Nazorat va muhokama uchun savollar:
1. Hozirgi kunda O'zbekistonda energetika tizimi holati qanday?
2. Qishloq xo'jaligini elektrlashtirishning samaradorlik ko'rsatkichlarini
izohlang.
3. Qishloq xo'jaligida ishlab chiqarish jarayonini elektrlashtirish qanday yo'lga
qo'yilgan?
4. Elektr energiyasidan samarali foydalanish muammolari nimalardan iborat?
5. Muammolarni hal etishda o'z fikringizni izohlang.
6. Qishloq xo'jaligida elektrlashtirish tizimini baholang.
7-mavzu. Qishloq xo'jaligida suv resurslaridan foydalanish.
Reja:
1.Melioratsiya va suv xo'jaligi.
2.Suv resurslaridan foydalanishda hududiy prinsipdan havza prinsipga o'tish
afzalliklari.
3.Sug`orishning yangi texnologiyalarini qo'llash.
Adabiyotlar
1. To'xliev N. "O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti".T-1998y.
2. Eshonov H."Hududiy prinsipdan havza prinsipiga".
O'zbekiston qishloq xo'jaligi. 2004y. 3-son.
3. Shoxxo'jaev F. "Suvdan foydalanishda yangicha munosabatlar". O'zbekiston
qishloq xo'jaligi. 2004y. 7-son.
Respublikada iste’mol qilinayotgan suv miqdorining 95% daryo va soylardan
olinadi. Suvni iste’molchilarga yetkazib berish maqsadida ko'plab kanal, zovur,
gidrouzel, gidrotexnika inshootlari, suv omborlari, doimiy nasos stansiyalari
qurilgan. Respublikada qishloq xo'jalik sug`orma dehqonchilikka asoslangan. Suv
xo'jaligida umumiy suv sarfi soniyasiga 2500 m3 dan ortiq bo'lgan 75 yirik kanal,
umumiy hajmi 18,6 mlrd. m3 bo'lgan 53 suv va 25 sel omborlari, 32,4 ming km.
xo'jaliklararo kanallar, 4889 nasos agregatlari o'rnatilgan, 1479 doimiy nasos
stansiyalari, 10180 tik drenaj va suv chiqarish quduqlari, 30,4 ming km.
xo'jaliklararo kollektorlar mavjud. Suv inshootlarini ekspluatatsiya qilish va
yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bilan bog`liq barcha ishlarni Respublika
Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi va uning joylardagi tashkilotlari tomonidan
amalga oshiriladi.
O'zbekiston suv xo'jaligi mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan
biri sifatida shakllandi va aholi hamda iqtisodiyotning suvga bo'lgan ehtiyojini to'la
qondirishga xizmat qiladi.
Suv xo'jaligi tizimida melioratsiya qurilishini Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi
va "O'zsuvqurilish" davlat konserni olib boradi. Suv xo'jaligi qurilishi sohasida
keyingi 25-30 yil davomida mavjud sug`oriladigan 4,2 mln. ga yerning qariyb 2,0
mln. gektari Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi va "O'zsuvqurilish" davlat
konsernining qurilish tashkilotlari tomonidan o'zlashtirildi. Sug`oriladigan
26
yerlarning 3 mln. gektarga yaqini drenaj tarmoqlari bilan ta’minlangan, 2 mln.
gektardan ortiqroq yer nasos stansiyalari yordamida sug`oriladi.
Melioratsiya va suv xo'jaligi tizimida bir qancha korporatsiya, ishlab chiqarish
birlashmalari, ilmiy ishlab chiqarish, ilmiy tajriba korxonalari faoliyat
ko'rsatmoqda. Korporatsiya va birlashmalarning har biri o'z tizimida o'nlab sanoat
va qurilish industriyasiga ega.
Sug`oriladigan dehqonchilikda mulkchilikning har xil turlari paydo bo'lishi,
fermerchilikning taraqqiy etishi, suv tanqisligining kuchayishi va boshqa sabablar
tufayli respublikada suvdan va unga bog`liq xizmatlar uchun pullik foydalanishga
o'tish sohasida tegishli ishlar olib borilmoqda. Suvni tejash maqsadida kanallar
o'zanida suv sizishini kamaytirish uchun qoplamalar yotqizilmoqda, tomchilatib va
tuproq ustidan namlatib sug`orish usullari qo'llanilmoqda.
O'zbekiston Respublikasidagi suvga doir barcha munosabatlar O'zbekiston
Respublikasining "Suv va suvdan foydalanish to'g`risida"gi Qonuni (6 may,
1993y.) bilan tartibga solinadi.
Irrigatsiya tizimi va suv resurslarini ko'p yillardan beri ma’muriy-hududiy
prinsip asosida viloyatlar va tumanlar bo'yicha boshqarishga asoslangan amaldagi
tizimi suv resurslarining cheklangani va unga bo'lgan talabning yildan-yilga ortib
borayotganligi holida, iste’molchilarni ularning talabi asosida, o'z vaqtida mavjud
suv resursi doirasida o'rnatilgan limit bo'yicha suv bilan kafolatli ta’minlashni,
suvdan maqsadli va samarali foydalanishni, mablag`larning cheklangani holida,
suv xo'jaligi tizimini o'z vaqtida ta’mirlash va ularni ishonchli va tezkor
boshqarishni tashkil etishni, suvdan foydalanishda bozor munosabatlarini
shakllantirishga va rivojlantirishga javob bermay qo'ydi.
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 21 iyuldagi "Suv resurslarini
boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish to'g`risida"gi qarori bilan Markaziy
Osiyoda birinchi bo'lib, mamlakatimizda irrigatsiya tizimlarini boshqarish
ma’muriy-hududiy prinsipidan havza prinsipiga o'tkazildi.
Respublikada suv resurslari boshqaruvi bilan shug`ullanuvchi mavjud 230dan
ortiq suv xo'jalik tashkilotlar va xizmatlar negizida: 10ta irrigatsiya tizimlari havza
boshqarmalari va birlashgan dispetcherlik markaziga ega bo'lgan Farg`ona vodiysi
magistral kanallari tizimi boshqarmasi tashkil etildi. Irrigatsiya tizimlari havza
boshqarmalari tarkibida, shuningdek, 3ta magistral tizim boshqarmasi, 4ta
magistral kanallar boshqarmasi, 52ta irrigatsiya tizimi boshqarmasi, birlashgan
irrigatsiya markaziga ega bo'lgan Farg`ona vodiysi magistral kanallari tizimi
boshqarmasi tarkibida esa 3ta magistral kanal boshqarmalari tuzildi.
Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori bilan havza boshqarmalariga:
- suvdan foydalanishning bozor prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish
asosida suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanishni tashkil etish;
- ilg`or texnologiyalarni joriy etish asosida suv xo'jaligida yagona texnika
siyosatini o'tkazish;
- iste’molchilarni suv bilan uzluksiz va o'z vaqtida ta’minlashni tashkil etish;
- irrigatsiya tizimlari va suv xo'jaligi inshootlarining texnik ishonchliligini
ta’minlash;
27
- havza hududida suv resurslarini oqilona boshqarish hamda uning tezkorligini
oshirish;
- suv iste’molchilari bo'yicha suv resurslaridan foydalanishning aniq hisobi va
hisobotini ta’minlash kabi muhim vazifalar yuklatildi.
Amalga oshirilgan islohot quyidagi imkoniyatlarni berdi:
- suv manbai bilan suvni bevosita iste’molchilari o'rtasidagi ortiqcha oraliq
bo'g`inlarni yo'qotdi;
- suvdan foydalanishni rejalashtirish va taqsimlashni hamda boshqarishni
ilmiy asosda ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini berdi;
- suv manbai bo'yicha barcha iste’molchilarni ularning talabiga qarab
proporsional ta’minlash imkonini yaratdi, suv xo'jaligi tashkilotlari rahbar va
xodimlarining masuliyatini oshirdi;
- byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilishni osonlashtirdi
va uning samaradorligini oshirish uchun shart-sharoit yaratdi;
- suvdan foydalanishda bozor prinsiplarini joriy qilish uchun puxta zamin
yaratdi.
Respublikamizda Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, Magistral kanallar
(tizimlar) va Irrigatsiya tizimi boshqarmalari to'liq shakllandi. Hududiy Nasos
stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmalari, Gidrogeologiya meliorativ
ekspeditsiyalar, Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tasarrufiga o'tkazildi,
Suv xo'jaligida o'tkazilgan ushbu islohot natijasida:
- suvdan foydalanish rejalarini ishlab chiqish, suv olish va undan foydalanish
bo'yicha limitlarni o'rnatish, suv olish va undan foydalanish shartnomalarini tuzish,
shartnomalarni ro'yxatdan o'tkazish, suvning kundalik oldi berdisini, hisob-kitobi
va hisobotini yuritish, suv resurslari balansini ishlab chiqishda tubdan o'zgarishlar
ro'y berdi;
- Qishloq va suv xo'jaligi vazirligining aloqador vazirlik va idoralar bilan
kelishilgan holda bergan takliflariga asosan O'zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining qarori bilan O'zbekiston Respublikasining "Suv va suvdan foydalanish
to'g`risida"gi qonuniga tegishli o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritildi.
Vazirlik tomonidan aloqador vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda
suvdan foydalanishda bozor prinsiplarini joriy qilish chora-tadbirlar dasturining
loyihasi, cheklangan suvdan foydalanish tartibi, suvni iqtisod qilib maqsadli
foydalangan holda suvdan foydalanuvchilarni rag`batlantirish tartibi to'g`risidagi
Nizomlar loyihalari to'g`risida Vazirlar Mahkamasining qaror loyihalari
tayyorlanib, ular belgilangan tartibda ko'rib chiqilmoqda.
O'tkazilgan islohot natijasida suv olish va undan foydalanish tartiblari
takomillashib bormoqda.
O'zbekistonning sug`oriladigan maydonlari asosan tuproq ustidan egatlar
orqali, taxtalarga (marzalarga) bo'lib va cheklarga bo'linib bostirilib sug`orilmoqda.
Bunday sug`orish usullari tuproq tuzilmasini buzilishiga, qatqaloq hosil bo'lishiga,
suvning hisobdagi me’yoridan ko'p sarf bo'lishiga, tuproqni notekis namlanishiga,
suvni chuqur qatlamlarga shimilib ketishiga sabab bo'lmoqda va tuproqning
meliorativ holatini buzilishiga olib kelmoqda.
28
Yuqorida ko'rsatilgan sug`orish usullarining salbiy oqibatlarini tugatish uchun
yangi sug`orish usullarini qo'llash talab qilinadi. Bunday sug`orish usullaridan biri
egatlab sug`orishda egiluvchan ko'chma quvurlardan bosim ostida beruvchi PPA-
165, PPA-300, PT-250, TAP-150, TPP-200 markali sug`orish mashinalaridan
foydalanishdir. Ushbu quvurlar o'q ariqlar o'rniga ishlatiladi. Ulardagi har bir
teshik qator orasining o'rtasiga to'g`rilanadi, teshiklarda bir xil diametrli maxsus
klapanlar bo'lib ular yordamida egatga berilayotgan suvni rostlash mumkin.
Sug`orish mashinalari yordamida egatlarga suv taralganda bir yo'la 2-3
gektardan 5-8 gektargacha maydonni sug`orish imkoniyatini beradi. Sug`orishda
mehnat unumdorligi 2-3 barvar oshadi, suvning shimilishi esa oddiy usuldagiga
nisbatan 8-10% kamayadi.
Yomg`irlatib sug`orish. Bu usulda suv maxsus qurilmalar va mashinalar
yordamida sun’iy yomg`ir tarzda o'simliklar ustidan purkab beriladi.
Yomg`irlatib sug`orishning afzalligi shundaki, bu usulda sug`orish jarayoni
to'liq mexanizatsiyalashadi, o'q ariqlar soni kamayadi, belgilangan suv me’yori
aniq va bir tekisda sarflanadi, tuproq yuzasida mikroiqlim vujudga keladi,
yomg`irlatib sug`orishda sizot suvlari ko'tarilmaydi, shu sababli tuproqda
sho'rlanish va botqoqlanish sodir bo'lmaydi.
Yomg`irlatib sug`orish usulida egatlab sug`orishga nisbatan mehnat
unumdorligi 3-4 barobar oshadi va 15-20% suv tejaladi. Yomg`irlatish uchun
DDA-100M markali o'zi yurar agregat ishlatiladi. U bir vaqtda 120 m kenglikdagi
maydonni sug`oradi. Sug`orish me’yori gektariga 700-800 m3 bo'ladi va bitta
agregat bir sutka davomida 10-13 gektar ekin maydonini sug`ora oladi.
Respublikamizda DKSH-64 "Voljanka", "Fregat" va boshqa markali keng
qamraydigan yomg`irlatgich mashinalaridan ham foydalanish mumkin, ular suvni
bir tekisda tuproqqa singish tezligida yomg`irlatadi.
Natijada gektariga 1000 m3 gacha suv berish va tuproqni 80-100 sm
chuqurlikda namiqtirish imkoniyati yaratiladi.
Tomchilatib sug`orish. Tomchilatib sug`orish usuli ekinlarga suv berishning
eng ilg`or usullaridan biri bo'lib, bunda suv o'simliklarga to'g`ridan-to'g`ri maxsus
jihozlar va qurilmalar yordamida tomchi tarzda yetkaziladi. Bu sug`orish usulining
asosiy meliorativ afzalliklari shundaki, suv o'simliklarning ildizi tarqalgan faol
qatlamida uzluksiz mo'’tadil namlik, havo, oziqa va tuz rejimlarini vujudga
keltiradi.
Suvdan kecha-kunduz davomida foydalanish - bu suvning isrof bo'lishiga
qarshi ko'riladigan eng zaruriy tadbirlardan biridir.
Barcha xo'jaliklarda biror ekin maydoni sug`orilayotganda unga kechayu-
kunduz, uzluksiz suv berib turish kerak; suvni kollektor-zovur tarmoqlariga bekor
tashlab qo'yish qat’iy man qilinadi. Buning uchun suvchilarning kunduzgi va tungi
smenalarini belgilab qo'yish, ularni zarur inventarlar bilan ta’minlash, tunda
sug`orish uchun maydonni o'z vaqtida tayyorlab qo'yish shart. Xo'jalikka keragidan
ortiqcha suv oqib kelayotgan bo'lsa, uni kamaytirish zarur.
Sug`orilmaydigan davrda kanallardagi suvni bekitib qo'yish bu suv
isrofgarchiligiga qarshi kurashda suv xo'jaligining muhim tadbirlaridan biri
hisoblanadi.
29
Chunki kuz, qish va erta bahorda tuproqdan suv juda kam bug`lanadi.
Shunday sharoitda kanaldan singib kirgan suv butunlay sizot suvga qo'shiladi va
uning sathini ko'taradi. Shuning uchun sug`orish yoki sho'rni yuvish talab
qilinganda suv qo'yishga ruxsat etiladi.
Sug`orish kanallarining kuz-qish va erta bahorda 3-4 oy bekitilib qo'yilishi
natijasida sizot suv sathi odatdagiga qaraganda ancha pasayadi. Sug`orish
maqsadida suvdan foydalanilmaydigan davrda kanal suvlarini bekitib qo'yish
kerak. Xo'jalik ehtiyojlari, ichish va mollarni sug`orish uchun esa chuqur burg`-
quduqlar qazib, ulardan suv olish zarur. Irrigatsiya inshootlarini o'z vaqtida
ta’mirlash va ishga yaroqli holda saqlash, irrigatsiya kanallarining juda to'lib
oqishiga ruxsat etmaslik, kanaldagi suv isrofgarchiligini kamaytiruvchi
tadbirlaridan hisoblanadi.
Zovur va yer osti suvlaridan foydalanish. O'rta Osiyoning sug`oriladigan
yerlarida qo'shimcha sug`orish manbalarini qidirib topish muhim vazifa
hisoblanadi. Shu munosabat bilan sizot, zovur va yer osti (artezian) suvlaridan suv
ta’minoti, sug`orish va sho'r yuvish maqsadida foydalanishning katta suv-xo'jalik,
meliorativ, ekologik ahamiyati bor.
O'zbekistonda zovur suvlar hajmi umumiy suv olish hajmini 30-35%ini
tashkil etmoqda.
Bu sug`orish manbalarining suvi ko'pincha minerallarga boy bo'ladi.
Yuqorida aytilgan suvlardan foydalanishning suv xo'jaligi jihatidan quyidagi
afzalliklari bor:
suv resurslari, va sug`oriladigan yer maydonlari ko'payadi;
bu suvlardan foydalanishda magistral, taqsimlash va keng tarmoqli
sug`orish shahobchalari hamda ko'plab gidrotexnik inshootlar
qurish talab qilinmaydi;
sug`orish tarmoqlarining salt qismi uncha uzun bo'lmaganligidan
undan suvning filtratsiyaga isrof bo'lishi kam, foydali ish
koeffitsienti va sug`orish qobiliyati esa katta bo'ladi;
suvda mayda zarrachalar juda kam va minerallashganligidan
kanallarni deyarli loyqa bosmaydi, yovvoyi o'tlar juda kam o'sadi,
natijada ulardan foydalanish xarajatlari kamayadi.
Meliorativ jihatdan ham bu suvlardan foydalanishning yaxshi tomonlari ko'p,
ya’ni:
daryodan irrigatsiya tarmoqlariga suv olish qisqaradi, natijada suvning
filtratsiyaga sarflanishi kamayadi va sizot suv sathi pasayadi;
sizot va yer osti suvini olish ta’sirida ham sizot suv sathi bevosita pasayadi;
zovur suvidan foydalanilganda kollektor va zovurdagi suv sathi pasayadi,
natijada ularning ish chuqurligi va samarali ta’siri zo'rayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |