Korxonada rejalashtirishning uslubiy asoslari, tamoyillari va
vazifalari
Rejalashtirish uslubiyati – bu iqtisodiyotni boshqarishning turli bo’g’inlarida, jumladan, korxonalarni boshqarishda rejalarni ishlab chiqish usullari majmuasidir. Avvalgi rejali iqtisodiyot sharoitlarida u avvalo reja organlarining, ham sobiq ittifoq miqyosida, ham alohida respublikalar miqyosida amal qilgan
iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy yo’nalishlarini ishlab chiqish bo’yicha uslubiy ko’rsatmalarga tayanar edi. Iqtisodiyotning muhim soha va tarmoqlarini joriy va istiqbolli rejalashtirish ushbu ko’rsatmalar asosida amalga oshiriladi.
Mazkur holatda rejalashtirish uslubiyatiga ko’ra, “yuqoridan pastga” tamoyili asosida nazorat raqamlari, limit va normativlar tushirilar, keyin esa “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida, ya’ni korxonalardan yuqori turuvchi organlarga qayta uzatilar edi. “Yuqori” darajada reja ko’rsatkichlari yiriklashgan tavsifli bo’lsa, korxonalar miqyosida esa ishlab chiqarish bilan bog’liq holda muayyan va detalli tavsifga ega bo’ladi. Rejalashtirishda ushbu tizimning kamchiligi shunda ediki, deyarli har bir korxonaning faoliyat rejasi majburiy tarzda “yuqoridan” tasdiqlanishi zarur edi. Busiz reja o’z realligini yo’qotar edi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida korxonalar o’z faoliyatini rejalashtirishni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Biroq bu rejalashtirishning tekshirib ko’rilgan va foydali usullaridan voz kechishni anglatmaydi. Bugungi sharoitlarda ham korxonalar faoliyatini rejalashtirish-texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar, progressiv norma va normativlar, iqtisodiy tahlil, muqobil variantlarni tanlashga asos-lanadi.
Rejalashtirishning eng ko’p tarqalgan usullari qatoriga quyidagi-larni: balans, normativ, iqtisodiy-matematik, statistik, omillar bo’yicha, ko’p variantli hisob- kitob usuli kabilarni kiritish mumkin. Rejalarning asoslanganlik darajasini oshiruvchi va ularni tezda amalga oshirilishiga xizmat qiluvchi, shuningdek, tavakkalchilik va vujudga kelishi mumkin bo’lgan talofatlarni kamaytiruvchi usul eng samarali usul hisoblanadi.
Hozirgi paytda balans usulining ahamiyati oshib bormoqda. Ushbu usulning mohiyati, o’zaro aloqada bo’lgan ko’rsatkichlarni solishtirish bilan ifodalanadi. Balans usuli asosida korxonaning ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi, ishlab chiqarish quvvatiga bo’lgan talablari va ularning manbalari aniqlanadi. Bundan kelib chiqqan holda moddiy balans, ishlab chiqarish quvvatlari balansi, ishchi kuchi balansi, ish vaqti balansi, qiymat balansini ajratib ko’rsatish mumkin. Balanslar, qoidaga ko’ra, ehtiyojlar va ularga mos keluvchi resurslarning
mavjudligi yoki manbalarini o’z ichiga oluvchi, o’zaro moslashuvchi jadval shaklida tuziladi.
Balans usuli normativ usuli bilan birgalikda qo’llanadi. Normativ usulida resurslarni sarflashning yo’l qo’yish mumkin bo’lgan eng yuqori va eng quyi chegaralari aniqlanadi. Bunda ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etishda norma va normativ kabi tushunchalardan foydalaniladi.
Norma (me’yor) – bu, belgilangan sifatdagi mahsulot birligi (ish, xizmat) tayyorlash uchun sarflanuvchi xom ashyo, material, yoqilg’i, energiya va boshqa resurslardan foydalanishning yo’l qo’yilishi mumkin bo’lgan maksimal yoki minimal chegarasidir. Agar resurslardan foydalanish normalarini kamaytirish mahsulot sifatining pasayishiga yoki belgilangan standartlar talablarining buzilishiga olib keladigan bo’lsa, u holda bu normalarni kamaytirish mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |