Nazorat savollari:
1. Markaziy Osiyo davlatlari transportini mazmunan izohlab bering?
2. Markaziy Osiyo davlatlari transportini hududiy farqlarini izohlab bering?
3.Transportning xalq xo’jaligini tashkil qilish va rivojlantirishdagi aha-miyatini tavsiflang (Markaziy Osiyo davlatlari misolida )?
4. Markaziy Osiyo xududida mustaqillikgacha bo’lgan davrdagi transport geografiya-sini tavsiflang?
5. Markaziy Osiyoda transport tarmoqlarining zichligi to’g’risida tavsif bering?
6. Markaziy Osiyo davlatlarida transport tarmoqlarini rivojlantirish uchun olib borilayotgan ishlarga tavsif bering?
7. Markaziy Osiyo xududidagi muhim transport turlarini yozuvsiz kartaga tushiring, asosiy markazlarni belgilang?
8. Markaziy Osiyo transportiing istiqbollariga oid ma’lumotlar to’plang va ijodiy ish yozing?
10-mavzu: Markaziy Osiyo davlatlarining MDH va umumjahon mehnat taqsimotida tutgan o’rni, ular o’rtasida iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, geosiyosiy vaziyat, mintaqaning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish muammolari
Ko’rib chiqiladigan asosiy savollar:
1.Markaziy Osiyo davlatlarining MDH va umumjahon mehnat taqsimotida tutgan o’rni va ular o’rtasida iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi.
2.Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat va mintaqaning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish muammolari.
3. Globallashuv mohiyati.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Ijtimoiy barqarorlik va tinchlik, xalqaro mehnat taqsimoti, investitsiya, tuproq eroziyasi, landshaft, berk havza, tabiiy resurslar.
1-asosiy savol bayoni: 1990-yillar boshlarida jahon siyosiy xaritasida sobiq ittifoqning va sotsialistik tuzumning barbod bo’lishi va ijtimoiy hayotda yangi munosabatlar davrining boshlanishi amalga oshdi.
1991 yilning ikkinchi yarmida shu sabablarga ko’ra Qirg’iziston, O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog’iston mustaqil davlatlari paydo bo’ldi. Hozirgi vaqtda jahon quruqligining 3% ni tashkil qilgan bu davlatlarning barchasi jahon hamjamiyati tomonidan suveren respublikalar sifatida tan olingan. Ular 1992 yil mart oyidan boshlab BMT ning a’zosi, ko’plab jahonning siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy tashkilotlari va o’yushmalariga to’laqonli a’zo etib qabul qilingan .
Shunday qilib, jahonning hozirgi siyosiy xaritasida ular Markaziy Osiyo davlatlari sifatida qayd etilgan.
Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari o’ziga xos o’xshashi yo’q geografik va geostrategik o’ringa ega. Evrosiyo materigining asosan O’rtasida va jahon okeanlaridan deyarli baravar uzoqda joylashgan bu davlatlar mustaqillikni qo’lga kiritishlari bilanoq turli siyosiy guruhlar O’rtasida kurash maydoniga aylanib qoldi. Sharq davlatlari va Rossiya Federatsiyasi bir tomondan, ikkinchi tomondan rivojlangan G’arb davlatlari bu mintaqani o’z ta’siriga olishga jon-jihatlari bilan intilishining bir qator sabablari bor edi. Ularning eng asosiylari:
1.Mintaqaning geografik va geostrategik o’rnining alohida xususiyatga egaligi. Mintaqa davlatlarining dunyo dengiz va okeanlariga chiqa olmasligi jahon bozorlari bilan bog’lanish borasida ular imkoniyatlarining cheklanganligi va bu muammoni hal qilishda kimlar bilandir xisoblashishga majbur bo’lishi tabiiy, bu bir tomondan. Ikkinchi tomondan mintaqaning geostrategik o’rni noyob xususiyatlarga ega: tarixan G’arb bilan Sharq, Shimol bilan Janub O’rtasida joylashgan bu mintaqa barcha davrlar ijtimoiy hayotida o’ta muhim “ko’prik” vazifasini o’tab kelgan. Aynan shu sabablarga ko’ra, Buyuk Ipak yo’li davrlarida mintaqa jahon ijtimoiy hayoti, tsivilizatsiyasi rivojlanishiga o’zining eng samarali ta’sirini ko’rsata oldi. Alohida takidlash lozimki, ana shu tarixiy haqiqat mintaqa respublikalarining milliy mustaqillikni qo’lga kritishi bilan yana o’zini namoyon qila boshladi. Gap shundaki, sobiq ittifoqning mintaqa hududi ustidan monopol xukumronligining barbod bo’lishi natijasida hosil bo’lgan “bo’shliq”ni to’lg’azish, o’ta qulay strategik hududda o’rnashib olishiga harakat, avval ta’kidlanganidek boshlanib ketdi.
Bundan chiqadigan xulosa shuki, mintaqa davlatlari o’zlarining ichki va tashqi, iqtisodiy va ijtimoiy siyosatlarini olib borishda o’ta extiyotkor bo’lishlari talab etiladi. Bunda O’zbekistonning siyosiy va iqtisodiy yo’nalishida olib borayotgan siyosati yaxshi namuna bo’la oladi.
2.MO mintaqasining tabiiy salohiyati (resurslari) o’zining xilma-xilligi, zaxiralarining kattaligi bilan jahonda alohida o’rin tutadi. Darhaqiqat, yoqilg’i – energetika, rangdor metallar, kimyoviy mineral boyliklarining asosiy turlari bilan mintaqa jahonda eng exshi ta’minlanganlardandir.
3.MO hududida butun dunyo aholisining 1% ga yaqini istiqomat qilmoqda. Ularning o’sish sur’atlarli jahon aholisining ushbu ko’rsatkichlaridan bir- muncha yuqori. Aholining demografik tarkibi, mehnat resurslarining sifat ko’rsatkichlari, ishchi kuchining nisbatan arzonligi xorijiy investitsiyalarning kirib kelishiga ijobiy ta’sir qiladi.
4.MO mintaqasining iqtisodiy ijtimoiy salohiyati yana ham katta. Hozirning o’zida mintaqa davlatlari MDH va jahonda paxta, pilla, quritilgan meva, g’alla, poliz, ertaki sabzavot, qorako’l terisi kabilarni etishtirishda, tabiiy gaz, neft, fosforit qazib chiqarishda, oltin, uran, mis, qo’rg’oshin kabi rangdor metallar ishlab chiqarishda yirik mintaqalardan hisoblanadi.
Bu omillarning barchasi bozor munosabatlari shakllanayotgan hozirgi davrda mintaqa davlatlarining umumjahon mehnat taqsimotida tutgan o’rni doimo yuksalib boradi, xorijiy investitsiyalarning tobora faolroq qatnashuvi natijasida ishlab chiqarishda tub sifat o’zgarishlarga erishiladi degan xulosa chiqarishga imkon beradi.
1991 yilning dekabr oyida Belarus, Ukraina va Rossiya Federatsiyasi davlat rahbarlari Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligini barpo etish to’g’risidagi bitimni imzoladilar. Bu bitimda Sobiq Ittifoqning xalqaro huquq va geosiyosiy tizim sifatida barham topganligi va MDH tashkil topganligi e’lon qilindi. Belorus, Qozog’iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston va Ukraina MDHga a’zo bo’lib kirdilar. 1992 yilda Armaniston, Moldova, Qirg’iziston va O’zbekiston, 1993 yilda Ozarbayjon MDHga azo bo’ldi.
MDH faoliyatining dastlabki yillarida (1991-1994 yillarda) Hamdustlikka a’zo mamlakatlarda milliy manfaatlar ustuvor o’ringa ega bo’ldi. Buning natijasida o’zaro tashqi savdo aloqalari sezilarli darajada zaiflashdi, MDH mamlakatlarining aksariyati uzoq xorij mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga ustuvorlik berdilar. Ekspertlar fikricha, Sobiq Ittifoq respublikalari Markaziysidagi xo’jalik aloqalarining buzilishi natijasida pirovard mahsulot ishlab chiqarish hajmi 35-40 foizga kamaydi.
MDH doirasida qabul qilingan dastlabki eng muhim hujjat Iqtisodiy ittifoq to’g’risidagi Shartnoma hisoblanadi (1993 yil sentyabr). Mazkur hujjatda iqtisodiy integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishning quyidagi asosiy bosqichlari belgilab berildi:
davlatlararo (ko’p tomonlama) erkin savdo uyushmasi;
bojxona ittifoqi;
tovarlar, xizmatlar, kapitallar va ishchi kuchi umumiy bozori;
valyuta (pul) ittifoqi.
1994 yilning aprelida erkin savdo zonasi, 1994 yilning oktyabrida to’lov ittifoqi va Iqtisodiy ittifoqning doimiy faoliyat ko’rsatuvchi organi sifatida Davlatlararo iqtisodiy qo’mita (DIQ) tashkil etish to’g’risidagi bitim imzolandi.
Uzoq tarixiy rivojlanish mobaynida yuzaga kelgan chuqur integratsion aloqalar, ishlab chiqarishni mamlakatlar bo’yicha ixtisoslashuvi, korxona va tarmoqpar darajasidagi keng tarmoqli kooperatsiya, umumiy infratuzilmaning majudligi MDH tashkil topishining ob’ektiv asosi hisoblanadi.
MDH ulkan tabiiy, mehnat va iqtisodiy salohiyatga ega bo’lib, ular MDHga azo mamlakatlarga yirik raqobat afzalliklarini takdim etadi va jahon iqtisodiyotida munosib o’rin egallashga imkoniyat yaratadi. Er shari hududining 16,3 foizi, jahon aholisining 5 foizi, jahon sanoat ishlab chiqarishining 10 foizi MDH hissasiga to’g’ri keladi. Hamdo’stlik hududida jahon bozorida talab yuqori hisoblangan tabiiy resurslarning yirik zahiralari mavjud. Faqat Rossiyada aniqlangan neft zahiralari jahon neft zahiralarining 13 foizini tashkil etadi. Ozarbayjonda bu ko’rsatkich 10 foizdan ko’proqqa, Qozog’iston va Turkmanistonda qariyb 10 foizga teng. Rossiyada jahon gaz zahiralarining 35 foizi joylashgan bo’lsa, Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkmaniston va O’zbekistonda birgalikda qariyb 20 foiz gaz zahiralari mavjud.
Toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir ishlab chiqarish bo’yicha Rossiya, Ukraina va Qozog’iston jahonda munosib o’rinlarni egallaydi. Olmos, boksit, mis, nikel, kobalt va qo’rg’oshin rudalarining asosiy zaxiralari Rossiyada joylashgan bo’lsa, temir rudalari, boksitlar va mis rudalarining yirik zahiralari Ukraina va Qozog’istonda joylashgan. Rossiya va Belorusda eng yirik o’rmon hududlari (er sharidagi o’rmonlarning to’rtdan bir qismi) va kaliy tuzining eng yirik zaxiralari mavjud.
Evropa va Janubi-Sharqiy Osiyoni tutashtiruvchi eng qisqa quruqlik va dengiz (Shimoliy Muz okeani orqali) yo’li MDH hududidan o’tib, u 21 asrda eng muhim global iqtisodiy markazga aylanadi.
MDHning raqobatbardosh resurslari jumlasiga, shuningdek, arzon ishchi kuchi va energiya resurslarini kiritish mumkin. Hamdo’stlik bo’yicha har yili jahon elektr quvvatining 10 foizi ishlab chiqariladi va bu iqtisodiy o’sish uchun muhim shart-sharoit bo’lib xizmat qiladi.
MDHga a’zo mamlakatlar iqtisodiy integratsiyasining strategik maqsadlari xalqaro mehnat taqsimoti imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun ishlab chiqarish ixtisoslashuvi va kooperatsiyasini rivojlantirish, Hamdo’stlikka kiruvchi barcha mamlakatlar aholisi turmush farovonligini yaxshilash hisoblanadi.
Garchi, MDH doirasida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish sohasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo’lsada, unga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlarining integratsiyalashuvi past darajada qolmokda. Sobiq Ittifoqda respublikalararo tovar aylanmasi ittifoqdosh respublikalar jami tashqi savdo aylanmasining 69 foizini, Evropa Ittifoqida unga a’zo mamlakatlar o’zaro tashqi savdo aylanmasining jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 62 foizni tashkil etsa, MDHda bu ko’rsatkich 28 foizga teng, xolos.
Hamdo’stlikka a’zo alohida mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatlari turlicha. Iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha Rossiya alohida o’ringa ega. MDH aholisining yarmidan ko’prog’i, YaIMning 70,1 foizi va sanoat mahsulotining 51 foizi Rossiya hissasiga to’g’ri keladi.
MDH aholisining 9 foizi, yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizi, yalpi sanoat mahsulotining 2 foizi Uzbekiston hissasiga to’g’ri keladi.
Mintaqa mamlakatlarining MDH va umumjahon mehnat taqsimotida o’rnining oshib borishi respublikalar iqtisodiyotining keng doirada erkinlashuvi, chet el investitsiyalarini kiritish asosida ilg’or xorij ishlab chiqarish texnologiyasi negizida korxonalar va tarmoqlar tarkibini bozor munosabatlari talablariga moslashtirish eng muhim, diniy ekstremizm va islom fundamentalizmini bartaraf etish orqali ijtimoiy barqarorlik va tinchlikka erishishni taqozo etadi. Ular esa o’z navbatida Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro mehnat taqsimotidagi o’rnining doimo oshib borishiga zamin tayyorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |