Marketing tadqiqotining tashkiliy tuzilishi
Marketing tadqiqotchilik xizmatini strukturalash darajasi va xususan, mustaqil axborot-tahliliy bo‘linmani ajratish qator sharoitlarga: korxona turi va hajmiga, uning resurslari va imkoniyatlariga, qo‘yilgan maqsadlarga, mulkchilik shakli va ilgari yuzaga kelgan an’analarga bog‘liq.
Marketing axborot-tahliliy xizmati rahbari uning faoliyati uchun firma rahbariyati oldida javob beradi. Bu xizmatni mutaxassislar bilan o‘tkazish, ijobiy muhitni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatni rejalashtirish, nazorat qilish va o‘zgarishlar kiritish, ichki va tashqi aloqalarni tashkil qilish uchun javobgarlik uning zimmasiga yuklatiladi. Shu sababli uning axborot-tahliliy funksiyalarni bajarishga imkon beradigan bilimlarga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Marketing tadqiqoti xizmati rahbari yuqori darajada mustaqillik va mas’uliyatga ega bo‘lishi lozim. Qoidaga ko‘ra, u firma oliy rahbariyati tarkibiga kiradi va bevosita firma rahbariga bo‘ysunadi. Bu marketing xizmatining nufuziga xizmat qiladi, uni boshqaruv qarorlari qabul qilish bo‘yicha ma’muriyat iyerarxiyasida yuqori o‘rinlarga qo‘yadi. Axborotga ega bo‘lish rahbarning maqomini oshiradi.
Marketing tadqiqoti xizmati faoliyatiga uchta menejment tamoyili asos qilib olingan:
funksiyalarni o‘z vakolatlari doirasida chegaralash (majburiyatlarni taqsimlash);
har bir xodim va bo‘linmaning o‘z majburiyatlarini ijro etish bo‘yicha javobgarligi bilan birga tashabbuskorligi;
o‘z funksiyalarini bajarish uchun vositalarga ega bo‘lish (ish o‘rni, resurslar va h.k.).
Marketing tadqiqoti muammolari bilan shug‘ullanuvchi xizmat va bo‘linmalarni ichki tashkil qilish firma manfaatlariga bo‘ysunadi, uning imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi va qoidaga ko‘ra qat’iy strukturaga ega bo‘lmaydi. Uch xil variant foydalaniladi: matritsali, funksional va aralash.
Matritsali yoki divizional tamoyil quyidagi uch omildan biri yoki kombinatsiyasi bo‘yicha bloklar yaratishdan iborat:
geografik omil, bunda har bir bo‘linma mintaqalarning (geografik hududlarning) birida to‘lik marketing siklini amalga oshiradi, axborot-tahliliy guruh esa ushbu mintaqaning to‘liq tavsifnomasini ta’minlaydi;
bozor omili, bunda har bir bo‘linma belgilangan iste’molchlar doirasida marketing faoliyati uchun javob beradi, axborot-tahliliy guruh esa mos keluvchi bozorni o‘rganish bilan shug‘ullanadi;
tovar omili, bunda marketing bo‘linmalari soni firma sotayotgan tovarlar soniga mos keladi va har bir bo‘linmada axborot-tahliliy guruh tashil qilinib, u mazkur tovar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni, jumladan, talab va taklif xaqidagi ma’lumotlarni to‘playdi va tahlil qiladi.
Marketing tadqiqotini tashkil qilish turli sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi. Funksional tamoyil marketing va uning tadqiqotchilik faoliyatini boshqarish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi. Funksional tizimga muvofiq umumiy marketing xizmatining qator bo‘linmalari tashkil etilib, ularning har biri bitta yoki bir nechta marketing funksiyalarini bajarish uchun javob beradi. Mos ravishda axborot to‘plash va uni qayta ishlash uchun javobgar bo‘lgan bo‘linmalar ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |