Markaziy Osiyoda qadimgi davr va o’rta asrlarda
jismoniy tarbiya
Qadimgi davrda Markaziy Osiyoda jismoniy tarbiyaga oid arxeologik topilmalar va yozma manbalar. “Avesto”- qadimgi yozma ma’naviy va ma’rifiy manba sifatida. Qadimgi Markaziy Osiyo xalqlarining ta’lim-tarbiya tizimi va turmush tarzida jismoniy tarbiyaning ahamiyati. Qadimgi ajdodlarimiz jismoniy tarbiyasining xususiyatlari. Qadimgi O’zbekiston xalqlarining o’yinlari va jismoniy mashqlarining umumiy tavsifi.
Markaziy Osiyoda o’rta asrlar davrida jismoniy tarbiya (IX – XVI asrlar). Sharqning buyuk alloma va mutafakkirlarining jismoniy tarbiya to’g’risidagi fikrlari. Abu Ali Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida jismoniy tarbiya to’g’risida. Amir Temurning harbiy-jismoniy ta’limoti. O’rta asrlar davrida Markaziy Osiyo xalqlarining jismoniy mashqlari va milliy o’yinlari.
O’zbekiston Respublikasining brinchi Prezidenti I.A.Karimov: «Tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo’lmaganidek, o’z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo’lmaydi», - deb yangi tariximizga yo’l ochib berdilar.
Markaziy Osiyo xalqlari dunyoning eng qadimiy tarixga ega bo’lgan xalqlari qatoriga kiradi. Markaziy Osiyo hududida yashagan ajdodlarimiz yuksak va o’ziga xos madaniyatni vujudga keltirgan.
O’zbekiston xalqlari madaniyati tarixi turli manbalarda o’z ifodasini topgan. Ularning mazmuni umumiy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida jismoniy madaniyat bilan bog’liqdir. Qadimgi ajdodlar taraqqiyot jarayonlari ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanish bilan chambarchas bog’lanib kelgan. Shunga asosan ajdodlarimizning jismoniy madaniyatini va uning rivojlanish tarixini turli ijtimoiy tuzumlar davridagi madaniyat, ma'rifat, tarixiy voqealar, urf-odatlar, an’analar bilan birgalikda o’rganish lozim.
Qadimgi ajdodlarimizning madaniyati, jumladan jismoniy madaniyatini o’rganishda uch asosiy manbaga tayanish mumkin:
arxeologik qazilmalar natijasida topilgan ashyoviy dadillar,
xalq og’zaki ijodi - qadimgi afsonalar, rivoyatlar, xalq ertaklaridan olingan ma’lumotlar,
buyuk mutafakkirlar, allomalarning ijodiy merosi, qo’lyozmalari,
qadimgi yozma manbalar, tarixiy kitoblar.
Tarixiy manbalarga qaraganda bundan 150-140 ming yil avval o’rta paleolitda Muz davri bo’lgan. Odamlar yashash uchun tabiat bilan kurashganlar. Toshlardan qurol yasashni takomillashtirib, yirik hayvonlarni va baliq ovlash keng tarqalgan. O’t chiqarish vositalarini ixtiro qilib, yashash uchun gor, yer to’la, chayla, boshqa boshpanalardan foydalanishgan. Bu jarayonlar esa barchaning jismonan baquvvat; epchil, kuchli, chaqqon bo'lishini talab etgan.
Ilmiy tadqiqotlarning guvoh berishicha, Teshiktosh (Surxondaryo), Afrosiyob (Samarqand), Xo’jakent, Obirahmat (Toshkent viloyati), Farg’ona vodiysida So’x daryosi bo’yidagi makonlar va boshqa joylarda topilgan yodgorliklar, turli ashyoviy dalillar o'rganilgan. Tadqiqotlarning natijalariga qaraganda yuqorida nomlari qayd qilingan hududlarda odamlar turli qurollardan hayvonlarni ov qilish uchun foydalanishgan. Jismoniy chiniqish va o’ljani qo'lga kiritish uchun turli murakkab harakatlarni bajarishga to’g’ri kelgan. Bolalarni ham bunday faoliyatlarga tayyorlaganlar. Natijada, jismoniy tarbiyasining ayrim namunalari (sakrash, yugurish, kurashish, uloqtirish, suzish va h.k) yuzaga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |