MA’RUZA MATERIALLARI
1-
mavzu: Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining
predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari
Reja:
1.O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi. “O‘zbekistonning eng yangi
tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-
uslubiy asoslari.
2.YUksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil
insonni voyaga etkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni.
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning ma’naviy etuk
shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikrlari. XXI
globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual
yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
QO‘LLANILADIGAN TA’LIM TEXNOLOGIYALARI: ma’ruza, BBB,
namoyish, aqliy hujum, klasster, ZOOM dasturi orqali videodars.
Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid har xil voqea-hodisalarning izchil
rivojlanishi, ularning qachon, qaerda, qanday holatda yuz berganligi, insoniyatning
paydo bo‘lishi va uning tadrijiy-evolyusion rivojlanish jarayoni va boshqalarni
o‘rganadi. SHuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat tarixining ajralmas
qismi hisoblanib, u olamshumul voqeliklarga juda boy. O‘zbekistonning eng yangi
tarixi fani yaqin tarixni, so‘nggi yarim asrdan kamroq vaqtni xolisona va haqqoniy
o‘rganadi.
Tarixiy haqiqat to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining
predmeti va ob’ektini to‘g‘ri belgilanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega. CHunki,
O‘zbekistonning eng tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori predmet va
ob’ekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fan uning o‘rganish predmeti
va ob’ekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, maqsadga erishish
mushkul bo‘ladi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan,
o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat yaqin o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi,
xulosa chiqaradi, yosh mustaqil davlatning hayot yo‘lini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga
nisbatan aniq fan. U matematika usulidan keng foydalanadi. Voqea va hodisalar
qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik-xronologik asosda o‘rganiladi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-xillik
xususiyatiga ega. Uning o‘rganish predmetiga esa, mana shu makondagi jamiki
xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda
qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik
faoliyati kiradi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish makoni-ob’ekti
O‘zbekistonning mustaqillik davri tarixidir.
Ob’ekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy chegaralar,
ma’lum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, shular doirasidagi voqea
va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. Predmet esa mana shu bir
butun ob’ekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan
iboratdir.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy
aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni,
dinshunoslikni va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib
berolmaydilar.
SHuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy- gumanitar fanlarning
o‘rganish ob’ekti bitta ya’ni jamiyatdir. Predmeti esa inson va tabiat. SHuning uchun
ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga chiqishiga
bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa soha fanlari rivojiga katta
ta’sir etadi. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, tarix boshqa fanlarni, shuningdek
ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. CHunki boshqa fanlarning hammasi
ham, tarix mahsulidir.
Xulosa shuki, tarix fani ya’ni, O‘zbekiston tarixi millat va Vatan taqdirini ravnaq
topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan,
ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar
haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. CHunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq.
Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-
gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak
darajada bo‘ladi.
Tarix falsafasi deganda, tarix ya’ni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa
chiqara olish tushuniladi. Boshqacha aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, kelajakni
to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani sobiq mustabid tuzum
mafkurasidan voz kechish, yangi yondashuvlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarga yuz tutdi.
Fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish O‘zbekiston tarixchilari zimmasiga
jahon amaliyoti yutuqlaridan kelib chiqib, tarix fanini yanada yuqori ilmiy-nazariy
darajaga olib chiqish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish kabi vazifalarni
yuklamoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik
kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni
bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar
samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir.
Qarorda Jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli,
haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy
adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini
ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan
vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi
yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish. Ikkinchi yo‘l – mavjud
bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘z yuritilganda, biz uchun, avvalo,
mamlakatimizning 1991 yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va
mazmunini anglab etish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz
mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch
kelganini tushunib etish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim
demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari,
oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu
institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib
bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan
to‘ldirishimiz maqsadga muvofiqdir.
Rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng
muhim institutlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom
Karimov fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng ishtirok etishini
ta’minlovchi siyosiy institutlarning xilma-xilligiga asoslangan yangi demokratik
tizim negizlarini shakllantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.
Sobiq tuzum davrida davlat va yakkapartiyaviylik tizimi shaxs ustidan yalpi
hukmronligini o‘rnatgan edi. Fuqaroning huquqiy himoyalanmagani, boshqaruvning
ma’muriy-buyruqbozlik usullari, har qanday muqobil fikrlashning tazyiq ostiga
olinishi ko‘p odamlarda chorasizlik tuyg‘usini uyg‘otib, real hayotdan uzoqlashish
istagini oshirdi. “Siyosiy autsayderlar” deb ataluvchi kishilar sonining o‘sishi,
jamiyatda ijtimoiy pessimizm va boqimandalikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Afsuski, bugungi kunda ham jamiyatda eski davrga xos bo‘lgan ijtimoiy ongning
retsidivlari muayyan darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev
ushbu holatni nazarda tutgan holda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni jiddiy tanqid
ostiga olib, quyidagilarni ta’kidladi: “Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu
sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda.
Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil
o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning echimi chetda
qolib ketmoqda”. Bugun kuchli fuqarolik jamiyatni qurish vazifasi tobora ko‘proq
dolzarblik kasb etmoqda. Uning amalga oshirilishi real va faol ko‘p partiyali tizimni
shakllantirishni talab etayotir.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan
vazifalar qatorida jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilishdagi o‘zbek modelining
konseptual asoslarini idrok etish, davlatimizning global va mintaqaviy integratsiya
jarayonlarida ishtiroki bilan bog‘liq masalalarning to‘g‘ri va haqqoniy tahlilini
xalqimiz va kelajak avlodga etkazish burchimizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti mamlakat milliy
davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini o‘rganish,
ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop
etish borasidagi etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri. Institutda O‘zbekiston
eng yangi tarixining turli jabhalarini tadqiq etuvchi “YAngi va eng yangi tarix”,
“Etnologiya va antropologiya”, “Tarixshunoslik va manbashunoslik” bo‘limlari
faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu erda eng yangi tarixni o‘rganishda tarix, xalqaro
munosabatlar nazariyasi, sotsiologiya, antropologiya, etnologiya, falsafa, iqtisodiy
nazariya, siyosiy muammolarni qamrab olgan yangi fanlararo yondashuvlar tahlili
amalga oshirilmoqda. YAna ahamiyatli jihati, institutning olti nafar etakchi olimi
Jamoatchilik kengashi a’zosi hamdir.
Olimlar tomonidan “Buyuk va muqaddas, mustaqil diyor”, “O‘zbekistonning eng
yangi tarixi: nazariy-metodologik asoslari, o‘rganish tajribasi, manba va uslublar”,
“O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy islohotlar jarayonida”, “O‘zbekistonning
eng yangi tarixidan lavhalar”, “Farg‘ona vodiysi shaharlarida iqtisodiy
transformatsiya jarayonlari (1991-1996 yillar)” kabi qator to‘plam va
monografiyalarning nashr etilishi O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid amalga
oshirilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalar natijasi, deyish mumkin.
Bizda, afsuski, O‘zbekistonning eng yangi tarixi turli aspektlarini o‘rganish bilan
shug‘ullanayotgan mutaxassislarning (tarixchilar, sotsiologlar, siyosatshunoslar,
faylasuflar, iqtisodchi olimlar, huquqshunoslar) tarqoqligi, ular faoliyatini
muvofiqlashtirish talab darajasida emasligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda. Bugun ilmiy
gumanitar hamjamiyat vakillarining hamkorligisiz va birgalikda sarflanadigan kuch-
g‘ayratisiz hozirgi zamon tarixining mazmunini tushunish murakkabligi barchaga
ayon.
Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik
kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori kengash va tarixchilarga muhim
yo‘riqnomalarni belgilab berdi. Institut olimlari va kengashning faoliyatini qayta
ko‘rib chiqish, tariximizni mufassal ifoda etadigan tadqiqotlar, kitoblar, monografiya
va darsliklar yaratish masalasini tez va sifatli hal etmoq talabini qo‘ymoqda.
Mazkur qarorda belgilanganidek, institut va kengash a’zolari qator rejalar, amalga
oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga jiddiy kirishgan. Unda siyosat, iqtisod,
madaniyat, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida sodir bo‘layotgan voqealar asosida
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha kompleks yondashuvni
ta’minlash inobatga olingan. Ushbu vazifalarning ilmiy idrok etilishi va hal qilinishi
muayyan darajada tarix fani mavjud tushuncha-metodologik arsenalining tanqidiy
tahlili va tegishli tarzda O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid turli voqealarni tadqiq
etish bilan shug‘ullanayotgan barcha ilmiy yo‘nalishlarning nazariy salohiyati
yangilanishi bilan bog‘liqdir.
1.
O‘zbekiston tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-usul va
tamoyillari quyidagilardan iborat:
-
Ilmiy xolislik (ob’ektivlik);
-
Tarixiy – tahliliylik;
-
Mantiqiy – uzviylik;
-
Vorislik va izchillik;
-
Xronologik izchillik;
-
G‘oyaviylik va vatanparvarlik;
-
Halol va xolislik;
-
Qiyoslash va kuzatish;
-
Kuzatish va umumiylashtirish;
-
Baxslashish, munozara yuritish va isbotlash;
-
Matematik hisoblash;
-
SHakllash va modellashtirish;
-
Ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrim
(juz’iy)likka (deduksiya);
Bugungi kunda oshkoralik, shaffoflik kabi tamoyillar ilgari surilayotgan bir
vaqtda tarix qanday bo‘lsa, uni shundayligicha o‘rganish ustivor bo‘lmog‘i kerak.
CHunki yaqin tarix ko‘pchilik o‘z ko‘z o‘ngidan o‘tkazgan voqeliklardir. Uni
oshirmay, yashirmay, boricha o‘rganish zarurdir.
Umuman olganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish va uni
o‘qitishning dolzarb muammolari bo‘yicha keng munozaralarning zaruratini chuqur
anglagan holda olimlar, pedagog xodimlar va maorifning boshqa vakillarini tarix ilmi
va fani masalalarini keng ommaga etkazish hamda matbuotda faol muhokama qilish
zarur. Jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod ona Vatanimizning yaqin o‘tmishini
tushunishga, murakkab, jo‘shqin va jadal sur’atlar bilan davom etayotgan
mamlakatimiz mustaqilligining tarix solnomasini tizimli o‘rganishga, uni to‘laqonli
anglab etishga katta ehtiyoj sezmoqda. Mazkur sharafli ijtimoiy vazifani amalga
oshirish esa o‘zbek tarixchilarining ilmiy va fuqarolik burchidir.
Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy
siljishlar bilan birga, tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan o‘zbek xalqi hayotida
XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ana shu davrda
xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va
ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka
mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu davrning mohiyati –
butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi
talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan
bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega.
Garchi mustaqillik davri tarixan qisqa bo‘lsada, mustabid tuzum iskanjasidan
chiqib ketish, butun bir xalqning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash kabi g‘oyatda
tahdidli va tahlikali, ayni paytda sharafli jarayonni boshdan kechirdi.
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘lining
mazmun-mohiyati va xususiyatlarini obektiv baholagan holda mustaqillik davrini
quyidagi ikki bosqichga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘lar edi:
1) 1991–2016-yillar. Bu davrda milliy davlatchilik asoslari va ijtimoiy
yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yuzaga keltirishga qaratilgan o‘tish davrining
dastlabki islohotlar jarayoniga ilk qadamlar qo‘yildi. Demokratik an’analar asosida
yangi davlat boshqaruv tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati
tashkil etildi hamda fuqarolik jamiyati asoslari yaratildi, erkin bozor iqtisodiyotiga
o‘tila boshlandi. 2000-yildan mamlakatda faol demokratik yangilanish va
modernizatsiyalash jarayonlari kuzatildi. Jumladan, kuchli davlatdan – kuchli
fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Natijada
mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish
jarayonlari chuqurlashdi, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi
mustaqil sud tizimi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi. 2010-
yildan demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada
chuqurlashtirish masalasi ilgari surildi. Uning boshlanishi O‘zbekistonning Birinchi
Prezidenti Islom Karimov tomonidan mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish
va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishi
bilan bog‘liqdir. SHuningdek, bu davr davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada
demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so‘z
erkinligini ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, demokratik bozor
islohotlarini chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan xarakterlanadi.
2) 2017-yildan keyingi yillar. Bu davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan
O‘zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevning strategik taraqqiyotga asoslangan
keng ko‘lamli jadal islohotlar davri hisoblanadi. Natijada, hayotimizga yangi
iboralar, xususan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “virtual qabulxona”,
tanqidiy tahlil”, “qat’iy tartib-intizom”, “arzon uylar”, “texnoparklar”, “o‘z bolangni
o‘zing asra”, “yo‘l xaritasi”, “kafolatlangan xavfsizlik” singari tushunchalar kirib
keldi va hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |