Muskullar spazmasi (tortishishi)
Muskullar spazmasini shikastlanishga yo`yib bo`lmasa-da, u og’ir jismoniy ishni bajarishda yoki oyoq - qo`l uzoq vaqt davomida bir xil holatda turganida yuzaga keladigan og’riq turidir. Odatda, shu joyni cho`zish (uzatish) hamda uqalab yuborish, dam olish, shuningdek holatni o`zgartirish og’riq bartaraf etilishi uchun yetarli hisoblanadi. Qizib ketish natijasida muskulga yuk ko`p tushishi tufayli sodir bo`ladigan tortishish muskul spazmasini eslatishi mumkin, lekin u issiqda jismoniy mashqlarni bajarish jarayonida muskullar suyuqlik yo`qotishi natijasida ham sodir bo`lishi mumkin.
Tayanch-harakat apparati shikastlanishining belgilari quyidagilardan iborat:
• og’riq,
• shish,
• odatdagi harakatlarni bajara olmaslik,
• teri rangining o`zgarishi,
• deformatsiya (shakl o`zgarishi),
• tashqi qon ketishi,
• shikast yetgan paytda suyaklarda qisirlagan yoki shaqillagan tovushning eshitilishi.
Ozmi-ko`pmi jiddiy shikastlanishda og’riq, shish bo`ladi va o`sha joyga tekkanga og’riydi.
Deformatsiyada shish, g’ayrioddiy g’adir-budurlik, bo`rtiq, chuqurcha paydo bo`ladi, tananing ma'lum qismi g’ayriodatiy burchak ostida ko`rinadi. Tananing shikastlangan va sog’ qismlarini solishtirib deformatsiyani oson aniqlab olish mumkin.
Jabrlanuvchining o`zi tanasining qaysi qismi qimirlamasligini yoki qanaqa harakat og’riq paydo qilayotganini aytishi mumkin.
Immobilizatsiya – jarohatlangan a'zoni harakatsizlantirishdir.
Tayanch-harakat apparati shikastlanganda ba'zan qon ketadi, og’riq qattiq bo`ladi yoki suyak tashqariga chiqib qoladi. Bunday shikastlanish jabrlanuvchining hayotiga kamdan-kam hollarda xavf tug’diradi. Lekin bosh, bo`yin yoki orqa shikastlangan bo`lsa, shikastlanish natijasida yurish yoki nafas olish qiyinlashsa, ko`p joy shikastlangan bo`lsa, albatta tez yordam chaqirish kerak bo`ladi.
Tez yordam yetib kelguncha jabrlanuvchi tanasining shikastlangan qismini qo`l bilan tutib turib, boshqa buyumlar, masalan, yostiq, adyol, kiyim bilan qimirlamaydigan qilib qo`yiladi.
Tez yordam darhol kelmasa yoki jabrlanuvchini shaxsiy transportda mustaqil olib ketmoqchi bo`linsa tananing jarohatlangan qismining qimirlamasligini ta'minlash zarur bo`ladi.
Tananing shikastlangan qismini harakatsizlantirib (ko`zg’almaydigan qilib) qo`yish natijasida og’riqni kamaytirishga, qo`shimcha shikastlanishning oldini olishga, qon ketishi xavfini kamaytirishga, tananing jarohatlangan qismida qon aylanishi buzilishi ehtimolini kamaytirishga, yopiq siniqning ochiq siniqqa aylanib ketishining oldini olishga erishiladi.
Shikastlangan joyni taxtakachlash, qattiq tutib turuvchi bog’lam qo`yish yoki bint bilan o’rash orqali qimirlamaydigan qilib qo`yiladi. Buning uchun shinadan foydalaniladi. Shina uch xil: yumshoq, qattiq va anatomik bo`ladi. Yumshoq shina sifatida taxlangan adyol, sochiq, yostiq, qimirlatmaydigan bog’lam yoki bintdan foydalaniladi. Qattiq shinaga taxtacha, metall tilimi, karton, buklangan jurnal va hokazolar kiradi. Anatomik shinada jabrlanuvchining o`z tanasidan foydalaniladi. Masalan, qo`l - jabrlanuvchining ko`kragiga bint bilan tortib qo`yilishi, oyog’i – sog’ oyog’iga bog’lab qo`yilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |