Yakunlanish bosqichi - 60 yoshdan 65 yoshgacha davom qiladi. Bu davrda odam pensiya to‘g‘risida jiddiyroq o‘ylay boshlaydi, bu yerdan ketishga tayyorgarlik ko‘radi. Mana shu davrda bo‘shab qoladigan lavozimiga munosib o‘rinbosar izlash va nomzodni o‘qitish ishlari olib boriladi. Garchi bu davr martabaning inqirozi bilan farqlanib tursa ham, bu yoshdagi kishilar ishdan tobora kamroq qoniqish hosil qiladilar, ruhiy va fiziologik yetishmovchilik holatini boshdan kechiradilar, o‘z-o‘zini namoyon qilish o‘ziga va boshqalarga hurmat talab bo‘lish butun martaba davomida yuqori darajada bo‘ladi. Ular ish haqi darajasining saqlanib qolishini istaydilar, lekin boshqa daromad manbalarini ko‘paytirishga intiladilar, pensiyaga chiqqanda bu daromadlar oladigan daromadiga yaxshi qo‘shimcha bo‘lishi mumkin.
Oxirgi, pensiya bosqichidan bu tashkilotdagi martaba (faoliyat turi sifatida) tugaydi. O‘zini boshqa faoliyat turlarida ko‘rsatishga intilish imkoniyati paydo bo‘ladi, holbuki tashkilotda ishlab yurgan vaqtida bunday qilishga imkoniyati cheklangan edi. O‘ziga va pensiya oladigan boshqa birodarlariga nisbatan hurmat bilan qarash ehtiyoji barqarorlashadi. Biroq, moliyaviy ahvoli va sog‘lig‘i bu yillarda boshqa daromad turlarini qidirishga va sog‘lig‘i haqida o‘ylashga majbur qiladi.
Xizmat martabasini boshqarish
5.3.Har bir kishi o‘z ehtiyojlari va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga asoslangan holda o‘z kelajagini rejalashtiradi. U o‘zining xizmat sohasida o‘sish istiqbollari va mazkur tashkilotda malakasini oshirish imkoniyatlari bor-yo‘qligini bilishni xohlashida hyech qanday ajablanarli narsa yo‘q. Shuningdek u o‘zi bajarishi lozim bo‘lgan shartlarni ham bilishi kerak. Aks holda xulq-atvorining sabablari zaif bo‘lib qoladi, odam bor kuchini sarflamasdan ishlaydi, malakasini oshirishga intilmaydi va tashkilotni yangi, tag‘in ham istiqbolli ishga o‘tish oldidan birmuncha vaqt ishlab turish mumkin bo‘lgan joy deb qaraydi.
Kishi ishga kirish vaqtida o‘z oldiga muayyan maqsadlar qo‘yadi, lekin tashkilot ham uni ishga qabul qilar ekan, o‘z oldiga muayyan maqsadlar qo‘ygan bo‘ladi. Shuning uchun ham ishga qabul qilinuvchi o‘zining ishchanlik fazilatlarini real baholay olishi darkor. Kishi o‘zining ishchanlik fazilatlarini tashkilot va ish uning oldiga qo‘yadigan talablarga taqqoslay olishi kerak. Uning butun martabasining muvaffaqiyati ana shunga bog‘liq bo‘ladi.
Martabaning maqsadi sifatida faoliyat sohasini, muayyan ishni, lavozimni, xizmat pillapoyasidagi o‘rinni sanamaslik kerak. U yana xam teranroq mazmunga ega bo‘ladi. Martaba maqsadlari biror sababda namoyon bo‘ladi, xodim ana shu sababga ko‘ra mazkur aniq ishga ega bo‘lishni, lavozimlarning iyerarxik zinapoyasida muayyan pog‘onani egallashni istaydi.
Misol tariqasida martabaning ayrim maqsadlarini sanab o‘tamiz:
o‘z-o‘ziga berilgan bahoga mos keladigan va shuning uchun ham ma’naviy qoniqish xosil qiladigan faoliyat turini egallash yoki lavozimga ega bo‘lish;
o‘z-o‘ziga baho berishga, joyga, tabiat sharoitlariga javob beradigan ish yoki mansabga ega bo‘lish; ular xodimning sog‘lig‘iga qulay ta’sir ko‘rsatadi va yaxshi dam olishni tashkil etishiga imkon beradi;
sizning imkoniyatlaringizni kuchaytiradigan va rivojlantiradigan lavozimni egallash;
ijodiy xususiyatga ega bo‘lgan ishga yoki lavozimga ega bo‘lish;
kasb bo‘yicha ishlash yoki muayyan darajada mustaqillikni qo‘lga kiritish imkonini beradigan lavozimni egallash;
yaxshi haq to‘lanadigan yoki ayni vaqtda katta qo‘shimcha daromad olish imkonini beradigan ishga yohud lavozimga ega bo‘lish;
faol ta’lim olishni davom ettirish imkonini beradigan ishga yoki lavozimga ega bo‘lish;
bir vaqtning o‘zida ham bolalar tarbiyasi, ham uy-ro‘zg‘or xo‘jaligi bilan shug‘ullanish imkonini beradigan ishga yoki lavozimga ega bo‘lish.
Martabaning maqsadlari yosh o‘tishi bilan almashinib boradi, o‘zimiz qanday o‘zgarishimiz, malakamizning ortishi bilan o‘zgarib boradi va h.k. Martaba maqsadlarini shakllantirish - bu doimiy jarayondir.
Martabani boshqarishni ishga qabul qilish chog‘idan boshlash kerak. Sizni ishga qabul qilayotib, ish beruvchi tashkilotning talablari bayon qilingan savollar berishadi. Siz esa o‘z maqsadlaringizga javob beradigan, o‘z talablaringizni shakllantiradigan savollarni berishingiz lozim bo‘ladi.