Matn psixolingvistik yondashuvlar talqinida. Matnning antropotsentrik mohiyati psixologiya va lingvistika sohalari kesishuvi natijasida yuzaga kelgan psixolingvistikada ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Psixolingvistik tadqiqotlarda matnning matn tuzuvchi – matn – retsipientdan iborat uchlik nuqtai nazaridan tadqiq etilishi unda shaxs omilining rolini chuqur o‘rganishni taqozo etadi.
Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining tarixi meloddan burungi davrlarga ildiz otgan, uning tarixi qadimgi oltoy davridan boshlanadi. Tilning tarixiy taraqqiyoti to‘g‘risida so‘z borganda umumxalq tili va adabiy til tushunchalari amal qiladi. Bundan tashqari, jonli tilning og‘zaki va yozma ko‘rinishi bor. O‘tmishda har ikkovining ham o‘z atamasi bo‘lgan. Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asarida yozma tilni bitig söz deb atagan edi. Qadimgi turkiy tilda bitig – “bitig, yozuv; xat, kitob; yozma hujjat” anglamlari ga ega. U “yozmoq, bitmak” ma’nosidagi biti- fe’lidan yasalgan. Bitig söz atamasi “bitilgan so‘z; kitobiy so‘z; matn”, tilshunoslik tushunchasi bilan aytganda, “yozma til , adabiy til” ma’nosini beradi.
Muhimi shundaki, umumxalq tilining ham, adabiy tilning ham o‘z tarixi bor. Jumladan, o‘zbek umumxalq tilining tarixi oltoy davridan boshlanadi. Yozma adabiy tilning tarixi esa turkiy matn tuzish an’anasining boshlanishi, yozma til o‘lchovlarining yuzaga kelishi va ularning qat’iylashuvi bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, o‘zbek adabiy tilining tarixi yozma yodgorliklari ma’lum bo‘lgan qadimgi turk davridan (Birinchi va Ikkinchi turk xoqonliqlari davrida yaratilgan bitiglar tilidan) boshlanadi. Turkiy xalqlarning bulardan-da eski, hatto meloddan burungi davrlarga tegishli yozuv yodgorliklari ham topilgan. Biroq ular yirik matnlar emas, turli buyumlar sirtidagi bir-ikki so‘z va yo qisqa jumlali yozuvlardir. Ular yozma til tarixini o‘rganish uchun ozlik qiladi.
Shuning uchun, hozircha, adabiy til tarixini turklarda yozuv madaniyati yuksalgan, savodxonlik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘k turk xoqonliqlari davridan boshlaganimiz ma’qul. O‘zbek tili o‘zining uzoq asrli tarixiy takomili davrida bir qancha bosqichni o‘tgan. Tilimiz tarixining ilk bosqichi eng eski chog‘lardan boshlab melodning V yuzyilliklariga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu bosqichni shartli ravishda eng qadimgi turkiy til deb ataymiz. Ilmiy asarlarda bu davrning ilk bosqichi “oltoy”, keyingi bosqichi “xun davri” deb yuritiladi.
Melodiy VI asrdan qadimgi turkiy adabiy til davri boshlanadi. Bu davr adabiy, ya’ni yozma til tarixining ilk bosqichidir, chunki turkiy yozma adabiy til ana shu kezda yuzaga kelgan. Bu davr to‘g‘risida so‘z ketganda unga yozma adabiy til atamasini qo‘shib ishlatganimiz ma’qul. Keng e’tirof etilishicha, “qadimgi turkiy yozma adabiy til” davri VI–X yuzyilliklarni qamraydi. Turkiy tilning eng ko‘hna yozuv yodgorliklari o‘sha chog‘lardan qolgan. Turkiy, xususan, o‘zbek adabiy tilining tarixi ham mazkur yozma yodgorliklar tilidan boshlanadi.
Bu davr quyidagi bosqichlarga bo‘linadi:
1) Ko‘k turk yozma yodgorliklari tili (Bu guruhga Birinchi va Ikkinchi turk xoqonliqlari davrida yaratilgan ko‘k turk yozuvli urxun va yenisey, tuva, talas, farg‘ona yodgorliklarining tili kiradi);
2)Uyg‘ur xoqonliq va davlatlarida yaratilgan ko‘k turk, uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d yozuvlaridagi yozma yodgorliklar tili (turkshunoslik asarlarida “qadimgi uyg‘ur tili” deb ham atalmoqda).
XI asrdan eski turkiy adabiy til davri boshlanadi. Bubosqich XIV yuzyillikning boshlariga qadar davom etgan.
Muhimi shundaki, bu davrning ilk bosqichlarida, xususan, qoraxoniylar davrida yaratilgan yozma yodgorliklar tili “qadimgi turkiy til” davrida yaratilgan bitiglar tiliga juda yaqin, ularda qadimgi yozma til an’analari davom etgan. Birgina misol: Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida keltirilgan turkiy og‘zaki ijod namunalari ham til, ham badiiy jihatdan ancha burungi davrlarga ildiz otgan. Yoki mashhur “Qutadg‘u bilig” dostonining tili, lug‘at qatlamidagi sanoqli arabcha, forscha so‘zlarni demaganda, ko‘k turk bitiglarining tili bilan aytarli birday.
Eski turkiy adabiy til davri quyidagi bosqichlarni birlashtiradi: 1) Qoraxoniylar davri tili (qoraxoniylar davrida yaratilgan yozma yodgorliklar tili); 2) “Chig‘atoy turkiysi”; 3) Eski xorazm turkiysi (Oltin O‘rda va Xorazm muhitida amal qilgan adabiy til ); 4) Eski qipchoq tili (Misrda yozilgan grammatik asarlar va lug‘atlar hamda g‘arbiy turk o‘lkalarida qipchoqlar yaratgan asarlar tili); 5) Eski anato‘li turkchasi (Bu XIII–XV asrlarda o‘g‘uz turklari qo‘llagan yozma adabiy tildir. Keyinchalik buning negizida usmonli turkchasi otini olgan adabiy til yuzaga keldi); Eski o‘zbek adabiy tili (XIV asrdan XX yuzyillikning boshlariga qadar). Bu davrda ham “chig‘atoy turkiysi” davom etdi. XIII–XVI asrlarning adabiy tili “chig‘atoy turkiysi” oti bilan yuritiladi.
Bu davr eski o‘zbek adabiy tilining eng yashnagan bosqichidir. O‘sha yuksalishning ta’siri va an’analari XX yuzyillikning boshlariga qadar keldi. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Bu davr XX asrning boshlaridan to shu kungacha amal qilmoqda. Boshqa fanlarda bo‘lgani singari til tarixining ham o‘z chegarasi, o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qiluvchi manbalari bor. Til tarixi yozuv yodgorliklariga tayangan holda muayyan tilning yuzaga kelishi, uning tarixiy taraqqiyoti , hozirgi ko‘rinishiga kelgunga qadar yuz bergan o‘zgarishlar, ularning yuz berishida amal qilgan qonuniyatlarni tadqiq etadi.
Тил ва адабиёт таълимида модулли таълим технологиясидан фойдаланиш йўллари
Do'stlaringiz bilan baham: |