Mavzu: Zavqiy lirikasi.
Reja:
Zavqiy lirikasi.
"Ajab ermas" muxammasi.
Zavqiy lirikasi. Zavqiy lirik shoir sifatida mavzu va g'oyaviy jihatdan o'ziga xos she'rlar yaratdi. Shoir lirikasida ishq-muhabbat kechinmalaridan tortib, ijtimoiy-siyosiy masalalargacha bo'lgan munosabat badiiy ifodasini topgan.
Zavqiy lirik shoir sifatida "Ofarin"," Ko'zing", "Aylab keling", "Men kimga dey" kabi bir qator she'rlari bilan xalq qalbidan joy oldi. Ayniqsa, lirik she'rlar ichida "Yuzingni ko'rsatib avval, o'zingga bandalar qilding" misrasi bilan boshlanadigan muxammasi alohida diqqatga sazovor. Bu she'r mumtoz qo'shiqchiligimizning oltin fondidan joy olgan bo'lib, mana necha yildirki, hofizlarimizning doimiy repertuaridan o'rin olib kelmoqda. She'rda muhabbat kechinmalari - oshiqning yurak dardi va nozik ruhiy holatlari poyama-poya berib borilgan. She'rning boshlanmasida mahbubaning "yuzini ko'rsatib" oshiqning qalbiga g'ulg'ula solgani, unga tabassum ila "jilvalar" qilib visol umidini tug'dirib va yana "sango man to qiyomat oshno" deya vafodorlik va'dasini berganligining badiiy ifodasi beriladi. Sadoqat va vafoli oshiqning his-tuyg'ulari ehtiros bilan kuylanadi. Soddadil oshiq dilbarining "kecha-kunduz men sening yoring bo'lurman, tikondek suhbatingda bir guli noring bo'lurman" deya bergan va'dalariga chin dildan ishonadi. Muhib hayotdagina emas, muhabbatda ham ishonuvchan, oliyjanob. Shoir oshiqning sevgidagi sadoqati-yu ma'shuqaning muhabbatda vafosiz va subutsizligini juda ta'sirli qilib shoirona ehtiros ila ifodalaydi:
Menga mardumlar aydi: "Berma ko'ngil bevafo yora,
Seni ovora aylar, ahdi yolg'ondur sitamkora,
Vafosi yo'q, ishonma so'ziga, sho'xi jafoкога",
Dedimkim, nosiho, iriomi ko'pdur oshiqi zora,
Netay, e bemuruvvat, oxiri sharmandalar qilding.
Zavqiyning lirik qahramoni sadoqat va vafodorlik timsoli bo'lsa, ma'shuqa obrazi esa qanchalik latofatli va jozibador bo'lmasin, sof muhabatga loqayd, tabiatan sevgida beqaror shaxs sifatida gavdalanadi.
Shoir keyingi bandlarda begonalik hajridan, sevgining alam-iztiroblaridan o'rtangan oshiqning bu holatdagi ruhiyatini shunday tasvirlaydi:
Yuragim raxna bo'ldi, bas qil istig'noni jononim,
Firoqing torta-torta yoshligimda ketdi darmonim,
Arozingni qo'yib, lutf aylasang hech yo'qdur armonim,
Ko'zum nuri, tanimning quvvatisen, ey diloromim,
Naxush bir necha кип Zavqiy qulingga ishvalar qilding.
Shoirning bu latif muhabbatnomasi, chin sevgiga madhiya, bevafolik va beqarorlikka nafratni ifodalovchi mustaqil asar sifatida barchaga birdek ma'qul bo'ldi. Ayniqsa, she'r misralariga tanosub, nido, mubolag'a, tazod kabi badiiy tasviriy vositalarni tabiiy tatbiq etib, hayratli go'zal manzara yarata olganligi ijodkorning iste'dodini va mahorat miqyosini belgilaydi.
Zavqiy lirikasida ishq mavzusining yana go'zal namunalaridan biri uning "Kelmasa, kelmasun, netay?" radifli g'azalidir. Bu g'azal ulug' Navoiyning:
Gar alamimg'a chora yo'q, bo'lmasa, bo'lmasun, netay?
Gar g'amima shumora yo'q, bo'lmasa, bo'lmasun, netay?—
bayti bilan boshlanadigan jozibali g'azaliga nazira tarzida bitilgan. Zavqiy o'z nazirasida Navoiy g'azalining vaznini, misra tuzilishlarini saqlagan holda, mazmuni va g'oyaviy yo'nalishi jihatidan o'ziga xos g'azal yaratadi:
Yor kelur zamona yo'q, kelmasa, kelmasun, netay?
Sarf etarga xazona yo'q, kelmasa, kelmasun, netay?
Zavqiy ijodida zamondosh shoirlar kabi ijtimoiy voqelikka munosabat ham o'ziga xos usulda berilgan. Uning "Ajab ermas", "Demish xon", "Farg'ona" kabi she'rlari siyosiy lirika namunalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |