Sovuq urishining II darajasi teri yuza qatlamlarining nekrozi bilan yuzaga chiqadi. Isitishdan so’ng shikastlangan kishining oqargan terisi to’q qizil-ko’kimtir tusga kiradi, tezda to’qimalar shishib rivojlanib, sovuq urgan joy atrofiga ham tarqaladi. Sovuq urgan sohada tiniq yoki oq rangli suyuqlik bilan to’lgan pufakchalar hosil bo’ladi. Shikastlangan sohada qon aylanishi asta-sekin tiklanadi, terida sezuvchanlikning buzilishi uzoq vaqtgacha saqlanib qolishi mumkin, biroq ayni vaqtda birmuncha og’riq bo’lishi qayd qilinadi.
Sovuq urishining bu darajasida umumiy hodisalar ro’y beradi: tana harorati ko’tariladi, et junjikadi, ishtaha va uyqu yomonlashadi. Ikkilamchi infektsiya rivojlanmasa, shikastlangan sohada terining nekrozga uchragan yuza qatlamlari granulyatsiya va chandiq hosil qilmay asta-sekin (15-30 kunda) ko’chib tushadi. Bu joydagi teri uzoq vaqtgacha ko’kimtir, sezuvchanligi past bo’lib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |