2-asosiy savol bayoni: Markaziy Osiyo xo’jaligining asosiy tarkibi sanoat va qishloq xo’jalik hamda ularning tarmoqlaridan iboratdir. Bu xo’jalik tarkiblari va ularning respublikalar iqtisodiyotidagi xissasi turli-tuman. Ularning shakllanishi, rivojlanishi va joylanishi respublikalarning tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tabiiy geografik sharoitlari bilan bog’liq. Shuning uchun ham mamlakatlar iqtisodiyotida xo’jalik tarmoqlarining o’rni, ishlab chiqarishdagi salmog’i turlichadir.
Mintaqadagi davlatlarning geografik o’rni, tabiiy, tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti, geodemografik vaziyati ularning iqtisodiyotini, xo’jalik tarmoqlarining rivojlanishini, ishlab chiqarishni xududiy joylashuvini, shuningdek iqtisodiyotini, uning o’rnini belgilaydi. Jumladan, hozirgi kunda ham MDH davlatlarida etishtiriladigan paxtaning 95%i, sholi, meva, sabzavot, pilla, qorako’l terining 45 % i Markaziy Osiyo davlatlariga to’g’ri keladi. Bulardan tashqari ko’plab rangli metallar, surma, mis, katta miqdorda neft, gaz qazib chiqariladi. Qozog’istonda 2005 yilda qariyb 60 mln. t. neft (Rossiyadan so’ng ikkinchi o’rinda MDH davlatlari orasida), O’zbekiston va Turkmanistonda 60 va 85 mlrd. m3 gaz qazib chiqarilgan. (MDHda Rossiyadan keyin 3 va 2-o’rinda). Shuningdek, ko’mir qazib chiqarishda Qozog’iston respublikasi MDHda 3-o’rinda (90 mln.t.), oltin qazib chiqarish bo’yicha O’zbekiston MDH davlatlari orasida 2, dunyoda 10-o’rinda turadi.
Markaziy Osiy davlatlari qishloq xo’jalik mahsulotlari etishtirishda ham MDH va xorijiy davlatlar orasida o’ziga xos ko’rsatkichlarga ega. Bu borada Qozog’iston va O’zbekiston davlatlarining hissalari salmoqlidir.
Mintaqadagi davlatlar orasida Qozog’iston iqtisodiyotining yuqori darajada rivojlanganligi bilan ajralib turadi. Milliy daromadi aholi jon boshiga hisoblanganda ancha yuqori. Mintaqada xo’jalik rivojlanish xususiyatlari respublikalar tanlab olgan tamoyil va yo’nalishlarga bog’liq. Ishlab chiqarishning ko’rsatkichlariga tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy va geodemografik vaziyatlar bilan bir qatorda davlatning tanlangan tadbir-choralari ham muhim ta’sir ko’rsatadi. 1991-1995 yillar oralig’ida neft, gaz qazib chiqarish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini etishtirish ko’rsatkichlari shuni ko’rsatadiki, Qozog’istonda neft, gaz qazib chiqarish, don, kartoshka, go’sht va sut etishtirish miqdorlari kamayib borgan. O’zbekistonda esa aksincha. Turkmaniston, Qozog’iston, Tojikistonda ham ko’rsatkichlar ko’lami kamaygan. Sut etishtirish Turkmanistonda biroz ortgan xolos.
Markaziy Osiyo respublikalarida xo’jalikni rivojlantirida ularning tabiiy geografik sharoitidan tashqari iqtisodiy geografik o’rni muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Qozog’iston respublikasining Rossiya Federatsiyasining rivojlangan Volga bo’yi, Ural, G’arbiy Sibir, iqtisodiy rayonlariga qo’shniligi va yaqinligi, dengiz bilan tutashligi, tranzit temir, avtomobil, havo yo’llarining bo’lishligi, er va mineral resurslarga boyligi tinch va rivojlangan mamlakatlarga chegaradoshligi va boshqalar uning iqtisodiy jihatdan rivojlanganligini belgilaydi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyodagi davlatlar Evropa, Fors qo’ltig’i atrofidagi davlatlarga Hind va Tinch okeani qirg’oq bo’ylariga chiqishga katta e’tibor berishmoqda. Bularning hammasi Markaziy Osiyodagi davlatlarda xo’jalikni rivojlantirishga imkon yaratadi.
Tayanch tushunchalar: Ishlab chiqarish omillari-ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishiga ta’sir etadigan barcha turdagi sabablar. Xalq xo’jaligi tarmog’i – bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi va ishlab chiqarish jarayonlari o’xshash bo’lgan barcha korxonalar yoki korxonalar guruhi tushuniladi. Korxona – bu ma’lum bir mahsulot ishlab chiqaradigan va uni almashtiradigan iqtisodiy-geografik va iqtisodiy ob’ektdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |