat muhofazasi muhandisiga bog‘liq holagi usullar asosida amalga oshiriladi.
Ishchining jarohat olishi xususida ularning ruhiy holati, ya’ni psixologik omil muhim sanaladi. Inson faoliyatining psixologik omillari ishchining ruhiy holati me’yorida bo‘lishi bilan ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi, sifat bo‘lishini asoslaydi va shular natijasida ishchining ijtimoiy holatining me’yorda bo‘lishiga erishiladi.
Qulay mehnat sharoitlarini tashkil etishning asosiy omillaridan biri – mehnatni ilmiy asosda tashkil etish hisoblanadi. Mehnatni ilmiy asosda tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari quyidagicha:
I. Gigienik yo‘nalishda:
salomatlik va ish qobiliyatiga ta’sir qiladigan ishlab chiqarish muhiti omillarini me’yorlash;
ishlab chiqarish muhitidagi zararli omillarni kamaytirish va yo‘qotish yo‘li bilan mehnat sharoitlarini sog‘lomlashtirish.
II. Fiziologik yo‘nalishda:
ish joyi, asboblar, mashina va jihozlarni fiziologik talablarga muvofiq holda bo‘lishiga erishish;
mehnat va dam olish rejimlarini joriy etish;
mehnatning jismoniy og‘irligini kamaytiirish, fiziologik jihatdan etarlicha harakat faolligini ta’minlash;
mehnatning aqliy va emotsional toliqtirishini kamaytirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |