3-mavzu. Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi
Reja:
1. Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligining ixtisoslashgan tarmoqlari
2. Chorvachilik tarmoqlarining hududiy tashkil etilishi
3. Dehqonchilik va unda paxtachiliknng o‘rni
Tayanch so‘z va iboralar: paxtachilik majmui, agrosanoat, sug‘orma dehqonchilik, lalmikor dehqonchilik, darrandachilik, bug‘uchilik, qo‘toschilik, qorako‘lchilik.
1. Qishloq xo‘jaligi Markaziy osiyo davlatlari xalq xo‘jaligining eng muhim ishlab chiqarish tarmog‘i bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, yengil va oziq-ovqat sanoat tarmoqlarini esa xom ashyoga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlaydi. Qishloq xo‘jaligi xalqning moddiy farovonligini oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘lib, o‘simlik va hayvonat mahsulotlarini dastlabki yoki to‘liq qayta ishlashning turli jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
Markaziy Osiyo uzoq yillar davomida asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xom ashyosini yetishtirishga ixtisoslashgan edi. Xududdagi davlatlar hozirgi kunga kelib xom ashyo yetishtirishni sifat va miqdor jihatdan yaxshilash va ko‘paytirishga, tayyorlagan xom ashyoni boshqa davlatlarga kamroq chiqarishga va ularni o‘z hududlarida sanoat usulida qayta ishlab, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, o‘z iste’molidan tashqari eksport jarayonini rivojlantirishga e’tiborni qaratishmoqda.
Mintaqada qishloq xo‘jaligi shu xududda yashayotgan xalqning tarixiy yillar davomida to‘plagan xo‘jalik yuritish madaniyatidan, shuningdek tabiiy sharoit va resurslaridan samarali va unumli foydalanish asosida shakllangan va taraqqiy etmoqda. Haqiqatdan ham Markaziy Osiyo tabiiy sharoiti xilma-xil va mineral hamda mehnat resurslariga boy o‘lka. Shular negizida qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlari o‘simlikshunoslikda: paxtachilik va paxta majmuasi; donchilik, ayniqsa bug‘doy, sholi, makkajo‘xori, arpa; mevachilik va uzumchilik, poliz va sabzavotchilik; chorvachilikda: qoramolchilik, qo‘ychilik, yilqichilik, tuyachilik, parrandachilik, asalarichilik va boshqa tarmoqlar shakllangan va rivojlantirilgan.
2.Markaziy Osiyo xududining turli–tuman tabiiy sharoitlari, resurslar bilan ta’minlanganlik darajasi, shuningdek aholining asrlar davomida to‘plagan qishloq xo‘jaligi yuritish madaniyati hamda davlatlarning ehtiyojlari asosida unda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda mintaqaviy farqlanishlar bo‘lishligiga olib kelgan. Jumladan, Qozog‘istonning shimoliy xududida donchilik, sut–go‘sht chorvachiligi hamda mayin junli qo‘ychilik juda katta maydonlarni egallagan. Chala cho‘l va cho‘llar chorvachilik (go‘sht–jun qo‘ychiligi va qorako‘lchilik) va sug‘orma dehqonchilikka tog‘ oldi va tog‘ yaylovlari qo‘ychilik, yirik shoxli qoramolchilik, yilqichilikka; janubdagi voha qismlari paxtachilik, mevachilik hamda sut–go‘sht qoramolchiligiga ixtisoslashtirilgan bo‘lsa, Sobiq Markaziy Osiyo regionida vodiy va vohalar paxtachilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, polizchilik va pilla yetishtirishga; cho‘l yaylovlari qorako‘lchilik, go‘sht–jun chorvachiligi va tuyachilikka; tog‘ oldi va tog‘ yaylovlari esa go‘sht–jun qo‘ychiligi, go‘sht–sut qoramolchiligi hamda yilqichilikka; baland tog‘ xududlari yaylov chorvachiligiga ixtisoslashtirilgan.
Markaziy Osiyoda dehqonchilik tarmoqlari qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy qismini yetkazib beradi. Respublikalarda dehqonchilikning tarkibi ham bir-birlaridan farqlanadi. Jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda donchilik muhim o‘rinni egallaydi. O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda sug‘orma dehqonchilik, uning muhim tarkibiy qismi paxtachilikning ahamiyati juda katta. Shuningdek chorvachilikda, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda qo‘ychilik yetakchilik qiladi. O‘zbekiston, Tojikiston respublikalarida qo‘ychilik bilan birga qoramolchilik, tuyachilik, pillachilik, asalarichilik, yilqichilik ham muhim tarmoqlar hisoblanadi.
Qozog‘iston respublikasida hozirgi vaqtda 25 mln boshdan ziyod qo‘y va echkilar bor. Qoramolchilik chorvachilikning ikkinchi tarmog‘i hisoblanib uning soni 8 mln boshdan ortiqdir. Respublikada dehqonchilik qilinadigan maydon 34 mln.ga bo‘lib, uning 2/3 qismiga bahorgi bug‘doy, arpa, tariq, makkajo‘xori, sholi, qolgan qismiga paxta, qand lavlagi, kartoshka va yem-hashak ekinlari ekiladi.
3. Qirg‘izistonda dehqonchilikning yetakchi tarmog‘i donchilik bo‘lib, barcha ekin maydonlarining 1/2 qismida donli ekinlar yetishtiriladi. Texnik ekinlardan paxta, tamaki, qand lavlagi ekiladi. Chorvachilikda mayin junli qo‘ychilik ustunlik qiladi.
Turkmanistonda sug‘orma dehqonchilik ustunlik qiladi va sug‘orib ekiladigan yerlar maydoni 1,3 mln. ga. dir. Donchilik va paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Chorvachilikda qorako‘lchilik va yilqichilik yetakchi tarmoqlar hisoblanadi.
Tojikistonda paxtachilik, donchilik, bog‘dorchilik tarmoqlari muhim tarmoqlar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida dehqonchilikda paxtachilik va donchilik yetakchi tarmoqlar hisoblanadi. O‘zbekiston jahonda yalpi paxta hosili yetishtirish bo‘yicha 4-o‘rinda, paxta tolasi eksporti bo‘yicha 2-o‘rinda (AQShdan so‘ng) turadi. Dehqonchilikda shuningdek, kanopchilik, lavlagikorlik, mevachilik, uzumchilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilikda qoramolchilik, qo‘ychilik, asosan qorako‘lchilik, echkichilik, parrandachilik, yilqichilik, tuyachilik, asalarichilik, pillachilik tarmoqlari ham asosiy sohalarga kiradi. Sobiq Ittifoq davrida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini «markaz» boshqarar, natijada yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga chek qo‘yilgan edi. Jumladan, O‘zbekistonda 1987 yilga kelib jami sug‘oriladigan yerning 60% dan qo‘prog‘iga (2,1 mln.ga) chigit ekilgan, paxta yakka xokimligi hukmdorlik qilgan. Bunday xolatlar Markaziy Osiyodagi boshqa respublikalar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ham xos edi.
Mustaqillik qishloq xo‘jaligini yuritishning «markaz»lashgan shakliga chek qo‘ydi. Barcha respublikalar qishloq xo‘jaligida chuqur islohotlarni amalga oshirish davri boshlandi. Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini shakllantirish, mulkchilikning nodavlat shakliga o‘tish, mulkni davlat ehtiyojidan chiqarish va xususiylashtirish, fermer, va boshqa xo‘jaliklar faoliyatini shakllantirish va taraqqiy ettirish chora-tadbirlarini ishlab chiqarishga katta e’tibor berilmoqda.
O‘zbekistonda paxta maydonlari qisqartirildi, tarkibiy tuzilishiga o‘zgartishlar kiritildi, g‘alla maydonlarining ulushi 40 % ga yetkazildi va 5,0 mln.t.dan ortiq g‘alla tayyorlashga erishildi. Respublikalar qishloq xo‘jaligi sohasida xo‘jalik yuritishning ijarachilar uyushmasi, boshqa xususiylashtirilgan shakllari yaratildi, qishloqda fermerlar va dehqon xo‘jaliklari paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonda bugungi kunga kelib islohatlar markazi qishloq xo‘jaligiga ko‘chirildi. Buning sababini biz Islom Karimovning «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida (1997)gi fikr–mulohazalaridan ham bilsak bo‘ladi: «Hozirgi vaqtda aynan iqtisodning agrar sektorida katta-katta zahiralar mavjud. Ularni ishga solish yaqin vaqt ichidayoq sezilarli natijalar berishi mumkin. Bugungi iqtisodiy o‘zgarishlarning yakuni, o‘zgarishlar jarayonlari agrar sektorni qanchalik keng qamrab olishga, qishloqda islohatlar qanchalik chuqur borishiga bog‘liq bo‘ladi».
Markaziy Osiyo Respublikalarida qishloq xo‘jaligini rivojlashtirish uchun dunyodagi rivojlangan mamlakatlar tajribasiga katta e’tibor qaratilmoqda va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari ishlab chiqarishini taraqqiy ettirish uchun sanoatni takomillashtirish va rivojlantirishga harakat qilinmoqda. Chunki, qishloq xo‘jaligi eng avvalo sanoat, fan va texnikaning taraqqiyoti bilan bog‘liq. Shuningdek qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini jadal taraqqiy ettirish uchun katta miqdorda moliyaviy resurslar ajratishga, uning moddiy–texnika va ilmiy bazasini yuqori darajada yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |