1-MODUL. MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI IQTISODIY VA IJTIMOIY GEOGRAFIYASI FANINING NAZARIY ASOSLARI
1-mavzu. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi fanining o‘rganish maqsad va vazifalari, ob’ekti, predmeti
Reja:
1. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi fanining obyekti va predmeti, maqsad va vazifalari
2. IIGning asosiy ilmiy-nazariy va amaliy asoslari, tushunchalari va ularning mohiyati.
3. MOD iqtisodiyotining yagona ijtimoiy-hududiy makonda rivojlanish qonuniyatlari, tamoyillari va omillari.
4. Yagona iqtisodiy makon va Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyalashuv jarayonlari.
Tayanch so‘z va iboralar: zamon, makon, moddiy ishlab chiqarish tarmoqlari, nomoddiy ishlab chiqarish tarmoqlari, tabiiy geografik o‘rin, iqtisodiy geografik o‘rin, siyosiy geografik o‘rin, geosiyosiy o‘rin, makro, mezo, mikro geografik o‘rin, tabiiy sharoit, tabiiy resurs, iqtisodiy makon, iqtisodiy integratsiya.
1. Markaziy osiyo davlatlari iqtisodiy va ijtimoiy gegorafiyasi (MOD IIG) ijtimoiy fanlar tizimiga kiradi. MOD IIGning asosiy predmeti bo‘lib ma’lum hududlar doirasida mavjud “tabiat-aholi-xo‘jalik” tizimi ichida amalga oshayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar hisoblanadi. Bunda asosiy e’tibor iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy munosabatlarni hududiy tarkibini shakllanishi qonuniyatlari va rivojlanish sharoitlari, ishlab chiqarish kuchlarining turli xil hududiy tizimlari, ularning rivojlanishi, faoliyat yuritishi hamda boshqarilishi masalalari ham fanning tadqiqot predmetini tashkil etadi.
MOD IIGning asosiy mazmunini ishlab chiqarish kuchlarini tarmoqlar va tarmoqlararo miqyoslarda (vertikal va gorizontal yo‘nalishdagi), zamon va makon doirasida o‘zaro aloqador komponentlardan iborat kompleks sifatida o‘rganish tashkil qiladi. Bunda hudud aholisi, sanoati, qishloq xo‘jaligi va trasport majmualari, hududiy ishlab chiqarish komplekslari va iqtisodiy rayonlar asosiy subyektlar hisoblanadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya boshqa fanlar bilan aloqador. Aloqadorlik xususan tabiiy geografiya, geologiya, gidrologiya, topografiya va kartografiya, falsafa, iqtisodiyot nazariyasi, tarix, matematika kabilar bilan nihoyatda yaqinligi bilan ajralib to‘radi. Munosabatlar yutuqlar va ma’lumotlardan o‘zaro foydalanish borasida va boshqa yo‘nalishlarda o‘zining ifodasini topadi.
MOD IIG o‘z predmetini tadqiq kilishda dunyoni o‘rganishning falsafiy asoslariga suyanadi, kartografik, tizimli-taqqoslash, statistik, tarixiy, ekspeditsiya, matematik analitik uslublardan foydalanadi. IIG joylardagi konkret holatni birlamchi ma’lumotlar asosida o‘rganish, sotsiologik-so‘rov uslublaridan foydalanish ham muhimdir.
MOD IIG fan holida shakllanishi va rivojlanishning tarixiy bosqichlarini hisobga olish muhimdir. Bunda turli tarixiy davrlarda ilm-fan, qolaversa jamiyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgan Markaziy Osiyolik olim va mutaffakirlardan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Maxmud Qoshg‘ariy, Maxmud ibn Vali, Chokan Valixonov, Ahmad Donish kabilarning mintaqa iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasini umumbashariy, fanlar silsilasi rivojlanishidagi o‘rnini baholash bo‘yicha qo‘shgan hissalari bebaxodir. Hozirgi davr iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasining nazariy asoslari va tushunchalari, tamoyillarini ishlab chiqarishning hududiy tarkibini shakllanishini tadqiq etishga G‘arb, Rossiya va O‘zbekistonlik va qo‘shni davlatlar geograflari ham katta hissa qo‘shganlar.
XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida ijod qilgan mahalliy mutaffakirlardan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Bexbudiy, Munavvar qori Abdurashitov kabilarning xizmatlari O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida dastlabki iqtisodiy va ijtimoiy geografiya bilimlarining shakllanishida ayniqsa bebahodir.
Mustaqil O‘zbekistonning ilmiy-ma’naviy jihatdan har tomonlama kamol topgan iymonli, e’tiqodli fuqarolarini tarbiyalashda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy-ijtimoiy geografiyasining o‘rni betakrordir. Fanni o‘rganish orqali Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy-ijtimoiy salohiyati, uning dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni va ahamiyati, turli xil hududiy-ishlab chiqarish imkoniyatlari kabilar haqida yoshlarimizga bilim beriladi.
2. IIGning asosiy tadqiqot predmeti hisoblanadigan ishlab chiqarish kuchlari hududiy tarkibining (makon va zamon doirasida) rivojlanishida bir qator omillar faol qatnashadilar. Ular tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, texnika kabi omillar bo‘lishi mumkin. Omillar jamiyatda ijtimoiy hayot rivojlanishi jarayonida turli sharoitlarda turlicha amaliy ta’sirga egadirlar. Albatta, jamiyat ishlab chiqarishi rivojlanishi o‘ziga xos obyektiv ijtimoiy tarakqiyot konuniyatlari, tamoyillari asosida amalga oshadi va turli xududiy ishlab chiqarish tizimlari, tarmoqlararo majmualari, o‘ziga xos moddiy ishlab chiqarish va noishlab chiqarish tarmoqlari shakllanishi va rivojlanishiga olib keladi.
IIG aslida ijtimoiy fanlar qatoridan o‘rin oladi. U bir-birlari bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan 1) tarixiy, 2) regional, 3) sotsial. 4) ekologik va 5) antropologik yunalishlarga ega. IIGning asosiy tadqiqot uslubi bo‘lib turli obyektlar, jarayonlar va xodisalarni sintetik (majmuali) o‘rganish hisoblanadi. Unda mamlakat va uning region (rayon)larning ijtimoiy-iqtisodiy, geografik, ekologik rivojlanishi jarayonlarini makon va jamoa doirasida o‘rganiladi.
IIGning asosiy metodologik negizi bo‘lib, jamiyatning hududiy tashkil etilishi haqidagi ta’limot hisoblanadi. Jamiyat ijtimoiy hayotini hududiy tashkil etilishi keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u hududiy (geografik) mehnat taqsimoti natijasida shakllangan ishlab chiqarish majmualari va tizimlari, ularning hududiy joylashishi, regional iqtisodiy-ijtimoiy tafovutlari, shuningdex jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik kabi masalalarni qamrab oladi. Boshqacha aytganda, insonning ko‘p qirrali hayotiy faoliyatini uni o‘rab turgan tabiat bilan o‘zaro aloqadorlikda o‘rganadi.
Bozor iqtisodiyotiga xos yangi ijtimoiy munosabatlar IIGning nazariy asoslari masalalariga ham ta’sir etadi, albatta. Sobiq ittifoq davrida uning nazariy asoslarida ishlab chiqarishni tashkil etishda planlilik va markazdan boshqarish bosh masala hisoblangan bo‘lsa, yangi bozor munosabatlari shakllanayotgan davrda ishlab chiqarishda erkin tadbirkorlik va raqobat asosiy jihat hisoblanadi.
Markaziy Osiyo davlatlarining muvaffaqiyatli ravishda bozor munosabatlariga o‘tish bosqichini o‘z boshidan kechirayotganligiga 20 yil ham bo‘lmadi. Ularning iqtisodiy hayotida mulkchilikning turli shakllari asosida ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishning yangi davri boshlandi. Ishlab chiqarish kuchlari faoliyatini boshqarishning huquqiy-meyoriy xo‘jjatlari barpo etilmoqda.
Barcha ishlab chiqarish tarmoqlari va ularning korxonalari joylarda o‘ziga xos tamoyillar va omillar (IGO‘, xom ashyo, elektroenergiya, ishchi kuchi kabi) ta’siri natijasida joylashtirilmoqda. Geografik mehnat taqsimoti aslida jahon miqyosida (yirik regionlar va davlatlararo), davlat ichida (rayonlararo) mavjud bo‘ladi. Geografik mehnat taqsimoti ayrim mamlakatlar, ularni hududlarining muayyan mahsulot turlarini ishlab chiqarishga, muayyan xizmatlarni bajarishga ixtisoslashishi va ularni bozorlarga chiqarishga olib keladi.
Markaziy Osiyo davlatlararo mintaqasi malum darajada tarixiy davrlar davomida yoki bu turdagi tovarlarni ishlab chiqarish va ayirboshlash borasida o‘ziga xos geografik mehnat taqsimoti qatnashchisi bo‘lib kelgan. Bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan hozirgi davrda bu jarayon yanada rivojlanmoqda, takomillashmoqda.
3. MODning tabiiy va iqtisodiy-geografik xamda ijtimoiy-tarixiy rivojlanishi jarayoni ko‘p hollarda umumiy yaqinlikka, o‘xshashlikka ega. Ana shu ko‘p qirrali o‘xshashlik, umumiylik mazkur xududda yashab kelgan halqlar taqdirini bir-birlari bilan bog‘lab kelgan. Bular quyidagilardir.
Tabiiy-geografik o‘xshashliklari: ularning deyarli har biri dunyo okeani va dengizlaridan baravar uzokda, sayyoramizdagi eng ulkan Yevrosiyo materigining markazida joylashgan. Jumladan, masofa eng yaqin Hind okeanidan 1-1,5 ming km, Shimoliy Muz okeanidan 2-2,5 ming km, Atlantika okeanidan 3-3,5 ming km, hamda Tinch okeandan 5-5,5 ming km uzoqda joylashgan. Masofa va relyefi xususiyatlariga ko‘ra mintaqaning iqlimiga Hind va Tinch okeanlarining ta’siri deyarli yuq, Shimoliy Muz va Atlantika okeanlariniki esa anchagina. Shimoliy yarim sharning o‘rta kengliklarida joylashgan ushbu davlatlarning iqlimiy xususiyatlari shu sabablarga ko‘ra asosan kontinental, ko‘p hollarda keskil kontinentaldir. Shuningdek, relyef-geologik xususiyatlari o‘lkaning o‘ziga xos iqtisodiy geografik imkoniyatlarini keltirib chiqaradi.
Iqtisodiy-georafik o‘xshashliklari avvalo mazkur davlatlarinng turli tabiiy boyliklarga va aholisining o‘ziga xos demografik ko‘rsatkichlarga, egaligi, mehnat resurslariga boyligi, diniy e’tiqodlarining yaxlitligi, yagona atrof-muhit va iqlim ko‘rsatkichlari asosida, aholining yashash va ishlab chiqarish faoliyatlari (sug‘orma dehqonchilik)ning o‘xshashligi, mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasining yakinligi, sanoat va qishlok xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashganligi bilan belgilanadi. Xususan. Mintaqa davlatlari iqtisodiyoti sobiq ittifoq davrida asosan xom ashyo, yarim xom ashyo ishlab chiqarishgagina ihtisoslashgan edi. Ularning barchasida xam paxta, pilla, g‘alla, issiqsevar ekinlari kabi qishloq xo‘jalik mahsulotlari, neft va gaz, rangli, qimmatbaho va nodir metallar, ayrim kimyoviy va binokorlik mahsulotlari ishlab chiqarish iqtisodiyotida asosiy o‘rin tutib kelgan. Qolaversa, mamlakatlarning bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirishdagi imkoniyatlari ham bir-birlariga juda o‘xshash.
Ijtimoiy-tarixiy birligi esa necha yuz yillar davomida turkiy va forsiy halqlarning iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-etnik yo‘nalishlardagi o‘xshashligi va uyg‘unligida ko‘zga tashlandi. Ularning siyosiy-davlatchilik tarixi ham bir-birlariga ancha yaqin.
Qadimdan «Buyuk ypak yuli» bu mintaqa hududlarini birlashtirib, taraqqiyot uchun katta imkoniyatlar yaratgan. Mustaqillik yillarida Tajan-Seraxs-Mashhad, «Traseka», Andijon-Osh-Qashqar kabi jahon bozorlariga olib chiquvchi yo‘llarning barpo etilishi natijasida yangi texnik imkoniyatdan foydalangan xolda ushbu qadimiy yo‘l yanada kengroq doirada Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘idagi o‘nlarcha davlatlarni bir-birlariga tutashtirmoqda. Oqibat natijada mintaqaning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlari yanada oshmoqda.
Mazkur imkoniyatlar mintaqaning muhim geosiyosiy o‘rnini belgilab bermoqda. Hozirgi paytda dunyoning yetakchi G‘arb va Sharq davlatlari, hamda Rossiyaning mintaqada mustahkam o‘rnashib olishi yulidagi kurashini ana shunday tushunmoq kerak. Shuningdek, mintaqa davlatlari geosiyosiy o‘rnini shakllanishida islom fundamentalizmi va diniy ekstremistik kuchlarning urni bor. Afg‘oniston, Tojikiston, Chechenistonda kechgan voqealar MOD davlatlarining diniy ekstremistik ekspansiyasiga qarshi, hozirgi sharoitdan kelib chiqib, birgalikda harakat qilishlarini talab etadi.
Hozirgi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish davrida, o‘ziga xos turli tashqi xavfga qarshi kurashish talabliri MOD halqlari tomonidan to‘la-to‘kis ko‘plab quvvatlanmoqda, Prezident I.Karimov tomonidai 1995 yilda o‘rtaga tashlangan “Turkiston – umumiy uyimiz” g‘oyasi hozirgi davrda quloch yozmoqda. Uning isboti bo‘lib, barcha Markaziy Osiyo mintaqasini qamrab olgan Markaziy Osiyo xalqlari madaniy Assambleyasining faoliyati, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda rivojlanib borayotgan yondashuvlar, uchrashuvlar hisoblanadi.
Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan tashkil topgan bo‘lib, umumiy maydoni 4 mln km2 dan ziyod va aholisi 70 mln kishi. U dunyo hududining 3 % dan ko‘prog‘ini va aholisining 1 % ga yaqinini tashkil etadi. Markaziy Osiyo mintaqasining tabiiy sharoiti o‘ta xilma-xil, hududi resurslarga boy.
Tabiiy sharoit deb insonning yashash va mehnat qilish sharoitini kelib chiqishiga daxldor bo‘lgan tabiat unsurlari va quvvatlariga aytiladi. Bular joylarning relyefi, iqlimi, tuproq-suv kabi sharoitlaridir.
Mintaqa relyefi xususiyatlarida tekisliklar Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlarida ahamiyatli bo‘lib, mintaqa hududining ¾ qismini tashkil qiladi. Tog‘lar va yassi tog‘liklar mintaqa hududining atigi ¼ qismini egallaydi va Tojikiston hamda Qirg‘izistonga xosdir. Ular respublikalar iqtisodiyotining shakllanishi va rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Jumladan, tekislik hududli respublikalarda ekin maydonlarini kengaytirish, turli qurilishlar (ishlab chiqarish va uy-joy, gidrotexnika, kommunikatsiya inshoatlari)ni tashkil qilish imkoniyatlari tog‘li respublikalarga nisbatan ancha yuqori. Gidroenergetik, rekreatsiya resurslariga va suv manbalariga esa, aksincha tog‘li hududlar boy.
Mintaqaning iqlimiy hususiyatlari uning okean va dengizlardan uzoqligi va berk havzada joylashganligi, relyefi xususiyatlaridan kelib chiqadi. Shu tufayli shimoldan janubga tomon bir nechta tabiat zonalari bir-birini almashtiradi.
Regionning umumiy iqlimiy xususiyatlari qatoriga qish faslini nisbatan qisqa va qahrligi, sernamligi, yozning esa nisbatan davomiyligi, jazirama issiqligi quruqligi, yil fasllari o‘rtasida t0 amplitudasining ancha kattaligi (kontinentalligi), yog‘in miqdorining tekislikda kamligi (100-150mm), unga ancha qurg‘oqchilik xosligi, balandlik va tog‘li hududlar tomon yog‘in miqdorining oshib borishi (350-700mm)ning xosligi. Mintaqaning qurg‘oqchil kontinental tabiiy sharoiti uning asosiy qismida xo‘jalik ishlarini tashkil qilishda sun’iy sug‘orish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Mintaqaning shimoldan janubga tomon sug‘oriladigan maydonlari hajmi ortib va bahorikor maydonlari esa kamayib borishi.
Markaziy Osiyo hududi turli xil tabiiy resurslarga boydir. Mintaqada ayniqsa mineral tabiiy resurslar hamda quyosh, oqar suv(daryo), shamol geotermal kabi energiya vositalari dunyoviy ahamiyatga molik, aksincha, suv, o‘rmon resurslari esa ancha kam.
Hozirgi vaqtda iqtisodiy jihatdan eng ahamiyatli tabiiy resurs turini mineral tabiiy boyliklari (yer osti qazilma boyliklari) tashkil etadi. Mintaqada yer osti qazilma boyliklarining deyarli barcha turlari mavjud.
Mintaqa yoqilg‘i-energetika resurslariga juda boy. Ko‘mir Turkmanistondan boshqa barcha mamlakatlarda mavjud. Eng katta ko‘mir zahiralariga Qozog‘iston ega. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston turadi.
Neft barcha mamlakatlarda topilgan. Uning zahiralari ayniqsa Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistonda katta, aksincha tog‘li respublikalarda kam.
Tabiiy gazga tekislik davlatlari–Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston ancha boy. Ammo Qirg‘iziston va Tojikistonda uning ahamiyatli konlari hozirgacha topilmagan.
Mintaqa mamlakatlaridan temir rudasiga faqat Qozog‘iston boy, boshqa davlatlarda uning sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan konlari uchramaydi. Lekin rangdor metallardan misga hamda polimetal rudalariga Qozog‘iston va O‘zbekiston, simob va surmaga Qirg‘iziston va Tojikiston boy. Faqat Turkmanistonda deyarli metalli qazilma boyliklar konlari uchramaydi.
Markaziy Osiyo hududlari kimyoviy mineral resurslarga ham ancha boy. Jumladan fosforitning yirik konlari Qozog‘iston va O‘zbekistonda mavjud. Turli tuz konlari mintaqaning barcha davlatlarida katta zahiralarda ega. Yirik oltingugurt koni esa faqat Turkmanistonda mavjud. Mineral qurilish materiallari barcha davlatlarda katta zahiralarga ega.
Markaziy osiyo davlatlariyer-suv resurslari bilan turlicha ta’minlangan. Agar Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan yer resurslariga ancha boy bo‘lsa, tog‘li Tojikiston va Qirg‘izistonda bunday resurslar, ayniqsa ishlov beriladigan maydonlar cheklangan.
Mintaqa davlatlari qimmatli tabiiy resurslar turi hisoblanadigan suv va o‘rmon resurslari bilan ham turlicha ta’minlangan. Suvga tog‘li respublikalar boy, qolgan davlatlar nisbatan kambag‘al.
4. Erkin raqobatga asoslangan yangi ijtimoiy munosabatlar davrida, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgai fan-texnika taraqqiyoti sharoiti har bir davlat iqtisodiy imkoniyatlarining birlashtirilishi, o‘zaro uzviy ishlab chiqarish hamkorligini yo‘lga qo‘yilishini talab qiladi.
Ayniqsa hozirgi davlat mustaqilligi sharoitida bir tomonlama rivojlangan, asosan xom ashyo va yarim xom ashyo mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan iqtisodiyotga ega bo‘lgan O‘O davlatlari o‘rtasida yagona iqtisodiy makonni tashkil qilish asosida iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish masalasi alohida dolzarbligi bilan ajralib turadi.
Shunday qilib, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar sharoitida MO davlatlari o‘rtasida yagona iqdisodiy makonni tashkil etish va shu asosida ular o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish zaruriy ehtiyojdir.
Darhaqiqat, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, ya’ni 1993 yil yanvar oyi boshlarida Markaziy osiyo davlatlariboshliqlari birinchi navbatda ushbu masalani muhokama etish maqsadida Toshkentda to‘planishdilar. Yagona iqtisodiy makon yaratish zarurligi va shu asosda mintaqada iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Yig‘ilishning muhim natijalaridan biri sifatida jahon siyosiy xaritasida Markaziy Osiyo deb nomlangan yangi mintaqaning paydo bo‘lganligi alohida ta’kidlandi edi.
1994 yil 10 yanvarda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti N. Nazarboyevning Toshkentga qilgan rasmiy safari davomida bu masala borasida birinchi amaliy qadam qo‘yildi. YA’ni, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari o‘rtasida iqtisodiy makonni tashkil qilish, ular o‘rtasidagi unga to‘siq bo‘ladigan barcha g‘ovlarni olib tashlash va shu asosida integratsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Bu ikki tomonlama shartnomaga shu yilning fevral oyidan Qirg‘iziston ham qo‘shildi. Mazkur shartnomani imzolashdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchining mintaqa bo‘ylab erkin harakatini ta’minlash, kelishilgan soliq, budjet, narx, bojxona va valyuta siyosatini yuritishdan iborat edi.
Mintaqa davlatlari rahbarlari 1996yil 5 aprelda yoqilg‘i-energetika va suv resurslaridan foydalanish, Markaziy Osiyo mintaqasida gaz quvurlarini qurish va ishga tushirish to‘g‘risidagi bitimga ham imzo chekdilar.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari 1998 yil 17 martda Sirdaryo havzasining suv-energetika resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi uzoq muddatli shartnomani imzoladilar. Bir yildan sung bu shartnomaga Tojikiston ham qo‘shildi. Tojikiston 1998 yil 26 martda mazkur respublika ham yagona iqtisodiy hudud to‘g‘risidagi shartnomaning to‘laqonli a’zosiga aylandi.
Mazkur yilning o‘zida ushbu ”to‘rtlik” davlatlari ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligi tashkilotiga asos solindi. Bu tashkilot doirasidagi vazifalarni hal etish uchun Davlatlararo Kengash, tashkilotning ishchi organi–Ijroiya qo‘mita kabi institutsional tuzilmalar tashkil etildi. Bundan tashqari a’zo davlatlarning ulushlari hisobiga Markaziy Osiyo banki barpo etildi.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligi tashkilotiga a’zo davlatlar boshliqlari 1999 yilning iyun oyida Bishkekda Bojxona ittifoqini tuzishga erishish to‘g‘risidagi fikrni ilgari surdilar. Bir yildan so‘ng esa Dushanbeda “Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligining 2005 yilgacha mo‘ljallangan integratsion rivojlanish strategiyasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjatda hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlarining integratsiyalashuvi har bir mamlakatning hayotiy muhim manfaatlari va xavfsizlik ehtiyojlaridan kelib chiqadigan o’bektiv jarayon ekanligi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlari 2001 yil 28 dekabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida mintaqaviy integratsiya shakllari va mexanizmlarini takomillashtirish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdo‘stligini “Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti” (MOHT) ga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Almati shahrida 2002 yil 28 fevralda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari rahbarlari “Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti”ni ta’sis etish to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar. Uchrashuv chog‘ida Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi doirasida qabul qilingan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va harakatda bo‘lmagan hujjatlarni bekor qilish taklifi bilan chiqdi. Bu davrga kelib tashkilot doirasida 243 ta hujjat imzolangan edi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti keng ko‘lamdagi masalalarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan mintaqaviy forumga aylandi. Chunonchi, 2002 yil 5-6 oktabrda Dushanbeda Markaziy Osiyo hamkorligi tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv davomida, mintaqaviy integrvsiya jarayonlaridan tashqari, Afg‘oniston bilan bog‘liq muammolar ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ushbu uchrashuv chog‘ida Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz oqibatlari va Orolni qutqarish xalqaro fondi faoliyati tahlil qilindi. MOHT rahbarlarining keyingi uchrashuvlarida ham mintaqaviy integratsiya jarayonlarini faollashtirish, ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlarda mavjud eng dolzarb muammolarni hal etish masalalariga alohida etibor qaratildi.
Ta’kidlash lozimki, ana shu shakllanayotgan iqtisodiy hamkorlik tashkiloti biror bir davlatga qarshi qaratilmagan, uning maqsadi faqat iqtisodiy faoliyatlardan iboratdir. Shu sababli ham keyingi yillarda hamkorlik doirasida o‘rnatilayotgan uchrashuvlarda Rossiya Federatsiyasining rasmiy vakili ham kuzatuvchi sifatida qatnashib kelmoqda.
Iqtisodiy makonniig yaratilishi MO davlatlariga nima berdi? Uning amaliy natijalari qanday ko‘rsatkichlarda namoyon bulmoqda? Ularning eng asosiylari:
1. Hamkorlik ishtirokchilari bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy. Yo‘nalishlarda har taraflama barqaror aloqalar rivojlanishiga keng yul ochildi;
2. Hamkorlik doirasida xukumat rahbarlari boshchiligida ishchi guruhlari tuzildi. Ular mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rib chiqadilar va keyingi rivojlanish yullarini belgilab berdilar;
3. Hamkorlik doirasida ish olib boradigan xalqaro bank tashkil qilindi. U hamkorlik davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mablag‘ bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda;
4. Suv resurslari, transport vositalaridan foydalanish bo‘yicha davlatlararo kelishuvlar yo‘lga qo‘yildi.
5. Mintaqa xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar qilindi Markaziy Osiyo mintaqasi yadro qurollaridan xoli zona deb e’lon kilindi va boshqalar.
Davlatlar o‘rtasida shakllana boshlagan iqtisodiy integratsion makonni tashkil qilish ishlari tez rivojlanmokda va u mintaqa davlatlarining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga o‘zining samarali hissasini qo‘shadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |