Nazorat savollari:
1. Markaziy Osiyo iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy geografiyasi nimani o’rganadi?
2. Bu fan qanday tadqiqot uslublariga ega?
3. Fan shakllanishi va rivojlanishiga kimlar katta hissa qo’shgan?
4. Fanning oldida hozirgi vaqtda qanday vazifalar turadi?
5. Ishlab chiqarish kuchlarining hududiy joylashishi rivojlanishiga qanday omillar ta’sir ko’rsatadi?
6. Jamiyatning hududiy tashkil etilishi nimalarga bog’liq ?
7. Geografik mehnat taqsimoti deganda nima tushuniladi?
8. Bozor iqtisodiyoti IIG ning ilmiy-nazariy asoslariga qanday ta’sir ko’rsatmoqda?
2-mavzu: Markaziy Osiyoning umumiy tavsifi
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1. Turkiston, Turon, O’rta Osiyo atamalariga ta’rif.
2. Markaziy Osiyo tushunchasi, uning mohiyati va mazmuni.
3.Markaziy Osiyo hududidagi Mustaqil davlatlarning maydoni, aholisining umumiy soni va chegaralari haqida.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Turon, Turkiston, O’rta Osiyo, Turkiston gubernatorligi, Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi, Markaziy Osiyo, hudud, mintaqa, chegara, bozor iqtisodi va siyosati.
1-asosiy savol bayoni: Turon, Turkiston, Turkiston gubernatorligi O’rta Osiyo, Markaziy Osiyo kabi atamalarni uchratamiz. Bunday nomlanishlar tarixiy yillar davomida o’z mazmunini topgan bo’lib, ularning birligi tabiiy–geografik o’lka sifatida qo’llanilsa, boshqa birlari siyosiy – ma’muriy atama hisoblanadi. Haqiqatdan ham o’rganilayotgan makon o’z tarixiga ega. Chunki, bu hududda-Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Murg’ob daryolari vodiylarida bizning asrimizgacha va keyingi davrlarda bir necha buyuk davlatlar bo’lgan. Jumladan, Baqtriya, Marg’iyona, Xorazm, So’g’diyona, Buyuk Amir Temur imperiyasi, Xiva, Qo’qon xonliklari, Buxoro amirligi va boshqalar, shuningdek, 16-17 asr boshlarigacha bu hudud bo’ylab Osiyoni Evropa bilan tutashtirib turuvchi “Buyuk ipak yo’li” o’tgan. Buyuk geografik kashfiyotlar davridan boshlab (dengiz yo’llarining ochilishi va taraqqiy etishi bilan) “Buyuk ipak yo’li”ning mavqei sustlashib ketdi. Natijada bu hududda joylashgan davlatlar dunyo bozoridan asta–sekin uzilib qoldi. Keyinchalik yana bu O’lkaning boy tabiiy resurslari, madaniyati xorijiy davlatlarni o’ziga jalb etdi.
Tarixda Amir Temurning “Mulki Turon, millati turk” degan iborasi bor. Bu iborada haqiqat bor, chunki turkiy tillarda so’zlashuvchi xalqlar Evrosiyoning juda katta qismida yashashgan. Shu bilan birga boshqa tilda gaplashuvchi xalqlar bilan birga, doimo aloqada va munosabatda bo’lib kelishgan. Albatta bu ibora o’z davriga xos voqea va mezon hamda mazmunga ega bo’lgan.
Hozirgi kunda Turon bu past tekislikning nomi bo’lib, Markaziy Osiyoning shimoliy–g’arbiy va Qozog’istonning janubiy g’arbidagi tekislikdir. Shimoliy-g’arbda Kasbiy bo’yi botig’i, shimolda Ural oldi bukilmasi va Ural bilan chegaradosh, uni G’arbiy Sibir tekisligidan Qustanay soyligi ajratib turadi.
Sharqda markaziy Qozog’iston va Tyanshanning shimoliy va janubiy etaklari, Pomir tog’lari, janubda Kopetdog’ oldi bukilmasi, g’arbda Kaspiy dengizi bilan chegaradosh. Maydoni 1,5 mln km kv ga teng.
Turkiston Turonning kunchiqar va kunbotar kengligi bo’yicha chamalanganda naq markazidir. Beruniy Qoshg’ariy, Yassaviylar zamonidayoq Ulug’bek va Boburlar davrida ham Turon so’zi bilan birga Turonzamin va Turkiston iboralari ishlatilgan. Ko’pincha Turkiston deganda butun Turonni, Turon deganda esa butun Turkistonni anglashilgan. Birinchi marta “Turkiston” atamasi mamlakat ma’nosida 639-yili arab xalifaligi vakillari bu hududga kelmasdanoq fors manbalarida uchray boshlagan. Ungacha yurtimiz Turon deb atalgan.
Turkiston-19 asr va XX asr boshlarida sobiq O’rta Osiyo va Qozog’istonni shuningdek Markaziy Osiyoning Turkiy xalqlar yashovchi qismini o’z ichiga olgan tarixiy geografik oblast bo’lgan. Turkiston shartli ravishda G’arbiy yoki rus Turkistoni (Qozog’istonning janubiy qismi va O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shib olingan qismi), sharqiy yoki Xitoy Turkistoni (Xitoydagi Sintszyan provinsiyasi tarkibiga kirgan) hamda Afg’on Turkistoni (Afg’onistonning shimoliy qismi) ga bo’lingan. 1867-yili Rossiya imperiyasiga qo’shib olingan G’arbiy Turkiston hududida Turkiston geniral gubernatorligi tashkil qilingan.
1886-yildan rasman Turkiston O’lkasi deb atala boshlagan. Inqilobdan so’ng 1918- yil aprelda g’arbiy Turkiston hududida Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilgan. Markaziy Osiyoda milliy davlat chegaralanishining o’tkazilishi natijasida Turkiston nomi iste’moldan chiqib, Markaziy Osiyo termini bilan almashtirilgan.
O’rta Osiyo tabiiy geografik o’lkasi-berk havza bo’lib, Evrosiyo materigining deyarli qoq o’rtasida joylashgan. O’lkaning chegarasi juda murakkab. Shuning uchun ham turli tadqiqotchilar uning chegaralari va umumiy maydonini turlicha belgilaydilar. Jumladan N.L. Korjenevskiy bo’yicha O’rta Osiyoning maydoni 2 mln, 213 ming km2 bo’lsa, I.S.Shukenda 2 mln 400 ming km2 , A.I.Kaminskiyda 2 mln 500 ming km2 , M.V.Qoriev bo’yicha 2 mln 687 ming km2 dir. Bu albatta olimlarning O’lkaning shimoliy, janubiy, sharqiy va g’arbiy chekka nuqtalarini qaerdan olishliklari bilan bog’liqdir. Ba’zi bir olimlar O’rta Osiyoning geografik o’rnini belgilashda 4 ta sobiq Ittifoqdosh Respublikalarning hududini e’tirof etishadilar.
Hozirgi kunda O’rta Osiyo tabiiy geografik O’lkasining chegaralari ko’pchilik tomonidan maqullangan va o’quv adabiyotlarida aniq berilgan. O’lkaning eng shimoliy nuqtasi 53,8 gradus shimoliy kenglikda-Ayritov yaqinida, Janubiy nuqtasi Hindiqush tog’larining g’arbiy qismi bo’lgan Safedko’h tog’ tizmasi bilan Nishopur tog’lari tutashgan joyda – Xarirud vodiysida (340 gradus shimoliy kenglik), g’arbiy nuqtasi Kaspiy dengizining Mang’ishloq yarim orolidagi Tubqarag’ay burnida (50,3 gradus sharqiy uzunlik) va sharqiy nuqatasi Savir tog’larining etagidagi Qora Irtish daryosi vodiysida (85,6 gradus sharqiy uzunlik) joylashgan. Shimoldan janubga 2200 km va sharqdan g’arbga 2750 km ga yaqin masofaga cho’zilgan. Uning umumiy maydoni 3300000 kv. km atrofida (I.A.Hasanov, P.N.G’ulomov, T-2002).
Agarda O’rta Osiyo tabiiy geografik o’lka sifatida olinsa, uning hududida 4 ta Respublika (O’zbekiston, Turkmaniston, Qirg’iziston, Tojikiston) to’liq va Qozog’iston Respublikasining ma’lum janubiy qismi joylashgan. Iqtisodiy geografik nuqtai nazardan 5 ta Respublikani umumiy holda Markaziy osiyo mamlakatlari deb bo’lmaydi, shuning uchun ham Sobiq Ittifoq davrida Markaziy Osiyo va Qozog’iston Respublikalari deb nomlanar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |