Eng qadimgi davrda yashagan ajdodlarimizning dastlabki urf-odatlari, an'anaviy marosimlari, ommaviy tadbirlari, kundalik turmush tarzi qadimgi afsonalar, rivoyatlar, xalq ertaklarida o’z aksini topgan. Bu rivoyatlar, afsonalar massagetlar, saklar, xorazmiylar, so’g’dlar, parfiyaliklar yashagan davrlarga borib taqaladi. «Avesto», «Alpomish», «Go’ro’g'li», «Qirqqiz», «Manas», «To’maris» kabi tarixiy manbalarda qadimgi davrda jismoniy tarbiya vositalarining - turli o’yinlar, otda yurish, kurash, kamondan o’q otish va boshqa mashqlarning qo’llanilishi haqida ma’lumotlar bor.
Hozirgi Markaziy Osiyo hududlarida yashagan eng qadimgi ajdodlarimizning ijtimoiy-madaniy turmushi haqida ma’lumotlarga oid daliliy ashyolar ko’p uchraydi. Ularning eng muhimlari Toshkent, Samarqand, Termiz va boshqa shaharlardagi tarix, arxeologiya va san’at muzeylarida saqlanmoqda. Toshlarga chizilgan rasmlarda kishilarning ov qilishdagi shakl va harakatlari, ov qurollari, hayvonlar aks ettirilib, ularning tarixi ham bir necha o’n ming yillik davrlarni o’z ichiga oladi.
Ajdodlarimizning ijtimoiy hayotida turli xil jismoniy mashqlar, o’yinlar ko’p qo’llanilgan. Ular asosan ijtimoiy mehnat va tarbiya jarayonida keng qo’llanilgan. Tarixiy manbalarga qaraganda mamlakatimizda yashab, hayot kechirgan ilk ajdodlarimiz bundan 40 ming yillar avvalgi davrga to’g’ri keladi. Ular haqidagi ma'lumotlar Surxondaryoning Dalvarzin tepa, Teshiktosh, Afrosiyob, Toshkent viloyatining Sirdaryo sohillari va boshqa joylarda o’tkazilgan arxeologik topilmalar guvohlik beradi.
Qadimgi yunon va sharq manbalarida, xususan «Avesto», «Alpomish», «Shohnoma» va boshqa manbalarda madaniyat markazlar sifatida Sug’diyona, Xorazm, Parkana, Baqtriya podsholigining katta qismi aynan, respublikamiz mintaqalariga to’g’ri keladi.
Miloddan avvalgi II-I ming yilliklarda Markaziy Osiyoda Baqtriya, Xorazm, So’g’diyona, Marg’iyona, Parfiya kabi yirik quldorlik davlatlari paydo bo’lgan. Ular Rim va Gretsiyadagi quldorlik tuzumidan o’ziga xos ravishda anchagina farq qilgan. Markaziy Osiyodagi davlatlarda ishlab chiqarish yuqori darajada bo'lmaganligi uchun asosan dehqonchilik, chorvachilik va mayda hunarmandchilik asosida qullar majburiy ishlatilgan.
Miloddan avvalgi 481 (480) – 431 (425) yillarda yashagan yunon tarixchisi Gerodotning «Tarix» kitobida qadimgi forslar, saklar va massagetlarning jismoniy tarbiyaviy qarashlariga oid muhim ma'lumotlar berilgan. Saklar, massagetlar va forslarning eng sharaflaydigan narsasi jasurlik bo’lgan. Saklar dunyodagi barcha merganlar orasida o’qni zoye ketkazmaydigan juda mohir merganlar sifatida shuhrat qozongan edilar, – deb yozgan Gerodot. Shunga ko’ra ular ko’proq o’g’illarga ega bo’lishdan faxrlanishgan. Podshoh ham kimning o’g’li ko’p bo’lsa, unga har yili sovg’a-salomlar yuborgan, bolalarning yoshiga ham e’tibor berishgan. O’g’il bolalarni 5 yoshdan 20 yoshgacha faqat uch narsaga: otda yurishga, kamondan otish, to’g’rilikka o’rgatishgan. Bolani 5 yoshgacha otasiga ko’rsatmaganlar, ayollar tarbiyasida bo’lgan. Mabodo o’g’il bola vafot etsa, otasining qayg'urmasligi uchun shunday qilganlar. O’g’il hech qachon ota-onasini behurmat qilmagan. Ular ota-onaga hurmatsizlikni faqat nikohsiz tug’ilgan yoki tashlandiq bolalardangina kutish mumkin, deb hisoblaganlar.
Gerodot forslar uchun yolg'onchilik va qarzdor bo’lish sharmandalik hisoblangan, deydi. Yana ular daryo suviga tupurmaganlar, hatto qo’l yuvmaganlar. Ular daryo suvini muqaddas sanaganlar. Gerodotning bu ma’lumotlaridan ko'rinib turibdiki, bizning ajdodlarimiz farzandlariga jasoratli, o’z vatanining haqiqiy himoyachisi, kuchli va botir etib tarbiyalashga katta e’tibor berganlar.
Xitoy tarixchisi Syuan Tzyan esa Samarqand aholisining ahloqiy va hulq-odob qoidalariga rioya etishda boshqalarga o’rnak bo’lganligini aytib o’tgan. Bu ma'lumotlar qadimda bolalar o’qitiladigan savod maktablari bo’lganligi va maktablardan tashqari bolalar maxsus murabbiylar tomonidan harbiy-jismoniy mashqlarga va hunarga o’rgatilganligi, ta’limdan maqsad – bolalarni hayotga tayyorlash ekanligi haqida ma’lumot bergan.
Qadimgi davrlarda ta'lim-tarbiyaga oid ma’lumotlarni xalq og’zaki ijodi namunalari – afsonalar, qahramonlik dostonlari, qo’shiqlar, maqol va iboralardan ham olish mumkin. Xalq og’zaki ijodida xalq pedagogikasiga xos bo’lgan tarbiya tajribalari umumlashtirilgan. Ayniqsa, tarixiy shaxslar bilan bog’liq rivoyatlar buning dalilidir. Ularda muayyan shaxs faoliyati, qahramonliklari ulug’langan. Dostonlarda xotin-qizlarning aql-idroki, jasorati, erkaklar bilan teng sharoitda faoliyat ko’satganliklari ifodalangan.
Sak va xorazmiylarning ayollari harbiy yurishlar va janglarda qatnashgan, matonatda erkak jangchilardan qolishmagan. Buni miloddan avvalgi II asrda Rim manbalarida quyidagicha tasvirlangan: “Sak ayollari, xuddi qochib ketayotgandek, ayyorlik bilan ot ustida erkaklardek orqaga burilib o’q uzar edilar”.
Yunon tarixchisi Diodor ham miloddan avvalgi I asrda saklar haqida: “Bu qabilaning ayollari mard bo’ladilar va urush xatarlarini erkaklar bilan baham ko'radilar”, deb yozib qoldirgan.
Tarixdan ma’lumki, dastlab Amudaryoning o’ng qirg’oidagi yerlar Turon, chap qirg’oidagi yerlar esa Eron, deb yuritilgan. Miloddan oldin ahamoniylar saklar va massagetlarning yerlariga hujum qilib turgan. Eron shohi Kir sak va massagetlarga qarshi urushib 529 yilda mag’lubiyatga uchragan. Gerodotning «Tarix» kitobida massagetlar malikasi To’marisning Eron shohi Kir bilan olib borgan jang voqealari tasvirlangan. Jangda To’maris g’olib chiqib, Kirning boshini olib, qon bilan to’ldirilgan meshga solib: «Sen umr bo’yi qonga to’ymading. O’z ontim bo’yicha seni qon bilan sug’ordim», deydi. O'sha davrlarda To’maris kabi ayollardan sarkardalar chiqqan va janglarda har tomonlama kuch ko’rsatgan.
Polienning “Harbiy hiylalar” asarida saklarga qarshi Doroning bosqinchilik yurishi to'g'risida ma’lumotlar bor. Bu asarda saklar qahramoni Shiroqning vatanparvarligi va jasorati ibrat sifatida ko’rsatilgan.
Eng qadimgi yozma manbalardan biri zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” hisoblanadi.
Zardushtiylik ta'limotida ta’lim-tarbiya quyidagi bo’limlar:
1) ma'naviy va diniy tarbiya;
2) jismoniy va mehnat tarbiyasi;
3) aqliy va axloqiy tarbiyadan iborat bo’lgan.
“Avesto” bo'yicha bolalarga 5 yoshdan savod o’rgata boshlaydilar; o’qishni o'rganishi bilan savdo ishlariga o’rgata boshlaydilar. Bu ma’lumotlar qadimda bolalar o'qitiladigan savod maktablari bo'lganligi va maktablardan tashqari bolalar maxsus murabbiylar tomonidan harbiy-jismoniy mashqlarga va hunarga o’rgatilganligi, ta'limdan maqsad – bolalarni hayotga tayyorlash ekanligi haqida ma’lumot beradi. Zardusht ta’limotida 15 yosh balog’at yoshi sanalgan. Du yoshda ularga davlat qonunlari, axloqiy qoidalar o’rgatilgan. Zardushtiylikning axloqiy qoidalariga binoan insonning o’z burchini his etishining eng birinchi belgisi ma’naviy poklik hisoblangan.
“Avesto”da insonning barkamol bo’lib etishishida ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amallar birligiga katta e’tibor berilgan. Qadimgi ajdodlarimiz insonda juda qadrlaydigan xislatlar jasurlik, adolat, sadoqat, insoniylik bo’lgan. Bu xislatlar o’z-o’zidan shakllanmagan. Tabiat va jamiyatdagi o’zgarishlar, ibtidoiy urug’chilik-qabilachilik turmush tarzi buni taqozo etgan. Ikkita katta kuch – yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi ayovsiz kurash insondagi bu xislatlarning bevosita shakllanishiga turtki bo'lgan.
Qadimgi ajdodlar ijtimoiy turmush madaniyati, ayniqsa, sihat-salomatlik, jismonan chiniqish, mehnat hamda uzoq umr ko’rib yashash uchun yaratgan ta'lim-tarbiya jarayonlari «Avesto»da chuqur ma'no va o’rin egallagan.
Markaziy Osiyoni Eron Ahamoniylari, keyinchalik (miloddan avval 329-327 yillarda) Aleksandr Makedonskiy bosib olib, o’zlarining madaniyati, dini va ijtimoiy-iqtisodiy boshqarish ish usullarini o’rnatganlar. O'sha davrlarda Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlar bosqinchilarga qarshi qo’zg’olonlar ko’targan, jiddiy kurashlar olib borgan. Bunday hollarda askarlar va xalqning asosiy jangovorlik qurollari kamondan o’q otish, nayza bilan sanchish, qilichbozlik, turli xil vositalar (to’qmoq, kaltak, bolta, pichoq va h.k.) bo’lgan. Jangchilarning ma’lum qismi otda yurishgan. Bu holat jangchidan ot ustida turib barcha qurol vositalari bilan jang qilish, otni choptira bilish hamda boshqa imkoniyatlardan o'ta ustalik bilan foydalanishni talab etgan.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Aleksandr Makedonskiy miloddan avvalgi 334 yilda 30000 piyoda va 5000 otliq askar bilan kichik Osiyoga, keyin Markaziy Osiyoga jangovar yurish qilgan. 327 yilda hozirgi Buxoro, Samarqand, Panjakent atrofidagi yerlarni bosib olgan. Bunda lashkarboshi Spitamen bosqinchilarga katta qarshilik ko’rsatgan. Lekin uning xotini xoinlik qilib, Spitamenning boshini kesib, Aleksandr Makedonskiyga topshiradi. Podshoh bu bevafo xotinni hamda 120 ming aholini ham qirib tashlagan, chunki uning ta’biri bo'yicha eriga, eliga vafolik qilmagan ayol boshqalarga vafodor bo’lmaydi.
Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy tuzumi, madaniyati haqidagi ma’lumotlar Xitoy manbalarida ham uchraydi. Miloddan avvalgi 138 yilda Markaziy Osiyoga kelgan Xitoy elchisi - Chzyan Syan o’zining “Tarixiy bitiklar” kitobida qiziqarli ma’lumotlar qoldirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |